Langar Qurʼoni haqida qiziqarli va noyob maʼlumotlar

0
890
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanayotgan “Katta Langar Qurʼoni” nomi bilan ataladigan Qurʼoni karimning nusxasi dunyodagi eng qadimiy va nodir qoʻlyozma asarlaridan hisoblanadi. Katta Langar Qurʼoni deb nomlanishi, uning Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida saqlanganiga borib taqaladi.

“Katta Langar Qurʼoni”ning saqlanish tarixi

Sahifalar uzoq vaqt davomida “Katta Langar shayxlari” deb nom olgan Ishqiya tariqati vakillari tomonidan asrab kelingan.

Mahalliy aholining hikoya qilishicha Katta Langar Qurʼoni 1917 yillarda Asrorxoʻja ota ismli kishining qoʻlida boʻlgan, 30 yillargacha uning oʻgʻli Usta Abdullo ota, undan keyin Yoqub boboning qoʻlida saqlangan. Undan Qulfi momoning qoʻliga oʻtib 1957 yilgacha u kishining qoʻlida saqlangan. 1957 yildan Toʻxta Bobo Rajabovning qoʻlida saqlangan.

Oʻtgan asrning saksoninchi yillari boshida Oʻzbekistonda diniy va milliy qadriyatlarga qarshi kurash avj olgach, ushbu qoʻlyozmaning ham katta qismi atayin yoʻq qilingan yoki yashirilgan.

Hikoya qilishlaricha, 1984 yili oʻsha vaqtda tegishli tashkilot vakillari tomonidan hech qanday dalolatnoma qilinmagan holda Langar Qurʼonining 67 sahifasi olib ketilgan. Uning qayerda ekanligi haligacha maʼlum emas. Shunda qishloq oqsoqollaridan Toʻxta bobo Rajabov qoʻlyozmaning 12 sahifasini asrab qolishga muvaffaq boʻladi.

Oradan oʻn yil oʻtib, mustaqillik yillarida ushbu muborak sahifalar yana Katta Langar ziyoratgohiga qaytariladi.

Qoʻlyozmaning qadimiyligi

Aslida bu qoʻlyozma bizning yurtimizga qanday kelib qolganligi haqida haligacha hech kim aniq maʼlumot ayta olgan emas. Ammo biz shuni bilamizki, ushbu qoʻlyozma ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan olimlarning taʼkidlashlaricha, ushbu qoʻlyozmaning bitilishi VIII asrning oxirgi choragida, arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga toʻgʻri keladi.

Hozirgi kunda ushbu qoʻlyozmaning 81 sahifasi Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanadi. Mashhur sharqshunos, akademik I. Yu. Krachkovskiy oʻzining “Arab qoʻlyozmalari ustida” kitobida yozishicha, bu qoʻlyozma 1936 yilda institut tomonidan notanish keksa ayoldan sotib olingan[1].

1998 yilda professor Ye. A. Rezvan Sharq qoʻlyozmalari institutida Ye 20 inventar raqami ostida saqlanayotgan mazkur qoʻlyozma haqida xorij matbuotida ingliz tilida “The Qur’an and its World” maqolasini eʼlon qildi. Oradan bir necha oy oʻtib, fransuz sharqshunosi Fransua Derosh Sankt-Peterburgga xat yoʻllab, u bilan birga Oʻzbekistondagi Katta Langar qishlogʻidan topilgan Qurʼon sahifalari fotonusxalarini ham yuboradi. Bu nusxalardagi yozuv turi va uslubi institutda Ye 20 raqami ostida saqlanayotgan qoʻlyozmaniki bilan aynan bir hil edi.

Keyinchalik Ye. Rezvan ushbu qoʻlyozmaning ayrim sahifalari Katta Langar qishlogʻida, shuningdek Toshkent va Buxoroda ham saqlanishi haqida xabar topadi. 1999 yilda Katta Langar Qurʼoni bilan yaqindan tanishish maqsadida Oʻzbekistonga ilmiy ekspeditsiyani amalga oshirib, bir guruh sharqshunos olimlar bilan Toshkentda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan Usmon musʼhafi va Langar Qurʼonining bir sahifasi, Sharqshunoslik Qoʻlyozmalar institutida saqlanayotgan 1ta sahifasini, Langar ota masjidida saqlanayotgan 12 sahifani borib koʻradi. Keyinchalik bu haqda “Usmon Qurʼoni izidan” degan hujjatli film ham tayyorlaydi[2].

2000 yilning may oyida rossiyalik va gollandiyalik olimlarning izlanishlari natijasida, Groningen (Gollandiya) universiteti Izotop tadqiqotlari markazida mazkur qoʻlyozma pergamentining namunalari zamonaviy texnikalar yordamida radiokarbon tahlilidan oʻtkaziladi. Tekshiruv natijalariga koʻra, ushbu qoʻlyozma milodiy 775-995 yillar oraligʻida koʻchirilgan boʻlishi mumkinligi haqida xulosa berildi. Olimlar ushbu xulosaga tayanib, qoʻlyozma VIII asrning soʻnggi choragiga tegishli, degan toʻxtamga kelishgan. Bu xulosani fransuz sharqshunosi F. Derosh ham tasdiqlaydi.

