Nasabingizni bilasizmi?

1
277
marta koʻrilgan.

yoxud shajarani davom ettirish xususida

 

Hech eʼtibor berganmisiz, ota-bobolaringiz yashab oʻtgan goʻshaga borganingizda oʻsha yerning yoshi ulugʻlari tashqi qiyofangiz, gap-soʻzingiz, qolaversa, oʻzingizni tutishingizga qarab, kimlarning avlodi ekaningizni fahmlaydi.

Uzoq yillar yashab, el orasida obroʻ qozongan bobongizni ismini aytib, “Sen falonchining nevarasi emasmisan?” yoki “Qosh-koʻzingga qaraganda sen falonchilardan boʻlsang kerak?!” deydi. Buni qarangki, ziyrak keksalarimiz bu borada sira adashmaydi. Xullas, nasabni saqlash, ajdodlarga munosib boʻlish insonga katta masʼuliyat yuklaydi.

Biroq, bugun hamma ham bu ezgu anʼanaga sodiq qolayotgani yoʻq. Hatto, koʻpchilik insonlar shajarasini toʻliq aytib bera olmaydi. Buning eng asosiy sababi hali avlodlar davomiyligida bobosi, otasining ismi familiya boʻlib ulgurmasdan, otalar oʻz ismini familiya sifatida farzandlariga berayotganidadir.

– Har bir inson uchun tugʻilganlik haqidagi guvohnoma ilk qonuniy hujjat hisoblanadi, – deydi Toshkent shahar 1-sonli FHDYo mudirasi Mastuba Sadretdinova. – Shuningdek, bola tugʻilgan zahoti roʻyxatga olinadi va tugʻilgan daqiqasidan boshlab, ism bilan atalish, shuningdek, oʻz ota-onasining gʻamxoʻrliklaridan bahramand boʻlishga haqli hisoblanadi. Farzandga munosib ism qoʻyish ota-onaning burchi hisoblanganidek, unga familiya berishda ham milliy anʼanalar hisobga olinib, ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Koʻpincha bolaning tugʻilganligini qayd etishda unga ota yoki onaning yoki bobolaridan birining ismi familiya sifatida beriladi.

Darhaqiat, Oila kodeksining 69-moddasida “Bolaga ism ota-onaning kelishuviga binoan, ota ismi – otasining ismiga koʻra beriladi. Bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota-ona turli familiyalarda boʻlganda ota-onaning kelishuviga binoan bolaga otasining yoki onasining familiyasi beriladi. Ota-onaning xohishiga koʻra bolaga ota yoki ona tomonidan milliy anʼanalarga koʻra boboning ismi boʻyicha familiya berilishi mumkin”, deya yozilgan.

Ushbu moddada ayniqsa, bir jumla juda ahamiyatli. Yaʼni, milliy anaʼanalarga koʻra bolaga boboning ismi boʻyicha familiya berilishi mumkin. Shunday ekan unda nega hozirgi avlod vakillari ushbu udumga sodiq qolmayapti. Axir azaldan maʼlum bir nom ostida nasabning davomiyligi kamida ikki avlod davom etgan. Shundan soʻng esa keyingi avlod vakili oʻz ismini familiya sifatida davom ettirgan. Nazarimda, bunda oʻziga xos hikmat bordek. Chunki nasabning davomiyligini taʼminlash oʻsha insonning, eng avvalo, ulugʻ yoshda boʻlishi, oʻz avlodlariga munosib ajdod boʻlib yetishganligi bilan belgilangan boʻlsa, ne ajab.

– Yaqinda yetti ajdodimiz kim ekanligiga qiziqib qoldim, – deydi qashqadaryolik Munira Husanova. – Dadamning familiyasi Husanov boʻlganligi uchun bobomning ismlari Husan boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Biroq yanglishgan ekanman. Keyin bilsam, bobom ham Husanov familiyasida boʻlib, ularning otalari Tojinor buva Husan boboning oʻgʻli ekan. Bobolarimning nomlari avlodlariga familiya boʻlib oʻtmaganligi sababli katta bobom – Tojinor buvaning ismlarini bilishim qiyin kechdi. Yaqinda akam farzandli boʻldi. Buni qarangki, jiyanimizga ota-bobolarimizning nomi qolib, oʻzining ismini familiya qilib berdi. Endilikda dadam, soʻng, Diyor va Tojinor buvalarning ismlari avlodlarimiz nasabida davom etmayapti. Bu esa tabiiyki, shajara zanjirida uzilishga olib keladi. Xuddi mendek keyingi avlod vakillari ham bobolarimiz ismlarini bilishda qiyinchiliklarga duch keladi. Bunga oʻxshash oilalarni koʻplab uchratish mumkin. Nazarimda, bu hol ota-bobolarimizga nisbatan hurmatsizlik, deb oʻylayman.

