Kitob shavq bilan oʻqilishi kerak

0
185
marta koʻrilgan.

Ikki kunda oʻqib tashlash mumkin boʻlgan baʼzi kitoblarimizni oʻquvchi haftalab oʻqiydi. Kitob stolning chekkasida ogʻir yuk boʻlib yotaveradi. Har safar unga koʻz tushganda uzib boʻlmaydigan katta qarz yodga tushganday yurak orziqadi. Oʻqishga fursat boʻlganda kishi uni ne mashaqqat bilan qoʻlga oladi; xinin yutganday aftini burishtirib, sabri yetguncha oʻqiydi; avtorni ichida yoki baralla soʻkadi… Bunday kitobni adabiyotchi oʻqisa adabiy hayotdan orqada qolmaslik uchun oʻqiydi, kitobxon nima uchun oʻqishi kerak – Xudoning oʻzi biladi.

Mana shu xildagi kitoblar ozmi: hajmi xiyla salobatli, hozirgi zamon temasida, hozirgi zamon temasida boʻlganda ham “mayda” emas, “yirik” temada. Qahramon “jamoat ishida aktiv”, kundalik normasini yuz ellikdan kam bajarmaydi; ishdan keyin romanlar, oʻz kasbiga doir kitoblar oʻqiydi; qabr ustida nutq soʻzlasa, oʻlik bajarolmay ketgan ishlarni davom ettirishga hamma nomidan soʻz beradi; toʻyni ishlab chiqarish kengashiga aylantirib, oʻzining ajoyib rejalarini, takliflarini oʻrtaga tashlaydi… Hamma uning soʻzlariga quloq soladi…

Bu xildagi qahramon hammaga aql oʻrgatishi kerak, shuning uchun atrofdagi odamlar undan aqlsizroq boʻlishi shart.

Ehtimol, bu sxema dagʻaldir, ehtimol baʼzi bir yozuvchilarning izzat-nafsiga tegar, lekin ilhom, yaʼni qalb harorati bilan ilitilmagan, dardsiz, ehtirossiz yozilgan sovuq asarlar koʻp. Bunaqa asarlarni maqtaydigan didsiz tanqidchilar ham topiladi. Bu toifa tanqidchilar oʻqib boʻlmaydigan, badiiy jihatdan gʻoyatda gʻarib boʻlsa ham roʻy-rost “gʻoyaviy xatosi” yoʻq kitoblarni axtarib yurib, ular toʻgʻrisida madhiyalar yozib oʻrgangan, shuni kasb qilib olgan. Mazkur kitob shunday tanqidchilarning qoʻliga tushsa, yoziladigan taqriz ham kitobning oʻziga juda mos boʻladi: taqrizchining ichki qanoati emas, har xil “foydali” mulohazalari natijasi boʻlib vujudga keladi. Taqrizchi avval hozirgi zamon temasining ahamiyatini tushuntiradi, undan keyin ijobiy qahramon haqida juda toʻgʻri muhokamalar yurgizadi, soʻngra “asar ayrim kamchiliklaridan qatʼi nazar, ijobiy va tarbiyaviy rol oʻynaydi”, degan xulosa chiqaradi.

Kitobni oʻsha ijobiy rolidan bahramand boʻladigan, tarbiya oladigan kitobxon oʻqiyolmasa, oʻqimasa-chi! Tanqidchining bu bilan mutlaqo ishi yoʻq. Bizningcha, bu xildagi kitoblar hech qanday ijobiy va tarbiyaviy rol oʻynamaydi, aksincha, adabiyotning tarbiyaviy roliga zaxa yetkazadi; zamonaviy temani, ijobiy qahramonni, umuman, adabiyotni kitobxon koʻzida beburd qiladi…

…Jamiyat kishisining ongi oʻz-oʻzidan emas, balki gʻoyaviy-tarbiyaviy ishning zoʻri bilan mukammallashadi, yetuk holga keladi. Ertagi kishining ongini yetuk qilishda, shubhasiz, adabiyotning roli juda kattadir. Modomiki shundoq ekan, oʻqib boʻlmaydigan kitob, yozuvchi xalq hayotini naqadar chuqur oʻrganganligiga va bu hayot unga qay darajali ilhom berganiga eʼtibor qilmaydigan tanqid bunday rolni oʻynay olmaydi.

Bizningcha, rangsiz, nursiz, haroratsiz yozilgan asarlar hayotni chuqur oʻrganmasdan, uning achchiq-chuchugini tatimasdan, oʻsha hayot odamlarining qalbiga qalbni payvand qilmasdan, dardsiz, ehtirossiz, yaʼni ilhomsiz yozilgan asarlardir.

