Kibrsiz odam

0
486
marta koʻrilgan.

Muhammad Yusuf haqida gap ketganda kim birov erka shoir, yana kim kuychi edi, yana kim nimadir deb taʼrif beradi va har kim bu borada oʻzicha haqdir.

Adashmasam, aka bilan biz Prezident Akademiyasiga kirmasdan xiyol burun Doʻrmonda, rahmatli Shavkat Rahmon huzurida tanishgan edik va shundan soʻng quyuqroq salomlashadigan boʻldik. Shavkat aka oʻshanda betob, ozgʻin gavdasi tagʻin ham ichga tortib, koʻzlari xiyla botgan, Muhammad aka negadir dasturxondagi mayizni maqtagan, Abdulla akam buni qora quyosh deb aytadi deya alqay boshlagan edi. Shoir oshirib yuboryaptimikin deb oʻyladim. Lekin ikki koʻzim Shavkat Rahmonda. Biqinida Nabijon Boqiy, tez-tez bir narsalar deb qoladi, esimda yoʻq, har qalay oʻshanda Shavkat aka yarim kosa lagʻmon ichgani yodimda. Shoir xuddi shu safar ishtahasi ochilib, endi sogʻayib ketadiganday tuyulgan menga.

Ammo…

“Osmon toʻla havolar

faqat menga yetmaydi…”[1], deb yurgan kunlari ekan.

Uyushmadan Muhammvd Yusuf bilan menga Prezident Akademiyasining oʻn oylik katta kursida oʻqish uchun tavsiya berildi. Endi el qatori kirib oʻqib yotibmiz-u, bitta narsadan aka bir oz xijolat tortadi. Safimizda oʻttiz yoshga yetganlar bor edi, ammo akaga oʻxshab qirqni urib, bir-ikki pogʻona oshib ham ulgurganlari yoʻq edi. Chamamda oʻqishga qabul qilinuvchilarning yoshini cheklovchi nizomga ham akaning “standarti” chandon toʻgʻri kelmas edi.

Sababi, u – Muhammad Yusuf edi.

Gap tamom.

Oʻzi Muhammad Yusuf adabiyotga kech kirib keldi. Esingizdadir, oʻsha “Yoshlik” jurnalida “tanklar ham paxta teradi, Zambaraklar bugʻdoy oʻradi hali” degan mazmundagi sheʼri chiqqanda bir kunda mashhur boʻlib ketuvdi. Biz talabalar hayron boʻlganmiz: yoshi Sirojiddin Sayyiddan ham katta, qayerda biqinib yurdi ekan, tavba…

Nazarimda Muhammad Yusuf rostdan ham adabiyotga bir kunda kirib kelib, oʻzining muqim oʻrnini topib olgandek…

Muhammad aka birov bilan uzoq ezilib, emranishib oʻtirishni xohlamas edi. Kutilmaganda turib joʻnab qolar edi. Akademiyadaligida ham koʻzga koʻrinmay panada bechorasinib yurganlar bilan qalin doʻst boʻlib olar, bu holat har qanday vaziyatda shoirning izzatini joyiga qoʻya oladigan kazo-kazo va badavlat talabalarning gʻashini keltirardi.

Esimda, 1997 yilning bahori edi. Muhammad aka Jizzaxning Dashtobodidan Maʼrufjon degan yigitning tugʻilgan kuni ekanini bilib qolibdi. Akademiyada ham har turli qavm odamlar, tinglovchilar bor, hamma maʼlum bir joyda oʻz vazifasidan ozod etilmagan holda maosh olib oʻqib yuradi, lavozimdagilar ham ancha-muncha bor, koʻp oʻtmay vazir, viloyat hokimi darajasiga koʻtarilganlar ham boʻldi. Ammo Maʼrufjon choʻldagi qurilishlardan birida oddiy vazifada ishlar, keyinchalik ham karyera qilmay oddiyligicha qoldi, lekin, kuzatishimcha, Muhammad akaning umri oxirigacha qadrdon ukasi boʻlib yurdi.

Aka vazifadagi kishilar bilan mutlaqo salomlashmas edi, desam yolgʻon boʻladi. Ular bilan yaxshi munosabatda boʻlar, ammo eshigiga borib yotib olmas, bir ish bitsa bitdi, bitmasa afsuslanib oʻtirmay, qoʻl siltab ketaverar edi.

