“@”ni “chuvalchang” deydiganlar va dunyoga “www” “panjara”sidan qaraydiganlar

0
65
marta koʻrilgan.

Yoxud internetofobiya va internetomaniya sarhadidagi mulohazalar

 

“Negadir buvim koʻrinmadi…”

Aytishlaricha, amerikalik buyuk fantast yozuvchi Rey Bredberi mashinalardan, kompyuterlardan va internetdan nafratlanishini yashirib oʻtirmagan. “Ular bizning yashashimizga xalaqit beradi, – deb yozadi adib, – ular bizning vaqtimizni olib qoʻyadi. Odamlar kompyuterda juda koʻp ishlashadi. Ular bir-birlarini tinglash oʻrniga juda koʻp vaysashadi”.

“Qani endi farzanding Garri Potterning navbatdagi sarguzashtlariga qiziqib, davomi chiqqan-chiqmaganini bilish uchun internetni kovlash, oʻrtogʻiga tafsilot, safsata sotish oʻrniga biror mumtoz asarning falon jihati haqida qiziqish bilan savol bersa. Ota-ona sifatida siz xursand boʻlib ketmaysizmi?”, deb yozadi oʻzimizning adibimiz Sobir Oʻnar.

Ijtimoiy tarmoqlarning birida zaharxanda istehzoga yoʻgʻrilgan mana bu mazmundagi latifanamo bitikka koʻzim tushgandi: “Bugun internet ishlamadi. Oilamizdagilar bilan bir dasturxon atrofida mazza qilib gaplashdik. Yaxshi odamlar ekan. Negadir buvim koʻrinmadi…”

Ha, keltirgan bu iqtiboslarimiz zamirida achchiq haqiqat bor. Dunyoga “www” “panjara”sidan qaraydiganlar virtual olamga oʻziniyu oʻzligini-da unutib shoʻngʻiyotgani bor gap.

Qadimiy “Kultigin” bitigida shunday jumlalar bor: “Samimiy, nosamimiyni ajratmaysan, kim qattiq gapirsa, samimiyni ham tanimaysan…” yoki…”sen dushman soʻzlariga darhol ishonib qoʻya qolma, uning soʻzlari hiyla va aldovdan iborat boʻlib, u oʻz maqsadiga erishish uchun oʻzini nihoyatda, muloyim qilib koʻrsatadi. Ichki olamini tashqi olami bilan boʻyab koʻrsatadi. Seni gʻaflatda koʻrgach, tadbir oʻqini maqsad nishoniga uradi. U paytda sen uchun chora-tadbir koʻrish fursati oʻtgan boʻlib, hasrat va nadomat yordam bermaydi”, Bu oʻgitlar nafaqat real, balki virtual olamda ham bizni hushyorlikka undab turadi. Ammo…

 

“Qaytar”ni qaytarma…”

Bundan bir necha yil muqaddam nufuzli idora matbuot xizmati rahbari boʻlib ishlaydigan kishi qoʻngʻiroq qilib, tahririyatimizning elektron manzilini soʻrab qoldi. Maʼlumot tashlamoqchi ekan. Elektron manzil gazetaning oʻzida aniq-tiniq berilganini aytdim. Oradan bir necha daqiqa oʻtib, u yana qoʻngʻiroq qilib, maʼlumot “pochta”ga tushgan-tushmaganini soʻradi. Men qarab, hali tushmaganini bildirdim. Bu hol bir necha bor takrorlangach, oʻzi manzilni qanaqa qilib yozayotganini hijjalab soʻradim.

 – Mana, gazetada qanday berilgan boʻlsa, shunday yozdim, – dedi u bamaylixotir. – “E-mayl”… keyin… xatlar… keyin “sobachka”… Shundogʻmi?

