«Mingta koʻz»ning oʻrnini bitta iymon bosadi

0
290
marta koʻrilgan.

 Toʻydan koʻzlangan murod – yaxshilik, ammo…

 

Kuni kecha Parkent tumanidan bir onaxon tahririyatimizga qoʻngʻiroq qildi. Oʻgʻil uylantirayotgan ekan. «Toʻyni ixcham va kamxarj qilib oʻtkazish uchun nima qilishim kerak? Qiz bazmi, kelinsalom, charlar kabi marosimlarni oʻtkazish shartmi? Bu borada kim menga aniq javob bera oladi?» deb soʻrab qoldi. Hozir koʻpchilikni qiynayotgan bu savollarning javobi bormi oʻzi? Aslida bu masalaga kim masʼul? Bot-bot taʼkidlanayotgan dabdabayu, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz oʻtkaziladigan toʻy aslida qanday boʻlishi kerak?

Keyingi vaqtda toʻylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bagʻishlangan turli marosimlarni oʻtkazishda oʻzini koʻz-koʻz qilish, xalqimizning asriy urf-odatlarini mensimaslik kabi salbiy illatlar yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Taraqqiyotimizga katta toʻsiq boʻlib kelayotgan bu illatga barham berish, toʻy-maʼrakalarni ixcham tarzda oʻtkazish oʻrniga, keraksiz tadbirlarni oʻylab topish, dabdababozlik qilib, haddan ziyod isrofgarchilikka yoʻl qoʻyish holatlari tobora kuchayib bormoqda. Bu minglab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga, ularning qarz va gʻam-tashvish botqogʻiga botishiga, jamiyatimizdagi maʼnaviy muhitning buzilishiga sabab boʻlmoqda.

– Qoʻshni davlatlarda bunday holatlar qonun bilan cheklab qoʻyilgan, – deydi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat JAVLONOV. – Kim uni buzsa, javobgarlikka tortiladi. Bizda esa mahallaning besh-oltita puli koʻproqlari asosiy sababchilar boʻlib qolmoqda. Oramizda amal-taqal qilib, oilasini, farzandlarini boqayotganlar bor. Ular garchi istamasa-da, oʻzining boshqalardan kam emasligini koʻrsatish uchun qarz olib boʻlsa ham dabdabani davom ettirmoqda. Agar shu ishni tartibga solsak, butun xalqimizning ayni dilidagi gap boʻladi. Bunga erishishda nuroniylarimizning hayotiy tajribasidan samarali foydalanish zarur. Ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda muloqotlar tashkillashtirib, buning mohiyatini yanada chuqurroq ochib berish kerak.

Hayot inson uchun bir marta beriladigan eng aziz neʼmat. Oila davrasida, yaqinlar bilan oʻtkazgan damlarimiz esa uning eng betakror onlaridir. Oramizda bir kun toʻy qilib, necha yillab qarz toʻlayotgan, bir kunlik dabdaba deb, butun hayotini izdan chiqarayotganlar ham, afsuski, koʻplab uchramoqda. Agar masalaga chuqurroq yondashib tahlil qiladigan boʻlsak, ularni bu yoʻlga yetaklayotgan sabablar juda mayda, arzimas ekani dilni xira qiladi. Ayni farzandlariga taʼlim-tarbiya beradigan vaqtda otaning bitta toʻy tashvishi bilan yurtma-yurt kezib yurishi nafaqat bir oila, balki jamiyat uchun ham zararli taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.

 

 Begona tomir illati

Toʻy qilmoqchi boʻlgan kishi yillar davomida mablagʻ yigʻadi, – deydi Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari Shuhrat USMONOV. – Yaxshi niyatlar bilan dasturxon yozadi. Xalqimiz topgan-tutganini mehmonning oldiga qoʻyishga oʻrganib qolgan. Bu yoʻlda tabiiyki, qoʻlida borini toʻkib-sochadi, yoʻq boʻlsa, qarz havola qilib, choʻziladi, uziladi. Shuning uchun ham Prezidentimiz toʻy-hashamlarda tejamkorlikka, kam sarf-xarajat qilishga chaqirmoqda. Har narsada moʻtadil, chiroyli yoʻl tutib, meʼyorga rioya qilinsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

