Mumtoz tilimiz haqida oʻylar

0
515
marta koʻrilgan.

Mustaqillik xalqimizga maʼnaviy jihatdan katta ozodlik berdi. Buni bugungi kunda butun jahon ahli koʻrib turibdi. Mustamlaka yillarida oʻtmishda 98 foiz aholisi savodsiz boʻlgan deb kamsitilgan, maktabda davlatchilik tarixi Kiyev Rusidan boshlangan deb oʻrganishga mahkum etilgan xalq yana qaddini tiklab oldi. Ozodlik shabadasi esib, ezgu orzu-armonlarimiz amalga oshayotgan istiqlol yillari davomida jahon hamjamiyatida oʻz oʻrnimizni egalladik. Bu eng katta baxtimiz, gʻurur, iftixorimizdir.

Boy tariximiz va qadimiy tilimiz haqida toʻgʻri yozish, toʻgʻri fikrlashga erishdik. Ming shukrki, Shoʻro zamonida zoʻravonlik, soxta mafkura zugʻumi tufayli notoʻgʻri baholangan yoki ochiqdan-ochiq teskari yoritilgan koʻp masalalar haqqoniy yechimini topayotir. Bu borada salmoqli tadqiqotlar qilindi. Olimlar, yozuvchilar, jurnalistlar nihoyat, tilining uchida tugun boʻlib, dilida pinhon qolib kelayotgan dardlarini ochiq ayta boshladi. Shu oʻrinda atoqli yozuvchi, rahmatli Pirimqul Qodirovning “Til va el” badiasini tilga olish lozim. (Bu salmoqli asar dastlab “Sharq yulduzi” jurnalida va 2005 yilda oʻafur oʻulom nomidagi ijod uyida bosilib chiqqan).

Mazkur asar menda yaxshi taassurot qoldirdi. U temuriylar davridagi til muammolarini yoritishga bagʻishlangan. Mavzu talabiga koʻra, adib adabiy tilimizning ming yillik tarixiy ildizlariga nazar soladi va uni yangicha tafakkur asosida yoritishga intiladi. Shu niyatda u hali tilshunoslar tomonidan deyarli oʻrganilmagan Alp Er Toʻnga – Afrosiyob dostonining tili haqida nozik mushohadalari, yozuvchi va olim sifatidagi kuzatishlarini oʻrtaga tashlaydi: uni tilimizning ilk sarchashmalaridan biri sifatida tahlil qiladi.

Shu paytgacha Afrosiyob afsonaviy qahramon deb talqin qilingani maʼlum. P. Qodirov tarixiy manbalar, jumladan, Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asariga asoslanib, Afrosiyobni tarixiy shaxs sifatida baholaydi va u eradan oldingi yettinchi asrda yashab oʻtgan, degan fikrlar haqiqatga yaqin ekanini taʼkidlaydi. Bu fikrni tarixiy-adabiy manbalar tasdiqlaydi. Jumladan, Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” dostonida Alp Er Toʻnga haqida qisqa boʻlsa-da, mehr bilan quyidagi misralarni yozgan edi:

Bu turk beglaridan oti belguluk,

Toʻnga Alp Er erdi quti belgulik.

Beduk (buyuk) bilgi birla

oʻkush (hunar) ardami,

Biliglik, oʻkushlik (zakovatli),

budun koʻdrumi (xalq sarasi).

Tojiklar aytur ani Afrosiyob,

Bu Afrosiyob mymmu ellar talab.

(Afrosiyob koʻp ellarni oʻziga

boʻysundirib, idora etdi).

Tojiklar bitigda bitmish muni,

Bitigda yoʻq ersa, kim oʻqgʻay ani.

 

(“Qutadgʻu bilig”, Toshkent, 1972 yil, 102-bet).

 

Parchada Alp Er Toʻnga mashhur turk beklaridan biri sifatida taʼriflanadi, bilimli, zakovatli, xalq sarasi deb ulugʻlanadi. Shoir tojiklar ham uni Afrosiyob deb ulugʻlagani va bu haqda yozib qoldirganiga alohida urgʻu beradi. Pirimqul aka yuqoridagi parchani biroz qisqartirib keltiradi. Ammo gap bunda emas. Muallifning bitik maʼnosini chaqib, chiqargan xulosasi muhim.

