Kuni bizga qolgan bayroq

0
401
marta koʻrilgan.

Bu voqeani aytib bersammi, yoʻqmi yo tarixiy obidalarimizga hurmatimiz katta, osori atiqalarimizni nihoyatda eʼzozlaymiz deganimiz bilan aslida, ahvolimiz shunday deb oʻkinib yuraverish kerakmi degan ishtibohlarga boraman. Yoʻq, aytmasam boʻlmas ekan, endi foydasi yoʻqdir, lekin koʻpchilik bilib qoʻygani yaxshi. Keyin, yana balki, shoyad degan umidlar ham tark etmaydi.

Toʻqson sakkiz yo toʻqson toʻqqizinchi yili, “Oʻzlik” koʻrsatuvi avjida paytlari ismi ham eskichasiga, ham yangichasiga chiroyli bir Gulposhsha degan ayol telefon qildi. Familiyasi Ergashxoʻjayeva ekan. Shunga qarab negadir tagli-tugli oiladan, kamida xoʻjalardan degan fikr keldi xayolimga, bu ham bejizga emas ekan. Ayol keldi, risoladagidek bejirim kiyingan, jiddiy, oʻqimishli ekani oʻzini tutishidan ham bilinib turibdi, Diplomatiya va xalqaro iqtisodiy munosabatlar universitetida ishlaydi va haqiqatan ham tomiri Janubiy Qozogʻistonning Sayram qishlogʻida yotgan azizu avliyolarga borib taqalar ekan. Albatta, ajdodi repressiyaga uchragan va albatta, qatagʻon haqidagi navbatdagi koʻrguliklarni eshitaman deb oʻyladim…

Yoʻq, Gulposhsha opa tamomila boshqa gapni koʻtarib kelibdi va bu gap boshda menga rivoyatga oʻxshab tuyuldi: sohibqiron Amir Temur buyuk mutasavvuf Ahmad Yassaviy bobokalonimiz qabri ustiga yopgan tabarruk bayroq bugungacha asrab kelinib, hozir ham bir yaxshi odamlar qoʻlida saqlanayotgan emish. Ana xolos, dedim ichimda. Juda ishongim keldi, lekin ichimda shubha bor. Eslasangiz, oʻsha paytlari bashoratchiyu ekstrasenslar safi selgimagan, hammasida kamida bittadan karomat bor, Toshkentda tinchigan mish-mish Fargʻonadan chiqib turar edi. Opa shunaqa bir taʼsirchan rivoyatni eshitgan, rivoyat Amir Temur va Ahmad Yassaviyga taalluqli boʻlgani uchun juda ishongisi kelgan va oʻylab-oʻylab ishongan ham deb oʻyladim. Boshda uning gaplarini ana shunday shubha-gumonlar koʻchasiga kirib-chiqib eshitdim. Ilm odamlari orasida soddalari kammi, keyin, olti yuz yildan beri ne-ne osori atiqalar xoku turob boʻlib ketdi-yu, Amir Temur bobomiz Ahmad Yassaviy qabri ustiga yopgan bayroq tilla toladan toʻqilgan boʻlsa-da, haligacha omon qolar ekanmi, xullas, ishonish ham qiyin-da. Lekin Gulposhsha opa bu bayroq oʻz ajdodlarida saqlangan va hozir ham bor, deyapti! Opaning gaplari moʻjizaga tortib ketadi-yu, lekin tarix tubidan chiqib kelyapti, avvalboshdagi shubhalarim endi hayratga aylandi: bordiyu rivoyat emas, rost boʻlib chiqsa-chi!

Opa suvratini ham olib kelganman, dedi, videotasvirda! Ana, endi haqiqatan ham moʻjizani koʻrgandek VXS tasmasiga tushirilgan tasvirlarni koʻrib oldim. Yoʻq, bu urush yalovi, harbiy bayroq emas, juda katta uchburchak, ikki kishi ikki uchidan tortib turibdi, shunga qaraganda teng tomonlari ikki metrcha chiqadi, oʻrtasi nimadir koʻk-yashil material, gʻij-gʻij arabcha matnga toʻla hoshiyasi yigirma santimetrlar keladi. Bu nimadir diniy, tariqat maqomi aks etgan bayroq, shuning uchun bezaksiz. Ziyoratlarga borgan joylarimda azizu avliyolarning marqadiga yopilgan soʻzana, guldor choyshab, gilamchalarni koʻrganman, baʼzilari juda eski, lekin bunaqa bayroqqa duch kelmaganman. Oʻzim varaqlab koʻrgan tarix kitoblaridagi suratlar, albomlarda ham bunaqasiga koʻzim tushmagan. Bu bayroq noyob edi: matosi oʻsha davrlar Kaʼba ustiga yopilgan baxmalning bir boʻlagi ekan. Endi tabiiyki, juda eskirib ketgan.

