Nechun koʻklam madhi tushmas gʻazaldan

0
295
marta koʻrilgan.

Italyan kompozitori Antonio Vivaldining “Yil fasllari. Bahor” asarini tinglab, koʻz oldimizda sehrgar koʻklam qiyofasi jonlanadi: u zerikarli tusdagi zaminni yorqin ranglarga boʻyaydi, qishda horib yogʻochga aylanayozgan daraxtlarga nozik gullar – umidlar baxsh etadi, uning mulozimi shabada esa har bir qalbga “Sev!” degan afsunni shivirlaydi va butun olamni uygʻotib chiqadi. Tasavvurimizda bahor yashil libos kiyib, qizil durracha oʻragan, qoshiga oʻsma tortib, chakkasiga oʻrik gullari qadagan munisa siymosida jonlanadi.

Faqat bizning xayolotimiz mahsuli emas bu… Qarangki, italyan va fransuz musavvirlari ham bahorni qoʻlida gul tutgan koʻrkam ayol va sevishganlar qiyofasida tasvirlagan. Xitoyda esa fasllar kelinchagi ajdaho, sallagul, beda ramzlari bilan ifodalangan. Sandro Bottichelli, Juzeppe Archimboldo kabi rassomlar asarlarini asotirlardagi bahor maʼbudalari, qushlar va gullar bilan yanada yorqinlashtirgan.

Asotirlardagi goʻzallik va muhabbat maʼbudalari – yunonlarda Venera, Flora (gullar maʼbudasi), slavyanlarda Lada va Jiva, Lelya bahor ramzi hisoblangan. XV–XVII asrlarda ularning surati qoʻlida meva ushlagan ayol qiyofasida tasvirlangan. Semantika boʻyicha Jiva nomini hayot (“jizn”) va toʻkinchilik (“najiva” – daromad) soʻzi bilan bogʻlashadi.

Afsonaga koʻra, olamga tashrif buyurgan sohibjamol Bahor eriyotgan qorlar tagidan bosh koʻtarayotgan boychechakni koʻradi. Unga yordam berish niyatida yer yuzini qurigan shoxlardan tozalashga kirishadi. Buni koʻrgan Qish gʻazab otiga minib, ilk chechakni nobud qilish uchun sovuq shamol ufuradi. Zaifgina boychechak shamol qahridan titrab egiladi. Bahor uni qoʻllari bilan toʻsganida butaning tikani barmogʻiga sanchiladi. Bir tomchi qon gul yuziga tushadi va uni jonlantiradi. Bahor shu tariqa Qish ustidan gʻalaba qozonadi.

Ushbu syujetga uyqash ertaklar deyarli barcha xalqlarda uchraydi. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida bahor va qish oʻrtasida kechgan olishuv uzoq davom etgani, 21 mart kuni bahor gʻalaba qilgach, yangi kun boshlangani oʻz aksini topadi. Bahor va qishni jonli tasavvur qilish hamda ular oʻrtasidagi kurash haqidagi tasavvurlardan kelib chiqqan “Boychechak” marosimi qish ob-havosi bahorda ham davom etaverganida oʻtkazilgan. Dastavval kattalar ishtirokida tashkil etilgan bu marosim keyinchalik bolalar folklori koʻrinishini olgan. Birinchi chiqqan boychechaklar yulib olinib, suvga oqizilgan. Gul koʻtargan bolalar xonadonlarga “Boychechak” qoʻshigʻini aytib kirib borishgan. Odamlar esa chechakni yuz-koʻziga surtib, bahor jarchilari – bolalarga hadyalar ulashgan.

Koʻklam gʻalabasi ramzi – boychechakning dunyo yuzini koʻrishi mashaqqatlari “Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak” satrlarida oʻz ifodasini topgan. “Boychechak” marosimi Choʻlponning shu nomli sheʼrida ham yorqin aks etgan:

 

Boychechakning bolasi

Ochdi yuzini,

Suvga chiqqan xolasi

Koʻrdi qizini!

Boychechakning bolasi

Yetimcha bir qiz.

Uning oʻgay onasi

Juda yomon, tez!

Boychechakning bolasi

Yulib olindi.

Yurtning koʻzi olasi

Juda sevindi!

Boychechakning bolasi

Har uyda kuldi.

Goʻdaklarning xaltasi

Non bilan toʻldi!

 

Yana bir asotirda hikoya qilinishicha, Quyosh goʻzal qiz qiyofasida Yer yuziga tushadi. Ammo zolim ajdaho uni oʻgʻirlab, oʻz saroyiga bekitib qoʻyadi. Shundan soʻng qushlar sayramay qoʻyadi, bolalar shodlik tuygʻusini, kulishni unutadi, butun olam qaygʻuga choʻmadi. Ammo quvnoq bir bola Quyoshni qutqarishga ahd qiladi. Uzoq mashaqqatlardan soʻng saroyni topib, ajdahoni jangga chorlaydi. Beshafqat olishuvda, nihoyat, oʻspirin gʻalaba qozonadi. Ozod boʻlgan Quyosh osmonga koʻtarilib, butun olamni yoritadi, bahor keladi, tabiat jonlanadi, insonlarga quvonch qaytadi. Ammo hammaga bahorni hadya etgan bolakayga buni koʻrish nasib etmaydi. Qaynoq qonlari qorga toma-toma, oxiri jon taslim qiladi. Oʻsha joylardan bahor xabarchilari – boychechaklar unib chiqadi. Borliqni zulmat va gʻam-qaygʻudan ozod qilgan yigit sharafiga odamlar qizil va oq guldan gulchambar toʻqiydi. Qizil rang goʻzallikka oshuftalik va halok boʻlgan yigit qonining rangini, urushni, oq rang esa bahorning ilk chechagi boychechakning sofligi, tinchlikni mujassamlashtiradi.

Bahorni quyosh ramzi bilan bogʻlash slavyanlarda maʼbud Yarilo (Yarila, Yarovit, Yaromir) nomi bilan aloqador. Ularning qadim diniy eʼtiqodida Mara (qish maʼbudasi)ni yenguvchi bahor quyoshining timsoli boʻlgan. Quyoshning qayta tugʻilishi, sofdillik, ehtiros uning nomi bilan bogʻlangan. Baʼzi olimlar “yarilo” soʻzi “tez nur sochish” maʼnosini anglatadi, deb taʼkidlaydi.

Bir-biridan olis manzillarda yashagan turli xalqlar madaniyatini kuzatsak, bahor bilan bogʻliq uyqash tasavvurlarga, umuminsoniy qadriyatlarga duch kelamiz. Birinchi muhabbat va yangi hayot tugʻilishining obrazi sifatida bahor mavzusi hamisha sheʼriyatda yetakchi boʻlib kelgan. Tabiatni, hayotni muntazam yangilab, yashartirib turuvchi, musavvirlar, shoirlar, kompozitorlar qalbiga ilhom bagʻishlovchi bahorning nomi jamiki yorugʻlik va goʻzalliklar – gullar, qushlar, ranglar, kelinchak, yoshlik, quyosh, muhabbat, goʻdak, ozodlik, gʻalaba, quvonch bilan bogʻlanib ketgan. Ehtimol, shuning uchun ham “koʻklam madhi tushmas gʻazaldan” (Abdulla Oripov).

 

Dilrabo MINGBOYEVA tayyorladi.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.