Koʻzingizni oching, odamlar!

0
145
marta koʻrilgan.

yoxud ommaviy bekinmachoq qachon tugaydi?

 

Asrlar davomida insonning tabiiy ehtiyoji sanalgan kiyinish madaniyati bugun globallashuv va turli ijtimoiy talatoʻplar davrida oʻzining asl vazifasidan tashqari yana bir qancha maqsadlar uchun safarbar qilina boshladi.

Bugungi mardum nima uchun kiyinayotganiga bir qur nazar solib koʻraylik. Bugun kiyinish estafetasi avj olyapti.

Achinarlisi shundaki, kiyinish poygasi orqali sharm-hayoni, uyat va iffatni yoʻqotganlarning aksariyati ishning tub mohiyatini anglab yetmasdan, faqat taqlid orqaligina bunday nomaʼqulchilikka giriftor boʻlishgan. Koʻr-koʻrona taqlid koʻchasining boshida turganlarga ishning asl haqiqatini tushuntirish amri mahol.

Har kuni libos yangilaydiganlar oʻz taʼsirlarini boshqalarga ham oʻtkazmay qolmaydi. Ularning holati baʼzilarda havas uygʻotadi. Insonning tabiatida bir narsa bor: u oʻzi havas qilgan narsaga oʻzi bilmagan holda taqlid qila boshlaydi. Shu zaylda jamiyatda har kuni hech kim kiymagan kiyimlarni topib, sotib oluvchilar va shu kiyimlarni kiyib, oʻzlarini boshqalarga koʻz-koʻz qiluvchilar poygasi boshlanadi. Odatda, har kim koʻrpasiga qarab oyoq uzatadi. Lekin bu poygani deb es-hushini yoʻqotganlar oyoq qaydayu koʻrpa qayda – farqlolmay qolishadi.

 

Aql bovar qilmaydigan ishlar

Bizda azaldan boy boricha, yoʻq holicha kiyinardi. Bugun esa “kiyinish estafetasi” oʻz vazifasidan tashqari boshqa gʻarazlar uchun ham xizmat qila boshladi.

Dunyoning qaysidir puchmogʻidagi bir boybachcha oʻziga tillodan kiyim tikdirib kiyibdi. Xuddi paxtali kiyim kiysa, uning boyligini birov bilmay qoladiganday. Shu birgina tillo kiyimning bahosiga oʻsha davlatning bir viloyati bemalol yil boʻyi qorin toʻydirsa boʻladi.

Yana bir xabarda shunday deyilgan:

“Uch juft Nike butsilari shu paytga qadar sotilgan eng qimmat poyabzalga aylandi. Ular mashhur ingliz futbolchilari Jon Terri, Rio Ferdinand va Ueyn Runiga tegishli boʻlgan”.

Mashhurlarning uvada oyoq kiyimini shuncha pulga sotib olganlar uni kiygan bilan chopqir boʻlib qolarmikan?..

Nazarimda, bu mutaassiblikdan boshqa narsa emas. Koʻr ushlaganini qoʻymas, deyishadi. Bu – rost. U koʻzi ojizlar uchun emas, maʼnaviy soʻqirlar uchun aytilgan gap. Yoʻqsa, ayrim kimsalar kiyim jazavasida shunchalikka bormasdi.

 

Koʻrinmas xatar

…Otam yoshligida tomda ishlayotganida toʻsatdan yiqilib tushib, beli singan ekan. Kasalxonaga olib borishganida shifokorlar bel singanini aniqlasholmagan. Natijada, uzoq vaqt yotgach, bel suyaklari singan holida bir biriga qovushib ketgan. Otam bir necha yil shu ahvolda ortiqcha noqulaylik sezmay yashab yuravergan. Yoshlari bir joyga borib qolganda umurtqa yana bezovta qila boshlagan. Uzoq tekshirishgach, maʼlum boʻldiki, bir paytlar umurtqa singan-u qayta joyiga solinmasdan shu holicha qapishib bitib ketgan, endi uni tuzatish uchun yana qayta boshdan sindirish kerak ekan. Boshqa chorasi topilmagach, otamning belini sindirib, qayta joyiga tushirishdi. Lekin necha yillar davomida egri bitib ketgan umurtqani toʻgʻrilash otamga ham, shifokorlarga ham oson kechmadi. Shunda bildimki, oradan yillar oʻtsa ham vujud oʻzidagi noqislikni baribir qabul qila olmas ekan. Chunki vujudning oʻz tabiiy tizimi, hayot tarzi bor. Inson unga oʻzi istagan sunʼiy yuk – vazifani doimiy yuklab qoʻyolmaydi…

Bugun kiyinish borasida ham ahvol shu. Hali insonlar buning chinakam zararini idrok etolganicha yoʻq. Kuni kelib oʻz qilmishini anglab yetganida yillar davomida odatga aylanib qolgan qusurlardan qutilish ancha qimmatga tushadi. Bugun “hamma shunday qilyaptiku?!” deb qaralayotgan hodisa qiyshiq bitgan qovurgʻaning jarohatini vaqtincha his qilmaslikdan boshqa narsa emas.

