Kitoblar bergan baxt

0
1124
marta koʻrilgan.

Naqadar totli edi u damlar.

Naqadar aziz edi kitob. Kitob oʻqish jon baxsh etuvchi, orom bagʻishlovchi maroqli mashgʻulot men uchun. Eskimi, yangimi qoʻlimga ilinganini sevinib, titrab bagʻrimga bosaman.

Biz juda oddiy yashardik. Qishlogʻimiz shahardan uzoqda. Tuproqli koʻchalar, paxsa devorli uylar. Toʻrt sinfxonadan iborat maktab va garaj yonboshidagi moʻjaz doʻxtirxona. Maktab yonida uzoqdan kelgan oʻqituvchilar yashashi uchun bir nechta hujra ham boʻlardi. Ana shu zax hidi kelib turadigan hujralarning birida maktab kutubxonasi joylashgan edi. Bor-yoʻgʻi 200-300 kitobdan tashkil topgan bu kutubxonani hech qachon unutmayman. Hozir oʻylasam, egri-bugri, qiyshiq yogʻoch tokchalarga terilgan, varaqlari sargʻayib ketgan u kitoblar mening taqdir eshiklarimni ochib bergan ekan. Qishda kutubxona nihoyatda sovuq boʻlar edi. Katta tanaffusda, darsdan keyin, sovuqqa ham eʼtibor bermay kitob varaqlardim. Biratoʻla 2-3 ta kitobni uyga olib ketardim.

Esimda Oybekning “Bolalik”, Gʻafur Gʻulomning “Yodgor”, Hamid Gʻulomning “Mashʼal” kitoblarini oʻsha paytlari oʻqiganman.

Hamid Olimjon sheʼrlarini yodlardim, shaloladek joʻshqin, daryodek toshqin edi u misralar. Har bir soʻzi mehr va muhabbatga, Vatan sevgisiga yoʻgʻrilgan edi u satrlarning.

 

Shaftolizor bogʻlaring koʻrdim,

Gul koʻkargan togʻlaring koʻrdim.

Mehr qoʻyib oʻpgan sari oq,

Oppoq boʻldi bu aziz tuproq…

 

Bu misralar mening qalbimda Vatan suvratini chizgan. Jonajon Oʻzbekistonimizni goho oppoq paxtazor, goho lolalarga burkangan yuksak togʻlar timsolida murgʻak yuragimga muhrlagan. Bu sheʼrni yodlaganimda 5-sinfda oʻqirdim. Oʻrta maktabni tugatdim, dorilfununda saboq oldim, uzoq yillar adabiyotdan oʻquvchilarga dars berdim, ammo sheʼrni qayta yodlash ehtiyoji tugʻilmadi. Yaxshi asar unutilmas ekan-da. Uni tilingizda ham, dilingizda ham bot-bot eslab, takrorlab yurar ekansiz muqaddas kalimadek.

Boshlangʻich sinflardayoq kitob yigʻishni boshlaganman. Maktab kutubxonasidan tashqari xoʻjaligimizning eski binoda joylashgan kutubxonasi ham men uchun muqaddas dargoh edi. Bir kuni borsam, kutubxonachi opa anchagina kitobni bogʻlab, burchakka ajratib qoʻyibdi.

– Nega bularni ajratib qoʻyibsiz? – dedim.

– Eski kitoblar, uyga olib ketaman, tutantiriq boʻlar, – dedi.

– Kitoblarni yoqasizmi? – dedim hayajonlanib. – Ortiqcha boʻlsa menga bering, iltimos, – dedim yalinib.

Ayol yumshadi.

– Olsang, olaver, lekin oʻqib boʻlarmikan, juda eskirib ketgan, – dedi.

Kitoblar ogʻir edi, amallab uyga olib borib, yelimladim, tikdim. Mening shaxsiy kutubxonam ana shunday shakllana boshlagan edi.

Kitobga boʻlgan mehrim adabiyotni sevishdek ulkan baxtni inʼom etdi. Yuragim oʻqish va yozish ishtiyoqi bilan limmo-lim toʻla edi.

Oltmishinchi yillar oxirida adabiyotda porlagan Oʻlmas Umarbekovning “Sevgim, sevgilim”, Uchqun Nazarovning “Fido”, Shukur Xolmirzayevning “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor”, Oʻtkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” nomli qissalari, Abdulla Oripovning “Mitti yulduz”, Erkin Vohidovning “Yoshlik devoni” nomli sheʼriy toʻplamlarini qoʻlimizdan qoʻymasdik, tunlari yostigʻimiz tagiga qoʻyib uxlardik. Bu asarlar yosh qalbimizga shijoat bagʻishlar, ulkan maqsadlar sari chorlar, goʻzallikka oshno qilardi.

Yillar oʻtdi, ha, koʻp yillar, hayotning past-baland, oʻnqir-choʻnqir yoʻllari, tovon kuydiruvchi jaziramasiyu, qahrli qahratonlari oralab oʻtadigan yoʻllar, ammo qachon boʻlmasin, qayerda boʻlmasin, eng yaqin yoʻldoshim kitob boʻldi, hozir ham shunday – usiz yashay olmayman. Nabiramning beshigini tebratayotganda ham yonimda kitob boʻladi. Hali besh yoshga toʻlmagan boshqa nabiram, “Momojon, sheʼr oʻqib bering, Muhammad Yusufning sheʼrini”, deydi. Sevinchdan koʻzlarimga yosh keladi shu murgʻak yurakning kitobga, sheʼriyatga mehrini koʻrib.

Chekka qishloqning pastqamgina maktabida, elektr chiroqlari boʻlmagan bir sharoitda oʻqigan mendek sodda qizning qalbiga oʻqish ishtiyoqini solgan, buyuk orzular sari yetaklagan narsa kitob boʻlmay nima edi?! Ha, faqatgina kitob va muallimlarimiz sabogʻidan oʻzga taʼsir etuvchi kuch yoʻq edi u paytlarda.

Bugun shuni aniq bilamanki, kitobni sevgan odam hayotni sevadi. Hayotni sevganlar esa hech kimga yomonlikni ravo koʻrmaydi. Ezgu niyatlar bilan yashaydi. Boshqalarga mehr ulashadi.

Aziz farzandlarim, hamisha yodingizda tuting, kitobsiz hayot – boʻshliq. Sizni yorugʻ manzillarga eltuvchi ham ana shu kitob, undan olgan ilmingizdir. Bu aniq.

 

Boʻston RAHMONOVA,

Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.