Meningit bolalarda koʻp uchraydi…mi?

0
27
marta koʻrilgan.

Soʻnggi vaqtlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda aholi oʻrtasida meningit kasalligi tarqalayotgani haqida xabarlar paydo boʻlmoqda. Ammo 14 mart kuni Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu holat boʻyicha joylardagi vaziyat yuzasidan izoh berdi va epidemiologik holat barqaror, xavotirga oʻrin yoʻq, deya maʼlum qildi.

Meningit – qanday kasallik? Uning xavfi nimada va u kimlarda koʻproq uchraydi? Uning oldini olish va davolash choralari bormi? Shu kabi savollar yuzasidan Toshkent tibbiyot akademiyasi yuqumli kasalliklar kafedrasi dotsenti Akromjon OBIDOVga murojaat qildik.

 – Meningit – bosh va orqa miya pardasining oʻtkir yalligʻlanishi oqibatida kelib chiqadigan yuqumli kasallik, – deydi shifokor Akromjon Obidov. – Bu bemorlarda kuchli bosh ogʻrishi, haroratning koʻtarilishi, toʻxtovsiz qayt qilish kabi holatlar bilan kuzatiladi. Kasallikni qoʻzgʻatuvchi bakteriya odamdan odamga yuqqani sababli faqat odamlar kasallanadi. Kasallik manbai uni tashuvchilar hisoblanadi. Jamoat joylarida, yigʻinlarda, muloqot paytida aksirish, yoʻtalish orqali meningit qoʻzgʻatuvchi bakteriyalar yuqishi mumkin. Shuningdek, bu kasallik yil davomida kuzatilishi mumkin. Ammo uni koʻproq mavsumiy (kuz-qish) kasallik desak boʻladi.

 – Kasallikning kelib chiqish sabablari nima?

 – Bunda, asosan, qoʻzgʻatuvchi mikrob organizmga tushgandan soʻng yuqori nafas yoʻllarining shilliq qavatida yalligʻlanish kelib chiqadi va zahar ishlab chiqaradi. Bu zahar miya qon tomirlarini ishdan chiqaradi.

 – Bu kasallik bilan koʻproq bolalar ogʻriydi, deyishadi. Buning sababi nimada?

 – Bir oylik chaqaloqlarda meningit kasalligi uchramaydi. Asosan, olti oydan besh yoshgacha boʻlgan bolalarda alomatlar sezila boshlaydi. Chunki ularda immunitet sistemasi yaxshi shakllanmagan boʻladi. Yuqorida aytib oʻtganimizdek uning davriyligi noyabr oyidan qishning soʻnggi oylariga qadar choʻzilishi mumkinn. Aynan shu davrda havo harorati keskin oʻzgaradi, inson organizmida turli vitamin va minerallarga boʻlgan extiyoj kuchayadi. Ularning yetishmasligi esa kasallikka yoʻl ochadi. Bundan tashqari, bogʻcha va maktablarda havo-tomchi va boshqa omillarga koʻra kasallikni yuqtirib olishi mumkin.

 – Meningit qanday belgilar bilan namoyon boʻladi?

 – Kishida tomoq ogʻrishi, tomoqda qichish, burin bitishi koʻngil aynish, toʻxtovsiz qayt qilish, qattiq bosh ogʻrishi, shovqin va yorugʻlikka taʼsirchanlikning ortishi hamda bolalarda hushini yoʻqotish yoki tutqanoq xurujlari bilan namoyon boʻlishi mumkin. Meningitning baʼzi turlarida tanaga toshmalar toshib ketadi. Kasallikning hatto erta bosqichlarida ong chalkashishi, haddan tashqari holsizlik yoki qoʻzgʻalish namoyon boʻlishi ham mumkin.

 – Bemorlarni davolash usullari qanday? Uni uy sharoitida davolab boʻladimi?

 – Meningit bilan kasallangan bemorlarni hech qachon uy sharoitida davolash tavsiya etilmaydi. Chunki bu kasallik koʻplab asoratlarga olib keladi. Ushbu kasallik laboratoriya tekshiruvi orqali aniqlanadi. Agar kishida bu kasallikning klinik belgilari kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat etish lozim. Avvalo, bemorning sezgirligiga qarab antibakterial dori vositalari qoʻllaniladi. Agar kasallik tezda davolanmasa, juda ogʻir holatlarga olib keladi.

 – Bemorlarda qanday asorat kechadi?

 – Meningit juda koʻp asoratlarga olib kelishi mumkin. Bulardan birinchisi miya shishishi. Oʻta ogʻir holatlarda esa falajlikni ham keltirib chiqaradi. Shuningdek, kishida ortiqcha vaznning toʻplanishi, buyraklar va buyrak usti zararlanishiga ham olib keladi. Umuman olganda, uni vaqtida davolamasa, koʻplab ichki aʼzolarni zararlashi ehtimoldan xoli emas.

 – Kasallikning oldini olishda nimalarga ahamiyat berish kerak?

 – Meningit kasalligining oldini olish juda oson. Buning uchun bolalarni avvalo oddiy gigiyena qoidalariga oʻrgatib borish kerak. Kasallik mavsumi boʻlgan kuz-qish oylarida maxsus gigiyenik niqoblar taqish tavsiya etiladi. Shuningdek, xonalarni tez-tez shamollatish lozim.

Yana shuni aytib oʻtish kerakki, hozirgi kunda juda ahamiyatlisi bu vaksinatsiya ishlarini oʻtkazish. Haj va Umra, chet el safarlariga boradigan kishilarga vaksinatsiya ishlari amalga oshiriladi. Hozirgi kunda shaharlarda ham vaksinatsiya ishlari olib borilmoqda. Vaksina qabul qilgan kishida maʼlum bir vaqt immunitet saqlanadi. Meningit bir odamdan boshqa odamga yuqqan sari kuchayib boradi. Shu bois imkon qadar yuqish ehtimoli boʻlgan har qanday holatning oldini olish juda muhim oʻrin tutadi.

 

“Oila davrasida” muxbiri

Bekzod NASIMBOYEV

yozib oldi.

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.