Yoʻq, buni hozir koʻrsatmaymiz, unga boshqalarning eʼtibori tushmasdan olib kelamiz, keyin bamaslahat bir yoʻli topilar. Hozir u boshqa davlatning mulki, joriya qilsak, oʻsha yerning oʻzidan olib ketib qoladi, olib kelgandan keyin bildirsak, qaytarib berishni talab qiladi. Ammo uni bu holda ham qoldirib boʻlmaydi. Bugungi kunda yangi mustaqil davlatlar oʻz tarixini yaratishga intilib, haqiqiy umum tarix koʻrpasini oʻz ustiga tortib yotgan davr, ayniqsa Ahmad Yassaviy bobomiz ikki millatning ham birdek tabarruk hazrati. Keyin Amir Temur bobomiz Yassaviy bobomiz qabri ustiga mahobatli maqbara tiklaganini, juda koʻp hojatmandlarning kuniga yaraydigan bahaybat doshqozon quydirganini tarix kitoblaridan bilamiz, qozon hozir ham bor, ziyoratga borganda koʻrganman, ichi toʻla sodda xalqimiz tashlagan xayr-ehson puli, bir davr Peterburg muzeyida boʻlib yana qaytib kelgan, lekin u tunch, yaʼni bronzadan quyilgan, yana ming yillar turish beradi, ammo qabr ustiga yopilgan bayroq matodan tikilgan, bu mato har qancha pishiq boʻlmasin, olti yuz yildan beri saqlanib kelayotgani, bari bir, koʻngilning tub-tubida ishtiboh tugʻdiradi ham. Shuning uchun bayroq haqida koʻrsatuv qilishga hali bor, degan fikrga bordim. Eng asosiysi – bayroqning oʻzini koʻrish, ilojini qilib yana Toshkentga olib kelish (yana deganimning tagida koʻp gap bor, rasamadi bilan buni ham aytaman). Albatta, bekitiqcha, bildirmay keltirish kerak. Ungacha Gulposhsha opaning ajdodlari boshiga tushgan koʻrguliklarini yozib turamiz. Imi-jimida bir oʻzim boraman, nima qilib boʻlsa ham qaytarib olib kelaman! Bayroq juda aziz, lekin nazarimda taqdiri omonat edi.

Bir moʻjiza yuz beradigandek va oʻzim aralashib, mushkulotni yechadigandek ishonch uygʻondi. Shunday tabarruk narsaning taqdiriga aralashish bir sharafga erishish imkoniyatidek va bu imkoniyat oldimga kelib turgandek tuyuldi.

Toʻgʻrisi, borib olib kelaman degan fikrdan koʻnglim yorishib, yosh boladek serhayajon boʻlib qoldim. Qarang-a, shunday tabarruk narsani bildirmay olib kelish mening chekimga tushsa-ya! Xudo ol, qulim, degani shu-da. Ammo u Toshkentga bir kelgan, seyfda qulflanib yotib-yotib yana qaytib ketgan. Aytsam ishonmaysiz-a? Shunday boʻlgan! Uni olib kelgan otaxonning gaplariga ham, bayroqqa ham ishonmaganlar, buni tarix muzeyiga topshiring-da, Sayramingizga qaytib ketavering, deyishgan. Otaxonning dili ozor topib, bayroqni qaytarib olgan-da, Sayramiga joʻnab yuborgan. Ishonmaysiz-a? Albatta, ishonish qiyin, lekin shunday boʻlgan.

Bayroqqa ana shunday munosabat oʻylantiradi, odamni koʻp noxush xulosalarga tortib ketadi. Ungacha bunday boʻlmagan, Turkiston, xususan Sayram ahli bu bayroqni Amir Temur bobomizdan meros deb koʻz qorachigʻidek saqlab kelgan.

