Koʻhna tarix nidolari

0
1209
marta koʻrilgan.

Rim va Misr imperiyalari tarixida oʻchmas iz qoldirgan davlat arboblari Yuliy Sezar, Kleopatra va Mark Antoniy shaxsiyatiga daxldor turfa xil qarashlar shakllangan. Sezarni – yengilmas lashkarboshi va Rim imperiyasi bunyodkori, Antoniyni mahoratli qoʻmondon va sadoqatli inson, Kleopatrani esa oʻz tanasini qurbon qilib boʻlsa-da, mamlakat mustaqilligi yoʻlida bor imkoniyatini ishga solgan, zamonasining eng salohiyatli va eng mashhur ayoli sifatida eʼtirof etadiganlar oz emas.

Ularga muqobil, qarama-qarshi nuqtai nazarni himoya qiladiganlar ham yetarli. Kimdir Yuliy Sezarni Misr malikasining chiroyi va latofati qarshisida ojiz qolgani uchun qoralaydi, uning goʻzalligiga mahliyo boʻlish buyuk Sezarning davlat ishlaridan uzoqlashuviga sabab boʻlgani va, ayni damda, oʻz hayoti va taqdirini ham oʻylamay qoʻygani, alal-oqibat gʻaflatda qolib, raqobatchi-hamkorlari uyushtirgan suiqasd qurboni boʻlganini alam bilan tasvirlaydi.

Boshqa birov esa, Kleopatra makkorligi, manfaatparastligi bilan nafaqat Sezar va Antoniyni, balki oʻsha zamonning boshqa erkaklarini ham ana shu mayllarga boʻysundirgani, bu borada chiroyi, jozibasi va ayollik karashmasidan ham foydalangani toʻgʻrisida gʻazab bilan soʻylaydi.

Mark Antoniyni esa Sezar oʻlimidan soʻng Rimga xizmat qilish oʻrniga, Kleopatra yalovbardoriga aylangan, Misrni va oʻz maʼshuqasini soʻnggi nafasiga qadar himoya qilgan, hatto oʻlimidan soʻng Misr malikasi yoniga dafn etishni vasiyat qilgan xoin va munofiq deya ayblaydilar.

Aslida shundaymikan? Tarixiy haqiqat va voqealar jarayoni qanday kechgan? Har uch shaxsga nisbatan yangrayotgan tanqidlarda gʻoliblarning, yaʼni aslida ularni oʻldirganlarning qarashlari aks etmayaptimi? Bunday qarashlarning hozirga qadar bot-bot uchrab turishi sabablari nimada?

Miloddan avvalgi 100 (yoki 102) yilda dunyoga kelgan Gay Yuliy Sezar Qadimgi Rimning mashhur lashkarboshilaridan biri, oʻz davrining atoqli siyosiy arbobi edi. U miloddan avvalgi 44 yilning 15 martida, ellik olti yoshida, fitnachilar tomonidan oʻldirilgunga qadar turfa voqelarga boy, sermashaqqat hayot yoʻlini bosib oʻtgan. Oʻn olti yoshida otasidan yetim qolgan Gay Yuliy ne-ne mashaqqatlar evaziga, asta-sekin xizmat pillapoyalaridan koʻtarilib borgan, davlat ishlari va harbiy sohaning yetuk bilimdoniga aylangan.

