Kitobxon bor, kitob-chi?

0
219
marta koʻrilgan.

Kitob – doʻstimiz. Bu ayni haqiqat, chunki oq-qorani ajratishga oʻrganganimiz bois, hayot sinovlarini ham mardonavor yengib oʻtamiz, muhimi, insoniy tuygʻular qalbimizda shakllanib boraveradi. Zero, teran fikrli boʻlib kamol topishning birinchi sharti, mutolaadir. Ne-ne olim-u fozillar, dono siyosatchilar, donishmand kishilar faqatgina ilmi, oʻqigan kitoblari bilan mukammallik darajasiga yetganliklarini unutmaylik.

Mustaqillik yillarida barcha soha qatori taʼlim tizimida ham qator salmoqli ishlar amalga oshirildi. Eng eʼtiborlisi, oʻquv adabiyotlarini oʻquvchilarga yetkazishning mustahkam tizimi yaratildi hamda Axborot-resurs va axborot kutubxonalari markazlarining moddiy texnika bazasi yangilandi.

Kutubxonani bilimlar uyi, barcha maʼnaviy boyliklar makoni deb aytish mumkin. Biroq barcha kutubxonalarga ham bu taʼrif toʻgʻri kelarmikan? Qoʻshkoʻpir tumanidagi Oqdarband ARM (faqat qogʻozda) faoliyatini oʻrganarkanmiz, koʻnglimiz anchayin xijil tortdi. Markazdagi kitoblarning 4416 tasini darsliklar, atigi 1122 tasini badiiy adabiyotlar tashkil etar ekan. Oʻylab qaralsa, 728 nafar aʼzosi boʻlgan axborot-resurs markaziga 1122 ta badiiy adabiyot kamlik qilmaydimi? Bu yerga tashrif buyurgan har qanday kishi talabalarning kitob oʻqishga boʻlgan ishtiyoqi va talabini koʻrib quvonsa, ikkinchi tomondan oʻquvchi dididagi ayrim kitoblar yetishmayotganidan jigʻibiyron boʻlishi aniq. Barchasiga oydinlik kiritish maqsadida ARMga masʼul Iroda Sobirovaning fikrlarini tingladik.

 – Ushbu ARM aslida kutubxona talablariga koʻproq mos keladi. Bu yerga keluvchi yoshlarning koʻpchiligi yoshlar ittifoqi aʼzolaridir. Koʻrib turganingizdek, kitob javonimizda kitoblar yetarli emas, yuqori tashkilotimizga necha martalab buyurtma berilishiga qaramasdan, hamon oʻzgarish yoʻq. Qolaversa, axborot-resurs markazi talabiga javob berish uchun bizga kompyuter jihozlari, internet tarmogʻi ulanib berilishi lozim. Afsuski, bu talablar ham qanoatlantirilmagan. Yoshlarimiz juda talabchan, kitobga ishtiyoqi baland. Shularni inobatga olib, fondimizni bundan-da koʻproq kitoblar bilan toʻldirish zarur, deb oʻylayman.

Nahotki, kitob mutolaasi, kitobxonlik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bir paytda masʼullar bunday kamchiliklarga yoʻl qoʻysa? Bularni yozishdan maqsad kimnidir tanqid ostiga olish emas, faqatgina olis hudud yoshlari talabidagi kitoblar ARM javonidan joy olsa, nafaqat talabalar, balki qishloq kitobxonlari ham ushbu markaz faoliyatidan bahramand boʻlishsa, degan istakdir.

 

Ruhiya ISMOILOVA,

jurnalist

 

Manba: ishonch.uz sayti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.