Begona oʻtni qancha yulgan bilan uning ildizini qoʻporib tashlamasa, ekinga zarar, hosilga putur yetaveradi. Chiroyli hosilni koʻzlagan odam, avvalo, alafni tomiri bilan uzib tashlaydi. Xuddi shunday, bugun xalq va davlatni tashvishga solayotgan dabdababozlik kamtarona oʻtadigan asl qadriyatlarga soya solmoqda. Ulardan xalos boʻlish, kerak boʻlsa, buning uchun har bir fuqaro bilan alohida ishlash zarurati tugʻilmoqda.

– Muammoning yechimi oilalarni guruh-guruhlarga ajratib, har biri bilan alohida ishlash, – deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi jamoatchilik vakili Dilbar ALIMJONOVA. – Aynan dabdabani kuchaytirayotganlar uchun juda kuchli va taʼsirchan usullar ishlab chiqish zarur. Toʻgʻri, bunday kishilar vaqti kelsa, eshigini taqillatsang, ochmaydi, lekin har narsaning yechimi boʻladi-ku.

Markazimiz mahalla va nuroniylarning yonida turishga hamisha tayyor. Kerak boʻlsa, shu yoʻnalishda soʻrovnomalar va tadqiqotlarni amalga oshiramiz.

Biz nafaqat yoshlarimiz, ayollarimiz, balki otalarimiz bilan ishlashga ham alohida urgʻu berishimiz kerak. Yoshlarning bilim darajasini oshirish bogʻchadanoq singdirilishi zarur boʻlgan ish. Farzandlarimizga manmanlikni emas, puxta bilim olish, oʻz ustida ishlashni oʻrgatishimiz kerak.

 

 “Ming koʻzli devor”

Xalqimiz azaldan andisha, oriyat kabi fazilatlari bilan hurmatga loyiq boʻlib kelgan. Odamlarimiz qalbida mudroq bosgan shu xususiyatlarni uygʻota olsakkina, ijobiy natijalar sari qadam tashlash mumkin.

– Yaponlarda odamlar qilishi taqiqlangan, uyat deb hisoblangan ishlar juda keskin nazorat ostiga olingan, – deydi Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari oʻrinbosari Muhammadjon QURONOV. – Shuning uchun yaponlar oʻzlarini “ming koʻzli devor”miz, deb ataydi. Bu ming koʻz har qanday nojoʻya ishni koʻrgani hamon darrov tegishli joyga qoʻngʻiroq qilib aytar yoki oʻzi toʻxtatar ekan.

Ilgari xalqimizda ham “odamlar nima deydi”, degan ibora boʻlardi. Bu koʻp nomaʼqul ishlarga toʻsiq boʻlardi. Shu qarashni kuchaytirsak, bunday isrofgarchiliklarga chek qoʻyiladi. Ota-bobolarimiz amal qilgan “uyat boʻladi”, degan qarashni uygʻotish kerak. “Isrof – gunoh”, “Oʻzingni koʻrsatish – gunoh” kabi qisqa iboralarni har xil rangda toʻyxonalarning koʻzga koʻrinadigan joylariga ilib qoʻyish kerak. Zora, odamlarga taʼsiri boʻlsa. Axir, isrofgarchilik bilan hech qachon boy boʻlolmaymiz.

 