Gulposhsha opaning aytishicha, bunday boʻlgan. Sohibqiron Amir Temur buyuk mutasavvuf Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara tiklagandan soʻng uning qabri ustiga bu bayroqni yopgan. Bayroq chor Rossiyasi bosqinigacha qabrga yopigʻli turgan, ziyoratga kelgan xalq tavof qilib yurgan. Yassi – Turkiston shahri istilo qilinishidan oldin, chor qoʻshini yaqinlashib qolganidan xavotirga tushib, bayroqni ruslar olib qoʻyadi, degan oʻyda uni olib yashirganlar, qayerda, kimdaligini ogʻziga mahkam, xos odamlargina bilgan. Toʻgʻri qilingan, chunki ruslar kelgandan keyin Yassaviy bobomizga tegishli hamma narsa xatga olinib olib ketilgan. Bilmagan odamga koʻrimsiz tuyuladigan bayroqning taqdiri ayanchli boʻlishi turgan gap edi. Doshqozonni bilasiz, tortib olinib, Peterburgga olib ketilgan. Ruslar olib ketgan ashyolarning ikki jildlik albomi Qozogʻistonda nashr etilgan, ular orasida, tabiiyki, bayroq tasviri yoʻq. Shunga qaraganda, bayroq Turkistonga ruslar kirmasidan oldin olib yashirilgan. Shu bilan avlodma-avlod, sandiqma sandiq oʻtib kelavergan.

Mustaqillikdan keyin ham bayroqdan ajralish xavfi saqlanib, yana sir tutilgan, qabrga, oʻz joyiga yopsak, davlat olib qoʻyishi, poytaxtdagi biron muzeyga berishi va muzeylarning bu ahvolida shu bilan badar ketishi mumkin degan xavotirda. Bu orada Toshkentda Amir Temur muzeyi quriladi. Shu bilan Turkiston ahlining koʻnglida umid ham koʻtariladi: ana endi bayroqning oʻrni topildi – Amir Temur bobomiz yopgan bayroq uning muzeyida turishi kerak!

Bayroq ochiqlanadi, oqsoqollarga maslahat solinadi: uni oʻzimiz bunday saqlab turolmaymiz, Toshkentga olib borib, sohibqiron bobomiz muzeyiga beraylik, uning shuncha vaqt sandiqlarda bekinib yotgani yetar, endi butun oʻzbek xalqi koʻrsin, faxrlansin. Bu maslahat hammaga maʼqul tushadi va oxirgi marta bayroq uyida saqlanayotgan otaxon xalqning duosi va roziligini olib uni Toshkentga olib kelgan…

Otaxon bayroqni ochilajak muzeyga keltirgan va bu sohibqiron Amir Temurning bayrogʻi deb, uning tarixini aytib bergan, buni muzeyga qoʻysangiz-da, evaziga bitta gilam bersangiz, men gilamni olib borib masjidimizga, xalqning poyiga toʻshasam, degan.

Ana, byurokratiyami, ilmiy shubhachilikmi yo loqaydlikmi shu yerdan boshlanadi. Avvaliga bayroqning Amir Temur davridan beri saqlanib kelayotganiga ishonishmagan va bu ham toʻgʻri tuyuladi, keyin Amir Temur muzeyiga qoʻyadigan boʻlgandan keyin albatta ishonchli ekspertizadan oʻtkazish kerak. Gulposhsha opaning yugur-yuguri bilan bayroq tarixchi va boshqa mutaxassis olimlarga koʻrsatilib, ularning juda qadimiy degan xulosasi olingan. Uni ekspertizadan oʻtkazishning texnik imkoniyati boʻlmaganmi, ishqilib qilinmagan, faqat hoshiya qismidagi yozuvlar Sharqshunoslik institutida koʻchirib olinib, tarjima qilingan. Olimlar bayroq tarixi borasida qatʼiy fikrga kelganmi, kelmaganmi, ishqilib, u oʻsha paytlardagi katta bir rahbar hukmiga topshirilgan. Sovet komsomolining shonli yurishlari mavzuida doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan bu rahbarga bayroq joʻn bir eski latta boʻlib tuyulganmi yo Amir Temur bilan Ahmad Yassaviyga tegishli degan gapni omi xalq toʻqigan bir choʻpchak-da, deb oʻylaganmi, ishqilib, uni ikki-uch oy seyfiga tashlab qoʻygan. Aytishlaricha, uni Amir Temur muzeyi zallarida namoyish etiladigan osori atiqalar safiga kiritmagan ham. Balki ishonmagandir, balki ikkilangandir, bu yogʻini oʻzi biladi, ishqilib, boboyga aytinglar, bu narsasini olib borib tarix muzeyiga topshirsin-da, Sayramiga ketaversin, degan. Vassalom, otaxonga bitta gilam berish, bayroqning tarix muzeyida ham eksponat qilib qoʻyilishi haqida gap boʻlmagan. Holbuki, bunaqa bayroq na Oʻzbekistonning, na Markaziy Osiyo davlatlarining biron joyida, ehtimolki butun islom olamida yoʻqligi haqiqat edi. Keyin, xalqning Ahmad Yassaviydek ulkan diniy arbob, tariqat piriga tegishli ashyo haqida rivoyat toʻqishi ham aqlga sigʻmaydi. Umuman bu bayroqning Toshkentga kelishi va qadr topmay qaytib ketishi ham aqlga sigʻmaydi.