Bundan bir necha yillar burun bizda hamma oʻzini poeziyaga urgan, oʻshanda: “Litfondga beriladigan ariza ham sheʼr bilan yozilayotibdi”, deb kulishar edik. Keyingi yillarda proza janri taraqqiy qila boshladi, prozachilarning soni koʻpayib ketdi. Hozir adabiyotimizda mustahkam oʻrin olgan, shu janrda dadil-dadil qadamlar tashlayotgan yigirmadan ortiq prozachimiz bor. Bular, albatta, katta toʻlqin yaratdi. Ayrim prozachilarimiz, aftidan, shu toʻlqin ostida bir lahza boʻlsa ham koʻzdan gʻoyib boʻlmaslikka talpinib, baʼzan zoʻrma-zoʻraki asarlar ham yozishadi.

Bunday asarlar ilhom natijasi emas, yozuvchi boʻlgandan keyin, umuman, yozib turish, iloji boʻlsa mumkin qadar kattaroq narsalar bilan maydonga chiqish xohishidan tugʻiladi. Bunaqa ilhomsiz yozilgan oʻlik asarlarni hech qanaqa yuksak gʻoya, hech qanday muhim tema, texnika, malaka tiriltirolmaydi.

Oʻlik asarlar, xususan, ehtiros – ilhom, yaʼni yurak qoni bilan yozilib yashnab turgan asarlar yolqinida yana ham xunukroq koʻrinadi.

Lermontov Pushkinning halokatiga yozgan sheʼrini shu buyuk voqeaga oʻzining munosabatini aytib qoʻyish uchun yozgan emas. “Revizor”ni yozmaslik Gogol uchun hayotning maʼnosini yoʻqotish bilan baravar edi. Boris Polevoy “Chin inson haqida qissa”ni shu irodasi zoʻr kishiga oʻzining munosabatini bildirish uchungina yozgan emas, buni butun vujudi talab qilgan. “Inson taqdiri” hikoyasida odam bolasiga boʻlgan cheksiz mehru muhabbat, uning urush yillarida chekkan azob-uqubatlari uchun kuyish, iroda va bardoshi, olijanob qalbi uchun faxr tuygʻulari Sholoxovning koʻkragidan qoʻshiqday otilib chiqadi.

Daraxtni undiradigan, oʻstiradigan va mevasini laziz qiladigan quyosh, yer va suv boʻlsa, badiiy mahoratni undiradigan va oʻstiradigan, samarasini jozibali qiladigan xalq hayotidan olingan ilhomdir. Buning yana ham yorqinroq misolini professional yozuvchi boʻlmagan, hatto qoʻliga birinchi marta qalam olgan, lekin qalamni shuhrat yoki boshqa narsa tama qilib emas, qalbidagi muhabbat va nafrat olovini olamga sochish uchun olgan kishilarning asarlarida koʻrish mumkin.

Ilhom bilan yozilgan yaxshi kitoblarimizning baʼzan husnini buzadigan illatlaridan biri soxta monumentalizmdir. Bizda yozuvchilar tegishib kitobning hajmini list bilan emas, kilogrammlab oʻlchashadi, falonchining kitobi ellik gramm, falonchining kitobi uch kilo, besh kilo…

Biz baʼzan yaxshi ocherk boʻladigan materialdan yomon povest, oʻrtacha povestni shishirib roman qilamiz…

 

Hamma laqmaliklar orasida eng yomon laqmalik, shubhasiz, adabiy laqmalikdir. Joʻn laqmaga chap berishning iloji bor, unga otalarcha nasihat qilish, u bilan gaplashmay, salomlashmay oʻtish, uni kalaka qilish mumkin. Biroq bitta Ivanning, bitta Pyotrninggina emas, minglarcha odamlarning koʻnglini ozdiradigan adabiy laqmalikdan qutulishning iloji bormi!

I. Shedrin

 

Afsuski, koʻpimiz mana shu oltin soʻzlarga rioya qilmaymiz.

Kitob qaysi janrda yozilmasin, oʻqishli boʻlishi kerak. Kitobning oʻqishli boʻlishi avtorning kitobxonga aytadigan toʻla magʻizli va juda zarur fikri boʻlganini koʻrsatadi. “Kitob oʻqishli boʻlishi shart emas” deydigan yozuvchilar oʻqishli kitob yozish qoʻlidan kelmaydigan yoki hayotni chuqur oʻrganib ilhom olishga erinadigan yozuvchilardir.

Rus klassik yozuvchilaridan qaysi biri oʻqib boʻlmaydigan kitob yozgan? Bularni jahonga tanitgan kitoblari eng oʻqishli kitoblari emasmi?

Oʻqishli kitob goʻzallikdir, lekin goʻzallikda ham goʻzallik bor. Qorongʻi kechada otilgan mushak ham goʻzal, quyoshga qarab xandon tashlab turgan gul ham goʻzal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang olov va oqish iz-lar goʻzalligi koʻzni qamashtirsa ham puch goʻzallik, shuning uchun bebaqodir. Gulning goʻzalligi esa toʻq goʻzallik, chunki uning bagʻrida hayot bor, shuning uchun abadiy goʻzallikdir. oʻuncha guldan ham goʻzalroq, chunki uning bagʻrida ikki hayot – oʻz hayoti va yana gul hayoti bor.

 

Abdulla Qahhor

 

1963

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.