Uning harbiy yurishlari mobaynida Rim chegaralari Shimoliy Atlantika va Buyuk Britaniyagacha kengaygan, Gʻarbiy Yevropaning siyosiy va madaniy qiyofasi tubdan oʻzgargan. Oʻzining ulkan iqtidori tufayli koʻplab janglarda gʻalaba qozongan, oʻsha davrda Rimni larzaga keltirgan fuqarolik urushiga barham berib, mamlakatning yagona hukmdoriga aylangan Sezar safdoshlari bilan birga davlat boshqaruvi va jamiyat qurilishi sohasida tub islohotlarni amalga oshirgan. Bu oʻzgarishlar uning vafotidan koʻp oʻtmay Rimning imperiyaga aylanishiga olib keldi. Garchand bu borada baʼzi raqiblar Sezarni yakka hukmdorlikka intilganlikda ayblagan boʻlsa-da, aynan u oʻtkazgan islohotlar Rim Respublikasi boshqaruvini markazlashtirib, davlatning kuchli hokimiyatga ega boʻlishini taʼminlagan. Uning oʻlimi esa mamlakatda fuqarolik urushi qayta boshlanishiga, Rimda respublika shaklidagi davlat tuzumi darz ketishi va hokimiyatning kuchsizlanishiga sabab boʻlgan. Oradan bir oz vaqt oʻtgach, Rim hukmdorlari Sezar islohotlari natijasida shakllangan davlat tuzumini qayta tiklash va uni isloh qilishga majbur boʻlganlar. Rim taxtini egallagan keyingi imperatorlar ham koʻplab masalalarda Sezarga taqlid qilgan, nemischa “kayzer” va ruscha “sar” atamalari uning nomidan kelib chiqqan.

Sezar oʻz naslini Rim xudosi Venera bilan bogʻlagani, Rim hukmdoriga aylanib, shon-shuhrati yuksalgan davrda (miloddan avvalgi 54 yilda) oʻziga atab ulkan ibodatxona qurdirgani, oʻzini davlatning bir umrlik diktatori deb eʼlon qilgani rost. Umri poyonida Misrning soʻnggi firʼavni, tarixda “Iskandariya malikasi” deya nom olgan Kleopatrani suyuklisiga aylantirgani, undan Sezarion ismli farzand koʻrgani, u bilan Rimda ikki yil yashagani va hatto maʼshuqasiga Venera ibodatxonasida oltin haykal oʻrnatgani ham bor gap. Tarixchilar Sezar avvalgi ayolining bepushtligi sabab undan farzand koʻrolmagani, yakka-yu yolgʻiz oʻgʻlining onasi boʻlgan “Iskandariya malikasi”ni qonuniy nikohiga olish uchun senatdan oʻziga koʻpxotinlilik huquqi berilishini soʻragani haqida yozganlar. Kleopatraga boʻlgan muhabbati Sezarni suyuklisiga tegishli davlatni Rim viloyatiga aylantirishdan tiygan, bu ham yetmagandek, eng iqtidorli qoʻmondonlaridan biri Mark Antoniyni qariyb yuz ming kishilik qoʻshin bilan “Iskandariya malikasi”ning toju taxtini himoya qilishga yuborgan. Aksariyat tarixchilar Sezarga nisbatan suiqasd aynan ana shu sabablarga koʻra uyushtirilgan, deb hisoblaydilar.

Sezar oʻldirilgach, Rim toji uning jiyani Oktavian Avgustga oʻtgan boʻlsa-da, yakkahukmronlikka intilish, zodagonlar orasidagi nizolar yanada kuchaygan. Sezar vafotidan keyin eʼlon qilingan vasiyatnomada oʻgʻli Sezarion emas, balki jiyani taxt vorisi, deya eʼlon qilingani Oktavianga qoʻl kelgan. Hukmronlikka daʼvogarlarga qarshi kurashda u Sezar safdoshlaridan foydalangan, ularning baʼzilari bilan ittifoq tuzgan. Xususan, miloddan avvalgi 40 yilda singlisi Oktaviyaning yaqindagina beva boʻlib qolgan Mark Antoniy bilan nikohdan oʻtishi ana shunday siyosiy ittifoqning bir koʻrinishi edi. Afsuski, Rimning yagona hukmdoriga aylanayotgan Oktavian bilan oilaviy rishtalar maʼquldek koʻringan boʻlsa ham, bu vaqtga kelib Antoniyning qalbini Oktaviya emas, balki boshqa bir ayol, “Iskandariya malikasi” Kleopatra egallab boʻlgan edi. Oʻsha yili Kleopatraning Antoniydan egiz farzand – Aleksandr Gelios (Quyosh) ismli oʻgʻil va Kleopatra Selena (Oy) ismli qiz koʻrishi buni yaqqol isbotlaydi.

