Munaqqidlar munaqqidi

0
657
marta koʻrilgan.

“Ozod Sharafiddinov hayotida ham, ijodda ham oʻzining xalqona soʻzi, iroda va matonati bilan yurtdoshlarimizga, avvalambor yoshlarimizga ibrat boʻlayotgan tom maʼnodagi maʼrifatparvar insondir”.

I. Karimov

 

Ozod Sharafiddinov adabiyot maydoniga oʻtgan asrning 50 yillarida kirib keldi. Ilk maqolalaridayoq adabiyot ilmining haqqoniyligi, sofligi uchun oʻzini safarbar etdi. Atoqli adib A. Qahhor taʼkidlagandek, u adabiy tanqidchilikka yonib kirdi va umrining oxiriga qadar lov-lov yonib, oʻz etiqodida sobit turdi. Adabiyotga, ijodga, haqiqatga sadoqat ila xizmat qildi.

Ozod Sharafiddinov ilk kitobi “Zamon, qalb, poeziya”dan tortib “Ijodni anglash baxti”ga qadar yigirmadan ortiq kitoblar yozdi. Oʻzbek adabiy tanqidchiligida oʻziga xos maktab yaratdi.

Munaqqid poeziya nima, uning mohiyati nimadan iborat, chinakam sanʼat, chinakam poeziya, chinakam isteʼdod qanday boʻlishi kerak, degan savolarga oʻtgan asrning 60-yillaridayoq javob bergan edi.

“Chinakam sanʼat, poeziya hamisha sanʼatkorning vaqelikka yangicha munosabatidan, yangicha qarashidan, yangicha fikrlashidan boshlanadi!.. Chinakam shoir birinchi navbatda mutafakkirdir, hayot haqida fikrlovchi, uning ustidan hukm chiqaruvchi faylasufdir.

“Chinakam poeziya esa hamma vaqt his-tuygʻuga aylanib ketadigan fikrdan yoki fikrga aylangan his-tuygʻudan iboratdir” – deya yozgandi ustoz.

U sheʼriyatning hech qanday andozalarga, qoliplarga sigʻmaydigan, faqat yurak, qalb amri bilan bogʻliq sanʼat hodisasi ekanligini totalitar tuzumning eng “qizillashgan” davrida aytgan edi. Maqolada sheʼriyatimizga oʻzining orginal yoʻnalishlari, yangicha fikr-lash tarzi bilan kirib kelgan Erkin Vohidov, Tesha Saydaliyev, Oxunjon Hakimov kabi shoirlarning ijodiga ijobiy munosabat bildirildi.

Munaqqid sheʼriyatga munosabatda jahon adabiyotining eng yuksak mezonlari asosida yondoshdi. Chinakam poeziya bilan nazmbozlikni bir-biridan farq qilish kerakligini, sheʼriyat-isteʼdoddan boshlanishini, talant esa hayotning hech koʻrmagan tomonlarini koʻra olish qobiliyati ekanligini har jihatdan asoslab berdi.

“Zamon, qalb, poeziya”ga kirgan “Poeziyaning bagʻri keng”, “Chamanzorda gullar koʻpaysin” maqolalarida bahsu munozaralarga oydinlik kiritdi. Sheʼriyatimizda ovozlar, sozlar har xil jaranglashini, har bir shoir oʻz ovozi va soziga ega boʻlishi kerakligini Mirtemirning halqona, A. Muxtorning intellektual sheʼriyati misolida asoslab berdi. “Zamon, qalb, poeziya” nihoyasida domla “Men faqat poeziyamizning ijobiy tendensiyalarini va ularning oʻsishiga xalaqt berayotgan ayrim hodisalarni tahlil qildim”, – deb yozgan edilar.