Qoʻlyozmalar qayerlarda saqlanmoqda?

Oʻzbekistonda mazkur qoʻlyozmaning jami 16 sahifasi mavjud:

Bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanadi. Sharq qoʻlyozmalari institutida 11604 raqami ostida saqlanayotgan sahifada “Baqara” surasining 26-61-oyatlari koʻchirilgan. Mazkur institutda 2460 raqami ostida saqlanayotgan Sadir Ziyo kutubxonasining katalogida mazkur sahifa haqida maʼlumot berilgan boʻlib, unda sahifaning Uchinchi Xalifa Usmon ibn Affon (r. a.) zamonasida koʻchirilgan kitobga tegishli ekani aytiladi.

Ikkita sahifasi Buxoroda: bittasi Ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat kutubxonasida, ikkinchisi Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi Ark qoʻlyozmalar muzeyida saqlanmoqda. Unda Mujodala surasining 11-oyatidan Hashr surasining 3-oyatigacha yozilgan.

Sohaga oid muhim voqea

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 24 mayda “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzolaganlaridan keyin yurtimizda bu borada bir qancha ilmiy-amaliy anjumanlar boʻlib oʻtdi. Jumladan, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F. Abduxoliqov tashabbusi bilan 2017 yil 28 noyabr kuni Toshkent shahrida “Zamonlar chorrahasi: oʻtmishning buyuk merosi – maʼrifatli kelajak poydevori” mavzuida xalqaro media-forum oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston musulmonlari idorasidan vakillar ham ishtirok etdilar. Ayni media-forum 2018 yil 10 dekabr kuni ham boʻlib oʻtdi. 2017 yilda “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasi doirasida Yevropa texnologiyalari asosida “Katta Langar Qurʼoni”ning faksimile nusxalari yaratildi. Mazkur nusxalar oʻtgan vaqt davomida mamlakatimizdagi bir qator ilmiy va diniy muassasalarga tarqatildi.

2018 yilning 3 dekabr kuni Darakchi gazetasining internet sahifasida Katta Langar Qurʼoni haqida maqola eʼlon qilindi. Ana shu maqolada shunday deyiladi. “Oʻzbekistonda mazkur qoʻlyozmaning jami 16 sahifasi mavjud boʻlib, shundan bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalari markazida, bittasi Oʻzbekiston Musulmonlari idorasida, ikkitasi Buxoro viloyat kutubxonasida, 12 varagʻi Katta Langar qishlogʻida saqlanadi”, deyilgan.

Maqolada shuningdek, “ushbu sahifalarda “Niso” va “Anʼom” suralarining parchalari oʻrin olgan”, deyilgan.

Katta Langar Qurʼoni Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga qachon keltirilgan?

Katta Langar Qurʼonining 12 sahifasi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi noibi marhum Abdurazzoq Yunusov tomonlaridan Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi “Langar ota” jomeʼ masjididan 2003 yilning 11 dekabrida olib kelingan.

Mazkur qoʻlyozma matni sayqallangan hayvon terisi – pergamentga bitilgan. Sahifalarning oʻrtacha hajmi 53x35 sm. ni tashkil etadi. Matnlar arabiy yozuv usullarining eng qadimiy turlaridan boʻlgan koʻfiy-hijoziy xatida bitilgan. Sahifalarning baʼzilariga, ayniqsa hoshiyalariga jiddiy zarar yetgan. Qoʻlyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr oʻrtalarida u qayta taʼmirlangan.

Muqova hamda sahifalarni bir-biriga mustahkam biriktirish maqsadida arab tilidagi matnlar bitilgan qogʻozlar yopishtirilgan. Sahifalarning charm muqovasida muqovasozning ismi (Muhammad Nosir) hamda 1255 (1839–1840) sanasi yozilgan.

Langar Qurʼonining Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan qismi

Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi kutubxonasida avvaldan bir sahifasi saqlanib kelgan boʻlsa, 2003 yilda qolgan 12 sahifasi Langar ota masjididan keltirilgan boʻlib, hozirda 13ta sahifasi saqlanmoqda.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qurʼonining avvalgi bitta sahifasida “Baqara” surasining 126-150 oyatlari, qolgan 12 sahifasida Niso surasining 136-oyatining yarmidan boshlanib, Moida surasi toʻliq va Anʼom surasining 82-oyatining boshlanishigacha boʻlgan qismi mavjud.

Mavjud 12 sahifani muqovaga tikishda tartib buzilgan. Yaʼni, beshinchi sahifani ikkinchi sahifa oʻrniga, yettinchi sahifani oltinchi sahifa oʻrniga almashtirib tikib yuborilgan. Natijada suralarning ketma-ketligi buzilgan.