Bu yoqda qazilmalardan chiqib qolgan har bir ashyoni puflab koʻzga surtib yotibmiz, chet ellardan tadqiqotchilar kelib, bir sopol koʻza sinigʻida bezak topsa, doʻppisini osmonga otyapti-yu, sohibqiron bobomizning bayrogʻiga munosabat shu boʻlsa! Bayroq nima boʻlganda ham uzoq tarixda Ahmad Yassaviy qabriga yopib kelingani bilan ham tabarruk osori atiqa-ku!

“Oʻzlik” koʻrsatuvi ot ustiga mindirgan paytlar, oʻzimga ishonchim oʻzimdan ham baland. Shu ishonchimga tayandim, oʻsha otaxonni topaman, u kishi qaytish boʻlgan boʻlsa, avlodini topaman, nima qilib boʻlsa ham bayroqni berishga koʻndiraman! “Oʻzlik”ni gapirayotganim bu koʻrsatuvning mashhurligi bayroq borasidagi muzokarayu gufti-goʻlarda koʻp qoʻl kelgan.

Gulposhsha opaning ajdodlari boshiga tushgan repressiya koʻrguliklarini yozib oldim-da, ertasi kuni kassetani qoʻltiqlab bosh vazir oʻrinbosari Hamidulla Karomatov huzuriga kirdim. U kishi bir yigʻilishga otlanib turgan, gaplashishga vaqti yoʻq ekan, aka, keyinroq keling, dedi. Koʻp vaqtingizni olmayman, atigi ikki daqiqa, bir narsaga koʻz tashlab bering, iltimos, deb kassetani kabinet quyisida turgan magnitofonga tiqdim. Hamidulla Karomatov sal diqqat boʻlib magnitofonni qoʻshdi va bayroqni koʻrib, hayronu lol boʻlib qoldi: nima bu, bor narsami? Men shosha-pisha ikki ogʻiz izoh berdim. Bosh vazir oʻrinbosari tarixni yaxshi biladigan odam, hayratga choʻmdi, bunaqasini koʻrmaganman, dunyo kezib yuribman, sharq mamlakatlaridagi koʻp aziz-avliyolarning qabrini ziyorat qildim, ammo bunaqa bayroqni koʻrmadim, oʻzimizda ham yoʻq, juda eskiligiga qaraganda noyob durdona, Amir Temur bobomizdan meros boʻlishi bor gapga oʻxshaydi, bizdan oldingilar chatoq ish qilgan ekan, qaniydi qaytarib olib kelsak, dedi. Men borib olib kelaman, dedim. Qanday qilib, chegaradan qanday olib oʻtasiz, deb xavotirlandi u kishi. Mashinamning oʻrindigʻiga toʻshab, ustida oʻtirib oʻtaveraman, qaysi chegarachi bilib oʻtiribdi, bu bir eski latta ekan, deb oʻtkazib yuboraveradi, dedim. Bosh vazir oʻrinbosari oʻylanib qoldi, maʼqul, olib kelolsangiz, zoʻr ish boʻlar edi, lekin tez borish kerak, u yoqning oʻzi ega chiqmasdan, dedi. Bir oz xarajati chiqishi mumkin, bayroqni sotib olsam, katta pul soʻrashsa, dedim, toping, qaytganingizdan keyin hammasini oʻzim qoplab beraman, dedi Hamidulla Karomatov.

Shunday qilib boradigan boʻldim. Xayolimda har xil hisob-kitob, hammasi toʻgʻri boʻladigandek, ammo bayroqning qadri balandligini endi bilib, rostdan ham katta pul soʻrashsa-chi? Masalan, ming-ikki ming… balki oʻn ming dollar berasan deb qolishsa, bu yogʻi chatoq. Ana shu chatoqlikni hal qilaman deb, vallomat, fidoyi doʻstim, “Matbuot tarqatuvchi”ning bosh direktori Rustam Qosimov oldiga bordim. Unga masalani tushuntirgan edim, katta savob ish ekan, xoʻp desangiz, birga boramiz, deb qoldi. Zoʻr boʻlardi, dedim, faqat yoningizga kattaroq pul olib olasiz-da, koʻkidan, dedim.