Qisqasi, Muhammad Yusuf kibrdan xoli inson edi.

Akademiyada guruhlar qoʻshilgan katta auditoriyada ham, kichik auditoriyada ham shoir oxirgi partaga oʻtirishni odat qilgan edi. Bir talay sheʼrlar, jumladan, oʻsha “Bir oʻgʻli, bir qizi bor Ozodaning, men baribir sevaman Ozodani” degan satrlarini dastavval Akademiyadagi tinglovchilar eshitishgan.

1997–yangi yilni kutib olish arafasidamiz. Akademiya hovlisida bir nozik, goʻyo uchib borayotgan qizning, toshdan shekilli, haykali bor, biroq u yalangoyoq holda ishlangan edi. Qitmirroq yigitlar tunda, odamlardan bekitiqcha qiz tushgurning oyogʻini poychasiga uzun qizil paypoq kiygizib qoʻyishibdi. Muhammad aka ertasi kuni qiz haykali qoshidan ketolmay, Yevropa goʻzaliga ham ibo yarashadi, buni tushungan oʻzbek oshiq yigitlariga rahmat ayt, mazmunidagi hazil sheʼrni bitib tashladi.

Dashtoboddagi Maʼrufjonning odmigina uyiga “Villis” degan mikroavtobusda 7-8 kishi kirib borganimizda yigitning dadasi xursandligidan qayta-qayta koʻz yoshi qilgan. Rosa miriqib suhbat qurganmiz.

Vaziyatdan goʻyo ori qoʻzigan gulistonlik baʼzi kursdoshlarimiz ertasi kuni mashina tashkil etishib, barchamizni Zomin togʻlariga sayohatga olib chiqishgan. Muhammad aka Zominda Boburga oʻxshab yalangoyoq holda, oyoqlarini kerib sheʼrlar oʻqigani hamon yodimda.

Akademiyada N. Komilov, Gʻaybulla as-Salom, Sh. Rizayev, N. Jumaxoʻja, singari adabiyotshunos domlalar ham saboq berishardi. Gʻaybulla aka turli mavzu, turli janrlarda qalin-qalin kitoblar yozib chop etar, akademiya rektori u odamga xayrixoh va homiy edi. Gʻaybulla aka mening “Hadislarda davlat qurilishi va hokimiyatga munosabat” deb nomlangan diplom ishimga opponent, Najmiddin Komilov rahbar edi. Diplom ishi yozilmasa, respublika nashrlarida mavzuga doir uch dona maqola chiqarish ham kifoya qilar edi. Kamina gazeta-jurnallarda 8-9 ta maqola chiqarganman, oʻzimcha kerilib yuribman, biroq rahbarim Najmiddin Komilov men chiqargan maqolalar bilan mavzu orasida hech bogʻliqlik topolmay obdon ensasi qotar edi.

Muhammad aka bir mahal orqadan turib:

– Najmiddin aka, shu Sobirning hafsalasiga besh ketish kerak, – dedi. – Birov gazetada bir parcha xabar chiqarsa dunyoni buzadi, buniki sakkizta ekan-ku, yana hammasi oʻqiladigan materiallar…

Najmiddin Komilov boshqalar nima derkin, degan maʼnoda zalga qaragan edi, buxorolik kursdoshim oʻrnidan turib “Bu yigit nafaqat jurnalist, balki “Yoshlik” degan jurnalga ham muharrir, falon yili buxoroliklardan bir necha kishi qamalib ketayotganda jurnal oʻrtaga tushib, jonbozligi tufayli odamlar nohaq qamoqdan qutulib qolishgan”, deb qolsa boʻladimi?

Bu gap gʻirt yolgʻon ekanidan avvalo men uyalib ketdim. Axir, bizning jurnal huquqiy nashr emas, qamalganlarga aloqasi yoʻqligini hamma biladi-ku, bilmaganlarga ham yil davomida obuna haqida gapiraverib otning qashqasidek qilib qoʻyganman.

