Nomi bor, oʻzi kitobga zor kutubxonalar

0
49
marta koʻrilgan.

 yoxud Buxorodagi qishloqlarga ziyo maskanlari kerak emasmi?

Kutubxonalar qadim-qadimdan insonlar uchun maʼnaviyat va maʼrifat oʻchogʻi boʻlib kelgan.

Faqat kutubxonalar tufayligina qadimgi qoʻlyozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbalar bizgacha yetib kelishi sir emas. Oʻlkamizda bunyod etilgan kutubxonalar dunyoning eng boy va bebaho maʼnaviy markazlari hisoblangani tarixdan maʼlum. X asrdagi eng mashhur kutubxona Buxorodagi ark qoʻrgʻonida boʻlgan.

Bugun ham yurtimizda kutubxona ishiga va kitobxonlikka katta eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi ikki yilda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida muhim qadamlar qoʻyildi. Jumladan, 2017 yil 13 sentyabrda Oʻzbekiston Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda maʼnaviyat va maʼrifat ishiga davlat siyosati darajasida yuksak eʼtibor qaratilib, aholi, ayniqsa, yosh avlod oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, chekka qishloq va ovullarda oʻquvchilarga keng qulaylik yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ammo bu chora-tadbirlarning aksariyati hali-hamon hujjatda. Buni toʻlaqonli hayotga tatbiq etish joylardagi rahbarlar zimmasida.

 

Buzilishga tushgan kutubxona

Bugun biroz olisroq tumanlarda kutubxonalar ahvoli (agar mavjud boʻlsa) qay darajada? Kitobga, kitobxonlik targʻibotiga qaratilayotgan alohida eʼtiborning ozgina boʻlsa ham epkinlari uzoqroq manzillarga yetib boryaptimi? Buxoro viloyatining Peshkoʻ tumanidan jonkuyar fuqarolarning murojaati bizni bu haqda oʻylashga va muammoni oʻrganib, mazkur maqolani yozishga undadi.

 – Bugun ancha eskirgan kutubxonamizni 1969 yilda mana shu mahalla aholisi hashar yoʻli bilan qurishgan, – deydi Peshkoʻ tumanidagi Chiqirchi mahallasida yashovchi yetmish yoshli Zulfiya AVEZOVA. – Salkam qirq yillik binoning bugungi zamon talabiga javob bermasligi haqiqat. Ammo ushbu hudud aholisi uchun mazkur kutubxona juda qadrli. Yoshlik shijoatimizga gʻayrat bagʻishlagan, oila va ayollik mashaqqatini yengishga koʻmaklashgan bu maskan bugungi kunda keksalikda kechayotgan kunlarimizga hamdam boʻlmoqda. Bu yerdagi kitoblar doimo biz uchun yaqin koʻmakchi, beminnat maslahatchi murabbiydir. Ilgarilari biz oʻqigan bebaho xazinadan bugun farzandlarimiz, nabira va abiralarimiz bahramand boʻlmoqda. Toʻgʻri, lotin alifbosidagi jahon va milliy adabiyotimiz namunalari juda oz, shunday boʻlsa-da, mahallamiz bolalarining kitobga qiziqishi borligi bizni quvontiradi.

Yangibozor koʻchasi 29-uyda joylashgan kutubxonaning buzilishi haqida eshitib, mahalladoshlarim qatori men ham iztirobdaman. Qaniydi, tumanimizda bugungi zamon talabiga javob beradigan yangi kutubxona qurilib, u milliy va jahon adabiyoti durdonalari bilan boyitilsa.

Zulfiya ayaning gaplarida jon bor. Haqiqatdan kutubxona binosi ham, kitoblari ham ancha eskirgan. Qoʻldan qoʻlga oʻtaverib, yaroqsiz holga kelib qolgan kitoblar ushbu hudud aholisining chindan ham kitobxonligidan darak berib turibdi.

Oʻrganishlarimiz jarayonida maʼlum boʻldiki, Oʻzbekiston Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan taʼminlashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Madaniyat vazirligi tasarrufidagi markaziy kutubxonalar Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi markazi, Xalq taʼlimi vazirligi ixtiyoriga berilgan. Yaʼni, maktab, kollej va litseylar qoshida axborot-resurs markazlari (ARM) tashkil qilingan. Peshkoʻ tumanidagi markaziy kutubxona kitoblari ham Sanoat kasb-hunar kolleji va Qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kolleji ARMlariga taqsimlangan. Yangibozor koʻchasi 29-uyda Sanoat kasb-hunar kolleji ARM faoliyat yuritmoqda. Mazkur ARMning kitob fondi 60 557 tani tashkil qilib, 6725 nafar foydalanuvchisi bor. Kutubxona tumanning markaziy koʻchalaridan birida joylashgani sabab, toʻrtta maktab, uchta bolalar bogʻchasi, madaniyat uyi, oʻndan ortiq mahalla fuqarolar yigʻini, ikkita bank, tibbiyot birlashmasi, koʻp tarmoqli poliklinika hamda Shodlik, Bahoriston, Doʻstlik kabi bir nechta koʻchalarga tutash aholiga xizmat koʻrsatadi.

