Mutolaa sehri

0
182
marta koʻrilgan.

Jenisbek Piyazov – 1988 yilda Nukus shahrida tugʻilgan.

2007 yilda yosh opera ijrochilarining respublika koʻrik-tanlovida gʻolib boʻlgan va Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga oʻqishga qabul qilingan.
2007 yilda “Nihol” Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.

2010 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

2012 yilda Moskva shahrida oʻtkazilgan Muslim Magomayev nomidagi xalqaro operachilar tanlovida Gran-priga sazovor boʻlgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist.


 

Sanʼatning biror turini, jumladan, operani ham kuchli tayyorgarliksiz egallab boʻlmaydi. Opera kuylayotgan sanʼatkor ovozida ham, kayfiyati, hatto yuz ifodasida ham oʻsha davr ruhi aks etishi zarur. Rossini, Motsart, Gendel, Betxoven, Bax asarlarini kuylagan paytimizda ularning zamonasiga qaytishimiz kerak boʻladi. Xoʻsh, bunga qanday erishish mumkin? Albatta, ular haqidagi badiiy filmlarni tomosha qilish va kitoblarini oʻqish orqali.

Men buyuk bastakorlar, opera ijrochilari hayoti va faoliyatiga daxldor kitoblarni oʻqishni yoqtiraman. Chunki bunday asarlar sanʼat tarixining salmoqli qismini qamrab oladi. Oʻz sohamizni mukammal egallashni istar ekanmiz, avvalo uning tarixiga ahamiyat berishimiz zarur. Germaniyada boʻlgan paytim Motsartning Avstriyadagi uyiga bordim. Buyuk bastakordan qolgan buyumlarni hayrat bilan kuzatdim. Motsart haqida kitobdan oʻqiganlarimni u yashagan uy manzaralari bilan solishtirib koʻrdim, musiqa dahosining oʻlmas asarlari shu yerda dunyoga kelganini oʻylab, qalbim hayajonga toʻldi.

Kasb taqozosiga koʻra asosan operaga doir kitoblarni oʻqiyman. Ularni konservatoriya kutubxonasidan topa olmasam, internetdan izlayman. “Traviato”, “Don Juan” operasi yoki “Aida”, oʻzbek operasidan Sulaymon Yudakovning “Maysaraning ishi” asari… Shularning hammasi kitob, lekin oʻzbek tilida, musiqasi bilan. Opera ijrochisi muntazam oʻqishi, yod olishi kerak. Yodlashning oʻziga koʻp vaqt ketadi. Shu maʼnoda operachiga mustahkam xotira zarur. Kitoblardan oʻqiganim bor, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk shoirlar zamonida bolalarga minglab misra gʻazallarni yod oldirishgan. Oqibatda bolaning xotirasi mustahkamlanib borgan.

Kechagidek esimda. Uyimizda bobomning pand-nasihatga oid, hayotiy voqealarga asoslangan kitoblari boʻlardi. Boʻsh vaqtim boʻldi deguncha, qoraqalpoq va oʻzbek tilidagi kitoblarni, jahon adabiyoti namunalarini oʻqir edim. Shuningdek, ertaklar oʻqishni, xalq qoʻshiqlarini kuylashni yoqtirar edim. Bular ham adabiyotning bir qismi, menimcha. Sanʼatkor oʻqimishli, har taraflama bilimli, zukko odam boʻlishi kerak. Zero, adabiyot bilan sanʼat ogʻa-ini, balki egizakdir. “Haqiqiy sanʼatkor shoirlar, adiblar bilan yaqin aloqada boʻlmogʻi lozim”, – degandi ustoz sanʼatkorlardan biri. Mashhur sanʼatkor Rasulqori Mamadaliyev bir soʻzning maʼnosini topish uchun, koʻzi ojiz boʻlsa-da, Qoʻqondan Fargʻonaga borganini eshitib, qattiq hayratga tushganman. Mana, sanʼatkorning soʻzga munosabati, hurmati! Menimcha, har bir sanʼatkor shunday fazilatga ega boʻlsa, foydadan xoli boʻlmaydi.

 

Nazira BOYMURODOVA tayyorladi

 

“Yoshlik”, 2015 yil 7-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.