Mehri daryo Quddus bobo

0
983
marta koʻrilgan.

XX asr oʻzbek bolalar adabiyotini Quddus Muhammadiy ijodisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Ustoz shoir turli janrlarda samarali ijod qilishi bilan birga, isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashi bilan ham adabiyotimiz rivojiga katta hissa qoʻshgan. U kishi bilan kechgan sermazmun uchrashuvlarni hamisha dilda hayajon bilan eslab kelaman.


 

Oʻzbekiston xalq shoiri Quddus Muhammadiy bilan birinchi marta hozirgi “Tong yulduzi” gazetasi tahririyatida koʻrishgan edim. Bu dargohda koʻpdan menga qadrdon boʻlib qolgan doʻstlarim Abdusaid Koʻchimov, Hamza Imonberdiyev, Shohrux Akbarov, Rustam Roʻzimatov kabi oʻz kasbining fidoyilari ishlardi. Shu bois tez-tez qatnab turardim. Bir gal borsam, ajoyib shoir ukam Hamza Imonberdiyev xonasida mashhur bolalar shoiri Quddus Muhammadiy oʻtiribdi, deng. Hayajonlanib ketdim. Salomlashib, chekkadagi stullardan biriga qimtinibgina choʻkdim.

– Quddus bobo, bu akaxonimiz ham shoir, Boʻstonliqning Tovoqsoyidan Hamidulla Murodov boʻladilar, – tanishtirdi bizni Hamza.

– Yaxshi, shoir bolam, yaxshi. Hamidullajon Boʻstonliqdan ekan-a!.. Naq tabiatning, sheʼriyatning ichidan-a!..

Men “ha” deganday boshimni qimirlataman. Ulkan shoirimiz salobati bosdimi, yo uyaldimmi, gapira olmayman. Quddus bobo oʻzi soʻzni davom ettiradi:

– Bu deganim, shoir bolam, yurtingiz Boʻstonliqning turgan-bitgani mavzu, yozilmagan sheʼr: daraxti deysizmi, oʻt-oʻlani deysizmi – sheʼr, hayvonot dunyosimi – sheʼr, ularni soʻzlatish Sizdan, bolam…

Quddus boboning soʻzlariga dastlab tushunmay turaman, keyin bu oʻgitlar magʻzini chaqqanday boʻlaman, yuzlarimda mamnunlik balqiydi.

– Tushundim, ustoz!…

– Tushunsangiz yaxshi, shoir bolam! Yozaman desangiz, mavzuning hammasi oʻzingizda. Izlasangiz topilaveradi. Hamma gap – topganingizni oʻquvchiga qay tarzda yetkazib berishda. Bilasiz, hozirgi oʻquvchi uzun sheʼrlarni koʻpda yoqtirmaydi. Bolalarimizga ixcham, mazmuni chuqur sheʼrlar kerak. Sizdan ham shunaqa sheʼrlar kutaman, shoir bolam…

Quddus bobo ancha gapirdi, matbuotda bosilgan sheʼrlarim haqida iliq fikrlar bildirdi. Keyin birdan Hamzaga yuzlandi:

– Hamzaxon, shu akangiz bilan bir uyga oʻtinglar. Bafurja, bemalol oʻtirib gaplashamiz…

Ustozning boshqa yerda ishi borligi yodga tushdimi, oʻrnidan turdi. Xayrlashib ketarkan, yana taʼkidladi:

– Albatta uyga oʻting, Hamzaxon bolam bilan birga boring. Kutaman…

 

Shaharga bir tushganimda Hamza Imonberdiyev:

– Hamidulla aka, kecha Quddus bobo tahririyatimizga kelgandi, “Uyga oʻtmadinglar. Boʻstonliqlik shoir bolam kelib qolsa, albatta boringlar-a”, deb ketdi. Bugun uylariga oʻtmasak, sizdan ham, mendan ham xafa boʻladilar, – dedi.

Ikkalamiz aka-ukaday boʻlib ustoz shoirning uyiga kirib boramiz. Uyi odmigina bezatilgan edi. Bizni koʻrib Quddus bobo behad xursand boʻldi:

– Qarshidan Saodat Toji kelgandi. Bir necha kun mehmon boʻldi. Bugun ertalab ketdi, – dedi.

Saodat Toji – qarshilik bolalar shoiri, oʻsha paytda bitta kitobi ham chiqqandi. Oʻzbekiston televideniyesining “Shoirlar – bolalarga” koʻrsatuvida chiqqanimizda tanishgandik. Qachon Toshkentga kelsa, Quddus bobonikida qoʻnim topishini ham bilardik.

Ustoz bizning “qoʻying” deyishimizga qaramay, dasturxon tuzadi, choy damlab keldi. “Biz quyaylik”, deyishimizga qoʻymadi, oʻzi choy suzib uzatdi. Suhbatimiz bolalar adabiyoti, bolalar sheʼriyati haqida boʻldi.

– Bolalar adabiyoti jadal rivojlanib borayapti. Ana, Anvar Obidjon uloqni bizdan olib, otni qamchilayapti. Qarang, juda ajoyib, qisqa va mazmundor sheʼrlar yozayapti. Magʻzi toʻq, satrlari ravon, oʻynoqi, bolalar yoshiga, didiga mos. Sizlar yozgan sheʼrlarda ham shu xislatlar koʻrinyapti. Bu juda yaxshi hol… Bugungi shoirlar ijodida qisqa, loʻnda sheʼrlar koʻpaygani yaxshi.