 

Afandinoma yoʻriq

…Bir kuni afandi hovliqib bozordan qaytayotgan ekan. Uni koʻrganlar hayron boʻlib soʻrashibdi:

– I-e, xoʻja Nasriddin, buncha yugurgilab qolibsiz, yoʻl boʻlsin?

– Bozordan xotinimga kiyim olgandim. Uyga yetgunimcha urfdan qolmasin, deb chopib ketyapman-da, – deb javob bergan ekan Afandi.

Ana shunaqa! Bugun urf nomli hodisa kiyinish borasida mojaro boʻlayotgani rost. Aslida urf koʻpchilik xayol qilgani kabi salbiy hodisa emas. Lekin bugun u faqat boshogʻrigʻilarga sabab boʻlayotgani uchun odamlarni shunday xulosaga keltirib qoʻygan.

Aslida urf tushunchasi makonu zamon va ayrim xususiyatlar bilan bogʻliq. Yer yuzining turli hududlarida yashovchi aholi oʻzining iqlim sharoiti, turmush tarzi, kasb-kori, qadriyat va anʼanalariga tayangan holda kiyim kiyishi urf (bugungi tilimizda “moda”) hisoblanadi.

“Moda”ni avom shunchaki oʻylab topgan emas. U maʼlum bir shart-sharoitlar taqozosiga koʻra zaruriyat yuzasidan joriy qilingan.

Bir turdagi kiyim yoki kiyinishning urfga kirishi yuqorida sanab oʻtilgan omillar bilan bogʻliq boʻlgan.

 

Milliylik inqirozga yoʻliqdimi?

Koʻcha-koʻyda nazaringiz tushgandir: maxsus oqartirilgan, hamma yogʻiga yozuvlar, turli belgilar, suratlar tushirilgan, hatto maxsus timdalangan, yirtilgan kiyimlarni bemalol kiyib yurganlar uchrayapti. Men oldin bu kiyimlar qaysidir shirkatning savdo belgisi yoki gʻoyasini yoyish uchun ayrim odamlarga tekinga tarqatilsa kerak, deb oʻylar edim. Keyin bilsam, oʻsha kiyimlarni ham odamlar oʻzlari xohlab, otning kallasidek pul toʻlab sotib olib, kiyishar ekan.

Esimda, bolaligimizda bir kuni ukam ajabtovur shalvar sotib olgan edi. Koʻchada kiyishga. U matohning hamma yogʻi yozuv. “Zap mol olibsan-da, – degandim oʻshanda. – Buning ham kiyim, ham gazeta hisobida ekan. Koʻcha-koʻyda kiyib yurasan – hamma oq qargʻani koʻrib qolganday senga qaraydi. Zeriksang, bir chekkada oʻtirvolib, maza qilib undagi yozuvlarni oʻqiysan!” Shundan keyin ukam kinoyamni ilgʻadi chogʻi u kiyimni kiyganini koʻrmadim.

Milliy kiyimlarimizga eʼtibor bersangiz, ularning biron joyida yozuvi yoʻq. Hatto, ayollarning jimjimador koʻylaklarida ham rang bor, naqsh bor, gul bor, lekin yozuv yoʻq. Nega? Chunki xalqimiz yozuvni muqaddas bilgan. Yozuvli qogʻoz yerga tushib yotganini koʻrsa, darrov uni yuqoriroq joyga olib qoʻygan. Yozilgan qogʻozni imkon qadar teparoqda saqlashni odat qilgan. Yozuv – ilm-maʼrifat belgisi. Unga munosib munosabat koʻrsatilishi shart deb hisoblashgan. Yozuvni matoga tushirib, uni libos, xususan, beldan pastga kiyiladigan kiyim sifatida ishlatishga insoniylik yoʻl qoʻymagan.

Bugun koʻpchilik shirkatlarning savdo belgisi (brendi) targʻib maʼnosida kiyimlarda aks ettirilyapti. Ayrim kompaniyalar uni yozuv bilan emas, qanaqadir timsollar bilan izhor qilishni maʼqul koʻrishgan.