Orqaroqda jim oʻtirgan Gʻaybulla aka shart oʻrnidan turib doska yoniga keldi. Asta-sekin gapni uzoqdan boshladi. Meni, M. Yusufni urib tashladi. Mavzuga aloqasizlikda aybladi. Yer yorilmaydi, men kirib ketmayapman, shunchalik ham tuproqqa bulaydimi odamni, kuyovini, katta shoir M. Yusufniyam ayamadi-ya.

Biroq Gʻaybulla as-Salomning xuddi yozganlaridagi singari nutqida ham ajoyib manyovrlari bor edi.

– Bir qarashda shundoq, – deya koʻrsatkich barmogʻini tepaga qarata taʼkidlagannamo qotirib, oʻzi ham qotib, koʻzlarini yirik ochib, toʻxtab, oʻychan holda davom ettirdi.

Xullasi kalom, matbuotda eʼlon qilingan har bir maqolaning aynan falon yoki piston hadisga mos yoki “xuddi shundan kelib chiqib yozilgan maqolalar” ekanini Gʻaybulla domla shu darajada ustalik va zukkolik bilan isbotladiki, yo tavba, muallif boʻlsam ham kamina bunaqa aloqadorlikni sira bilmagan edim…

Diplom ishi egasi, Najmiddin Komilov, M. Yusuf, xullas, hamma agʻrayib qolgan. Najmiddin akadan tashqari tagʻin ikki prorektor ham oʻtiribdi. Ular oldida domlalarim xijolat chekmasliklari uchun doskaga chiqib Imom Gʻazzoliydan biror soat “maʼruza” oʻqidim. Juda qiziq gaplar edi. Hamma qotib turibdi. Lekin bu safar ham mavzuga umuman aloqasi yoʻq gaplar.

Akang qaragʻay boshqalarning zerikarli va oʻta rasmiy, siyosiy, kitobiy mavzulariga qaraganda muvaffaqiyatliroq yoqladim diplom ishimni. Lekin qayoqlarda oʻtlab yurganimni birgina Shoir bilar edi. Shuning uchun tashqariga chiqqach, Shoir odatdagidek burnini ushlab qotib, burishib kulib, yelkamga shap etkazib urarkan:

– Sobir, oʻlay agar, odam-podammassan, odam boʻlmaysan oʻzi san! – dedi.

Aka kam odamlarni “san”sirardi. Lekin samimiyati cheksizligini bildirib turardi.

Najmiddin Jiyanov, Saparboy Ochilov, Elmurod Xolbozorov, Gʻulom Mirzo, sirdaryolik ikki rais doʻstimiz, Maʼrufjon, Jizzaxlik Samariddin Tilavov…

Kunlar oʻtdi. Ne bir kunlar oʻtdi? Sapar qayda, Elmurod qayda? Samariddin doʻstimiz ikki farzand bilan boʻydoq, yanga baxtsiz bir tasodif tufayli olamdan oʻtgan. Shoir aka unga koʻpincha dalda boʻlishga harakat qiladi, tasalli beradi. Falonchi, pistonchilar ham yomon emas, deb “nomzodlar” tavsiya qiladi.

Samariddin Xudo yorlaqagan yigit ekan, shundoq koʻz oʻngimizdagi Davlat va Jamiyat qurilishi fakulteti dekani Fatxulla akaning qabulxonasida oʻtirgan Zulfiya ismli qizni tanladi. Goh men, goh Muhammad aka kino, konsert, teatrlarga patta olib kelib yigitga beramiz, yigit ne koʻyda qizning koʻnglini olishga shoshadi. Axir, Zulfiyaxonim hali boʻy qiz…

Shoirning taʼsirimi, Samar joʻraning oʻzi ham chakki emasmidi, ishqilib oʻqish adoqlayotgan may oylari soʻngida Sirgʻalidagi “Baxt” toʻyxonasida Samariddin bilan Zulfiyaning nikoh bazmini oʻtkazganmiz. Gʻallaoroldan Samarning otasi Oʻrol bobo yetovida bir avtobus odam yetib kelgan. Bu yoqda shoir hofiz xalqini qatorlashtirib tashlagan, har zamon oʻziyam yengil oʻynab davra kezib qoladi…

Samarni, arbob Samariddin Oʻrolovichni shunday uylantirib edik. Muhammad aka bosh boʻlgan edi.