– Islom dinida nasabga nihoyatda katta eʼtibor berilgan, – deydi poytaxtimizdagi Koʻkaldosh oʻrta-maxsus bilim yurti mudarrisi Jaloliddin Ahmedov. – Tarixiy kitoblarga ahamiyat bersak, barcha ulamolarning avval ismi, soʻng, otasining, undan keyin bobolarining ismi ketma-ketlikda yoziladi. Bu ketma-ketlik kamida yetti ajdodigacha, balki undan ham koʻproq davom etishi mumkin. Nasabni oʻzgartirish dinimizda joiz emas. Agar kimdir farzandlikka bola olmoqchi boʻlsa, oʻsha bolaning haqiqiy otasini ismi aniq keltiriladi. Shundan soʻng asrab olgan insonning ismi keltirilishi shart. Toki, oʻsha bola ulgʻayganda, nasabning oʻzgartirilishi orqali jigarlari bilan yaqin aloqlarni oʻrnatishida chalkashliklar boʻlmasligi lozim. Bugun esa farzandlikka olinayotgan bolaga nasab berishda uning haqiqiy nasabi mavhumligicha qoladi. Bu esa kelajakda koʻp xatoliklarni, chalkashliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, bu hol insonning oʻz shajarasini bilmasligiga ham olib keladi.

Darhaqiqat, ajdodlarimiz nomining davom etishi va ularga munosib avlod boʻlish har jihatdan oʻzimizga bogʻliq. Shunday ekan milliy qadriyatlarimizga sodiq boʻlaylik!

 

Mayna HASANOVA

 

“Sogʻlom avlod” gazetasidan olindi.

1 mulohaza

  1. Menga ushbu maqola maʼqul boʻldi, lekin oʻz fikrimni bildirishni lozim topdim. Mamlakatmiz mustaqillikka erishganligiga qariyib 30 yil boʻldi, tilimizga Davlat tili maqomi berilganligiga esa 31 yil boʻldi. Ushbu til xaqidagi qonunning 15 moddasida keltirilgan «Milliy» degan jumla mavjud, lekin xaligacha FXDYOBoʻlimlarida farzandlarimizga ov yoki yev qoʻshimchalari boʻlmagan familiya qoʻydirmoqchi boʻlsak, mumkin emas ota onaning familiyasi qanday boʻlsa shunday yoziladi deb yangi koʻrsatmalarni roʻkach qilishadi. Axir sobiq ittifoq tuzilishidan ilgari bizda birorta xam ov yoki yev deb ataluvchi sharif boʻlmaganku. Biz mustaqil davlat, mustaqil xalq boʻlsak, nega boshqa xalqqa tegishli boʻlgan qoʻshimchalar bilan tugaguvchi familiyalarni farzandlarimizga qoʻyishimiz kerak. Oddiy misol Ukrainlar yenko, Beloruslar yevich, Moldovanlar yesku, Gruzinlar -shvili, dze va x.k, Armanlar -yan, yans, tatarlar -ulin xullas barcha xalqning oʻz familiyasi mavjud, xatto yurtimizda yashovchi koreetslarning xam oʻziga xos familiyalari mavjud. Nega bizda faqat ota ismidagi oʻgʻli, qizi degan jumladan boshqa oʻzgarish yoʻq. Shoir va yozuvchilar oʻz asarlariga taxallus qoʻyib ijod etishadi xolos. Shuni xujjatlarda xam qoʻllasa nimasi yomon. Nega eng asosiy muammolardan sanalayotgan bu masalaga biz eʼtibor bermaymiz. Men shuni taklif etmoqchi edimki, Xuddi Rajabiy, Qodiriy, Ashrafiy, Sogʻuniy bobolarimiz kabi oʻz eʼtiqodida qolib -iy qoʻshimchasi yoki bobo ismining qoʻshimchasiz oʻzini qoldirib familiya sifatida berilsa. Masalan Zarifiy Ulugʻbek Oʻtkirbek oʻgʻli, Nasimiy Sadoqat Komiljon qizi yoki Hamroh Shirinbek Gʻulomjon oʻgʻli, Shirin Aziza Olimboy qizi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.