Million nusxali kitob nega bizda chiqmayapti?

0
104
marta koʻrilgan.

Bundan oʻttiz yillar muqaddam kitob chop qilish bilan faqat Toshkentda faoliyat yuritgan nashriyotlar shugʻullanar edi.

Oʻtgan asrning 90-yillaridan eʼtiboran viloyatlarda ham nashriyotlar tashkil qilina boshladi. Bu birmuncha qulayliklar tugʻdirib, chekka hududlarda yashab ijod qilayotgan qalamkashlarga qiyinchiliklarsiz kitob chiqarish imkoniyatini berdi. Viloyatlar nashriyotlarida eʼlon qilingan ayrim asarlar butun mamlakatimiz boʻylab tarqalib, eʼtirofga sazovor boʻlgan davrlari ham koʻp. “Buxoro”, “Nasaf”, “Jizzax”, “Qoraqalpogʻiston” nashriyotlarida chop qilingan kitoblar butun yurtimiz boʻylab tarqalib, qoʻlma-qoʻl boʻlganiga guvoh boʻlganmiz.

Afsuski, ayrim viloyatlarda faoliyat yuritayotgan nashriyotlar uzoq yillar bir joyda depsinishdan nariga oʻtmayapti. U yerda ishlayotganlar bugungi davr nashriyotlar uchun ham yangi loyiha va tashabbuslarni talab qilishini unutib qolayotgandek chamamda. Faqat buyurtmachini kutib, poylab oʻtirgan bilan ishni yangicha uslubda qoyillatib boʻlmasligini, ming taassufki, ayrim nashriyot mutasaddilari chuqur anglab yetmayapti. Pirovardida 1990 yillar boshida tashkil qilingandan buyon mahalliy nashriyotlar shtat jadvali ikki-uch nafar shaxsdan oshmasdan qolmoqda. Achinarlisi shuki, bu yerda eʼlon qilinayotgan kitoblar adadi hali koʻp ming nusxaga yetmayapti. Mening taklifim, viloyatlarda raqobatni rivojlantirish uchun xususiy nashriyotlar tashkil qilinishiga jiddiy eʼtibor qaratish kerak. Ana shunda kitob mahsulotlari chop qilish va isteʼmol bozorini shakllantirish maqsadida xorij tajribasi hayotga tadbiq qilingan boʻlardi.

Xoʻsh, chet elda kitob chop qilishda nashriyotlar faoliyati qanday?

Bozor iqtisodiyoti rivojlangan Yevropada nashriyotlar yangi innovatsion taklif va tashabbuslar orqali odamlarni koʻproq kitob oʻqishga qiziqtirib turishadi. Agar nashriyotlar tashabbuskorlikni qoʻldan boy bersa, kasodga uchradi deyavering. Kasodga uchramaslik uchun odamlarning qiziqishi, maʼnaviy qarashlari va ehtiyoji doimiy ravishda oʻrganib boriladi. Xullas, xorijda bizdagidek faqat buyurtma asosida kitob chiqarish bilan shugʻullanmasdan eng yaxshi asarlarni oʻz hisobidan chop qilib, katta daromad orttirayotgan nashriyotlar ham yoʻq emas. Germaniyaning kichik bir shahridagi xususiy nashriyotlarda bir necha oʻnlab xodimlar mehnat qilishini eshitib, havas qilsa arziydi.

Londondagi “Bloomsbury” nashriyot uyi tomonidan Joanna Ketlin Roulingning “Garri Pottter va faylasufning toshi” asari qanday chop qilingani haqida koʻpchilik yaxshi bilsa kerak. Muallifga muharrir 1500 funt miqdorida boʻnak ham toʻlaydi va kitobni nashr qilishga rozilik bildiradi. 1997 yilda asarning keyingi kitoblarini yozishda davom etishi uchun Roulingga 8 ming funt miqdoridagi mablagʻ ajratiladi. Bu esa yozuvchini ijod bilan yanada jiddiyroq shugʻullanishiga turtki beradi.

1997 yilning iyun oyida “Garri Potter va faylasufning toshi” kitobining dastlabki mingta nusxasi nashr qilinadi va ulardan 500 tasi kutubxonalarga tarqatiladi. Bugungi kunda bunday nusxadagi har bir kitobning qiymati 16 mingdan 25 ming funtgacha baholanadi. Asarni AQSH hududida nashr qilish huquqini sotish uchun 1998 yilning boshida auksion oʻtkaziladi va unda 105 ming AQSH dollari evaziga “Scholastic Inc” nashriyoti gʻoliblikni qoʻlga kiritadi.

Toʻrtinchi kitob – “Garri Potter va alanga kubogi” AQSHda sotuvga chiqqach dastlabki 48 soat ichida uch million nusxasi sotiladi va barcha rekordlarni yangilaydi.

2017 yil 13 sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida hali koʻp ishlar qilinishi kerak deb oʻylayman. Ayniqsa, nashriyotlar faoliyatida xorij tajribasini tatbiq etish va tashabbuskorligini oshirishga katta eʼtibor qaratish zarur.

Qachon bizda Rouling xonim kitobi singari bir necha yuz ming yoki millionlab nusxalarda kitoblar chiqariladi? Axir “Garri Potter va faylasufning toshi”dan ham oʻn chandon qiziqarli asarlar oʻzbek adabiyotida bir talay-ku! Biz faqat oʻquvchi eʼtiborini jalb qilish, reklama bozorini rivojlantirishni eplolmayapmiz. Qanchalik jon koyitmaylik, kitobxonlik madaniyati hali maqtanadigan darajaga yetmasdan bir joyda depsinib qolmoqda.

 

Erpoʻlat BAXT

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.