Mutolaa sehri

0
448
marta koʻrilgan.

Chingiz Aytmatovning yangi nashr etilgan “Tanlangan asarlar” toʻplamini oʻqib

 

Mamlakatimizda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bunda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda hayotimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan shiddatli oʻzgarishlarning gʻoyaviy-huquqiy asosi boʻlmish mazkur dasturiy hujjat tashabbuskori va muallifi Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan tub islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu haqda soʻz borganda, avvalambor, davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvarda imzolangan «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida»gi farmoyishi hamda shu yil 13 sentyabrda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarorini alohida taʼkidlash lozim.

Oʻz navbatida, Prezidentimizning joriy yil 18 aprelda qabul qilingan “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida adiblar xiyobonini barpo etish toʻgʻrisida”gi qarori katta ahamiyatga ega boʻldi. Binobarin, poytaxtimiz markazida Adiblar xiyoboniga asos solinishi maʼnaviy hayotimizda oʻchmas iz qoldirgan atoqli soʻz sanʼatkorlarining tarixiy xotirasini abadiylashtirishda ulkan oʻrin tutadi.

Davlatimiz rahbari ilgari surayotgan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish gʻoyasi kishidan chinakam maʼnaviyatli va maʼrifatli boʻlishni talab qiladi. Shuning uchun ham bugun kitobga ehtiyojimiz, kitobxonlikka esa eʼtiborimiz kuchli.

Eng muhimi, Prezidentimiz bu sohada ham barchamizga amalda oʻrnak va namuna boʻlmoqda. Xususan, mamlakatimiz rahbari oʻzining ilk xorijiy tashrifini Turkmanistonga uyushtirgan va oʻshanda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga ulugʻ turk­man shoiri Maxtumqulining sheʼriy saylanmasini tuhfa etgandi.

Bu maʼrifiy anʼana keyingi oliy darajadagi tashriflar doirasida ham davom etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga – I.Savitskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyining dunyo sanʼat ixlosmandlari eʼtiborini qozongan bebaho eksponatlariga bagʻishlangan “Sahrodagi Luvr” albom-kitobi sovgʻa qilingan boʻlsa, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga oʻzining qalamiga mansub “Davlat bosh­qaruvi toʻgʻrisida” nomli kitobining oʻzbekcha nashri, shuningdek, Nursulton Nazarboyevga Qozogʻiston Prezidentining oʻzbek tilida chop etilgan “XXI asr boʻsagʻasida” kitobi taqdim etildi.

Prezidentimiz joriy yil sentyabr oyining boshida Qirgʻiziston Respublikasiga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi chogʻida Prezident Almazbek Atamboyevga ham kitob sovgʻa qildi. Bu – ulugʻ qirgʻiz adibi va mashhur jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning “Tanlangan asarlar” nashridir.

Kitobga mamlakatimiz rahbari “Oʻzbek xalqining ulkan va ardoqli doʻsti” nomli kirish soʻzi yozgan. Unda, xususan, shunday samimiy fikrlar bor: “Oʻzbekistonda bu ulugʻ ijodkorning kitoblari kirib bormagan biror xonadonni, uning goʻzal qissa va romanlarini oʻqimagan, ular asosida yaratilgan kinofilmlarni tomosha qilmagan biron-bir kishini topish qiyin, desak, adashmagan boʻlamiz. U nafaqat qirgʻiz xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, oʻzbek xalqi uchun ham aziz va suyukli siymo, desak, bu ham ayni haqiqatdir”.

Chindan ham, biz ulugʻ qirgʻiz adibining aksariyat asarlarini oʻz ona tilimizda anchadan buyon qayta-qayta mutolaa qilib kelmoqdamiz. Bu bejiz emas. Zero, shunday asarlar borki, ularni yana va yana mutolaa qilging, adib gavdalantirgan qahramonlar bilan eski qadrdon doʻsting bilan uchrashgandek quvochni his etging, kamtar va sofdil qoʻshning kabi oʻsha oddiy odamlarning   oʻzingga tanish koʻringan ham maroqli, ham iztirobli turmushi olamiga shoʻngʻiging keladi.

XX asrning eng mashhur yozuvchilaridan hisoblangan buyuk qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatovning qissa va romanlari ana shunday kitoblar sirasiga kiradi. Shu oʻrinda faqat keyingi 3-4 yil ichidagina mamlakatimiz nashriyotlarida adibning oʻnlab kitoblari chop etilgani diqqatni tortadi. Misol uchun, 2014 yili “Qulayotgan togʻlar”, “Qiyomat”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Erta qaytgan turnalar”, 2015 yili “Jamila”, “Yuzma-yuz”, “Oq kema”, 2016 yili “Asrni qaritgan kun”, “Tanlangan asarlar” nomli kitoblari nashrdan chiqdi.

Ayniqsa, 2015 yilda yozuvchining olti jildli “Toʻla asarlar toʻplami” nashr etilgani oʻzbek kitobxonlari uchun ajoyib tuhfa boʻldi. Bu asarlarni tarjima qilishda Asil Rashidov, Ibrohim Gʻafurov, Suyun Qorayev kabi yetakchi tarjimonlarning yuksak mahorati va fidoyilarcha amalga oshirgan ijodiy mehnati tahsinga loyiq.

Chingiz Aytmatovning “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati 2017 yilda bosmadan chiqargan “Tanlangan asarlar” kitobiga toʻxtalar ekanmiz, avvalo, yangi toʻplamning alohida uch jihatiga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, Chingiz Aytmatovning mamlakatimiz hududida chop etilgan asarlari orasida ilk bor ushbu kitobga Oʻzbekiston Prezidenti kirish soʻzi yozgan.