Mavjud sahifalar Qurʼoni karimning ikki juzini oʻz ichiga olgan. Demak, tahmin qilish mumkinki, Katta Langar Qurʼoni 190-200 sahifa atrofida boʻlgan. Bugungi kungacha ularning 97 sahifasi yoxud 47 foizigina yetib kelgan.

Katta Langar Qurʼoni asrlar osha

Katta Langar Qurʼoni yillar davomida taʼmirlanib, uni bezak va nuqtalar bilan toʻldirib kelinganini koʻrishimiz mumkin. Masalan, baʼzi sahifalarning yirtilgan burchaklariga yamoq solingan va yamalgan joyidagi oyatlar nasx xati turida yozilgan. Suralar orasiga naqsh chizilib, unga suraning nomi va oyatlarining soni nasx xatida bitilgan. Baʼzi sahifalardagi baʼzi kalimalarga harakatlar qoʻyilganini ham koʻrishimiz mumkin. Masalan,

ان الله جامع المنافقين و الكافرين في جهنم جميعا

(سورة النساء/140)

oyatini misol qilishimiz mumkin.

Katta Langar Qurʼonining oʻziga xos jihatlari

Langar Qurʼonining bir betiga hozirgi Madina Musʼhafining bir yarim beti hajmidagi oyatlar yozilgan. Langar Qurʼonida suralardagi oyatlarning soni hozirgi Madina musʼhafidagi oyatlarning sonidan farqli qilib berilganini koʻrishimiz mumkin. Masalan, Madina musʼhafida Moida surasi 120 oyatdan iborat deyilgan boʻlsa, Langar Qurʼonida Moida surasi 122 oyat deyilgan. Anʼom surasi Madina musʼhafida 165 oyat deyilgan boʻlsa, Langar Qurʼonida 167 oyatdan iborat deyilgan.

Katta Langar Qurʼoni Oʻzbekistonga qanday kelib qolgani haqida turli taxminlar ilgari suriladi. Shunisi aniqki, oʻtgan muddat davomida Katta Langar masjidida saqlanib kelgan. XIX asr oxirlarida qoʻlyozmaning bir qismi nomaʼlum sabablarga koʻra, mamlakatdan olib chiqib ketilgan va yuqorida taʼkidlanganidek, 1936 yilda I. Yu. Krachkovskiyning qoʻliga yetib borgan. Qoʻlyozmaning boshqa sahifalari har xil odamlar tomonidan olib ketilgan. Xullas bugungi kunda ushbu nodir kitob sahifalarining yarmidan koʻprogʻi qayerda, kimlarning qoʻlida ekani hamon sirligicha qolayotir.

Katta Langar Qurʼonidan nusxa koʻchirib yozilishi

2004 yilda xattot Habibulloh Solih tomonidan Katta Langar Qurʼonining 12 sahifasi qayta koʻchirib yozilgan va hozirda oʻsha qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston Islom Akademiyasining manbalar hazinasida saqlanmoqda.

Katta Langar Qurʼoni tarixiy ahamiyatga ega

Langar Qurʼonining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida bir qancha taxminlar mavjud:

  1. Oʻrta asrlarda Afgʻonistonga koʻchib kelgan arablar maʼlum bir sabablarga koʻra Oʻrta Osiyoga koʻchishadi va oʻzlari bilan ushbu Qurʼon nusxasini ham olib kelishadi;
  2. Amir Temur tomonidan Suriyadan Qashqadaryoning togʻlik hududiga koʻchirib keltirilgan arablar oʻzlari bilan ushbu Qurʼonni ham olib kelishgan.

Langar Qurʼoni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langar ota masjidi va ziyoratgohi bilan bogʻliq boʻlganligi bois uning ushbu manzilga kelishi, u yerdagi ishqiya tariqati mashoixlarining oʻz davrida yerli aholining ijtimoiy va maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni, Langar qishlogʻining oʻtmishda madaniy va iqtisodiy jihatdan qanday holatda boʻlganligi bilan bogʻliq ilmiy tadqiqot ishlarini olib borilishi lozim ekanligi bilan ham katta ahamiyatga ega deb oʻylaymiz.

Shu kungacha Langar ziyoratgohi bilan bogʻliq bir nechta maqolalar, shuningdek, Gʻulom Karimiyning “Langar fojiasi” romani chop etilgan va ularda Langar Qurʼoniga bogʻliq maʼlumotlar ham berilgan.

Hozirgi kunda Langar masjidida professor Ye. Rezvan tomonidan amalga oshirilgan Langar Qurʼonining fotonusxasi va xattot Habibulloh Solih tomonidan koʻchirilgan qoʻlyozma saqlanmoqda.

 

Homidjon ISHMATBEKOV,

Diniy idora Fatvo boʻlimi mudiri

 

muslim.uz

 


[1] https://history.wikireading.ru/256823 Nad arabskimi rukopisyami Kuficheskiy Koran i “babushka-arabka” (1936)

[2] https://youtu.be/l_by2R6-8ec

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.