Ne qilayin sening bila, ey til…

0
2644
marta koʻrilgan.

Davlatli ona tilimiz “davlat tili” boʻlganidan beri, eh-he, qancha-qancha qovun pishigʻi oʻtdi. Oʻshandan beri bu masalada amalga oshirilgan ishlar ham bir talay. Darrov boʻlmasa ham, qimirlagan qir oshar deganidek, roʻyobga chiqayotgan ishlar koʻp. Men oʻzimga tanish bir misolni aytay: hozir yurtimizda kitoblarning mutlaq koʻpchiligi oʻzbek tilida nashr etiladi. Holbuki, bundan oʻttiz yilcha ilgari Oʻzbekistonda chiqadigan kitoblarning yarmidan koʻprogʻi ruscha boʻlar, tiraji ham oʻzbekcha kitoblarga qaraganda bir necha baravar ortiq edi. Oʻzbekcha biror asar nari borsa 50-60 ming nusxada chiqsa, rus tilidagi romanlar 120-200 ming nusxa chop etilar, yaʼni “markaz”niki kamday, Oʻzbekiston hisobidan ham ruscha kitob nashr etilib, boshqa yoqlarga olib ketilar, odatiy hol shu edi.

Boshqa tarmoqlarni oʻzingiz qiyoslab olavering.

Ana oʻsha ogʻir bir muhitda ona tilimiz boʻgʻilayotganini oʻzimiz sezib-sezmay yura bergan ekanmiz. Bagʻrikeng elmiz, birinchi va ikkinchi ona tili bor ajoyib xalqmiz, deb oʻzimizni ovutar edik. Bir hikoya oʻqiganman. Uning qahramoni boʻlgan hind yigiti Dehliga kelib, hindning hind bilan ingliz tilida gaplashayotganini koʻrib, hafsalasi pir boʻlib ketadi.

Ammo… bizning ham shunga yetib qolayozganimiz sir emas-ku!

 

Ne qilayin sening bila, ey til?

Jihatingdan mening ichim qondur, –

 

degan edi Bobur mirzo. Oʻsha zamonda ham til borasida qay bir qusurlar boʻlgandirki, shoirning dili oʻrtangan. Ammo u davrda odamlar oʻz ismi-sharifini oʻz qoʻllari bilan boshqa tilga moslab bitmagan boʻlsalar kerak, har holda? Bugun oʻzbek tilidagi bir tibbiy kitobga koʻzim tushdi. 2005 yili, “Davlat tili haqida”gi qonun chiqqanidan oʻn olti yil keyin chop etilgan risola ekan. Muallifi ikki kishi: Shaagzamov bilan Gulyamova…

 

Tilbuzarlik

Ori rost, ona tilimiz boy til, uning bugungi taraqqiyotidan ham faxrlansak arziydi. Negaki, jahonning eng mashhur adiblari ijodiga mansub durdona asarlarni oʻz tilimizda oʻqish imkoniyatiga egamiz. Ilm-fanning oʻnlab sohalariga oid bilim ham yoshlar ongiga ona tili vositasida jo boʻlayapti.

Prezidentimiz Sh. Mirziyoevning “gʻalaba raportlari”ga berilmaslik haqidagi talabini keng jamoatchilik, xalqimiz mamnuniyat bilan kutib oldi. Taʼbir joiz boʻlsa, bu talabni bedorlik bongi deyish mumkin. Biz ham shu qabildagi yashasinchilikdan oʻzimizni sal forigʻ qilib, tilimizning ahvol-ruhiyasiga razm soladigan boʻlsak, unda birtalay muammolar toʻplanib qolganini ham koʻrishimiz mumkin. Zotan, taraqqiyotning sharti – oʻz ishiga tanqidiy nuqtai nazardan qarab, uni tinimsiz takomillashtirishdir.

Tilni nima boyitadi, yaʼni har bir milliy tilning boyligi nimalarga bogʻliq boʻladi? Sodda qilib aytganda, ikki narsaga – tildagi lugʻat boyligi va ifoda imkoniyatlarining koʻpligiga. Bu ham nisbiy maʼnoda, albatta. Muayyan xalq tilining boyligi xususida gap ketganda, oʻsha til taraqqiyotining ayni paytdagi darajasida jamiyat hayotining istalgan sohasidagi bilimni aniq va loʻnda ifodalash imkoniyati mavjudligi yoki mavjud emasligiga qarab hukm chiqarsa boʻladi.