Mayli, balki yozuv mahsulotning yorligʻini anglatishga xizmat qilar, lekin kiyim betiga chaplangan uzundan uzoq jumlalar, gʻoyalar, xilma-xil shiorlar-chi? Bunday ajnabiy tilda bitilgan yozuvlarga, tabiiyki, koʻpchilik ahamiyat berib oʻtirmaydi. Hatto, tushunmaydi ham. Lekin es-hushi joyida kishi oʻsha yozuvlarni sinchiklab kuzatsa, juda dahshatli gʻoyalar targʻib qilinayotganining guvohi boʻladi.

Masalan, gardaniga “killer” soʻzi bitilgan kiyimlarga koʻzimiz oʻrganib ham qoldi, ammo uning maʼnosi “qotil”, “jallod” degani ekanini oʻsha kiyimni kiyib yurgan muloyimgina oʻspirin anglab yetayotganmikan?

Yoki boshqa bir undan-da jirkanchroq soʻz bor. U soʻz yozilgan kiyim albatta qiz bolaning shaʼniga dogʻ tushiradi. Shu oʻrinda asosli bir savol tugʻiladi: nahotki, yangi urf boʻlayotgan kiyimga boʻlgan ishqibozlik qiz bolaning or-nomusi, qadr-qimmatidan ham ustun tursa?

Xalqda kambagʻalni urma, soʻkma, toʻnini yirt, degan gap bor. Atayin shunday kiyimlar ishlab chiqarib, bizga taqdim etayotganlar bizni urmay, soʻkmay anchagina dahshatli gʻoyalar oʻtkazayotganini ilgʻab-ilgʻamay yashayapmiz. Aslida kiyim boshqalar orasida faxr va gʻurur yoki oʻzini boshqalardan ajratish – ustun qoʻyish vositasi emas, odamiylik ramzi ekanidan dalolat qilishi kerak.

 

Oʻlim ostonasidagi ayol

…Oʻlimga hukm qilinganlar orasida bir ayol ham bor ekan. Qatlga olib ketishayotganda u posbondan igna va ip soʻrabdi. “Igna-ipni ne qilasan?” debdi.

–  Kiyimimning yon tomonidagi choki soʻkilibdi, shuni chandib olay.

–  Bu yumush senga ne uchun kerak, axir bir necha lahzadan soʻng yorugʻ dunyo bilan xayrlashasan-ku?!

–  Men ayol kishiman, oʻlimim oldida ham sharm-hayoni saqlashim darkor. Yirtiq kiyim bilan xaloyiq oldiga chiqish men uchun uyat…

* * *

Sharmu hayo – ayolning husni. Garchi ayol nechogʻli maftunkor va xushsurat boʻlmasin, sharmu hayosi yoʻq esa, u oʻzgalar koʻziga juda xunuk koʻrinadi.

Kiyinish bilan bogʻliq xatarlar baʼzi davlatlarda katta ijtimoy-siyosiy ahamiyat kasb eta boshladi. Oʻz xalqining milliy tutumlari, qadriyat va anʼanalariga sodiq ayrim davlatlar bu masala yuzasidan jiddiy mulohaza yuritib, tegishli hujjatlar qabul qila boshladi.

Bir xabarda shunday deyiladi: “AQSHning Deydvil shahar hukumati erkak kishilarga shimni osiltirib kiyish hamda ayollarga kalta yubka va kalta ishtonlarni kiyishni taqiqlab qoʻymoqchi.

“Qizlarimizning ich-kiyimga oʻxshagan darajada oʻta kalta shortik va kalta yubka kiyishlariga yoʻl qoʻyish toʻgʻri emas”, debdi shahar hukumati vakili.

“Agar koʻcha-kuyda yurganda oʻzingizni hurmat qilmasangiz, birovning hurmatiga ham loyiq boʻlmaysiz. Bunday “kiyinish” hurmatga loyiq emas”, debdi uning hamkasbi.

Oʻzlarini erkin hisoblab, istagan narsasini kiyadigan kishilar, aslida boshqalarga hurmatsizlik qilmoqdalar va yon-atrofdagilarning huquqlarini poymol qilmoqdalar”.

Bu muammo nafaqat insonlar orasidagi oʻzaro hurmat, odob yoki madaniyatga doxil masala, balki inson va uning insoniyligiga qaratilayotgan puxta rejali va chuqur oʻylangan buzgʻunchi gʻoyalar targʻibotining yana bir nishonasi. Buni anglab yetish va unga munosib immunitet hosil qilish har birimizning birinchi navbatdagi vazifamiz.

 

Turobjon ABDURAZZOQ

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.