Taajjubdan yoqa ushlab qoldim. Qaytarib soʻradim. Afsuski, eshitganim hazil emas ekan. Shuncha yildan beri kompyuter qarshisida oʻtiradigan, internetning zarari haqida sotalab vaʼz aytib yuradigan akaxonimiz elektron pochtaga “e-mail” jumlasini ham qoʻshib yozayotgan ekan. Shu payt xayolimdan mashhur filmdagi “ulugʻ Rusning shohi… qaytar… va buyuk knyazi…” degan mashhur ibora oʻtdi…

Ha, “kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”. Afsuski, xonadonlar tugul, hali-hamon koʻplab nufuzli idoralarda ham AKT savodxonligi oʻziga yarasha. Hatto ish faoliyati yozishmalardan iborat boʻlgan ayrim xodimlar oddiygina Word, baʼzi hisobchilar Excelni bilmasligi sababli hamon “qalam yoʻrgʻalatib”, choʻt qoqib yurishibdi. Tabiiyki, bunday kishi uchun kompyuter va internet – baloning uyasi. Oʻzi ham yaqinlashmaydi, bolasini ham yaqin yoʻlatmaydi…

Vaholanki, internetu ijtimoiy tarmoqlarning yomonini aytgan joyimizda yaxshisidan ham gapirishimiz kerak emasmi?! Axir “tarmoqlardagi qarmoqlar” qabilidagi targʻibotlar sabab internet borasida “alif”ni “kaltak”, toʻgʻrirogʻi “@”ni “chuvalchang” deb yurganlar battar yurak oldirib qoʻyishmoqda. Ularning ayrimlari kompyuterda tinchgina dars tayyorlab oʻtirgan bolasining tepasiga bulutday bostirib borishayapti: “Ana, uyi kuysin internetni chiqarganning, yigʻishtir kompyuteringni…” Mahalladagi gʻiybatchi xotinlar oʻqimishli va tarbiya koʻrgan qizni “internetga kirarmish”, qabilida gʻiybat qiladigan boʻlishdi. “Internetda rasmi chiqib ketibdi” qabilidagi bemaʼni gap-soʻzlar oilalarning buzilishiga, hatto ayrim yoshlarning oʻz joniga qasd qilishiga ham sabab boʻlayotganini eshitib turibmiz.

 

“Tushunmadingmi? – Obtashla!”

Jahonda narkomaniya, toksikomaniya degan illatlar qatoriga bugun yangi kasalliklar – internetomaniya (internetga qaramlik) va ludomaniya (virtual oʻyinlarga qaramlik) singari baloi azimlar qoʻshilganidan xabaringiz bor.

Dunyoda akvofobiya (suzishdan qoʻrqish), klaustrofobiya (tor joyda qamalib qolishdan qoʻrqish), ayxmofobiya (oʻtkir tigʻli jismlardan qoʻrqish) singari minglab “fobiya” xastaliklar ham bor. AKT taraqqiyoti bilan ularning yoniga internetofobiya ham qoʻshildi. Bu kasallikka chalinganlar internetga kirishdan, uning cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishdan oʻlguday choʻchishadi. Agar qandaydir sabab bilan bunga majbur boʻlishsa, xavotirdan yurak urishi tezlashib, qon bosimi keskin koʻtarilib ketishi hech gapmas.

Bir paytlar tahririyatda uzoq yillar ishlagan keksa muharrirlar “tahrirning oltin qoidasi” sifatida, bilasizmi, nimani tavsiya etishardi – “Tushunmadingmi, obtashla!” Afsuski, bugun koʻplab xonadonlarda internetdan foydalanish masalasida mana shu almisoqdan qolgan qoida ishlayapti va internetofobiyaga chalingan ota-onalar hamda maʼrifatga tashna bolalarning bahslariga sabab boʻlayapti…

 

“Tegma, kuyasan…”

Ammo bir narsa aniq. Bolalar, oʻsmirlar va yoshlar taqiq qoʻyilgan narsaga yanada koʻproq qiziqishlari ayni haqiqat. Qolaversa, bu borada “tegma, kuyasan”, qabilida ish tutish kaltabinlikdir.