Lugʻat, yaʼni soʻz xazinasidan foydalanish toʻgʻrisida mulohaza qilar boʻlsak, bilasiz, har bir soʻzning oʻziga yarashur yuki bor – soʻz maʼno tashiydi. Demak, har bir soʻzga oʻz holiga yarasha maʼno ortish kerak. Bahaybat “KamAZ”ga bitta oynavand javonni yuklasangiz, manzilga borgach, bir arava oʻtin tushirib olasiz. Bilʼaks, oʻn qop sholgʻom “Neksiya”ga ortilsa, mashina abgor boʻladi. Soʻz ham shunday. Buni hisobga olmasak, “KamAZ”lik chogʻi bor soʻzlar quruq arava opqochganday shaldirab, maʼnosiz tovushga aylanadi, birvarakay ikki-uch maʼnoga masʼul qilingan soʻzlarning esa soʻlogʻi chiqadi.

Yozuvchilar, olimlar, jurnalistlarning ijodiy faoliyati davomida tilga yangi soʻz va ifoda shakllari koʻp kirib keladi. Ilmda bular neologizm deyiladi. Biroq har qanday neologizm ham tilni boyitib, ijobiy hodisa boʻlavermaydi. Qalamkashlar baʼzan soʻzning tub maʼnosini bilmasligi yoki oʻzi yuklamoqchi boʻlgan yangi maʼnoni ifoda etadigan boshqa bir soʻz borligidan bexabar boʻlishi ham mumkin ekan.

Shoirlarimizdan biri yozadi:

 

Qadim tiyin topsak, quvonar edik,

Nogoh xazinaga kelgandek duchor.

Endi-chi? Million-million oʻpirib,

Na nomus qilamiz, va na undan or.

 

Oʻzbek tilida xazinaga… duchor kelinmaydi, duch kelinadi! Baloga, qirgʻinga, yomonliklarga duchor kelish desa, boshqa gap. “Duch” bilan “duchor” soʻzlaridagi shakliy va maʼnoviy yaqinliklarni farqlash oʻrniga ularni qorishtirish nomaqbul neologizmni yuzaga chiqargan. Yoki shu toʻrtlikdan yana bir misol: millionlab pulni oʻmarish mumkin, oʻpirib boʻlmaydi, toshqin suv esa qirgʻoqlarni oʻpiradi, oʻmarmaydi!. Nainki, xalq tilini xalq shoiridan himoya qilishga toʻgʻri kelsa?

Hozirgi kunda soʻzlarga oʻzgacha maʼno yuklash, soʻz bilaman deb koʻkrakka urish kasali avj oldi. Nafaqat oddiy jurnalistlar, hatto yozuvchilarning asarlarida ham gʻalat ifoda shakllari bodrab ketdi.

“Ancha” degan soʻz bor. “Xiyla”, “koʻpgina” degani. Ammo dilidagi tuygʻular toʻlib-toshib ketgan palla baʼzi qalamkashlar “ancha”ga qanoat qilmay, uning maʼnosini yanada orttirish maqsadida “anchayin”ni qoʻllashadiki, bu aldoqchi shakldir, chunki “anchayin” “ancha” degani emas. Aksincha, shuning teskarisini – “shunchaki”, “arzimas” degan maʼnolarni bildiradi.

Misol koʻp, maqsad esa ularni keltira berib, sizni zeriktirish emas.

Siz aytishingiz mumkin: ayrim holatlarga qarab xulosa qilmang, deb. Toʻgʻri, ammo ana shunaqa “ayrim holatlar” yil sayin koʻpayib, tilbuzarlik, til bilmaslik ommalashib borayotgan boʻlsa-chi?

 

Oʻzbek tilidagi oʻzbekcha emas gaplar

Telefon jiringlaydi. Koʻtarasiz. “Dilnozani mumkinmi?” deb ovoz beradi bir qiz. Dilnozani… mumkinmi… Bu nima degani? Oʻzbekcha qilib, “chaqirib bersangiz” yoki “uydamidi” desa… ayb boʻladimi? Qarindoshlar xayrlasharkan, “Mayli, biz tomonga ham kelinglar”, deb bir-biriga tayinlaydi. Birinchisi ruscha “ladno” (boʻpti)ning nobop tarjimasi. Aslida, “mayli” – biror nimaga ruxsat berishdir. Oʻzbekchada “kelinglar” (prixodite) emas, “boringlar”, deyiladi.