Mahmud Qoshgʻariyning “Devon”i 1960–62 yillarda, “Qutadgʻu bilig” esa 1972 yilda, “Buxoro tarixi” 1966 yilda oʻzbek tilida toʻla eʼlon qilingan. Oʻtgan asrning 80-yillarida “Sharq yulduzi” jurnalida tarixchi Tojixon Qodirovaning “Soʻgʻdiyonada xalq harakatlari” maqolasida Afrosiyob tarixiy shaxs sifatida baholanib, mazkur sheʼriy parcha keltiriladi. Tilshunos olim Xudoyberdi Doniyorovning ham Afrosiyob haqidagi yirik maqolasi mazkur jurnalda chop etilgan edi. Ammo na tilshunos, na tarixchi olimlar ularga munosabat bildirdilar. Axir, yuqorining fikri bilan hisoblashishga, shamolning yoʻnalishiga qarab ish tutishga odatlangan edik-da!

Mustaqillikning dastlabki yillaridayok Alp Er Toʻnga – Afrosiyob talqiniga yangicha qarash tamoyili boshlandi. Bu ijobiy hodisa adabiyotshunos Nasimxon Rahmonovning “Turk xoqonligi” (1993) va Abdurashid Abdurahmonovning “Alp Er Toʻnga yoki Afrosiyob jangnomasi” (1995) kitoblarida koʻrindi. Keyingi tadqiqotda “Devoni lugʻotit turk”dagi sheʼriy parchalar (tabdil muallifi akademik Aziz Qayumov) mazmunan birlashtirilib, Afrosiyobga bagʻishlangan qahramonlik dostonining boʻlaklari, degan qarash ilgari surildi. Professor Fitrat, I. Stebleva, M. Ibrohimovlar ham “Devon”dagi sheʼrlarga yaxlit asarning parchalaridir degan mulohaza bildirgan edilar.

Pirimqul Qodirov ham ana shu yoʻldan borar ekan, kuyunchaklik bilan yozadi: “Narshaxiy “Buxoro tarixi”da, Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig”da, Mahmud Qoshgʻariy “Devonu lugʻotit turk”da Alp Er Toʻnga – Afrosiyobni bunyodkor shaxs boʻlgani haqida guvohlik bergan ekanlar, biz buni inobatga olishimiz kerak. Yusuf Xos Hojibdek buyuk shoir Alp Er Toʻnganing nomini forsiyzabon mualliflar oʻz talaffuzlariga moslab Afrosiyob deb ataganlarini aniq qilib yozgan boʻlsa, bunga ishonmaslikka asosimiz yoʻq. Bularning hammasini inkor etib, Afrosiyobni ikki ming yil yashagan jodugar, zolim qilib koʻrsatgan afsonalarga ishonish ilm-fan talablariga mutlaqo javob bermaydi”. Bu toʻgʻri, adolatli xulosadir.

Mana shu kuyunchaklik va tarixiy adolatga sadoqat ruhi Ahmad Yassaviy va undan keyingi adabiy tilimizga doir mulohazalarda ham ustuvorlik qiladi. U Yassaviy va uning buyuk ishini davom ettirgan Ahmad Yugnakiy, Rabgʻuziy, Xorazmiy, Qutb va Sayfi Saroyi, Haydar Xorazmiylarning asarlari bitilgan tilni oltin koʻprik deb ataydi. Bu shoirlarning tili qipchoq-oʻgʻuz shevalari asosida tarkib topgan turkiy tillar, jumladan, qozoq, tatar, ozarboyjon, usmonli turk tillariga emas, aynan bizning tilimizga yaqinligini alohida qayd etadi. A. Samoylovich, A. Borovkov, E. Najib kabi olimlar Yassaviy tilini ham, Xorazmiy, Qutb va Sayfi Saroyi asarlari tilini ham Oltin Oʻrdaning Fapb qismidagi Joʻji ulusining adabiy tiliga mansub degan qarashni ilgari surganlar. Pirimqul aka ular bilan bahslashar ekan, chuqur mantiq izidan boradi. Yuqoridagi shoirlarning asarlarini usmonli turklar, tatarlar, qozoqlar bugungi kunda tarjima qilib oʻqisalar, oʻzbek kitobxonlari ularni hech qanday tarjimasiz bemalol tushunadilar. P. Qodirov bu borada yetarli misollar keltirib, jiddiy xulosalar chiqaradi: “Xorazmday qadimiy madaniyat markazida tugʻilib oʻsgan va shu oʻlkaning adabiy tilida “Muhabbatnoma” asarini Sigʻnoqda yozgan Xorazmiy qanday qilib “Oltin Oʻrda adabiy tili”ga mansub boʻladi? Oʻsha davrda Sigʻnoq Oltin Oʻrdaga qarashli boʻlgani uchunginami? U davrda Moskva ham Oltin Oʻrda davlatiga qarashli boʻlgan. Moskvada oʻsha vaqtlarda yozilgan asarlarni Oltin Oʻrdaga mansub qilib koʻrsatish hech kimning xayoliga kelmaydi-ku”. Adib mana shunday nozik kuzatishlar, umumlashmalar, qiyoslar yoʻlidan borib, “Oltin Oʻrda adabiy tili” degan ibora “chigʻatoy tili” degan istiloh kabi ilmiy asosdan mahrum” ekanini toʻgʻri koʻrsatadi.