Sizningcha, yoshligimizdan eshitganimiz, oʻzimiz ham boshqa durustrogʻini bilmaganimiz uchun bolamizga aytib beradiganimiz – “Boʻgʻirsoq” ertagining qanday tarbiyaviy ahamiyati bor?! Ahamiyati shuki, “momomdan qochib ketdim, bobomdan qochib ketdim, sendan qochish hech gapmas”, qabilida uyidagiyu koʻchadagi kattalarning gapiga kirmaganlarning holiga voy – ular tulkiga yem boʻladi.

“Suyunchi” filmidagi bir lavha barchangizga yaxshi tanish. Anzirat momo “professor” nevarasi Abdullani kaltak bilan quvlaganida, u daraxtga chiqib oladi. Bugun biz bolamizni shoʻxligi uchun qattiqroq tergasak, u daraxtga qarab qochadimi yo chordoqqa berkinib oladimi? Yoʻq, bunday paytlarda u daraxtu narvonga tirmashib, ovora boʻlib oʻtirmaydi – virtual olamga kirib olib, eshigini qarsillatib yopadi va ichkaridan tambalaydi. Agar bu olam kalitlarini topolmasak, daraxtga chiqa olmagan Anzirat momodan farqimiz qolmaydi…

 – Aka, kap-katta odamsiz, “feysbuk”dayam, “telegram”dayam, “instagram”dayam borsiz-yey, – deb qoldi yosh tanishim oʻrta yoshli hamkasbiga. – Nima, qiladigan boshqa ishingiz yoʻqmi?

 – Seningcha, men hamma ijtimoiy tarmoqlardagi profillarimni bekorchilikdan “laqillashish” uchun ochganmanmi? – dedi uning suhbatdoshi. – Bolalarim – talaba, poytaxtda oʻqishadi. Adashib, tarmoqlarning qarmoqlariga tushib qolishmasin, deyman. Ulardan oʻsha tarmoqlarning oʻzida boxabar boʻlib turishga harakat qilaman. “Ie, bu yerda ham dadam yuribdilar”, degan oʻy ularni hushyorlikka chaqirib turadi.

 

“Salom, gruppadagilar!”

Bundan bir necha yil muqaddam rejissyorlar Hilol Nasimovning “Odnoklassniki. ru”, Dilshod Ahmedovning “Salom, gruppadagilar!” nomli filmlari ekranlarga chiqarilgandi. Ularda ijtimoiy tarmoqlar qarmogʻiga ilinib, aldanib qolgan yoshlarning fojeaviy qismati yoritilgan edi.

Filmlar ijodkorlari yoshlarni ogohlikka undash singari xayrli maqsadlarni koʻzlashgani aniq. Bugun hamma gaplashish oʻrniga “chatlashish”ni, yonidagi tirik odamdan koʻra virtual olamdagi mavhum koʻlanka-suhbatdoshni afzal bilayotgan, “koʻnglingni ochib-sochgani” bir quloq kamyob (chunki quloqchin bilan band) boʻlgan bir paytda bunday filmlarning ham tarbiyaviy tomonlari bordir… Lekin…

 

Tarmoq faqat qarmoq emas…

“Salom, gruppadagilar!” – ijtimoiy tarmoqlarda ilgari ironiya tarzida urf boʻlgan bu iboradan hech qanday kinoya-kesatiqsiz, ohanjamayu jimjimalarsiz, shunchaki koʻpchilik oʻtirgan xonaga kirgan odamday ishlatadiganlar koʻpchilik. Bir paytlar bedanachilik haqida maʼlumot izlab, bir “gruppa”ga duch kelgandim. Eh-he, “bir tovuqqa ham don kerak, ham suv kerak” deganlariday bu jimitday qushning shaydolari buncha koʻp boʻlmasa. Yana bir-birlariga shunday mehribon, tavsiyalarini ayashmaydi: qanday parvarish qilish kerak, qanday oziqlantirish, davolash…

Bir tanishim baliqchilarning “gruppa”sida ekan. Boshda shunchaki qiziqish bilan boshlangan suhbatlar qoʻr olib, u ayni paytda xonadonida kichikkina havza tashkil etish harakatida yuribdi. Oʻzim kaftday joyda issiqxona qurgandim, tajribali tomorqachilarning oltindan qimmat maslahatlarini ijtimoiy tarmoqlardan topdim.