Oʻsha davrni yaxshi biladigan tarixchilar keyingi uch yil davomida Rimdagi ichki kurashlar koʻpchilik qatori Antoniyni ham domiga tortganligini va nihoyat u miloddan avvalgi 37 yilda Misrga kelib, Kleopatra bilan yashay boshlaganini, ana shu paytdan ularning sevgisi va siyosatida yangi davr boshlanganini taʼkidlaydilar. Antoniyni Rimga qaytarish yoki uni Rim rahbariyati bilan yaqinlashtirishga urinishlar zoye ketadi. Hatto, Antoniyning huzuriga qonuniy rafiqasi Oktaviyani yuborish ham foyda bermaydi. Antoniy xotini bilan koʻrishishni istamaydi va uni Afinadan ortga qaytib ketishga majbur qiladi. Bu endi Oktaviya uchun haqorat, Rimni oʻziniki qilib olib, imperiyani uzoq yillar boshqarishni rejalashtirayotgan, keyingi toʻrt-besh yilda siyosiy maydonni egallab olganlar bilan ochiqdan-ochiq ziddiyatning boshlanishi edi. Qolaversa, Kleopatraning nafaqat Sezardan boʻlgan oʻgʻli Ptolemey Sezarion, balki Mark Antoniydan dunyoga kelgan oʻgʻili ham kelajakda Rim taxtiga daʼvo qilishi, juda boʻlmaganda Antoniy va Kleopatra ittifoqidan mustahkamlangan Misr podsholigini egallab, bir oz vaqt oʻtgach, hatto Rimga ham xavf solishi mumkin edi.

Aynan shu davrda Kleopatraning oʻzini “Fea Neotera Filipator Filopatris”, yaʼni “Vatan va otasini ulugʻlovchi kichik maʼbuda” deya eʼlon qilishi rimliklarni choʻchitib yubordi. Bu nom, bir tomondan, Kleopatraning nafaqat Misr, balki Suriya, Parfiya va Sharqning boshqa mamlakatlariga daʼvolarini tarixiy jihatdan[1] asoslashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, uni Makedoniyaning buyuk hukmdorlari Shoh Filipp va uning oʻgʻli Aleksandrga voris ekanini anglatar edi. Bu esa Kleopatra ajdodlarining Rim uchun begona emasligi, avlodlarining esa kelajakda ana shu tarixiy anʼanani davom ettirishga haqqi borligiga ishora edi. Rim siyosatining nuktadonlari voqealarning bu tariqa rivojlanishidan tashvishlanayotganlari bejiz emasdi.