Bugunga kelib zamon, davr oʻzgardi. Adabiyotga qarash ham oʻzgardi. Koʻpgina ijodkorlarning sovet davrida yaratgan asarlari bugungi adabiy tamoyillarga toʻgʻri kelmay qoldi. Ammo Ozod domlaning aksariyat maqola va kitoblari bugungi kunda ham oʻz kuchini yoʻqotgan emas. Masalan “Birinchi moʻjiza” kitobidagi Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov ijodi haqidagi portretlari bugungi adabiyot uchun ham muhim manbadir.

Barcha millat farzandlari singari Ozod Sharafiddinov ham Mustaqillikni quchoq ochib kutib oldi. Mustaqillik barcha ijodkorlar singari ustozga ham cheksiz imkoniyatlar eshigini ochdi. Domla birinchi galda koʻngildagi eng buyuk armoni – millat istiqloli yoʻlida shahid ketgan, nohaq qatagʻonga uchragan adiblarning muborak nomlarini oqlab, asarlarini xalqqa qaytarishdek masʼuliyatli, ammo muqaddas vazifani oʻz zimmasiga oldi.

1969 yilda Choʻlpon, Fitratlar qatorida nohaq qatagʻon etilgan shoirlar sheʼrlaridan jamlangan “Tirik satrlar” kitobi bevosita domla rahbarligida nashr etildi. Ammo bu kitobning boshiga qiyin kunlar tushdi. Bu haqda domla “Tirik satrlar”ning qiyin qismati” maqolasida mufassal fikr yuritgan.

Ozod Sharafiddinov mustaqillikning ilk kunlaridan istiqlol fidoyilari haqida turkum maqola va risolalar yaratdi. Ayniqsa, Choʻlpon ijodi munaqqid ijodining markazida boʻldi. 1991 yilda nashr etilgan “Choʻlpon” risolasida shoirning hayoti va ijodiy merosi ilk bor manografik planda oʻrganildi. “Istiqlol fidoyilari” kitobida Tukiston istiqloli fidoyilari – Mustofo Choʻqayev, Otajon Hoshimov hayoti, ijodi, taqdiri haqida hikoya qilinadi. Choʻlponning adabiy-tanqidiy qarashlari keng tahlil nazaridan oʻtkaziladi.

Ustoz Ozod Sharafiddinovning “Dovondagi oʻylar” kitobi Prezidentimiz Islom Karimov portretiga chizgilar bilan boshlanadi.

Domla yurtboshimizni haqli ravishda mustaqilligimiz meʼmori deb ataydi. Bu shunchaki oddiy ibora emas, balki bu atamada olam-olam maʼnolar oʻz ifodasini topgan. Muallif xalqimizning asriy orzulari Prezidentimiz tomonidan juda katta jasorat va masʼuliyat bilan eʼlon qilinganini alohida taʼkidlab, oʻtgan oʻn yil davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-siyosiy sohadagi oʻzgarishlarning bosh ijodkori va ilhomchisi Prezidentimizning yorqin siymosini chizadi.

Muallif oʻz fikrlarini asoslash uchun yurtboshimiz bilan bogʻliq muhim voqealarni bayon qiladi. Totalitar tuzumning eng qiyin davrlari 80-yillarda ham yurtboshimizning xalq, millat qadri, ori-nomusi, kelajagi yoʻlidagi saʼy-harakatlari, “paxta ishi” bilan bogʻliq Markaz bilan tortishuvchilari ishonchli dalillar bilan asoslab berilgan. “Islom Karimovning yurtboshi sifatidagi birinchi qadamini eng qutlugʻ qadam deb, oʻzbek xalqini malomatdan qutqarib, unga tinchlik va xotirjamlik qaytarib berganini eng ulugʻ jasorat, tengsiz bir qahramonlik deb hisoblayman”, deya yozadi alloma.

“Mustaqillik meʼmori” turkumiga kiruvchi “Istiqlol jilolari”, “Inson hamisha mehrga muhtoj” maqolalarida ham xalq va millat dardi bilan yashayotgan Yoʻlboshchimiz hayoti, faoliyatiga doir qiziqarli voqelar talqin etiladi.

 

 

Normat YOʻLDOSHYeV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.