Mahalla fuqarolari yigʻini (sxod grajdan maxalli)ga chiqasiz. Bu yerda sizga ertaga kelishni tayinlashadi: allaqaysi imoratning ochilish marosimi boʻlarkan, u hashar yoʻli bilan (put+yom xashara) qurilgan ekan. Qarang, mahalla oʻzbekniki, hashar oʻzbekniki boʻlsa-yu, mahalla idorasi deb aytmaymiz, hashar qilib qurilgan demaymiz. Shunaqa oddiy, oʻzbekona qilib aytsak, asakamiz ketadi, shekilli.

Toʻlovlar esa “pul oʻtkazish yoʻli bilan” amalga oshirilar ekan, “pul oʻtkazib” desangiz, savodsizga chiqasiz. Chunki uning goʻyoki asli “put+yom perevoda deneg” ekan.

Gap oddiy soʻzlashuv nutqidagi xatolar haqidagina emas. Matbuot tili xiyla duduq boʻlib qoldi, radio va televideniye vakillarining nutqidagi saktaliklar esa qonuniyday tus oldi. Chunonchi, sport sharhlovchisi toʻrt futbolchi deyish oʻrniga, “toʻrt nafar futbolchilar” deb sayraydi. Sababi, ruslarda “chetvero futbolistov” boʻladi. “Toʻp bilan Farhod Tojiyev” degani ham “s myachom…”ning oʻgirmasi, chamasi, toʻp Farhod Tojiyevda desa, goʻyo oʻxshamay qoladi.

“Sen ertaga kel, yaxshimi?” deydi oʻrtogʻingiz (Zavtra prixodi, xorosho?). Buning oʻrniga “xoʻpmi” (durustmi, boʻptimi, tuzukmi…) desa, nima qiladi? “Viloyatimizda bu yil ellik ikkita maktablar taʼmirdan chiqarildi”, “Yigirma uch nafar mutaxassislar ish bilan taʼminlandilar”, “qaror ijrosini taʼminlash”… Bularning bari rus tilidan noʻnoq tarjima, ajabki, birov bunaqa “tarjimon”ning mushugini pisht demaydi.

“Pod rukovodstvom”, “pod redaksiyey” kabi kalimalar xuddi oʻshandoq shaklda “rahbarligi ostida”, “tahriri ostida” deb agʻdarib qoʻyiladi. Axir, rahbarlik yoki tahrirning osti boʻlmas edi-ku oʻzbekchada?! Usti ham. “Tekshirishlarni hisobga olish kitobi”ni varaqlang, daftar ekanini koʻrasiz. Rus tilida kitobga… yozish mumkin, bizda esa kitob oʻqiladi, daftarga yoziladi. Bunaqa misollar urchigandan-urchib yotibdi.

Bular oʻzbek tilidagi, ammo oʻzbekcha boʻlmagan ifoda shakllari. Ajab, oʻzbek tilida boʻlsa ham ayb topaveramizmi? Albatta. Chunki “Davlat tili haqida”gi qonun chin roʻyobga chiqishi uchun ish yuritish qogʻozlarining matni oʻzbek tilida boʻlishining oʻzi ham kifoya qilmaydi. Bu – ishning dastlabki, quyi bosqichi. Ular oʻzbek tilidagina emas, oʻzbekcha – oʻzbek odam ona tilida yozganiday boʻlishi ham shart. Buning uchun Oliy Majlis chiqaradigan (qabul qiladigan emas!) qonun loyihalaridan tortib, to koʻcha-koʻydagi eʼlonlarga qadar – bari avvalboshdan oʻzbekona ifoda tarziga toʻliq rioya qilgan holda tayyorlanishi kerak.

Bu qay tarzda amalga oshadi? Nazarimda, buning uchun butun yurtimizda

 

Oʻzbek tili muhiti

yuzaga keltirilishi kerak.

Xoʻsh, “oʻzbek tili muhiti” nima degani?

Buni anglash uchun bir-ikki tanish manzarani yodingizga solay. Istalgan taksi yoki “marshrutka”ga chiqing, darrov magnitofondan ajnabiy qoʻshiq qoʻyib berishadi, mashinasidagi audiouskuna gumbur-gumburidan koʻchalar larzaga keladigan yigitlar ham aslo oʻzbekcha kuy-qoʻshiq eshitmaydi, uni zamonadan orqada qolganlar uchun, deyishadi. Ikkala qulogʻiga besh-oltitadan zirak taqib, qolmishiga “sotka”ning shnurini tiqib olgan qizlar oʻzbekcha kuy-qoʻshiqlarni tinglab ketyapti, deysizmi? Oʻylab qolaman: millatimning koʻpchiligi qanday kuy-qoʻshiqlarni eshityapti? Mana shunga qarab xalqning mentalitetini, bu mentalitet qayoqqa qarab burilayotganini aniqlasa boʻladi.

