Muammoning yechimi manfaatga aylanmasin

0
82
marta koʻrilgan.

Marhamat, qonun-qoidani buzishga sharoit yetarli!

Sezyapsizmi, soʻnggi vaqtlarda fikrlar, qarashlar, munosabatlar oʻzgaryapti. Buni faqat olqishlash kerak. Axir fikrlagan odam oʻzligini taniydi. Oʻzligini tanigan odamlar jamiyatida qonun ustuvor, adolat doim sarbaland boʻlaveradi.

Ana shunda islohotlar faqat inson uchun xizmat qiladi. Jamiyatdagi muammolarning ochiq va oshkora aytilayotgani, ularning yechimi izlanayotgani, eng muhimi, xoh shaxsiy, xoh ijtimoiy masalada boʻlsin, har kimga murojaat qilish kafolatlangani bu oʻzgarishlarning dastlabki koʻrinishlaridir.

Ammo mana shu jarayonda bir tendensiya paydo boʻlmoqdaki, buning oqibati haqida biroz bosh qotirish, mulohaza yuritish oʻrinli nazarimizda. Yaʼni, bir-ikki kunlik emas, yillar davomida toʻplangan ayrim muammolarni tahlil qilish va yechim topishda biryoqlama yondashuv sezilmoqda.

Jamiyatdagi biror muammoning yechimi avvalo odamlar manfaatiga xizmat qilishi, kimningdir hayotini yaxshi tomonga oʻzgartirishi kerak. Biroq, bu yechim boshqa bir boshogʻriqqa zamin hozirlamasligi, odamlar dardu tashvishini koʻpaytirmasligi shart. Soʻnggi vaqtlarda xalq qabulxonalarida, sayyor qabullar davomida, qolaversa ijtimoiy tarmoqlarda “trend”ga aylanayotgan ayrim muammolarga shunaqangi yechimlar topilyaptiki, oxir-oqibat koʻpchilik “avvalgi holida turgani ham maʼqul edi”, deyishgacha bormoqda. Boshqacha aytganda “qichimagan joyni qashlab” pushaymon boʻlmoqda. Keling, ayrim misollarni keltiraylik.

 

Ogʻzi yopiq ariqlar

Bahorgi seryogʻin kunlar ancha-muncha hududlarimizni tang ahvolga solib qoʻydi. Jumladan, Toshkent shahri koʻchalari, turli obʼyektlar suvga toʻldi. Aslida bu yangilik emas. Mana, necha yildan beri biroz koʻproq yomgʻir ham poytaxt koʻchalarini koʻlga aylantirib qoʻymoqda. Faqat sovet zamonida qurilgan maskanlar emas, hatto zamonaviy deya maqtalgan, tantanali topshirilgan yoʻllar, yoʻl oʻtkazgichlar, uy-joylar ham bundan chetda qolmayapti. Bir emas, har seryogʻin mavsumda takrorlanadigan bu hodisa yuzasidan ilk bor shahar hokimligi bayonot berar ekan, “shahardagi irrigatsiya va drenaj tarmoqlari kapital taʼmirga muhtojligi, buni kapital taʼmirlash uchun, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 500 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ talab etilishi…”ni qayd etdi.

Shu yerda bir toʻxtab, mantiqqa murojaat qilib koʻraylik. Yuqorida aytganimizdek, irrigatsiya va drenaj muammolari yaqin-yaqinlarda topshirilgan yirik obʼyektlarda, yangi shaharchalarda (misol uchun Sergelida) ham kuzatildi.

Nima, ular qurilayotganda irrigatsiya va drenaj masalalari koʻzda tutilmaganmi? Agar koʻzda tutilmagan boʻlsa har yoʻlu yoʻlak chetiga beton ariqchalar nega qoʻyilgan? Agar koʻzda tutilgan boʻlsayu ular sifatsiz va ishlamaydigan boʻlsa, uning taʼmiriga yana nima uchun milliardlab pul kerak?