M. Yusuf garchi juda mashhur boʻlib ketgan boʻlsa-da, nufuzli nashriyotlarga qoʻlyozma koʻtarib borishni oʻziga ep koʻrmasdi. Xususiy nashrlar qalam haqi bermasa-da 50-100 ta kitobni oʻziga ortiqcha chiqarib berishni vaʼda qilsa, shoir rozilik beraverardi. Oʻqishni tugatish arafasida sargʻaygan gazeta qogʻoziga bosilgan kitobchasi bir nashriyotda chop etildi.

Doʻkondan bir dona sotib oldim-da, akaga dastxat yozdirish uchun bordim. Aka menga kulib qarab turaverdi.

– San kichkina ijodkormassan, oʻgʻlingning nomini ayt, – dedi soʻng.

Kitobga esa “Oloviddinjon! Yaxshi odam boʻl!” deb yozib qoʻydi…

Shunda men talabalik davrimiz, oʻshanda matbuotda tez-tez koʻrinadigan shoirlar M. Kenjabek, S. Sayyid, M. Yusuflarning birinchi kitoblari chiqishini kutganimiz, “Maktublarim”, “Ruhim xaritasi”, “Tanish teraklar” nashr etilganida oʻnlab sheʼrlarni yod olib, paxta dalalarida baytbarak qilganlarimizni esladim. U vaqtlarda sheʼr, kitob shu taxlit bayram qilinganini akaga aytdim. Endi sheʼrlaringiz qoʻshiqchilar tilidan tushmaydi, shoirlarning vatanparvarisiz, dedim. U odam mening ikki yelkamdan ushlab, tikilib qoldi.

– Qoʻyaverasiz-da endi, Sobirvoy, – dedi-yu, tez ortiga oʻgirildi.

Maqtovni uncha xushlamas edi…

Keyin Muhammad aka oʻzi tez orada arbobga aylandi. “Xalq shoiri” boʻldi, koʻp oʻtmay “senator” boʻlib oldi. Shogirdlari judayam koʻp edi. Shularning ichidan kamtarrogʻini tanlab, yur, deya birga ketaverar edi. U bilan ham aslida emranishib yotmas edi.

Bir kuni ikkalamiz Mustaqillik metrosiga tushsak, shoir Islom Ahadni koʻrib qoldik. Islom aka shoirning kursdoshi ekan. Shoirning ozgina “daraja”si bor edi, avval oʻrtogʻidan oʻpkaladi, “otam oʻldi – kelmading, undan avval katta qizimning toʻyiga kelmading, odamgarchilik bormi?” dedi. Islom Ahad kulib hazilga burgan edi, aka qoʻpollashib uni shunaqa soʻkib tashladiki, hech nari-berisi yoʻq, Islom Ahad ham oʻrtogʻidan buni kutmagan ekanmi, shartta juftakni rostlab qoldi.

Odamlar, ayniqsa qoʻshiqchilarning tez mashhurlik kasalligiga yoʻliqqanini koʻramiz. Ijodkorlar orasida ham uchraydi. Agar shoir zotida shu kasallik urchisa, M. Yusufga birinchi galda yopishishi kerak edi, oʻylaymanki, shunda tantiqlik qilish ham shoirimizga yarashib turishi mumkin edi. Lekin shoir mashhurlikka beparvo edi. Chindan ham unda kibr-havo yoʻq edi.

Ustozlariga, ayniqsa Abdulla Oripovga nihoyatda sodiq ekanini kuzatganman.

Bir gal oʻsha Mustaqillik maydonidagi uyushma binosida raisimiz Abdulla akaning kabinetida suhbat qurib oʻtirardik. Rais ijodiy faollikni kuchaytirish haqida gapirib, ikkimizga ham tanbeh berdi. Barnoxon har zamon kirib pamil choy damlab beradi. Kech tushib, qosh qoraya boshladi. Hanifa yanga chamasi Doʻrmondan akaga telefon qilib qoldi. Bir payt: “Nima? Otam! Otammi?” deb oʻrnidan turib ketdi. Koʻzlari katta ochilib, yuzi shunday vahimali tus oldiki, bunaqa holatni birinchi koʻrib turishim edi.