Kelishdik-da, ertasi kuni ertalab Rustam akaning “Espero”sida qaydasan Sayram deb yoʻlga otlandik, Gʻishtkoʻprik bojxona postiga yetay deganda chegaradan pasportsiz oʻtkazmasligi esga tushib, orqaga qaytib, hujjatdan kamimizni toʻldirib oldik. Oʻzimizning bojxonadan beishkal oʻtdik, Qozogʻiston bojxonasi hujjatlarni tekshirdi, mashinaga ruxsatnomani ichkaridan olasizlar, dedi askar yigit. Ichkari kirsak, mashina uchun olti ming toʻlashimiz kerak ekan, zobit yigit, TVning kuchi-da, meni tanib qoldi, ham deputatlik guvohnomamni koʻrib, sizdan pul olmayman deb, tekinga ruxsatnoma yozib berdi. “Espero”ning tumshugʻini Chimkent yoʻliga toʻgʻrilab, gazni bosdik…

Yoʻl boʻyi bironta “dan”chi koʻrmadik, hech kim toʻxtatmadi. Sayram yoʻliga burilib, qishloqlardan oralab oʻtayotganimizda bu yerlarning nimasidir gʻalati tuyuldi: har bir hovlidan juda uzun, oʻttiz-qirq metrlik quvur yo toʻgʻri ulama xoda koʻtarilgan. Avval bu yerlarda koʻp chaqmoq chaqadi shekilli, yashinqaytargʻichmikan, lekin nimaga buncha baland deb oʻyladim. Keyin razm solsam, hammasining uchida “moʻylovi” bor: antenna ekan, bari Oʻzbekistonga toʻgʻrilangan. Borganda soʻradim, bu yerdagilarning hammasi shunaqa uzun antenna bilan “Oʻzbekiston” telekanalini tutar ekan. Demak, bu yogʻidan koʻngil tinch: “Oʻzlik”ni koʻradilar, meni koʻpchilik taniydi.

Toʻgʻri tarix muzeyiga bordik. Oldin ham bir kelganman. Muzey direktori Mirahmad aka ishlab oʻtirgan ekan. Koʻrishib-soʻrashib, bayroqni surishtirishga tushdik.

Bayroqni otaxon Toshkentdan qaytarib olib borgandan keyin, menda tursa bir kor-hol boʻlib qolmasin deb, Sayram tarix muzeyiga, Mirahmad akaga topshirgan. Oradan vaqt oʻtib, chol vafot qilgan, bayroq muzeyda qolgan. Yana oradan sal vaqt oʻtib, cholning yaqinlari bayroq oʻzimizda tursin, xalq Sayramda qolib ketadimi deb bezovta boʻlyapti deb, soʻrab oʻzlariga olib ketgan. Keyin yana nimadir boʻlib, nimadir qoʻyib, bayroq bir odamning qoʻliga oʻtgan va Mankent qishlogʻining tarix muzeyidan qoʻnim topgan. Bayroq hozir shu muzey devorida osigʻli ekan. Bu gapni eshitib yuragim tushib qolay dedi: shunday noyob narsani qanaqasiga ochiqqa osib qoʻyishadi! Yana qishloq muzeyida!

Bir gapni aytish kerak: Qozogʻistondagi koʻp oʻzbek qishloqlarida tarix muzeyi bor, ularda oʻz tarixini bilishga qiziqish juda katta. Muzeylarki moslashtirilgan binolarda emas, koʻpi uchun alohida imoratlar qurilgan, koʻplab osori atiqalar yigʻilgan. Aholining oʻzi tiklagan, oʻzi gʻamxoʻrlik qiladigan bu muzeylar chetdan borganga juda qiziq, odamning havasini, nimaga bizda bunaqa emas degan ozgina hasadini ham uygʻotadi.