Yana kursdoshlarim bilan guruhimiz bor. Ularda adabiy-badiiy, maʼnaviy-maʼrifiy gurunglar avjiga chiqadi. Yaqinda yangi alifbo mavzuidagi yirik anjumanda ishtirok etgan olima kursdoshimiz taassurotlarini yozdi. Kursdoshlarimizning koʻpchiligi olim, oʻqituvchi, jurnalist emasmi, bu mavzudagi munozara rosa qizib ketdi.

Qashqadaryolik yosh ijodkor doʻstlarim meni oʻz guruhlariga kiritib qoʻyishgan edi. Kimdir yangi yozgan sheʼrini, kimdir oʻqigan shoh satrlarini guruhdagilarga ilinadi. Yaqinda asosan shu guruhdagilarning kuyunchakligi, saʼy-harakati, tashabbusi bilan ogʻir xasta boʻlgan shoira qizni xorijda operatsiya qildirish uchun koʻplab xayriya aksiyalari, targʻibot tadbirlari tashkil etilib, kerakli mablagʻ jamgʻarilishiga erishildi. Agar ijtimoiy tarmoqlar boʻlmaganida benazir isteʼdod sohibasi boʻlgan, chekka qishloqlik oʻsha shoira qiz mamlakat boʻylab bu qadar shuhratu eʼtibor toparmidi?!

Ha, ijtimoiy tarmoq deganlari ayrim serxavotir olimlar qayd etishganiday faqat qarmoqqa tushiradigan joy emas. Kezi kelganda qoʻlingga faqat “baliq” emas, “qarmoq” ham tutqazadigan tarbiya maskani hamdir. “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo”, deydilar-ku…

 

Chang kiradi, deb daricha yopamizmi?

Biz “internetomaniya”ni ham, “… fobiya”ni ham yoqlash yo qoralash fikridan yiroqmiz. Faqat, oddiygina qoida tarafdorimiz – har narsada ham meʼyor boʻlganiga nima yetsin?!

Darvoqe, dunyoda avtohalokatlar aviahalokatlardan koʻra bir necha oʻn barobar koʻproq talafot keltirar ekan. Shunday boʻlsa-da, odamlar avtomobilga bemalol oʻtirib, samolyotga chiqishga qoʻrqishadi. Internetdagi halokat, jaholat nechogʻlik koʻp boʻlmasin, shuning barobarida u bitmas-tuganmas maʼrifat manbai ekanini ham unutishga aslo haqqimiz yoʻq.

Bugun yurtimizda AESdek murakkab texnologiyali inshootlar qurishni moʻljallayapmiz. Olamshumul kosmik dasturlar tashvishidamiz. Eng nozik va noyob tibbiy amaliyotlarni oʻzimizda tashkil qilish harakatidamiz… “Chang kiradi, pashsha kiradi” deb, “dunyo darichasi”ni bolalarimizga yopib qoʻysak, bunday ulugʻvor niyatlarimizga qaysi avlod bilan erishamiz?!

Aslida bu “daricha”ni berkitishning oʻzi jaholat emasmi?!

Abdulla Oripov salkam qirq yil avval yozgan “Bobo va nabira” sheʼrida shunday deydi:

U hali nomingni koʻksiga joylab,

Samolar qoʻynida urgusidir barq.

Uni qadamingga tashlama boylab,

Qoʻyvor nabirangni, otajonim, Sharq…

 

Nuriddin EGAMOV

Nuriddin Egamov 1975 yilda Qarshi tumanidagi Qovchin qishlogʻida tugʻilgan. 1997 yilda Qarshi Davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini bitirgan. 1997 yilda Qashqadaryo viloyat hokimligi muassisligidagiQashqadaryo” vaKashkadarya” gazetalari tahririyatida muxbirlikdan ish boshlagan. Bugungi kundaQashqadaryogazetasida boʻlim mudiri boʻlib ishlamoqda.

 

kh-davron.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.