Kutubxonadagi kitoblarni koʻzdan kechirar ekanmiz, adabiyotlarning aksariyati oʻtgan asrning 70-80 yillarida nashr etilgan boʻlib, fondning asosiy qismi rus tilida. Lotin alifbosidagi kitoblar esa, barmoq bilan sanarli. Kutubxona kitoblari kollej balansiga oʻtkazilgach, deyarli yangi badiiy asarlar xarid qilinmagan. Olingani ham asosan kollej oʻquv adabiyotlaridir. Masalan, 2017 yilda 216 ta, 2018 yilda bor-yoʻgʻi 11 ta kitob xarid qilingan boʻlib, ular ham darsga oid kitoblardir.

 

Eskirgan adabiyotlar fondi

Kutubxonaning ARMga aylantirilishiga sabab, aslida bu yerda istalgan adabiyot va maʼlumotlarning elektron bazasini shakllantirish boʻlgan. Hozir markazda 7 kompyuter, bittadan printer va skaner boʻlsa-da, kompyuterlarning beshtasi va skaner apparati ishga yaroqsiz ahvolda. Elektron adabiyotlar esa 5-6 tadan ortiq emas. Aslida esa elektron adabiyotlar, bosma kitoblar soniga teng yoki ortiq boʻlishi lozim emasmi? Internet tarmogʻi nomigagina ishlamoqda. ARMdagi bu holatlar toʻgʻrisida soʻrash uchun kollej direktoriga bir necha bor qoʻngʻiroq qilsak-da, soʻrovlarimiz javobsiz qoldirildi. Biroq aholining kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini eʼtiborsiz qoldirib boʻladimi?

 – Bugun respublikamizdagi barcha viloyat va tumanlarda shaharsozlik va “Obod qishloq” dasturi asosida chekka qishloqlarda obodonchilik ishlari olib borilmoqda, – deydi tuman hokimi oʻrinbosari Bahodir BAFOYEV. – Shu asosda Peshkoʻ tumanining markaziy koʻchalaridagi zamon talabiga javob bermaydigan eski binolar buzilib, oʻrniga yangilarini qurishni rejalashtirganmiz. Yangibozor koʻchasidagi eski binolarning buzilishi rost, ammo bu kutubxona yoʻqotilib, u joy tadbirkorlarga beriladi, savdo yoki maishiy xizmat uylari ochiladi, degani emas. Xudo xohlasa, oʻsha joyning oʻzida bugungi kun talabiga javob beradigan, zamonaviy kutubxonani bunyod etamiz. Aholining talabi, albatta, qondiriladi.

Hokim oʻrinbosari aytgan yangi va zamonaviy ARM qurilganda, bu mavzuga yana qaytamiz. Ammo holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi. Markazdagi eski adabiyotlarni fonddan chiqarish va ular oʻrnini yangilari bilan toʻldirish muammosi dolzarbligicha qolaveradi. Afsuski, nafaqat Peshkoʻ tumanida, balki Buxoro viloyatining boshqa tumanlaridagi kollej va maktablar ARMlarida shunday manzaraga duch kelish mumkin. Toʻgʻri, bu haqda farmon va qarorlar chiqdi, ammo joylarda ularning ijrosini taʼminlash negadir paysalga solinmoqda. Maktablarda ham, kollejlarda ham asosan, majburiy nusxadagi adabiyotlardan ortigʻini uchratmaysiz. Aksariyat kutubxonalarda hanuzgacha maʼnan va shaklan eskirgan adabiyotlardan foydalanib kelinyapti.

 

13 yilda 659 ta yangi kitob

Balki boshqa tumanlarda yaxshi kutubxonalar bordir degan umidda Vobkent tumanining ayrim kollej va maktablaridagi ARMlarni borib koʻrishni lozim topdik.