Xay, mayli, bu alohida mavzu, biz uchun asosiysi, bayroq omon, muzeyda osigʻli, muzey Mankent degan qishloqda. Mankentga yetguncha bir necha qishloq oraladik, Oqsuvmi degan soy yoqalab yurdik, bizdagiga qaraganda uch-toʻrt daraja salqinligi uchunmi, havosi xushyoqim, umuman chiroyli joylar ekan. Mankent ham bahavo, hovlilari pastu baland, koʻchalari ilang-bilang, istarali bir qishloq ekan. Muzeyni topib borsak, berk, koʻchada yurganlar bizni qiziqsinib oʻrab olishdi, Rustam aka bu qadar eʼtiborga tushganimizdan hayron, menga esa sababi maʼlum – osmonga balandlab ketgan antennalar. Shu odamlar aytdi, muzey direktori, Normamatmi, Toshmamatmi, degan odam ekan, ochigʻi, ismi aniq esda yoʻq, shuning uchun, keling, Normamat deylik, xullas, shu kishining bugun muzeyga kelish-kelmasi dargumon, hozir – masjidda boʻlsa ehtimol. Urim-burim koʻchadan masjidni topib bordik, namoz vaqti boʻlmagani uchun odam yoʻq, qoʻshni hovlidan bir yoshi oʻtgan kishi chiqib qolgan edi, undan muzey direktorining uyini soʻradik. “E-e, Normamat akami?” deganiga qaraganda, Normamat aka bizga aka emas, otaxon boʻlar ekan. Yana bir burilmali koʻchaga burildik. Saldan keyin bu koʻcha ham torayib, oldinga yursak, orqaga burilib olishimiz gumon, “Espero”dan tushib, ikki oyoqqa mindik. Koʻchaning oxirlariga bordik, uchta darvozaga taqaldik. Aytdim-ku, bu yerdagi hovlilar pastu balandligini. Shu odam boʻyi pastlikdagi choʻp-choʻqir bilan oʻralgan tomorqasida bir kampir kuymalanib yotgan ekan, koʻcha labida turib chaqirdim, salom berib, Normamat otaxonning eshigini soʻradim.

Kampir boshini koʻtardi-da, bir muddat kalovlanib qoldi, keyin “Voy! Voy! Ahmad Aʼzam! Ahmad Aʼzam! Bugun oʻng yogʻim bilan turgan ekanman. Bu tomonlarda nima qilib yuribsiz? Voy, aynonib ketay” deb biz tomonga kelaverdi. Meni taniyotgani televizor tufayli ekanini bilsam ham koʻnglim boshqacha boʻlib ketdi. Eʼtibor kimga yoqmaydi deysiz! Rustam aka ham juda hayron: “E-e, shu yerda ham sizni bilishadimi?” deb gʻururimga moy sepadi. Kampir gapni “Oʻzlik”dan oldi. Ahmad Aʼzamdek odamki oʻz oyogʻi bilan kelib qolgan ekan, bir piyola choy qilib bermasdan qoʻyib yubormasligini bildirdi. Ichimda bu yerdagilar shu kampirigacha meni bilsa, demak, sizdek odam oʻzi soʻrab kelibdiki, mang, bayroq sizga, deb qoʻlimga tutqazib yuborishadigandek tuyuldi. Shu-da, kim oʻzini yaxshi koʻrmaydi, bu yoqda boshqa mamlakatning ovloq qishlogʻida kampirlargacha tanib tursa! Ishqilib Xudoyimning oʻzi ishimizni oʻnglab turgani rost boʻlib chiqsin-da, deb yuragim poʻkillagan.

Sal naridagi uy oʻsha Normamat otaxonniki ekan, hali oʻzini koʻrmay, otaxon deb gʻoyibdan xushomadni boshlab yubordim. Ammo otaxoni tushmagur uyida ham yoʻq ekan.

Yana muzeyga qaytib keldik, endi nima qildik deb boshimiz qotib oʻtirganda bir otaxon kelib muzey eshigini ochdi. Ana, nihoyat maqsadga erishdik! Oʻzi ekan!

Normamat otaxon soqoli bejirim kuzalgan, boshida doʻppi, egnida poʻrim yaktak, bosiq-vazmin, hadeganda ochilavermaydigan kishi ekan, menga ichimdagini top degan quvlardan tuyuldi. Mayli, bu haqda keyin.

Muzeyga kirishimiz bilan alanglab bayroqni topdim. Mana, shuncha orziqtirgan narsa koʻz oldimda turibdi! Tomonlari ikki metrcha, chekkasiga yigirma santimetrlar keladigan pishiq boʻz hoshiya tikilgan, qolgan joyi, yaʼni oʻrtasi pati toʻkilib, toʻq yashil rangi unniqib ketgan baxmal. Baxmali Makkada Kaʼbaga yopilib, har hayitdan keyin yangilanadigan baxmaldan maxsus olib keltirilgan, chetidagi hoshiya bu yerda tikilib, eskirganda yangilab turilgan. Baxmal bayroq shuncha eskiligiga qaramay salobati bilan bosadi, koʻngilga bir mahobat soladi. Faqat… ochiq devorga qoqilgan! Ha, ishonavering, haligi deraza shishasini qotiradigan bir santimetrlik mayda mix bor-ku, tortib, shu bilan qoqib chiqilgan. Pastga osilgan qismiga qoʻl yetadi, ana shu qoʻl yetadigan qismi titilay deb turibdi – kim kirsa tavof qiladi-da.

