Kimlar Sohibqiron boʻlgan?

0
2212
marta koʻrilgan.

Sohibqironlikka loyiq boʻlgan siymolar hikoyalar mazmuniga koʻra, jahoniy saltanat egasi boʻlish bilan birgalikda jahoniy maʼnaviyat sohibi, umuman, komil inson, barkamol shaxs ham boʻlishi lozimdir. Xuddi shunga munosiblar soni tarixiy manbalarda yozilishicha, koʻp boʻlmagan, balki, bu nomga sanoqli siymolar muyassar boʻla olgan.

Tarixiy-badiiy asarlarda sohibqironi aʼzam sifatida asosan besh nafar jahongir sultonlar (hukmdorlar) va ular sulolasi haqida maʼlumotlar berilgan. Baʼzi manbalarda olti nafar sohibqiron oʻtgan, deb qayd etiladi. Bular haqida qisqacha maʼlumotlarni keltirish mumkin. Amir Temur va uning vorislari davri tarixiga doir bitilgan asarlarda, chunonchi, Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” asarida sohibqironlik rivoyati haqida fikr bildirilib, dunyoda uch nafar sohibqiron oʻtganligi qayd etilgan. Unda “Sohibqiron” soʻzining kelib chiqish maʼnosi yoki etnik xususiyati haqida ham fikr bildirilgan.

“Temur tuzuklari”da, jumladan, “Temurnoma” asarida ham “Sohibqiron” soʻzining maʼnosi quyidagicha izohlanadi: “Sohibqiron – Amir Temurning laqabini anglatgan; bu soʻz “sohib” va “qiron” soʻzlarining birikuvidan shakllangan; fors-tojikcha “sohib” qismi turkiy-oʻzbekchada “ega” maʼnosini ifodalaydi; arabcha “qiron” soʻzi esa ilmi nujumda ikki sharofatli sayyora, Zuhra (Venera) va Mushtariy (Yupiter) oʻz harakatida bir-biriga qarab yaqinlashgan holatini “qiron burji” va uni baxt-saodat alomati, deb qaralgan. Shu paytda tugʻilgan farzand taqdiri baxt-saodatli inson yoki buyuk hukmron boʻlarkan. Umuman, Sohibqiron – mazkur ikki sayyora bir-biriga yaqinlashgan vaqtda tugʻilgan baxtiyor hukmron yoki podshoh demakdir”.

“Temurnoma”ni nashrga tayyorlovchi olim Poyon Ravshanov quyidagicha maʼlumot beradi: “Ikki sayyoraning – Zuhal bilan Mushtariyning yaqinlashuvi davrida (Olloh taolo shu soatda olamni yaratgan ekan) tugʻilgan oʻgʻil sohibqiron boʻlar ekan. Yulduzlar harakatidagi bu holat har sakkiz yuz yilda takrorlanar ekan. Shunday peshonasi yarqiragan zotlar Amir Temurga qadar ikkita oʻtgan ekan. Bular – Iskandar Zulqarnayn va Muhammad paygʻambar. Amir Temur Muhammad paygʻambardan soʻng sakkiz yuz yil oʻtib, uchinchi sohibqiron boʻlib tugʻilgan ekan. Toʻgʻri, ayrim tarixiy asarlarda, masalan, “Abdullanoma” (“Sharaf-nomai shohiy”) asarida Hafiz Tanish Buxoriy bu mundarijaga Abdullaxon nomini ham kiritadi”.

Bu kabi fikrlarni hisobga olsak, sohibqironlikka muyassar boʻlgan podshohlar nomi tarixiy manbalarda juda koʻp koʻrsatilgan. Masalan, Alouddin Otamalik Juvaniy (1226–1283), Rashiduddin Fazlulloh Hamadoniy (taxminan 1247–1318), Hamidulloh Mustofiy Kazviniy (1281–1349) kabi muarrixlarning asarlarida bir qancha hukmdorlar sohibqiron nomi bilan tilga olingan.

Ushbu maʼlumotlar qatorida Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” asarida ham bu haqda baʼzi fikrlar borligini qayd etish mumkin. Olimning asarida qadimiy turk-moʻgʻul avlodlaridan boʻlgan, aniqrogʻi, Qayon ibn Elxon naslidan Buzanjarxon ibn Alanquva ham sohibqiron deb atalganligi qayd etiladi. Mirzo Ulugʻbek ushbu maʼlumotni tarixiy manbalarda aytilganligini uqtirib, Buzanjar tugʻilgan vaqt (“hijratdan keyingi 115 sanada”) qiron yiliga toʻgʻri kelgan, degan fikrni bayon etadi.