“Axborot-resurs markazi” deb yozilgan ikki qavatli binoni ana shu maishiy xizmat kasb-hunar kolleji tasarrufidagi kutubxona deyishganda, toʻgʻrisi, quvondik. Bu yerda kitobga boʻlgan ijobiy yondashuv borligiga boshida ishondik ham. Ammo kutubxonaga kirib borarkanmiz (qish oyida) issiqlik manbasiga ega boʻlmagan binoda xodimlarning bir kichik xonada pechka atrofida qunishib oʻtirishlari taʼbimizni xira qildi.

Keng va yorugʻ qiroatxona esa, sovuqdan huvvillab, devorlari zax tortib yotardi. Bunaqa sovuq va zax xonalarda kim ham kitob oʻqiydi axir? Axborot-resurs markaziga aylantirilganda berilgan kompyuterlarning qanday ishlashini esa, aytib oʻtirish ham shart emas. Faqatgina bitta kompyuter “Ziyonet” tarmogʻiga ulangan boʻlib, unda birgina kitobning elektron variantini olish ham amri mahol. Fondning elektron adabiyotlar, darsliklar bilan taʼminlanishi gʻoyat achinarli ahvolda.

 – Biz ham zamonaviy, elektron adabiyotlar bilan boyitilgan, kitobxon talabiga javob beradigan kutubxonalarda ishlashni xohlaymiz, – deydi markaz xodimi Dildora Nabiyeva. – Samarqand viloyatida faoliyat yuritadigan hamkasblarimiz bilan suhbatlashganda, ulardagi imkoniyatlar haqida eshitib havas qilganmiz. Qani edi, bizda ham bosma va audio adabiyotlarning elektron katalogi boʻlsa, viloyatimizdagi boshqa kutubxonalar bilan adabiyotlarni elektron tarzda qidirib topish imkoni yaratilsa. Markazimiz faoliyatidan foydalanishni istagan kitobxon talabiga mos adabiyotlarni topib berolsak. Eh…

 – Markazimiz kitob fondi 65 132 tani tashkil etadi, 4595 nafar kitobxon bor. Toʻgʻri, 2006 yildan buyon kutubxonaga pul ajratilib, birorta yangi kitob olib berilmagan. Ammo kollejda oʻtkazilgan aksiyalarda sovgʻa qilingan va yaroqsiz holdagi adabiyotlarni fonddan chiqarib, oʻrniga bir nechta yangi adabiyotlar xarid qilganmiz, – dedi axborot-resurs markazi rahbari Mavjuda Narziyeva.

Markaz kitob fondini koʻzdan kechirdik. Lotin yozuvidagi kitoblar barmoq bilan sanarli. Mustaqillik yillarida chop etilgan badiiy va siyosiy adabiyotlar juda kam.

Kitob fondi haqida maʼlumot beruvchi hisob-jamlanma daftari qaydlarini koʻzdan kechirganimizda 2006 yildan buyon 62 726 ta kitob fonddan chiqarilgani va bor-yoʻgʻi 13 yil davomida 659 ta yangi kitob kutubxonaga keltirilganiga guvoh boʻldik.

Yangi adabiyotlar masalasi shu boʻlsa, bu maskanning oʻquvchilarni koʻproq jalb etish ahvolini tasavvur qilavering. “Hech boʻlmasa, gazeta va jurnallar bordir…” soʻraymiz ulardan.

 – 2018 yilda 14 nomdagi gazeta-jurnallar kelar edi, ammo 2019 yilda… – bu yogʻiga qanday javob berishni ham bilmay qolishdi markaz xodimlari.

Toʻgʻri, majburiy obuna bekor qilindi. Ammo bu gazeta va jurnallarni umuman oʻqimaslik kerak, deyilgani emas-ku! Yanvar oyi holatiga koʻra, markazga 2019 yilda umuman gazeta va jurnal kelmagan.

Axborot-resurs markazlari nizomiga muvofiq aslida ularda respublika va viloyat asosiy nashrlarining yigʻma jildlari, ulardagi manbalar asosida tayyorlangan tezkor kartotekalar boʻlishi lozim. Nashrlarning oʻzi boʻlmasa, tezkor kartoteka haqida soʻrashning hojati ham qolmaydi-ku.