Muzey binosi yalanglikda yangi qurilgan, derazalari keng, baland, lekin panjarasi yoʻq. Turgan gap, bayroqni shu sharoitda shunday saqlayotgan, yana yoshi katta odamga bunaqa qilish notoʻgʻri, uni maxsus iqlim muhitida, qulflanadigan eksponat sifatida saqlash lozim deb aql oʻrgatishdan foyda yoʻq. Hozir uning koʻnglini ranjitmay, ish bitishini oʻylash kerak.

Otaxon Toshkentdan kelganimizni eshitib choy damladi, qand-qurs qoʻyilgan stoliga manzirat qildi.

Men siporish olib, sekin bayroq haqida gap boshladim. Hali maqsadga oʻtganim yoʻgʻ-u, ammo otaxon birdan sergak tortdi, misoli osmonga xira bulut pardasi tortildi. Gaplarimni har zamonda ha, hm deb eshitgani bilan buqinib olaverdi. Ha, osib qoʻyibmiz-da, xalqda shunaqa qadimgi degan gap bor, endi Xudo biladi, bizlar bilmasak, odamlar kirib tavob qiladi, bir narsa deyish noqulay, oʻzlarining mulki-da, biz bir qorovul… Bayroqni sal pachakilab, kelganlaringga ham uncha arzimaydi, demoqchi. Menga oʻxshaganining koʻpini koʻrib, ichdan pishib ketgan chol, endi uni otaxon degim kelmay qoldi. Gaplashgani sayin ruhim tushib boryapti: hay, bu cholning bayroqni beradigan siyogʻi yoʻgʻov. Boʻlmasa, vaʼdani katta qilyapman: bayroqni Amir Temur muzeyiga qoʻyamiz, cholning oʻziga “Oʻzlik”ning ikki sonini bagʻishlaymiz, Mankent haqida hujjatli film yaratamiz, tuman oqsoqollarini toʻplab suhbat uyushtiramiz… Yoʻq, chol sinini buzay demaydi. Xoʻp, boʻlmasa, qancha desangiz, pulini beraylik, dollarda? Yoʻq, bayroq xalqning mulki ekan, sotilmaydi. Kamina ham chollar bilan gaplashishga ustasi farang boʻlib ketganman, Rustam aka ham qoʻllab turdi, buni ham burchakka qisib boraverdik. Oxiri u yumshagandek boʻldi, mayli, men xalqimizning oldidan bir oʻtay, tuman oqsoqollar kengashiga kelganingizni aytib, roziligini olay, sizni bu yerda hamma taniydi, yoʻq deyishmaydi, lekin hozir emas, keyin oʻzim olib boraman, Toshkentda ikkita farzandim turadi, shularnikiga borganda, oʻzim sizga telefon qilaman…

Maʼqul deyishdan boshqa iloj yoʻq. Cholga bayroqni olib borguncha ham bunaqa koʻrgazmadan olib, ehtiyotlab qoʻyishni iltimos qilib Sayramga qaytdik. Yana Mirahmad akaga uchrashdik. Mirahmad aka hikoyamizni eshitib, boshini chayqab qoldi, bizga taskin berdi. Bu quv boboyni koʻpchilik boʻlib oʻrtaga olamiz, insofga chaqiramiz, ishqilib, bayroqni sizga yetkazamiz, dedi. Gulposhsha opaning Ahmadjon degan ukasi yoʻqlab keldi, u ham dardimizga sherik boʻldi, bir piyola choy qilib berdi, katta tadbirkor odam ekan, hammaga taniqli, u ham bizni umidlantirdi. Endi sizning kelganingizni xalqimiz oʻz koʻzi bilan koʻrsin, bayroqni oʻzingizga berishimizga ishonsin deb, bir katta maʼrakaga olib bordi. Ana koʻrdingizmi odamlarning hurmatini, Xudo xohlasa, bayroq sizniki, yetkazamiz, deb kuzatib qoldi tadbirkor doʻstimiz ham.

Baribir, kayfiyatimiz tushib, “Espero”ni Toshkent yoʻliga soldik.