Pirimqul aka “Jahon adabiyoti” jurnalida (1999 yil, 1-son) oʻtkazilgan davra bahsida ham bu xususda baʼzi mulohazalarini aytgan edi. “Til va el” badiasida esa bu qarashlarini yanada chuqurlashtirib, ilmiy jihatdan puxta dalillab beradi: “Aniqroq qilib aytganda, bunday til tarixda boʻlgan emas. Agar chigʻatoy tili tarixda boʻlganda Alisher Navoiydek, Bobur Mirzodek ulugʻ siymolar oʻz asarlarida bu tilni albatta qalamga olgan boʻlardilar. Ular Chigʻatoy ulusi va turkiylashgan chigʻatoy – moʻgʻul qavmi borligini qayd etganlar. Ammo oʻzlari ijod etgan tilni hamma joyda “turkiy til” deb ataganlar. Buning eng koʻp dalilini “Muhokamatul-lugʻatayn”dan topish mumkin”.

Temuriy shahzodalar, ayniqsa, Sulton Husayn Boyqaro davlatida mumtoz turkiy tilda sheʼr yozish, ilmiy-badiiy asarlar yaratish maʼnaviy ehtiyojga aylandi. Uygʻonish davri buyuk shaxslarni, daholarni yetishtiradi. Alisher Navoiy ana shunday ijodkor sifatida namoyon boʻldi. U ona tili – mumtoz turkiy tilni qoʻl yetmas yuksak choʻqqilarga koʻtardi va forsigoʻy shoirlar bilan musobaqada gʻolib chiqdi. (Bu masala ham Pirimqul akaning badiasida chuqur yoritilgan). Alisher Navoiyning tarixiy xizmatiga Sulton Husayn Boyqaro mana shunday baho bergan edi: “(U) Turk tilining oʻlgan jasadiga Masih nafasi bilan jon kirgizdi, bu ruhni topganlarga turkiy til oʻrish-arqogʻidan toʻqilgan kiyim va yengil koʻylak kiygizdi”. (Adabiyotshunos Aftondil Erkinov tabdil qilgan.)

Tarix taqozosiga koʻra hozir mamlakatimiz Oʻzbekiston, tilimiz oʻzbek tili deb nomlanadi. Yurtimiz qadimgi Turon – Turkiston – Movarounnahrni anglatishini, oʻzbek tili esa Pirimqul akaning badiasida toʻgʻri koʻrsatilganidek, Alp Er Toʻnga davridan boshlab shakllangan, Yassaviy davrida kamolotga erishgan, Navoiy siymosida yuksak bosqichga koʻtarilgan mumtoz turkiy tilning mantiqiy davomi ekanini hammamiz, ayniqsa, maktab oʻquvchilari va yoshlar, yaxshi anglab yetishimiz zarur.

Muxtasar aytganda, tilimiz va adabiyotimiz muammolarini, xalqimizning boy oʻtmishini haqqoniy yoritish borasida Pirimqul Qodirov oʻzidan keyingi til, adabiyot fidoyilariga, shogirdlariga, yoshlarga oʻrnak va namuna boʻldi. Shuningdek, u kishining mazkur badiasida tilga olingan muammolar koʻrsatadiki, bu borada hali koʻp izlanishimiz, teran tadqiqotlar olib borishimiz zarur. Bu muqaddas vazifalarni amalga oshirish yoʻlida tilshunos, adabiyotshunos, tarixchilarimiz fidoyilik bilan izlanishlari, zahmat chekishlari va eng muhimi, tarixiy haqiqatni toʻgʻri yoritishlari lozim.

 

Ortiqboy ABDULLAYEV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.