Toshkentning Gʻafur Gʻulom metro bekati yonidagi internet-kafega bir ish bilan bosh suqqan edim, ortimdan yetmishlarga yaqinlashgan opaxon kirib keldi. Kompyuterchi yigitdan bir xat yozib, elektron pochtadan joʻnatib berishini soʻradi.

Yigit “Bizda bunaqa xizmat yoʻq, ammo gap bunda ham emas, odam koʻp, shuning uchun iloji yoʻq, kechirasiz”, deb sharhi hol qildi. Shundan keyin bu oʻzbek kampir “A chego…” deya oʻrischalab soʻroqqa tutib, paydarpay savol yogʻdira boshladi. Vaqt ketyapti, desangiz. Oxiri men aralashib, “Opaxon, hech jahonda oʻzbek oʻzbekka oʻrischa gapiradimi, oʻzbekcha soʻrayvering, gʻalati-ku?” deya tanbeh beruvdim, opa yana oʻrischalab bir nimalar deb toʻngʻilladi-da, kompyuterxonani tark etdi.

Tashqariga chiqsam, oʻrindiq qoʻyilgan ekan, oʻtirdim. Yonginamdagi muzqaymoq doʻkonining bozori chaqqon. Shim kiygan, qorni qopday osilgan kampirlaru boʻyalgan tirnoqlari bir enlik qizlar yaxakijon yalab oʻtmoqdalar. Ikkala qoʻliga bittadan “sotka” ushlagan oʻta ishchan qiyofadagi yigitlar ham oralab qoladi. Bari oʻzbek, barining gapi ajnabiy…

Tavba, deyman oʻzimga oʻzim. Qayerda yashayapmiz? Toʻgʻri, “Til bilgan – el biladi” degan ajoyib maqolimiz bor. Ammo “el bilish” uchun, avvalo, oʻz ona tilimizni yaxshi bilishimiz, uning hurmatini joyiga qoʻyishimiz lozim emasmi?!

… Oʻn uch-oʻn toʻrt yoshlarda edim. Bobom shahar chetidagi dalaga qovun-tarvuz ekkan, yozgi taʼtil mahali kunim oʻsha yoqda oʻtardi. Yoʻlning narigi tomonida, sal ichkariroqda koʻproq boshqa millat vakillari yashardi. Bir kuni shom payti oʻsha uylar tomonda shovqin koʻtarildi. Ketmonni tashlab, chopib borsam, bir qirgʻiz ayol bilan bir tatar xotin aytishib yotibdi. Atrof toʻla odam. Tekin tomosha-da. Naq biror soat urishishdi. Oxiri janjalkashlarning jagʻi toldi, charchashdi, hangomatalablar ham birin-sirin tarqadi. Bu ikki “xoʻroz” ayol ham pirovardida bir-birini eng achchiq qargʻishlar bilan “siylab”, uy-uyiga kirib ketdi. Qorongʻi maydonda bir oʻris kampir yolgʻiz qoldi. Men orqaroqda turgan edim, kampir payqamadi. Boyagi janjal ogʻir taʼsir qildi, shekilli, turdi-turdi, keyin bir uh tortib, “Tavba!” deb qoʻydi-da, uyiga yoʻl oldi.

Bu voqeaning xotiramda qolganiga sabab, boyagi oʻris kampir “Boje moy!” demadi, “Gospodi!” ham demadi, “Tavba!” deb yuragini boʻshatdi. Oʻzbeklar ichida tugʻilib, umri oʻzbeklar ichida oʻtgan boʻlsa, nima ham desin?! U yogʻini soʻrasangiz, oralari buzilgan anovi tatar xotin bilan qirgʻiz ayol ham bir-biriga tushunarli boʻlishi uchun oʻzbekcha urishgan, ikkovi ham beixtiyor shuni tanlagan edi. Ana shu – oʻzbek tili muhitining bir lavhasi.

