Kelin salom marosimi

0
3680
marta koʻrilgan.

Maʼlumki, yoshlarning komil inson boʻlib voyaga yetishida ularning jismoniy jihatdan sogʻlom va baquvvat, zohiran koʻrkam va xushroʻy koʻrinishi yetarli emas. Navqiron alod maʼnaviy jihatdan ham yetuk, yuksak saviyali boʻlishlari lozim. Buning uchun avvalo ularda milliy urf-odatlarimizga, azaliy qadriyatlarimizga sadoqat, izzat-hurmat tushunchalarini shakllantirishimiz maqsadga muvofiqdir. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, mamlakatimizda bu borada oʻtkazilayotgan anjumanlar, turli marosimlar ahamiyati yakqol koʻrinadi. Fursatdan foydalanib, birgina misol keltirib oʻtmoqchiman. Shu yilning bahorida Samarqand yuragi sanalmish Registon maydonida qiziqarli bir tadbir tashkil qilindi: kelin salom. Bilasiz, xalqimizga xos bu qadimiy udum Oʻzbekistonning har bir viloyatida, har bir vohasida oʻziga xos tarzda, oʻzgacha bir shukuh bilan oʻtkaziladi. Hammasi ham oʻzida millatimizga xos estetik qarashlarni aks ettiradi. Poytaxtimiz Toshkent shahrida kelinlar boshlariga yopinchiq yopgan holda egilib salom beradilar, Samarqandda esa salom aytilgan vaqtda qoʻllariga ilingan roʻmolcha bilan yuzini yopadi. Qashqadaryo vohasida esa yon tomonga egilgan holatda salom beradi. Milliy liboslarda hayo bilan bosh egib turgan kelinlarning salom berish uchun qilayotgan bu harakatlari ushbu mrosimga kelgan barchani maftun etadi. Jamiyatda kelajagiga barqaror bir zamin tayyorlashni istagan yoshlar ota-onaga, qoʻni-qoʻshnilarga, yor-birodarlarga, qarindosh-urugʻlarga hurmat bajo aylagan holda marosim orqali oʻz ehtiromlarini koʻrsatadilar. Hurmat bajo aylab salom qilayotgan kelinga nomi aytilgan har bir xayrixoh kishi yosh oilaning mustahkamligi va barqarorligi uchun qoʻllaridan kelgunicha oʻz hissalarini qoʻshadilar. Bu ham oʻzbek xalqining jipsligini oʻzaro, mehr-oqibatliligini namoyon etadi.

Bu tantanada asosan ayollar ishtirok etadilar, ammo yosh oilaga hamqadam boʻladigan kuyovning otasi, amakisi, togʻalari yangi kelinning salomini qabul qilishadi. Yosh oilaga hadyalar berishadi. Kelin salom aytuvchi yangalar kelinni goʻzal liboslarda olib chiqib kelayotganlarida tashrif buyurganlar hurmat va izzat bilan davra qurib kelin atrofiga yigʻilishadi. Barcha topgan-tutgan buyumlarini yangi kelin-kuyov oldiga qoʻyadilar. Oila jamiyatning asosiy, muqaddas boʻgʻini boʻlganligi sababli mana shu yoshlarimiz yangi hayotga qadam tashlar ekan, avvalambor yaratgan zot Allohga salomlar aytadi.

Erka ulni er qilgan, ikki yoshni bir qilgan,

Salom, salom, kelin salom,

avval Xudoga salom.

Oʻzga bir xonadonga qadam qoʻyayotgan har bir kelinchak oʻsha roʻzgʻorga oʻzi bilan baxt-saodat, yaxshi kunlar olib kelishini orzu qiladi. Shuning uchun ham aytilayotgan salomnomada ham shu orzu-niyatlar, tilaklar jam boʻladi.

Qutlugʻ qadamlar bilan kelin kelar yor-yor,

Yaxshi niyatlar bilan salom qilar yor-yor,

Borgan joyi nurga toʻlsin, chaman boʻlsin yor-yor,

Ushbu salomni xalqim qabul qilsin yor-yor.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, oʻchmas qadriyatlarimiz hozirgi kunda yoshlar ong-shuuriga nurday singib, ularda ezgu, umuminsoniy tuygʻularni tarbiyalamoqda.

 

Muattar MAHAMMADIYEVA

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 7–8-sonlar

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.