Hamza yangi yozilgan sheʼrlaridan oʻqiydi, keyin men… Quddus bobo sheʼrlarimizni tinglab, mushohadalab, fikr bildiradi.

– Yaxshi, juda yaxshi. Sheʼrda mavzuning toʻkis berilishi meni quvnatdi. Shunday yozish yoʻlingizdan chekinmanglar… Bugungi bolalar shoirlari bizning sheʼriyatdagi nasihatbozlikdan kechib, mavzuni tushuntirishning yangicha yoʻlini tanlayapti. Bu sizlarning yutugʻingiz…

Dasturxonga qoʻyilgan noz-neʼmatlar orasida shakar borligini sezibmi, qayerdandir chumolilar paydo boʻldi. Hatto yuzimda ham oʻrmalayotganini sezdim. Hamza ham sezdi, shekilli, ikkalamiz xuddi kelishib olganday, chumolini olib tashlashga qoʻl choʻzamiz.

– Qoʻyaveringlar. Tegmanglar, ozor bermanglar. Oʻzlari tushib ketadi. Ular ham biz kabi jonzot. Ularning ham biz kabi oʻz uyi, oilasi, bolalari bor. Oʻldirib qoʻysak, inson nomimizga dogʻ…

Shunda ustozning maktabda ishlagan payti yozilgan ilk sheʼrlarini esladik. Ularda ham ona tabiatga begʻaraz mehr aks etib turardi.

Ha, Quddus bobo ana shunday mehrli zot edi; atrofidagi biz kabi shogirdlarigagina emas, balki ona tabiatning mitti jonzotlariga ham mehr ulashishga qodir qalbi ochiq, beozor, saxovatli odam edi.

Maktabimizda ustoz shoir Quddus Muhammadiy bilan uchrashuv oʻtkazadigan boʻldik.

– Hamidulla, Quddus bobongiz bilan oʻzingiz kelishib kelasiz-da, shunga qarab kunini belgilaymiz, – dedi ilmiy boʻlim mudirimiz, rahmatli Abdurahim Alimov.

Tayyorgarlik ishlari boshlandi. Toshkentga borib, ustoz bilan koʻrishib, uchrashuv kunini belgilab keldim…

Aytilgan kuni ertalab mashinada Toshkentga borib, oʻn olti qavatli Matbuot uyi binosi oldida toʻxtadim. Unchalik koʻp kutmadim. Shoshib kelayotgan ustoz koʻrindi. Harakatidan bezovtaroqday, yurishlari ham tez, ildam. Mashinadan tushdim-u, ortidan yetib olishga oʻzimni tezladim. Bilardim, ustoz liftga koʻpda chiqmasdi. “Oʻz oyogʻim bilan yurganimga nima yetsin”, deb qoʻyardi. Uchinchi qavatda ustozga yetib oldim.

– A, shoir bolam, keldingizmi, yuravering, yuqoriga chiqaylik, oʻsha yerda gaplashamiz!..

Bolalar gazetasining adabiyot boʻlimiga kirdik. Hamza Imonberdiyev, Safar Barnoyevlar bor ekan.

– Gap bundoq, shoir bolam, – dedi Quddus bobo. – Avvalo uzr, uzrli ish chiqib qoldi. Bugun soat oʻn ikkilarda qizimizga toʻy keladigan ekan. Lekin siz qaygʻurmang, uchrashuvingiz qoldirilmaydi, faqat oʻrnimga Ilyos Muslim boradi. Safar akangiz hamroh boʻladi. Uchrashuv qiziqarli oʻtishiga oʻzim kafilman.

– Ustoz, oʻzingiz…

– Men boshqa safar boraman, bugungi uchrashuvga borolmaganim uchun eng avval bolalarimdan uzrimni soʻraysiz, shoir bolam.

Ilyos Muslim va Safar Barnoyevni olib qishloqqa qaytdim. Quddus bobo aytganiday, uchrashuv juda chiroyli oʻtdi, yodda qolarli boʻldi. Oʻquvchilar Ilyos Muslim, Safar Barnoyev va mahalliy shoirlarimiz Ergash Turkmenov, Xudoybergan Ermatovni uzoq vaqtgacha alohida mehr bilan eslab yurdilar. Ammo Quddus bobo vaʼda qilgan uchrashuv amalga oshmay, orzuligicha qolib ketdi.

Bugun Oʻzbekiston xalq shoiri Quddus Muhammadiy ham, ustoz orqali tanishganim, doʻstlashganim Ilyos Muslim ham, ilk sheʼriy toʻplamimning kitob holiga kelishida oʻz maslahatini ayamagan Safar Barnoyev ham, oʻzimga ukamday boʻlib qolgan Hamza Imonberdiyev ham, mahalliy shoirlar Ergash Turkmenov va Xudoybergan Ermatov ham oramizda yoʻq. Ammo ular mening qalbimda, ming-minglab kitobxonlar qalbida yashayapti. Yozgan asarlari yangi-yangi kitobxonlar avlodini tarbiyalayapti. Maktab ostonasidan hatlagan oʻgʻil-qizlar savod chiqarib, harfni harfga urishtirib oʻqiy boshlar ekan, eng oldin shu ijodkorlarning, xususan, Quddus Muhammadiy asarlarini oʻqib, sheʼrni taniydi, adabiyotga oshno boʻladi.

 

Hamidulla MURODOV,

bolalar shoiri

 

“Yoshlik”, 2017–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.