Konvert ichidagi quvonch

0
419
marta koʻrilgan.

Javondagi kitoblarni taxlayotib, ular orasidagi eski, chetlari sargʻaygan konvertga koʻzim tushdi. Oldin bu konvertga hech eʼtibor bermagan ekanman.

Ishim ham qolib, ichida nima borligiga qiziqdim. Bir dasta xat. Birma-bir oʻqib koʻrdim. Ularning orasida bobom urush yillari buvijonimga yoʻllagan maktublari, dadamning xizmat safaridan yoʻllagan sogʻinchnomalari, doʻstlar, uzoq qarindoshlardan yoʻllangan xatlar ham bor edi. Shuncha uzoq boʻlsa ham gʻoyibona diydorlashuv insonlarni bir-biriga bogʻlab turgan ekan. Yozuvlari bir-biridan chiroyli, husnixat bilan terilgan…

Xatlarning hammasini yigʻib oyim tomon yugurdim. Bordimu “Bu kim?”, “Qayerdan?” deya savollarga koʻmib tashladim. Oyim xatlarni koʻrib biroz jim boʻp qoldi va birma-bir tanishtirdi.

– U paytlar qoʻlimizda telefon degan narsa boʻlmasdi. Universitetda oʻqib yurgan kezlarimizda taʼtil boshlanishi bilan hamma uyiga tarqalardi. Ammo xat yozishni kanda qilmasdik. Deyarli har oyda biron yaqinimizdan xat olardik. Birovga xat yozsak, unga qoʻshib rasmimizni ham joʻnatar edik. Shu xat bizni birlashtirib, doʻstligimiz, mehr-muhabbatning soʻnmasligi uchun qandaydir malham edi. Kimgadir xat kelsa, uyimizda oʻsha kuni bayram boʻlardi.

Darvoqe, Shahlo degan dugonam boʻlardi. Oʻqish tugab, hamma uy-uyiga tarqalib ketdi. Shahlo esa oʻqishini davom ettirish uchun dadasi bilan xorijga ketmoqchi edi. Ketishimdan oldin bir koʻrishaylik, deya xat yozibdi, boyaqish. Nimadir boʻlibdi-yu, oʻsha xat menga yetib kelmadi. Dugonam esa rosa kutibdi. Mendan javob qaytmagach, ketish vaqtini boshqa kunga koʻchirib, uyimizga kelibdi. Ishdan qaytsam, dugonam uyimizda oʻtiribdi. Uni koʻrib quvonchim ichimga sigʻmadi. Xatiga javob ololmaganidan keyin oʻzi xavotirda kelibdi.

Yana oʻsha paytda har bayramda kursdoshlarga, ustozlarga husnixat bilan yozilgan tabriknomalar berish urf boʻlgan. Hali ham esimda, Nodira degan kursdoshimizning bayram arafasida ishi juda koʻpayardi. Guruhdagi yozuvi bundayroqlar bayram tabrigini albatta, Nodiraga yozdirardi. Adabiyot oʻqituvchimiz Hikmat muallim “Yozuv ham madaniyat belgisi”, der edi-da.

Oyimning yoshlikdagi xotiralarini eshitib, haqiqatdan ham doʻstingdan yuborilgan xat juda qadrli boʻlsa kerak, deya oʻylab qoldim. Hozir tayyor texnikalar turganda xat yozish kimning ham xayolida bor. Hatto, uyga vazifalarni ham daftarga yozmasdan tayyor elektron shaklda chiqarib olib, shundan oʻqib qoʻya qolamiz.

…Toʻrtinchi sinfda oʻqiyotganimda ona tili oʻqituvchimiz Eʼtibor opa “Doʻstimga xat” nomli mavzu berib, eng yaqin doʻstingizga xat yozinglar degandi. Oʻsha mening oʻz qoʻlim bilan yozgan oxirgi xatim boʻlsa kerak…

 

Dilfuza TILLAYEVA

 

“Oila davrasida”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.