Suv yoʻllarini sifatsiz qurganlar, bir obʼyektni loyihalashda suvning ketishini hisobga olmagan loyihachilaru quruvchilarni nega hech kim eslamayapti?

Eʼtibor qilganmisiz, yangi qurilayotgan yoki taʼmirlanayotgan yoʻllar, yoʻlaklar chetida beton ariqlar oʻrnatiladi, taʼmirlanayotganlari yangisiga almashtiriladi. Bularning barchasi katta xarajat. Ammo bu ariqlarga ozgina suv tushsa hech qayerga oqmay joyida turib qoladi. Bunday koʻzboʻyamachilik nima uchun kerak?

Mana shu oddiy eʼtiborsizliklar yigʻilib katta muammoga aylangan ekan, avvalo bunga yoʻl qoʻyganlar javob bermasdan, uni bartaraf etish uchun katta pulga koʻz tikish qanchalik adolatdan boʻladi?

 

Puli yoʻqqa yoʻlning abgorimi?

“Oʻzbekistonda pulli yoʻllar paydo boʻladi…” Bu xabar ham soʻnggi “trend”lardan biri. Odamlarning qulogʻini oʻrgatish uchun boʻlsa kerak, bot-bot aylantirilmoqda. Albatta, soʻnggi yillarda hamma eng zada boʻlib ketgan muammo bu – nosoz yoʻllar. Pulli yoʻllar paydo boʻlishini eshitib, koʻpchilik “Xayriyat, yaxshi yoʻl qursa pul toʻlab boʻlsa ham yuraman”, deyapti. Ana, xolos! Hozir ham yoʻl fondiga har kuni qancha mablagʻ toʻlayotganini balki ular bilishmas. Bilsa ham uni toʻlamaslikning iloji yoʻq, mashinangizga yonilgʻi quyar ekansiz, uning ichida yoʻl jamgʻarmasiga ham toʻlaysiz. Faqat mamlakat boʻyicha har yili yoʻl qurish uchun yigʻiladigan milliardlab pullar taqdiri sizu bizga qorongʻu. Oʻttiz yildan beri biror marta ham taʼmir koʻrmagan yoʻllarni bilamiz xolos. Mutaxassislar mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan eng kichik yoʻllarga ham yangi qurilgandan keyin kamida oʻn ikki yil kafolat berilishi kerak, deyishadi. Ammo soʻnggi oʻn yilda qurilgan yangi yoʻllarni eslang, qanchasi taʼmirlandi, yana qanchasi allaqachon abgor ahvolda? Pulli yoʻllar mana shunday yoʻl muammolarini hal qilib bera oladimi?

Bu bilan pulli yoʻllar kerak emas, degan fikrdan butunlay yiroqmiz. Ammo unutmaslik kerakki, pulli yoʻl oddiy yoʻldan tekisligi bilan emas, birinchi navbatda katta tezlik uchun xavfsizlik choralari koʻrilgani, haydovchilar uchun muayyan kafolatlar berilgani bilangina farqlanishi kerak.

Yuqorida aytdik, nega yoʻlsozlar, mutaxassislar qurgan yoʻlining sifatiga, standartiga kafolat bermaydi? Nega oldin yoʻlni qurib olib, keyin uning ostidan boshqa tarmoqlarni oʻtkazish uchun kovlay boshlashadi? Oʻtkazishga oʻtkazib, yoʻlni nega yana sozlab qoʻymaydi? Yoʻl qurishdagi mana shu masʼuliyatsizliklarga ozgina boʻlsa-da barham berib, keyin pulli yoʻl haqida gap boshlasak yarashadi, nazarimda. Chunki pulli yoʻl odamlarning choʻntagiga qoʻshimcha yuk, buni koʻtaradigan va koʻtara olmaydiganlar bor. Ammo bu ana shu choʻntagi koʻtarmaydiganlar nosoz yoʻldan yurishga majbur degani emas zinhor. Yuqorida taʼkidladik, pulli yoʻl faqat qoʻshimcha qulaylik va kafolatlar uchun.

