Kitobga ham reklama kerak

0
498
marta koʻrilgan.

Doimo kitob mutolaa qiluvchi va aksincha bu ishga hafsala bilan yondashmaydigan yoshlar oʻrtasidagi farqni sezish qiyin emas. Kitobga mehr qoʻygan oʻquvchi yoki talaba odatda kompyuter oʻyinlari, yangi rusumdagi qoʻl telefonlariyu koʻngilochar saytlarga mukkasidan ketmaydi. Chunki ularda foydasiz yumushlar bilan shugʻullanishga vaqt ham, ehtiyoj ham boʻlmaydi.

Gazeta sahifasida “Yoshlar nimani oʻqiyapti” mavzusida berilgan tengdoshlarim fikri bilan tanishib, shunga ishonch hosil qildimki, yosh ijodkorlar, adabiyot, sanʼat sohasiga kirib kelayotgan navqiron avlod vakillari orasida kitobga eʼtibor katta. Shu oʻrinda, kitob nafaqat ijod ahli, balki barcha soha vakillari uchun ham zarurligini taʼkidlash lozim. Hamma gap aslida yoshlarni kitobga qiziqtira olish, ularga kerakli adabiyotni taklif qilishga bogʻliq, deb oʻylayman.

Toʻgʻri, kutubxonalar va oʻquv muassasalarida yangi kitoblar taqdimoti, yozuvchilar bilan uchrashuvlar doimo oʻtkazib boriladi. Lekin bu muhit barcha yoshlarni qamrab olyaptimi? Gazetada chiqish qilgan tengdoshlarimdan biri “Kattalar kitob tanlashda maslahat berishsa yaxshi boʻlardi”, degan fikrni aytgan. Haqiqatan ham yoshlar orasida bunga katta ehtiyoj bor. Yaqinda Frans Kafkaning yangi nashrdan chiqqan “Jarayon” romanini oʻqib tugatdim. Tabiiyki, bu ajoyib asardan olgan taassurotlarimni tengdoshlarim bilan oʻrtoqlashish istagi paydo boʻldi. Shu xayolda universitetga yoʻl olarkanman, har kuni talabalarning, bir zumga boʻlsa-da, xayolini oladigan afishaga koʻzim tushdi. Tasavvur qildim: afishadagi turli reklamalar qatoridan yangi kitoblar ham joy egallasa… Rang-barang koʻrinishdagi kitoblarning muallifi, mazmuni haqidagi maʼlumotlarni oʻqiy olsak, foydali ish boʻlmasdimi? Masalan, qoʻl telefonlariga estrada xonandalarining yangi qoʻshiqlarini yuklab olishni taklif qiluvchi turli xabarlar orasida yangi kitoblar toʻgʻrisidagi qisqacha axborot uchun joy ajratish mumkin-ku! Shuningdek, yoshlarni yangi nashrlarni qaysi kitob doʻkonlaridan, qanday adad va bahoda topish mumkinligi ham befarq qoldirmasdi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun kitobga ham reklama kerak. Biroq bu jarayon tish choʻtkasi yoki bosh ogʻrigʻini qoldiruvchi dori reklamasiga oʻxshab qolmasligi lozim. Chunki kitob shunchaki kundalik ehtiyoj ashyosi emas, balki maʼnaviy talab omili. Uni qanday qondirish borasida toʻgʻri va xolis maslahat olish yoshlar uchun juda muhim.

 

Zulxumor ORIFJONOVA,

OʻzMU talabasi

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.