Muhammad akayam, men ham raisning otasi Orif bobo vafot etganini sezib turardik. Orif boboning uzoq umr koʻrganini ham bilardik. Biroq shoir oʻzi oltmishdan oshib ham xuddi goʻdak farzanddek uv tortib yuborishini kutmagan edik. Rais juda koʻp odamlarga qoʻngʻiroq qildi. Boladay oʻksib yigʻladi. Biz qanday tasalli berishni bilmaymiz. Koʻp oʻtmay Devon, Vazirlar Mahkamasining masʼul odamlari ham akaga qoʻngʻiroq qilib hamdardlik bildira boshlashdi.

Muhammad aka Orif boboning uzoq yashaganini nazarda tutdi, shekilli:

– Toʻy-da endi bu, aka, koʻp ham ezilavermang, – dedi.

Biroq Abdulla aka toʻsatdan boshqacha tutoqib ketdi:

– Nima? Toʻy? Bu senga toʻy, menga toʻy emas!

Muhammad aka toʻy deb chakki gapirganini darhol tushundi. Oʻtinib kechirim soʻray boshladi. Raisimiz esa hovridan tushay demasdi. U yogʻidan oʻtdik, bu yogʻidan oʻtdik, shoir picha bosilgandek boʻldi. Hanifa yangaga telefon qilib, falon yerdagi men hajdan opkelgan zamzam suvini olinglar, otamni shu suvda yuvdiraman, dedi.

Rais uyiga borib ham oʻtirmay uchta mashinada farzandlari, rafiqasi, oʻrinbosari, jumladan Muhammad Yusuf ham qoʻshilib Kosonga joʻnab ketdi. Muhammad aka to maʼrakalari oʻtguncha oʻsha yoqda boʻldi.

Keyin ham bekor bunday debman, deya afsuslanib yurdi.

Na ustoz, na shogird bu tang holatni qaytib eslab oʻtirmadilar…

Ittifoqo, Shoir kunlarning birida saylanma kitob chiqardi. Hammaga tarqatdi. Adashmasam yubileyiga tayyorlanayotuvdimi, bilmayman. Oʻzi toʻsatdan kelib xokisor, ajoyib yozuvchi doʻstimiz Abduqayum Yoʻldoshevga “Siz, Abduqayum, “Zarafshon” restoranida oʻtadigan taqdimot ssenariysini yozib berasiz”, deb qoldi. Abduqayum dovdirab qoldi: “Qanday boʻlarkin, bunaqa narsaga ishim tushmagan”.

– Yoʻq, siz boplaysiz, – dedi Muhammad aka. – Tamom-vassalom.

Shunday dedi-da, Shoir chiqdi-ketdi.

Abduqayum, qoʻlida “Saylanma”, menga qaraydi.

– Akaning ijodiniyam zoʻr bilmayman. Qoʻshiqlarini bilamiz-ku, lekin…

– Urinib koʻring, – dedim men.

Abduqayumday tezkor ishlaydigan ijodkor Oʻzbekistonda yoʻq. Biror mavzuda maqola buyursangiz, kun emas, soatlar ichida aytganingizdan ham zoʻrroq shaklda kompyuterda tap-tayyor qilib beradi. U ertasi kuniyoq 20 sahifalik ssenariy yozib keldi.

– Akaning sheʼrlari qiyomat, – dedi hayajonlanib. – Yonimizda yurgani bilan baribir ijodini chuqur bilmas ekanmiz.

U ssenariyni Shoirga berdi. Bir mahal oʻzi kelib Abduqayumni quchib alqay ketdi.

– Zoʻr, aytmabmidim, oʻylaganimdanam zoʻr! Rahmat, uka! – dedi.

Oʻsha kunlari uyushma rahbariyati Ellikqalʼaga yoshlar seminariga tayyorlanishayotgan edi. Tez orada bir qancha shoir va yozuvchilar rais Abdulla aka boshchiligida Nukusga uchib ketishdi. Uyushma raisining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari sifatida Muhammad Yusuf ham birga edi. Va… oʻzimiz bilgan qisqa tarix – aka qaytib kelmadi.