Baʼzi tarixchilar fikricha, avvaliga Sezarning suyuklisi va farzandining onasiga aylanish Kleopatra uchun tobora kuchayib borayotgan Rimning tazyiqi va tahdidlaridan omon qolishning yagona yoʻli edi. Shu sababdan ham Rimni yenga olishiga koʻzi yetmagan malika, uning hukmdori qalbini zabt etgan va oʻz davlatining mustaqilligini nisbatan saqlab qolgan. Sezar oʻldirilgandan keyin esa, zudlik bilan yurtiga qaytishga majbur boʻlgan 28 yoshli Misr malikasining Mark Antoniy bilan dushmanlarga qarshi ittifoq boʻlish va yaqinlashishdan oʻzga chorasi qolmagan. Bir tomondan, ichki dushmanlar Kleopatrani bosqinchilarga sotilganlikda, istilochidan farzand koʻrib, Rimga ketganlikda, Misr firʼavnligining ming yillik mustaqilligini boy berayotganlikda ayblab, ikkinchi tomondan, tashqi yov mamlakatni gʻorat qilib, toju taxti, oʻzi va farzandini yoʻq qilish uchun chogʻlanayotgan bir paytda “Iskandariya malikasi” shunday yoʻl tutishga majbur boʻlganini taʼkidlovchi tarixiy asarlar ham uchraydi. Sezar vafotidan keyin Rimda uni qoralash va yaqinlarini quvgʻin qilish, hatto, oʻldirish avj olgani, bu borada ayniqsa toj daʼvogarining onasi Kleopatra ustiga koʻplab malomatlar yogʻilgani maʼlum. Bu harakatlar zamirida malika hamda uning Rim hukmdoridan tugʻilgan, firʼavnlar avlodidan boʻlgan oʻgʻlining Rim taxtini ishgʻol qilishga urinishi mumkinligidan qoʻrquv mavjud edi. Shuning uchun ham, fuqarolik urushi bartaraf qilinishi va Rim qaddini rostlashi bilanoq, Oktavian Avgust boshchiligidagi qoʻshin Misrga bostirib kirdi va firʼavnlar davlatini yoʻq qilib tashladi. Kleopatra va Antoniy halok boʻldi, toj daʼvogari Sezarion oʻldirildi.

“Iskandariya malikasi”ga nisbatan salbiy baholarning aksariyatida siyosiy yondashuvlar ustuvor boʻlganini alohida eʼtirof etish zarur. Haqiqatan ham, Kleopatra Misr firʼavni sifatida podsholik taqdiri uchun va ushbu davlat tarixida eng oliy maqom egalari boʻlgan ajdodlar ruhi va kelajak avlodlar oldida masʼul edi. Shu maʼnoda, tojdorlar sulolasining vakili va davomchisi boʻlgan Kleopatra siyosiy arbob va davlat boshligʻi sifatida oʻz taxtini omon saqlashi va uni avlodlariga meros qoldirish uchun kurashishi zarur edi.

Kleopatrani ayblashdan koʻra, tushunishga harakat qilgan, uning siymosida murakkab zamonning xavf-xataridan nafaqat oʻzi, balki toju taxti va farzandlarini ham asrashga intilgan, buning iloji qolmagan va barcha orzu-umidlari xazon boʻlgani xolda oʻzini ajal domiga tashlagan ayolni tasavvur etadigan mutaxassislarning fikrlari esa ayricha. Ularning nazdida, Kleopatra avvalo Ayol va Ona edi. Ayol sifatida u oʻsha zamonning nomdor va mard erkaklarini sevish, ularga koʻngil qoʻyishga haqli edi, albatta. Ona sifatida esa, toj daʼvogari boʻlgan farzandining taqdiri va kelajagi haqida qaygʻurganidan zamonga moslashgani, davrning eng kuchli erkaklariga suyukli boʻlgani va ulardan panoh izlagani shubhasiz.

Kleopatrani turli zalolatlarda ayblaydiganlar ham Misr malikasi bilan bogʻliq ikki dalil qarshisida lol qoladi. Yaʼni, Kleopatraning xatti-harakatlarida firʼavnlikni yoʻqotish emas, uni mustahkamlash va saqlab qolish tarixiy haqiqat edi. Gʻoliblarning qoʻshini ortida Rimga bandi boʻlib kirib borishdek xorlikdan koʻra oʻlimni afzal bilgani ham rad qilib boʻlmas dalolat. haqiqatdir. Shu maʼnoda Kleopatra davlat boshligʻi sifatida oʻz mamlakatining mustaqilligini saqlashga intilgani, umri poyonida insoniy qadr-qimmatini toptashlariga yoʻl qoʻymagani uchun aybdor emas. Holbuki, tarixda jonini saqlash ilinjida yurtini sotgan, xalqining manfaatlariga xiyonat qilib, sharmandai sharmisor boʻlganlar qancha!