Toʻgʻrisi, qanday xulosa qilishni ham bilmaysan kishi. Keyingi manzilimiz Vobkent tumanidagi 23-maktab tasarrufiga oʻtkazilgan bolalar kutubxonasi boʻldi. U yerda ham xuddi shu manzara. Farqli tomoni shundaki, ushbu ARMga Xalq taʼlimi vazirligining majburiy nusxadagi badiiy va siyosiy adabiyotlari berib turilgan. Ammo bu muassasaga ham 13 yildan buyon yangi kitoblar xaridi uchun bir soʻm ham pul ajratilmagan. Kollejlar viloyatdan moliyalashtirilgani sabab kitobga pul ajratilmadi, deyishdi. Ammo maktablar tumandagi moliya boʻlimlari tomonidan moliyalashtirilgan-ku. Har ikkala kutubxonaning ham asosiy kitob fondini mustaqillikdan oldingi, oʻtgan asrning 70-80 yillarida nashr etilgan adabiyotlar tashkil etadi.

 – Biz bolalikdan kitobga mehr qoʻyib ulgʻaydik. Ushbu kutubxonadagi har bir adabiyotni deyarli ikki martadan oʻqib chiqqanman. Oybek, Said Ahmad, Oʻtkir Hoshimov, Chingiz Aytmatov, Tolstoy, Dostoyevskiyning asarlarini sevib mutolaa qilganman. Qachon kutubxonaga bormay, yangi bir kitobni topib berishga harakat qilishadi. Oʻzimni kitobdan ayro tasavvur qilolmayman. Bugun farzandlarim, nabiralarim ham shu markaz foydalanuvchilari, – deydi maishiy xizmat kasb-hunar kolleji axborot-resurs markazining doimiy kitobxoni Safar Normurodov.

Markazning S. Normurodov kabi bir nechta foydalanuvchilari bilan suhbatlashgach, tuman aholisining kitobxonligi, ularning yangi milliy adabiyotimiz durdonalari bilan tanishish niyatlari borligini bilib oldik. Viloyat markazida zamon talabiga javob beradigan Abu Ali ibn Sino nomidagi axborot-kutubxona markazi, xalq taʼlimiga qarashli axborot-resurs markazlari borligini bilamiz. Ammo hamma ham, ayniqsa, uzoq tumanlardagi aholi, yoshlar viloyat markaziga kelib kutubxonalardan foydalanish imkoniga ega emasligi ayon haqiqat-ku. Shunday ekan, kitobxonlik uchun sharoit yaratishni qishloqlarimizdan boshlash kerak emasmi?

Maishiy xizmat kasb-hunar kolleji ARMga borganimizdan soʻng, markaz rahbari M. Narziyeva qoʻngʻiroq qilib kutubxonaga tuman hokimi oʻrinbosarlari tomonidan 100 dona siyosiy adabiyot sovgʻa qilishganini, uch nomdagi gazeta obunasi tashkil etilganini aytishdi. Quvonarli hol, ammo tumandagi markaziy kutubxona uchun, kitobxon talabini qondirish uchun bu raqamlar yetarli emasligi tabiiy…

 

Obod qishloqda bitta obod kutubxona boʻlsa…

Peshkoʻ tumanida “Obod qishloq” dasturi doirasida 17 milliard soʻm, Vobkent tumanida esa 15 milliard 900 million soʻm mablagʻ sarflandi. Xuddi shunday viloyatimizning barcha tumanlarida milliardlab mablagʻlar qishloqlarimiz obodonchiligiga sarflandi, ammo nega hech boʻlmasa oʻsha hududlarda bir kichik kutubxona ochilmadi?! Buning uchun hukumatning tumaningdagi kutubxonaga mana buncha millionlik kitob olib ber, kutubxonangni obod qil, degan qarorini kutib oʻtirish shartmikan? Prezidentimiz har bir chiqishlarida joylardagi hokimlardan, xalq ishonch bildirib saylagan deputatlardan tashabbuskorlikni talab qilayotgan bir paytda nega mutasaddilarimiz bahonalar topishdan boshqasiga yarashmayapti?

Jamiyatda yuksak maʼnaviy fazilatlarni qaror toptirish, milliy mafkurani shakllantirish, yoshlarni boy madaniy merosimiz, tarixiy anʼanalarimizga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning hal qiluvchi omili ekan, bu vazifani kutubxonalarsiz bajarishning iloji yoʻq.

Bugun tumanlarimizdagi axborot-resurs markazlarini ham zamon talabiga javob beradigan, milliy va jahon adabiyotining noyob durdonalari bilan boyitish masalasiga alohida eʼtibor qaratilsa, balki buxorolik yoshlar ham kitobxon tanlovlarining respublika bosqichida gʻolib boʻlishar. Yana viloyatimizdan ibn Sinolar, Farobiylar, Buxoriylar, Naqshbandiylar yetishib chiqar…

 

Nargiza QUVONCHYeVA,

jurnalist

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.