Komada – behush yotganini eshitib uch kun yurak hovuchlab turdik. Toʻrtinchi kuni esa… biz istamagan mudhish xabarni eshitdik…

Kecha, koʻz oʻngingda gʻayrati toshib turgan inson, kuychi shoir, mehribon doʻst va ogʻa… toʻsatdan… Ajalga hukm yoʻq ekan!

Abduqayum boʻlsa, akaning ijodini oʻqib beixtiyor yaxshi koʻrib qoluvdim, ssenariyni oʻzim bilmagan bir ilhom bilan bir oʻtirishda yozib tashlab edim, deb afsus qildi. Haligacha afsus deydi.

Ertasi kuni adabiyot gazetamizda Prezidentning shoirning onasi Enaxon opaga taʼziyanomasi eʼlon qilindi. Xalqning koʻnglini zabt etgan, mehriga sazovor boʻlolgan ijodkorga yurt rahbarining chuqur hurmat-ehtiromi, gʻamxoʻr oqsoqolning kuyingani edi bu. Ayni paytda oʻzbek sheʼr ixlosmandlarining irodasi ramzi edi.

…Vaqt oʻtib joylarda shoirning ellik yoshligini nishonlash boshlandi. Uning nomida fond tashkil etildi. Parchadekkina gazeta ham bosila boshladi.

Yunusoboddagi bir maktabda oʻtkazilayotgan tadbirda professor Qozoqboy Yoʻldoshev, shoirning umr yoʻldoshi Nazira as-Salomlar bor edi. Juda koʻtarinki ruhdagi uchrashuv edi. Nazira opaga men bir necha yillar avval bir guruh turli yoshdagi, turli vazifadagi odamlarni uyiga boshlab borib, oʻshandan beri muxlislarga qoʻshilib akani “pochcha” deb atay boshlaganimni soʻzlagan edim. Opa ham:

– Sobirjon, shu xotiralaringizni yozib bersangiz, men gazetada berardim. Ochigʻi oʻsha kelganlaringiz, kimlar bilan kelganingiz aniq esimda yoʻq, – deb qoldi.

Oʻylab yurdim-u, biroq yozish fursati kelmadi.

Mana, yozildi ham.

Akani, doʻstni, Shoirni yaxshi koʻrib yurganimiz shundan ham maʼlum boʻlsa kerak…

 

 

MANGULIK FARZANDI[2]

Muhammad Yusuf xotirasiga

 

Elga tanishtirdi “Tanish teraklar”,

Va yo ularni sen tanitding xalqqa.

Hurlik dardi bilan toʻlgan tilaklar,

Millat dardi boʻlib tarixda qalqqan.

 

Andijon aylamish ehson, Marhamat,

Sen ham odam eding, odam farzandi.

Pahlavon misoli koʻtarding-ku dast,

Hazrat Navoiydan qolgan qalamni.

 

Soʻz seni uygʻotdi, sen esa SOʻZni,

“Xalq boʻl, elim!” deya aylading nido.

Muqanna misoli oq kiy deb bizni,

Kurashga boshlading askarday fido.

 

Nogoh “Abadiyat oralab Oʻshga”,

Ketayotgan Shavkat Rahmon ortidan,

Yoʻl solding, barisi oʻxshaydi tushga,

Uzun karvonlarga armon ortilgan.

 

Ajal xanjaridan vujuding tilim,

Qaro tuproqni ham shoshirib ketding.

Dardu quvonch, gʻurur, olqishlar lim-lim,

Yurakni Vatanga topshirib ketding.

 

Beorlar dastidan gʻazabga toʻlib,

Tik boqib dunyoning uzrlariga.

Yetdingmi eng sodiq shogirdi boʻlib,

Gʻaybulloh As-Salom huzurlariga…

 

Sensiz onalarning dil uyi barbod,

Koʻzlaridan yoshi arimagaydir.

Sen shundoq navqiron qolursan abad,

Mangulik farzandi qarimagaydir…

 

 

Sobir OʻNAR

2008 yil, iyul

 

“Yoshlik”, 2014 yil 3-son

 


[1] Shavkat Rahmon misrasi

[2] Odil Hotam sheʼri.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.