Biz bugun uzoq tarix qaʼrida qolgan Rim va Misr imperiyalari tojdorlarining qay biri haq yoki nohaq, degan savolni qoʻyib, kimnidir oqlab, boshqasini qoralash niyatidan yiroqmiz. Qisqa umrlari mobaynida nainki toju taxt, balki oʻz jonlarini saqlash uchun kurashgan va murakkab voqeliklar poʻrtanasida halok boʻlgan Sezar, Kleopatra va Antoniylar kimlarningdir nazdida oʻsha davr qahramonlari, boshqa birovlar uchun esa mansabparast, shuhratparast insonlar, yanada oʻzgacharoq oʻylaydiganlar fikriga koʻra esa, zamona qurbonlaridir.

Kleopatraga va uning hukmronligi davridagi Misr podsholigi hayotiga nisbatan baholarga eʼtibor qilsangiz, tarixnavislikda ustuvor boʻlib qolayotgan yana bir holatga duch kelasiz. Yaʼni, dunyo tarixi koʻproq Gʻarb talqinida, bir tomonlama yozilavergani uchun, insoniyat haligacha Sharq, xususan Qadimgi Misr va uning malikasi borasida ana shu bir yoqlamalik taʼsiridan qutila olmayotgandek. Aksariyat biryoqlamachilar nazarida, Sharq tarixi jaholat va yovuzlik timsoli boʻlib qolayotgani kabi, Kleopatra makkorlik ramzi, oʻsha davrdagi Misr esa zalolat makoni boʻlgan emish.

Vaqt oʻtgani sari haqiqat oʻrnini afsonalar egallay boshlaydi va oxir-oqibat haqni nohaqdan ajratish qiyin boʻlib qoladi. Insoniyat tarixining bu qoidasi maqolamiz mavzui boʻlgan kishilar va ular yashagan zamonga nisbatan ham mos kelishi shubhasiz. Lekin haqiqat shuki, Kleopatra oʻlgani va Antoniy halok boʻlganidan keyin ularning shaʼnini himoya qiluvchilar qolmadi. Bolalari, qarindosh va yor-birodarlari oʻldirildi, quvgʻin qilindi yoki mute boʻlib yashab, jimgina jon saqlashga mahkum etildilar. Qahramonlarimizga nisbatan oʻsha davrdagi baholarda koʻproq “Gʻoliblarni sud qilmaydilar’’, magʻlublar xususida esa doimo ‘‘jinoyatchi laʼnatga loyiq’’, degan tamoyil ustuvor boʻlgani koʻrinib turadi. Oʻsha davr tarixi gʻoliblarning nazdida qanday boʻlsa, shunday bitilgan va asrlar davomida imperiya aholisining ongi va qalbiga shunday singdirilgan. Keyinchalik bu davr haqida yozganlar yoki uni oʻrganganlar ham oʻsha davrdan qolgan manbalarga murojaat qilganlar. Bu manbalarda esa gʻoliblarni olqishlovchi “haqiqatlar” aks etgani shubhasiz.

Nima boʻlganda ham Sezar, Kleopatra va Antoniylar hayoti, ularning taqdiri va oʻzaro munosabati haligacha odamlar diqqatini oʻziga jalb qilib kelmoqda. Ijodkorlargina emas, koʻpchilik ziyolilar ham bu toʻgʻrida muayyan maʼlumotlarga ega boʻlish uchun turli manbalarga murojaat qiladilar. Har uchala shaxsning hayoti fojiali tugagani, oʻlimidan keyin va hozirgacha ham ularga nisbatan turlicha baholar, qarashlar va yondashuvlar mavjudligi esa bunday qiziqishlarning soʻnmasligiga sabab boʻlmoqda.

 

Qiyomiddin NAZAROV,

falsafa fanlari doktori

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3


 

[1] Tarixiy manbalarga koʻra, Sezar mazkur mamlakatlarni baʼzi siyosiy shartlarga koʻra aynan Kleopatraga berishga ahd qilgan edi (Muharrir).

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.