 

Xato qilishingni poylarlar…

Avtomashina chiroqlarini yoqib yurish masalasi bugunning eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzularidan biriga aylandi. Agar bizda yoʻllarda tartib oʻz oʻrnida boʻlsa, haydovchilik guvohnomasi olayotganlarning hammasi bilimli, yoʻl qoidalariga qatʼiy rioya etadigan boʻlsa yangi qoidaga deyarli eʼtirozlar boʻlmas edi nazarimda. Bugun sodir etilayotgan yoʻl-transport hodisalarining qancha qismi noʻnoq va bilimsiz haydovchilar hisobiga toʻgʻri keladi? Sifatsiz va noaniq yoʻl belgilari qancha jiddiy oqibatlarga sabab boʻlayotgani-chi, bular hech oʻrganilyaptimi? Mana shu jihatlari atroflicha tahlil etilyaptimi? Jarima talab qilish bilan birga, oʻsha qoidabuzarlikka olib kelmaslik uchun haydovchiga qanday qulay shart-sharoit yaratilyapti?

Bugun yurtimizdagi mavjud avtomashinalarning qancha foizi yurganda avtomat ravishda chirogʻi yonib, toʻxtaganda oʻchadi? Bunday transport vositalari bir foiz ham chiqmasa kerak. Qolganlar esa hali oʻrganib ulgurmasdan jarimaga tortila boshlagani bu yangi qoidadan faqat yoʻl-transport hodisalarining oldini olish koʻzlanyapti, degan ezgu maqsadni shubha ostiga qoʻyadi. Yoʻqsa, buni avvaliga tavsiyaviy tarzda yoʻlga qoʻyish, texnik koʻrik davomida avtomobil chirogʻini avtomat tarzda yonib-oʻchadigan qilib sozlash mumkin edi. Hozir koʻpchilik faqat jarimalar bittaga koʻpayganini biladi xolos.

Bunday harakatlar odamlar va ularning xavfsizligi uchun qilinayotgan ekan, nega yoʻl-harakati xavfsizligi xodimlari doim haydovchilar qoida buzishga oʻzlari xohlamagan holda majbur boʻlayotgan joylarga toʻsatdan bostirib kelib (yoki poylab) ayovsiz jarimaga tortishi anʼanaga aylangan? Deylik, bir chorrahada muayyan qoidabuzarlik qayta va qayta sodir boʻlayotgan ekan, nega uning oldini olish borasida biror chora koʻrilmaydi? Nega odamlar birrovga boʻlsa ham toʻxtashga majbur boʻladigan (boshqa toʻxtash joyi boʻlmagan) joylarda “toʻxtash taqiqlangan” yoʻl belgisi qoʻyilib, YPX xodimlari uzoqdan poylab, kimningdir qoida buzishini kutadi?

Aytishingiz mumkin, bu savolga javob oddiy: qoidani buzmang! Toʻgʻri, qoidani buzmasangiz, olam guliston goʻyo.

Lekin kimningdir qoidani buzishini poylash va undan jarima undirish bilan jamiyatdagi bu muammoni hal etib boʻlmaydi-da. Avvalo qoidalar odamlar hayotini yengillatishga xizmat qilsa, qoidani buzishga emas, buzmaslikka koʻproq shart-sharoit yaratilsagina nimagadir erishish mumkin.

Ha, bir kishining ham, ming kishining ham muammosi jamiyat rivojiga tushov boʻlishi tayin. Bugun har bir odamning dardiga quloq tutib, uning yechimiga astoydil kirishilayotgan ekan, bu yoʻlda ikkinchi bir ogʻir yukni xalqning gardaniga yuklab qoʻymaylik. Zotan, hamma narsada faqat odamlarni ayblab boʻlmaydi. Jamiyat qanday boʻlsa, qanday mezonlar ustiga qurilsa, odamlar ham shunday boʻladi, shunday yashaydi.

 

Husniddin BERDIYEV

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.