Asarda sohibqironlik xislatlari mavjudligini koʻrsatish maqsadida uning faoliyati haqida anchagina fikr bildirilgan. Jumladan, “Toʻrt ulus tarixi” asarida Chingizxon ham sohibqiron podshohlar qatorida tilga olinadi…

Darhaqiqat, Amir Temur bilan Chingizxon ajdodlarining bogʻliqligi haqida “Amir Temur ajdodlari” risolasida (Toshkent, 1992), jumladan, Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” asarida anchagina keng fikrlar bayon etilgan. Sohibqiron Amir Temurning dunyoga kelish faoliyati esa Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Hofizi Abroʻning “Zubdat ut-tavorix Boysungʻuriy”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Fosih Ahmad Havofiyning “Mujmali fosihiy”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlay-as-saʼdayn”, Ibn Arabshohning “Ajoyib ul-maqdur fi tarixi Taymur” kabi tarixiy-badiiy asarlarida batafsil maʼlumotlar bayon etilgan. Bizningcha, “Moʻgʻullarning yashirin tarixi”, Abdulxayr Hamadoniyning toʻrt jildlik “Jamiʼ at-tavorix”, ayniqsa, Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” asarlaridagi maʼlumotlarning manbai birdir. Demak, Mirzo Ulugʻbek asarida keltirilgan maʼlumotlar, ularning asarlarida ham u yoki bu tarzda qayd etilgan. Shunga qaramay, asosan uch nafar kishi sohibqironlikka muyassar boʻlganligi koʻpchilik asarlarda tan olinadi.

Tarixnavis Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” asarida Sohibqiron Amir Temurning dunyoga kelishi haqidagi fikrlar qiziqarli badiiy hikoyalar shaklida bayon etiladi. Masalan, hali dunyoga kelishga ulgurmagan Amir Temur (onasining qornidaligi davri) hayotidagi qiziqarli epizodlar quyidagi badiiy tarzda bayon etiladi: “Tegina begim mohni tugʻori yaqin kelgan vaqtda, Yukuna xonim bir kechasi tush koʻrdikim, Tegina begim moh etakidin Quyosh tuluʼ qilib, mashriqdin magʻribgʻa borub tamom olamni oldi. Andin Hindiston sarigʻa mayl qildi… Oʻrnidin turub otasidin qolgan bir gʻulomi, yaʼni quli bor erdi, oti Moydun edi, oni chaqirib,… Yukun xonim aydi: “Tegina begimni tushumda andogʻ koʻrdum, bir taʼbirgʻa yetuk kishi boʻlsa, ushbu tushni soʻrgil”, deb voqeani bayon qildi… Qul aydi: “… Samarqand viloyatida bir magʻorada oti Sabulak ota degan kishi har qanday mushkul soʻz boʻlsa hal qilur ermish” degach, Moydunni Sabulak ota sarigʻa yubordi… Sabulak ota aydi:… “Tarixning yetti yuz oʻtuz beshida bir oʻgʻuli sohibqiron vujudga keladur. Gumon qilurman, tuluʼi Kavkabning vaqtigʻa qaragʻonda yaqindurkim, ul oʻgʻul onadin yer yuziga tugʻulur sohibqiron boʻlib, yetti iqlimni olgʻay, aning avlodi sakkiz yuz yil saltanat surgʻay…” Yukun xonimgʻa kelib bayoni voqea taʼbirini aydi. Anga rashk oʻti shoʻla urdi. Quligʻa aydikim, “bir ish qilib, Tegina begim mohni oʻldurayluk…”.

Shu kabi asarda Amir Temur dunyoga kelayotgan yilida yetti iqlim podshohlari (Rum Qaysari, Bagʻdod malikasi Dilshod xotun, shoh Shujoʼ, Hindiston begi va podshohi Malik Raʼno Ballixon, Farang podshohi, Xitoy va yettinchi Totor-urus podshohlari ham xuddi shunday tashvishga tushganlar) Sohibqiron tugʻilmasdanoq uni yoʻq qilish rejasini tuzganliklari haqida hikoyalar berilgan.

Muallif oʻz asarida Amir Temurning tugʻilish kuni (soati)ni yuqorida qayd etilgan voqealar bilan bogʻlanishini, oʻtmish bitiklaridagi kabi badiiy boʻrttirish yoki tasodifiy, deb qaramaydi. Balki bu hodisa oldindan bashorat qilingan, deb qarab, Temur shaxsiyatini yanada ulugʻlaydi.

Salohiddin Toshkandiy mazkur asarida Sohibqironning tugʻilishi bilan bogʻliq afsona va rivoyatlardan Amir Temurning shaxsiyatini ulugʻlash, uning boshqa hukmdorlardan farqli tomonlarini, oʻziga xos buyuk shaxs ekanligini kitobxon koʻz oʻngida badiiy, taʼsirchanlik bilan ifodalay olgan. Zero, tarixchi olim Poyon Ravshanov taʼkidlaganidek, badiiy adabiyotda buyuk tarixiy shaxslar hayotiy faoliyati, ularning taqdiri azaldan belgilab qoʻyilganligi anʼanaviy tarzda tavsif etib kelingan. Bu anʼana “Temurnoma”da ham chetlab oʻtilmagan. Chunki Amir Temur shaxsiyati va uning faoliyati nafaqat Markaziy Osiyo tarixida, balki dunyo tarixida iz qoldirgandir.

 

Usmon SANAQULOV,

Qoʻziboy MAMARAIMOV,

professorlar

 

zarnews.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.