Ikkinchidan, ulugʻ yozuvchining barcha qissalari birinchi marotaba yagona muqova ostida mukammal tarzda jamlangan boʻlib, ular yozuvchining oʻzi tartib bergandek joylashtirilgan.

Uchinchidan, toʻplamdagi deyarli barcha qissalarni bitta tarjimon – mohir mutarjim va taniqli adabiyotshunos olim Asil Rashidov oʻzbek tiliga oʻgirgan. Kitobdan joy olgan oʻnta qissadan biri, yaʼni “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” asari mash­hur tarjimon va olim Mahkam Mahmudov bilan ijodiy hamkorlikda tarjima qilingan.

Kitobni nashrga tayyorlagan soʻzboshi muallifi – iqtidorli shoir va tarjimon Vafo Fayzulloh taʼkidlaganidek, ushbu qissalar toʻplamini qoʻlga olgan kitobxonga havas qilsa arziydi: “Zero, Chingiz Aytmatovning ulugʻ qissalari mutolaasi har safar qalblarni yangidan sururga toʻldiradi”.

Chingiz Aytmatov hayotning eng jumboqli sirlari tagiga yetishga harakat qiladi, zamonasi oʻrtaga koʻndalang qoʻygan keskin muammolarni chetlab oʻtmaydi, balki ular bilan yuzma-yuz turadi. Shu nuqtai nazardan, mazkur toʻplamdagi ilk qissa “Yuzma-yuz” deb atalishida ham ramziy maʼno bordek tuyuladi. Chingiz Aytmatov bu qissani yozganidan soʻng oradan oʻttiz bir yil oʻtib, unga salmoqli bitta bob qoʻshgan. Qissa oʻzbek tilida ilk marotaba ana shu yangi bob bilan birga, yaʼni toʻliq holida kitobxonga taqdim etilmoqda.

Chingiz Aytmatovning ikkinchi qissasi – “Jamila”ni kitobxonlar juda katta qiziqish bilan qarshi olganlar. Mashhur fransuz adibi Lui Aragon “Jamila”ni “jahondagi eng goʻzal sevgi qissasi” deb atagan, u nashr etilganidan bir yil oʻtmasdanoq, asarni fransuz tiliga tarjima qilgan. “Jamila” qissasi jahonning boshqa juda koʻp tillariga ham oʻgirilgan.

Bundan tashqari, ushbu toʻplamdan ulugʻ adibning oʻzi “Ikki hikoyadan iborat qissa” deb ham atagan “Sarvqomat dilbarim”, shuningdek, “Birinchi muallim”, “Somon yoʻli”, “Boʻtakoʻz”, “Alvido, Gulsari”, “Erta qaytgan turnalar”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissalari joy olgan. Bu asarlarda sevgi va doʻstlikka sadoqat, insoniylik va tabiatga mehr-shafqat, maʼrifat va maʼnaviyat, milliy va umuminsoniy fazilatlar mohirona tarannum etilgan. Yozuvchining xalq ogʻzaki ijodi, rivoyat va afsonalarni oʻz zamoni voqeligi bilan uygʻunlashtirishi, avvalo, uning ana shu qissalarida yorqin namoyon boʻlgan.

Chingiz Aytmatov qissalarini oʻqir ekansiz, uning qahramonlari tabiat bilan uygʻunlashib ketgan oddiy mehnatkash kishilar ekaniga guvoh boʻlasiz. Buni “Somon yoʻli”dagi yaydoq dalaga toʻshalgan qizgʻaldoq gilami, “Alvido, Gulsari”dagi saman yoʻrgʻa, “Oq kema”dagi Shoxdor ona bugʻu, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”­dagi Suv parisi – Ona baliq ramz­laridan yaqqol anglash mumkin.

Qissalardagi qahramonlar pok, irodasi mustahkam, sodda odamlar boʻlsa-da, maʼnaviy jihatdan barkamoldir. Chingiz ogʻa qalamiga mansub xotimasi fojiali asarlarda ham ezgulikning yovuzlik ustidan gʻalaba qozonishiga aslo shubha tugʻilmaydi.

Xulosa qilib aytganda, “globallashuv zamoni”, “axborot asri” deb turlicha nomlanayotgan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda yurtimizda kitob va kitobxonlikning ahamiyati aslo pasaygani yoʻq. Internet, noutbuk, netbuk, uyali telefon kabi zamonaviy texnologiya turlari kundan-kun qanchalik koʻpaymasin, kitoblar oʻziga xos jozibasi va sehrini saqlab qolmoqda. Adiblaru adabiyot eʼzozu ardoq topmoqda.

Bu ayni muddaodir. Nega deganda, kitob – bilim, maʼnaviyat, maʼrifat manbai. Adabiyot – insonni ulugʻlaydigan, unda maʼnaviyat va maʼrifat asoslarini shakllantiradigan, uni komil qilib tarbiyalaydigan kuch. Eng muhimi, oʻzlikni tanish, koʻngil mulkini boyitish, milliy oʻzlikni anglash, umuminsoniy qadriyatlarni munosib baholash hamda yoshlarimizni yuksak maʼnaviyatli, ezgu fazilatlar sohibi etib voyaga yetkazishda kitob va kitobxonlikning ahamiyati beqiyosdir.

 

Akmal SAIDOV,

professor

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.