Hech ishni bitirolmay qaytdig-u, lekin u yoqda katta harakatlar boshlanib ketdi. Tadbirkor doʻstimiz Mankentga borib, cholga xoʻp ishlov bergan, chol bizga bergan vaʼdasini pesh qilib, boshqa gapga unamagan. Mirahmad aka gapni tuman oqsoqollar kengashiga qoʻygan, cholni oʻrtaga olishgan, hammamiz rozi, bering Toshkentga deb, chol bu yerda ham vaʼda bilan chap bergan. Bu yoqdan rejissyorimiz Mahkam aka Muhamedov ham aralashdi. Bir necha marta borib keldi, oʻz tugʻilgan qishlogʻi Qorabuloq qariyalarini ham ishga soldi, chol tushmagur oʻsha jurnalistga aytgan gapim – gap, shu gapimda turibman, oʻz qoʻlim bilan oborib topshiraman deyapman-ku, degan gapini takrorlashdan bu yoqqa bir qadam ham siljimagan. Koʻp odamlar aralashdi, koʻp urinishlar boʻldi, chol ham qaysarlarning qaysari ekan, hech kimga boʻy bermadi.

Hatto bir kuni bir odam keldi, qaysi toifadan ekanini aytmay, har qalay, tutgan joyidan kesadiganlardan, shu kishi, uka, muzey direktori sizga oʻxshaganning oʻntasiga dars beradi, suvga olib borib, sugʻormay qaytarib keladigan odam, shuning uchun men yigitlarimga aytay, kechasi muzeyga tushib, bayroqni olsinlar, bir-ikki kunda qoʻlingizda boʻladi, dedi. Mening kayfim uchib ketdi, shunday tabarruk bayroqni oʻgʻirlatishga… ochigʻi, gunohidan, Turkiston ahlining koʻnglini ogʻritishdan qoʻrqdim. Oʻzim tushmaganim bilan, kim tushirganini biladi-ku odamlar deb oʻyladim. Yoʻq, dedim oʻshanda, hozirlari oʻylab afsus ham qilib qoʻyaman, uning gapi toʻgʻri edi…

Kutib yuraverdim, odamlarning harakati toʻxtaganidan va ayni paytda Normamat akaning kelishidan darak yoʻq. Oradan ancha muddat oʻtdi.

Mahkam akaga yana Mankentga borib kelsammi, degan edim, u kishi yoʻq, bormang, borolmaysiz ham – Qozogʻiston hududiga kirishingiz bilan hibsga olinasiz, dedi. Iy-e, bovurlarimizga qarshi nima qilibman, deb hayron boʻldim. Bayroq yoʻqolgan, ana shu yoʻqolishi yuzasidan jinoiy ish ochilgan, ayblanuvchilar orasida siz ham borsiz, dedi Mahkam aka.

Koʻp emish-memishlar chiqdi: bayroqni muzey direktori pullagan, bayroq chet elga chiqib ketgan, bayroq u yoqda kimningdir shaxsiy kolleksiyasida, bayroqni olib yana bekitib qoʻyishgan, bir kuni chiqib qoladi… Bilasiz-ku, bunaqa paytlari ishning tepasida oʻzlari turgandek toʻqib tashlayveradilar.

Yaqinda Gulposhsha opadan soʻradim: yoʻq, yangi gap yoʻq. Bayroq oʻzidan keyin koʻp mish-mish qoldirib, izsiz gʻoyib boʻlgan.

Bizning uni izlab borganimiz, devorga qoqilgan holida koʻrganimiz, quv cholni koʻndirishga uringanlarimiz endi bir choʻpchakka oʻxshab qolyapti.

Hangoma baxtli yakun topmagani uchun uzr albatta. Lekin koʻngilda umid soʻnmaydi: balki bu muqaddas bayroq oradan ellik-yuz yil oʻtib yana kimningdir sandigʻidan chiqib qolar, har holda sohibqiron bobomiz buyuk mutafakkir yana bir bobomiz qabriga yopgan, xalqimizga meros qolgan noyob osori atiqa shunday yoʻqolib ketavermas, uni yoʻqotib yuborish gunohi azim ekanini, buning qiyomatda boʻlsa ham javobi borligini qoʻli egrilar ham bilar…

Yana umid shuki, uni oʻgʻirlagan boʻlsalar, demak, qadr-qimmatini bilganlar, yoʻqotib yubormaydilar, sotgan boʻlsalar, katta pulga, uni olgan odam ham nimani olayotganini bilgan, avaylab asraydi va hokazo-hokazo. Endi bu yogʻi chindan koʻngilni yupatadigan rivoyatlar.

Lekin oʻkinch oʻsha-oʻsha – koʻplashib shunday tabarruk mulkimizni oldirib oʻtirganimiz…

 

Ahmad AʼZAM

 

“Yoshlik”, 2013 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.