Langar ota ziyoratgohi

0
218
marta koʻrilgan.

yoxud tarixning tilsiz tilsimlari

Mamlakatimiz boʻylab Langar nomi bilan ataladigan joy nomlari koʻp. Shahrisabz, Yakkabogʻ, Qamashi va Chiroqchi tumanlaridagi, Surxondaryoning Sariosiyosi, Navoiyning Xatirchisi, Fargʻonaning Fargʻona, Toʻraqoʻrgʻon va Quvasidagi shu nom bilan ataluvchi manzilgohlar bunga misol.

Shu oʻrinda “Langar” atamasi haqida ikki ogʻiz soʻz.

Turli manbalarda turlicha yoziladigan “langar” atamasi koʻproq muvozanatni saqlash, harakatni bir maromda tutib turishni anglatadi. Baʼzi rivoyatlarda islom dinida soʻfi va darveshlar langar tashlash orqali joylashadigan yerlarini aniqlashgani, boshqasida Langar – muqaddas mozor sifatida ham qoʻllanilishi aytiladi. Kemalarning maʼlum vaqt toʻxtab turishiga yordam beradigan vazni ogʻir ilmoqsimon temir buyum ham langar deyiladi. Shuningdek, karvon yoʻllarining odamlar nisbatan koʻproq toʻxtab oʻtadigan, qisman yashaydigan balandlikdagi joylarga nisbatan ham aytiladi. Bunday yerlarda ulugʻ allomalar makon topib, diniy va dunyoviy ilmlarni tashviq qilish barobarida aholi oʻrtasidagi barqarorlik, tinchlik, hamjihatlikning muvozanatda turishiga xizmat qilgan.

Qamashi tumani Qiziltepa qishlogʻidan 25-30 kilometr olislikda, Hisor togʻ tizmalari oraligʻida joylashgan Langar ota ziyoratgohi qadimiy xonaqoh-maqbaralar sirasiga kiradi. 1520-yillarda bunyod etilgan, oʻrta asrlar Markaziy Osiyo meʼmorchiligining noyob namunasi boʻlgan ushbu majmuada tasavvuf taʼlimotining yirik vakillari abadiy qoʻnim topgan.

Langar ota maqbarasi bunyod etilguniga qadar uning oʻrnida avval ham qandaydir daxma mavjud boʻlgan. Uning bunyod etilishi shayx Abul Hasan Ishqiyning oʻgʻli shayx Muhammad Sodiq nomi bilan bogʻlanadi. Maqbaraning ichida beshta qabr boʻlib, ulardan uchtasi oʻz oʻlchami va qoʻyilgan yodgorlik toshlari bilan alohida ajralib turadi. Toshlar sirtiga mohirlik bilan arab imlosida yozuvlar bitilgan. Maqbara ichidagi qabrlarning joylashishi ham oʻziga xos. Shayxlar xonadoniga mansub boʻlmasa-da, ijtimoiy mavqei bilan yuqori lavozimlardan birini egallagan Amirbek Sodiq ibn Bahodirning qabri shayx Muhammad Sodiq qabrining janub tomonida, yaʼni uning oyoq uchida joylashgan.

Qadimshunos olim Abdisobir Rayimqulovning qayd etishicha, Langar ota maqbarasiga tasavvuf taʼlimotining ishqiya tariqati shayxlari Abul Hasan Ishqiy, uning oʻgʻli shayxzoda Muhammad Sodiq va nevarasi Abul Hasan Oxund dafn etilgan. Shuningdek, oʻrta asr muarrixi Ibn Xavqal mazkur qishloq hududi qadimda Kesh viloyatiga boʻysunuvchi Siyam tumaniga qarashli boʻlgani, tumanning nomi, ayniqsa, milodiy 776 yildan soʻng juda mashhur boʻlgani haqida yozadi. Abu Rayhon Beruniyning qayd qilishicha, Siyam tumani va unga yaqin joylarda soxta paygʻambar Mazdak gʻoyalari tarqalgan.

Dalillardan Langar qishlogʻi tarixi uzoq asrlarga borib taqalishi maʼlum boʻladi. Bu yerda olib borilgan arxeologik qazishma ishlari paytida Somoniylar davriga oid gʻishtlar topilgani bu manzilgoh ushbu sulola hukmronligi davrida ham faoliyat koʻrsatganini isbotlaydi.

XIV-XVI asrlarga kelib bu hudud islom dini rivojiga katta hissa qoʻshgan ilm markazlaridan biriga aylanganini bu yerga olis yurtlardan kelgan ilmga tashna kishilar tasavvuf allomalaridan saboq olishganida koʻrish mumkin. Shuningdek, 1889 yili Buxoro amirligining sharqiy hududlarida harbiy harakatlar olib borgan polkovnik Belyavskiyning Langar qishlogʻidagi tarixiy obidalar haqida yozib qoldirgan xotiralari, rus harbiy muhandisi B. Kastalskiyning ilmiylikka yaqin baho bergani qimmatli. U Termiz shahridan qaytayotgan paytda Langar qishlogʻiga kirib oʻtadi va bu yerdagi obidalar bilan tanishib, ularni suratga ham oladi. Mazkur fotosuratlar 1888 yili Toshkent shahrida oʻtkazilgan birinchi Turkiston fotokoʻrgazmasida namoyish etiladi va tomoshabinlar eʼtiborini qozonadi. Bundan tashqari, rassom B. Litvinov, arxeolog S. Kabanov, M. Masson Langar qishlogʻida joylashgan tarixiy obidalar, qadimiy yodgorliklar bilan tanishib, ulardagi yozuvlarni oʻqiydi va Langar shayxlarining hayotiga oid koʻplab maʼlumotlar toʻplaydi.

Shunisi quvonarliki, maqbara, ayrim oʻzgarishlarni hisobga olmasa, oʻzining qadimiy koʻrinishini saqlab qolgan.

Maqbaraning shimoliy tomonida chamasi 400-500 metr masofadagi alohida balandlikda yana bir tarixiy inshoot saqlanib qolgan. Masjid ekanligi aytiladigan ushbu obida hamda maqbaraning sathi va balandligi bir-biriga mos tushishi oʻsha davr meʼmorlarining yuksak mahoratidan darak beradi. Masjidda arabiy yozuvning koʻfiy usulida bitilgan qadimiy Qurʼon nusxasi saqlangan. Ushbu muqaddas kitob jayron terisiga bitilgan boʻlib, uning hozirda oʻn uch varagʻi saqlanib qolgan, xolos. Ushbu kitob ustida tadqiqot olib borgan Sankt-Peterburg shahridagi Sharqshunoslik instituti professori Rizvonning aniqlashicha, Langar masjididagi Qurʼonning boshqa varaqlari turli sabablarga koʻra xorijiy mamlakatlarga olib ketilgan. Professor Rizvon katta mashaqqatlar bilan Langar Qurʼonining yetishmaydigan varaqlarini turli mamlakatlardan topishga erishgan va ularning fotonusxalarini olgan, soʻng yaxlit holatga keltirib, Langar masjidiga sovgʻa qilgan.

 

Manbalar asosida Sojida tayyorladi

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.