Oʻzbek tilida gapirish boshqa-yu, oʻzbekcha gapirish boshqa, jumlaning soʻzi oʻzbekcha, ammo shakli ruscha boʻlsa, eng yomoni mana shu. Shuning uchun ham oʻziga oʻzi “Tavba!” deb aytgan hov oʻsha oʻris kampirni men internet-kafeda uchratganim yetmish yasharli suyagi oʻzbek, ammo dili begonalashib ketgan “uzbechka”ga qaraganda oʻzbekroq deb bilaman, millatim vakili deb sanayman.

Bunday muhitda odamlar ona tili stixiyasi bagʻrida yashaydi, shu til tabiatiga muvofiq fikrlaydi va bir-biriga oʻzbekona iborayu ifodalar bilan muomala qiladi. Bunday muhitda taqdim etilayotgan axborotning oʻzbek tilida boʻlishi yoki asl oʻzbekcha boʻlishi esa allaqachon bosib oʻtilgan bosqichga aylanadi. Bunday muhitda til barq urib rivojlanadi, odamlar istalgan joyda oʻz tilida gapirishdan iymanmaydi, oʻzgalar tushunarmikin deb istihola qilmaydi, balki huzurlanib nutq irod etadi.

 

Maqom qaysi tilga berilgan?

Bu savolni kimga bermang, hamma bilittifoq oʻzbek tili davlat tili maqomiga ega, deb aytadi. Toʻgʻri, shundoq, ammo bir ammosi bor. Oʻzbek tili degani katta tushuncha. Xorazm shevasi ham oʻzbek tiliga kiradi, Toshkent lahjasi ham. Davlat tili degan maqom esa umuman oʻzbek tiliga emas, oʻzbek adabiy tiliga berilgan. Faqat adabiy til davlat tilidir.

Shunday ekan, barcha davlat tashkilotlarida oʻzbek tilidagina emas, adabiy tilda ish yuritilishi shart. Namanganlik muallim namangancha shevada dars oʻta boshlasa, toshkentlik aktyor sahnada toshkentcha shevada soʻzlasa, milliy yaxlitlikka putur yetishi turgan gap.

Ajabki, ilgari – elimiz mute, tilimiz zabun bir zamonda ham adabiy tilda saboq oʻqitilar, sanʼatkorlar umummiliy tilda gapirar edi. Hozir esa har kim oʻz shevasi maqomiga yoʻrgʻalaydigan boʻlib qoldi, shunga yarasha, saviya ham tushib, mulla bilganini oʻqiydi qabilidagi hodisotlar koʻpaydi. Millat umumoʻzbek adabiy tilida gapirishga oʻta borishi kerak. Chunki adabiy til elni birlashtiruvchi kuch boʻlsa, shevaga ruju qoʻyish esa mahalliychilikni kuchaytirishi tayin.

Yana bir toifa borki, ular nazdida, lotin alifbosi – davlat tili degani, shekilli. Chunonchi, xudoning bergan kuni qoʻl telefonimizga bir necha marta SMS xabar joʻnatishadi. Har biri ikki tilda – avval ruscha keladi, soʻng oʻzbek tilida takrorlanadi. Ammo rus tilidagi matn ham lotin yozuvida bitilganki, nazarimda, uni oʻris ham oʻqiy olmaydi. Axir, bizga rus tilini ham lotin yozuviga oʻtkazish vakolati berilmagan-ku! Nega shunaqa qilishadi, bilasizmi? Ular nazdida, lotin yozuvida matn tayyorlash til haqidagi qonunni bajarish boʻlsa kerak. Davlat tili – boshqa-yu, lotin alifbosiga oʻtish – boshqa narsa, buni anglash shunchalar qiyinmi?

 

* * *

Til – dilning kaliti. Demak, tilning buzilishi millat tiynatiga ham taʼsir qiladi. Evohki, bunga ancha befarq, loqayd munosabatdamiz, oʻrganib qolganmiz. Holbuki, Oʻzbekiston – milliy qadriyatlarimizni asraydigan, rivojlantiradigan yagona davlat. Oʻzbek tili faqat shu zaminda unib-oʻsishi, nashʼu namo topishi mumkin. Buni qonunni bajarish yoʻsinidagina emas, chin dilimizdan ham eʼtirof etadigan boʻlsak, til haqida qonun chiqarish bilanoq ish bitmasligini tan olishimizga toʻgʻri keladi – butun mamlakatda oʻzbek tili muhitini yuzaga keltirish kerak. Bu muhitni har kuni, har soatda qoʻriqlab-asrashimiz, parvarishlab kuchaytirishimiz lozim.

 

Zuhriddin Isomiddinov,

filologiya fanlari nomzodi.

 

“Yoshlik”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.