Navoiydan 9 SMS

0
231
marta koʻrilgan.

Aslida, bu mumtoz misralarni, anʼanaga koʻra, Alisher Navoiyning shohbaytlari, hikmatlari tarzida ham taqdim etish mumkin edi. Yoshlarning qiziqishlari va axborot asri talablarini inobatga olib, “Navoiydan 9 SMS” deya sarlavha qoʻyishga jurʼat topdik. Zotan, qoʻsha qulflar ortida saqlangan tuman tanga emas, ezgu maqsad yoʻlida ishlatilgan toʻqqiz tillo – haqiqiy xazinadir.

Bugun yoshlar chin maʼnoda yashayotgan – sevayotgan va sevilayotgan, kulayotgan va kuldirayotgan, kuyayotgan va kuydirayotgan virtual olamdagi asosiy axborot qaysi tillarda? Biz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga kimlarning, qaysi tillardagi, qanday gap(gʻoya)larini joylashtirib, tengdoshlarimiz orasida ommalashtirmoqdamiz? Hayotimizning muhim damlarida, goʻzal lahzalarida bir-birimizga yoʻllaydigan SMS larimizda-chi?.. Sababi oddiy: boshqa tillarda tayyor, foydalanishga qulay materiallar mavjud, toʻgʻrirogʻi, ommabop media mahsulotlar (tabriknomalar, infografikalar, videoroliklar…) yaratilgan, yaratilmoqda. Isteʼmolchilik kayfiyatidagi yoshlar esa asosan “kopi-past” (nusxala-joylashtir) usulini xush koʻrishadi. Shu bois bugun biz onlayn olamga kengroq kirib bormasdan, uka-singillarimiz va farzandlarimiz qalbiga ulugʻ ajdodlari(miz)ni olib kirolmaymiz. Xalq ogʻzaki ijodi va buyuk bobolar merosini nafaqat elektron shaklga oʻtkazish, balki internet yuzerlari uchun “tayyor osh”ga aylantirish oʻzbek ziyolilari oldidagi kechiktirib boʻlmas vazifa boʻlib turibdi. Navoiy bobomizdan toʻqqiz SMS shu yoʻldagi bir urinishdir.

Bugungi kun yoshlariga kundalik muomala jarayonida asqatadigan baytlarni mumtoz shoirlar ijodidan istagancha topish mumkin. Faqat, ularni virtual dunyo talablari asosida tanlash lozim. Yaʼni, birinchidan, ular koʻpchilikka tushunarli boʻlsin. Ikkinchidan, tanlangan misralar maʼnosida yoshlar orasidagi ijtimoiy munosabatlar, ruhiy holatlar aks etsinki, yigit-qizlar oʻz koʻngil kechinmalarini, bir-biroviga dilsoʻzlarini, hatto achchiq-tiziq gaplarini nazm tilida yetkazsin. Yoshlarimiz bir-birlariga Navoiydan, Boburdan baytlarni SMS tarzida joʻnatsa, veb-sahifalariga esa Bilga Xoqonu Amir Temur hikmatlaridan joylashtirsa, qanday soz!

 

@ @ @

Yoʻl yamonu yaxshisidan yema gʻam,

Bismilloh, degilu qoʻygʻil qadam.

 

@ @ @

Menga ne yoru ne oshiq havasdur,

Agar men odam ersam, ushbu basdur.

 

@ @ @

Meni men istagan oʻz suhbatigʻa arjumand etmas,

Meni istar kishining suhbatin koʻnglum pisand etmas.

 

@ @ @

Boʻlmasa ishq, ikki jahon boʻlmasin,

Ikki jahon demaki, jon boʻlmasin.

 

@ @ @

Sen agar zohir etting itlikni,

Men senga koʻrguzay yigitlikni.

 

@ @ @

Tabiatga har neki odat boʻlur,

Chu eskirdi odat tabiat boʻlur.

 

@ @ @

Ushoq qand oq tuzga monand erur,

Va lekin biri tuz, biri qand erur.

 

@ @ @

Tuzlik ermas shifosiyu voyasi ham,

Kim egri kishining egridir soyasi ham.

 

@ @ @

Agar qilmadi el himoyat senga,

Oʻzingdin kerakdir shikoyat senga.

 

Farrux JABBOROV tayyorladi

 

“Yoshlik”, 2016 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.