Iymon-eʼtiqod bilan ish tutish…

Yoshlarni moddiy manfaatga qarab ish tutishi, ilm-maʼrifatdan darajalarni yuqori qilish oʻrniga, oʻtkinchi hoyu havasga berilishi dinimizda qattiq qoralangan, – deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rais maslahatchisi Abdulhamid TURSUNOV. – Xalqimiz azaldan iymonu eʼtiqod bilan ish tutib kelgan. Ota-onalarni, yoshlarni iymon-eʼtiqod degan narsaga koʻproq eʼtiborini qaratish vaqti keldi. Agar har bir turmush qurayotgan yosh oʻzining kimligini, ajdodlarini yaxshi bilsa, Gʻarbga qarab ketish, toʻylarimizdagi nomaʼqulchiliklar, qaynona-qaynota bilan kelin-kuyov oʻrtasidagi muammolar barham topadi. Iymon-eʼtiqod susayib borgani sari jamiyatda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan buzgʻunchiliklar vujudga kelaveradi. Bu yoshlarimiz toʻyda oʻzini qanday tutishni bilmasligining natijasi. Hech boʻlmasa, toʻydan bir hafta yoki bir oy oldin mahallada otaxonlar yoki imom-xatiblarning oldiga borib, men uylanmoqchiman, nimalarni bilishim kerak, deb birozgina oʻrgansa, oʻzi, kelajak avlod va jamiyat uchun savobli ish qilgan boʻladi.

 

Meʼyorning chegarasi bormi? Uni kim belgilaydi? 

“Oila” markazi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi bitta namunali toʻy qilib berishsin, – deydi “Katta Qorasuv” MFY raisi Noila JABBOROVA. – Kerak boʻlsa, televizorda koʻrsataylik. Xotin-qizlar qoʻmitasi doʻkon va ijara doʻkonlarini bir aylanib chiqishsin. Koʻrishsin-chi, birorta milliy libos bormikan? Kelinglar, qizlarimizga bitta Kumushxonning toʻy koʻylagini tikib koʻrsataylik.

Ajrimlarning koʻpayib ketishiga ham azaliy urf-odatlarimizni farzandlarimizga oʻrgata olmayotganimiz sabab boʻlmoqda. Bu masalada maʼnaviy boyliklarimiz boʻlgan otaxon va onaxonlar bosh-qosh boʻlsalar nur ustiga nur. Qolaversa, erkaklarimiz oila jilovini mahkamroq ushlashini istardim.

– Moddiy boylikni koʻz-koʻz qilish – maʼnanaviy qashshoqlik belgisi, – deydi Chilonzor tumani “Mevazor” mahallasida yashovchi Feruza AZIZOVA. – Bir toʻyda tanish kishi raqsga tushayotganlar ustidan rosa pul sochdi. Qolganlar talashib-tortishib uni terish bilan ovora. Ertasiga uyida katta janjal boʻlibdi. Bir kun avval oʻgʻliga oyoq kiyim olish uchun xotiniga pulim yoʻq, degan ekan.

Bu kabi holatlar pul koʻpligidan emas, odat boʻlib qolganidan davom etib kelmoqda. Qiynalib topgan mablagʻini bir kunda koʻkka sovurish qanday aqlga toʻgʻri keladi oʻzi?

Nasib boʻlsa, kelin olsam, ortiqcha sarpo, idishlar, mebel, oʻrin-koʻrpa umuman qildirmayman. Hozirdan oʻgʻlimning qulogʻiga kelinning barcha ehtiyojlarini qondirish uning zimmasida ekanini tushuntirib boryapman. Muhimi, kelinim samimiy, rostgoʻy, maʼnaviyatli boʻlsin. Boʻlajak nabiralarimni chiroyli tarbiyalasin. Qolaversa, uyni ortiqcha narsalar bilan toʻldirishning kimga keragi bor?!

Eʼtibor beradigan boʻlsak, shahar markazlaridan tortib, chekka hududlarimizda ham kundan-kunga muhtasham toʻyxonalar qad koʻtarmoqda. Bu quvonarli holat. Yurtda yaxshi kunlar boʻlishi, xalqning farovon turmushi demakdir. Ammo ular faqatgina ortiqcha dabdaba oʻtadigan joyga emas, balki farzandlarimizning maʼnaviyatini oshirishga xizmat qiladigan maʼrifat markazlari vazifasini ham bajarsa, naqadar quvonarli holat boʻlardi. U koshonalarda toʻydan boshqa vaqtda turli koʻrgazmalar, kitob taqdimotlari boʻlsa, kimningdir dunyoqarishini boyitishga xizmat qilsa, bunday muhokamalarga oʻrin ham qolmasdi.

 

Shahnoza RAHIMXOʻJAYEVA

 

«Oila davrasida» gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.