“Kechmagay mard doʻstidan…”

0
128
marta koʻrilgan.

Axborot asrida yaxshi va yomon xabar birdek tez tarqaladi. Yaqinda internet tarmogʻida 12 yoshli bola suvda choʻkayotgan doʻstini qutqarish vaqtida halok boʻlganligi toʻgʻrisidagi xabar qalblarni larzaga soldi. Bir tarafdan yosh umrga achinsang, ikkinchi tomondan uning jasoratiga tahsin aytging keladi. Voqeani batafsil oʻrganish maqsadida qahramon oʻsmirning yashash manziliga bordik.

Aslida 10 yoshli Abdulloh poytaxtimizning Qoraqamish dahasidagi “Chamanbogʻ” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qilgan. Oilada uch oʻgʻil. Abdulloh bosh farzand. Ota-ona turli sabablar bilan ajrashgach, Abdulloh onasi Nodira Xajayevaga suyanchiq boʻlib qolgan edi.

Voqea bunday boʻlgan: joriy yilning 21 yanvar sanasida Abdulloh doʻstlari bilan futbol oʻynash uchun soat 13: 00da sport maydoniga boradi. Oʻyingoh qoʻshni mahalla hududida joylashganligi uchun ular anhor koʻprigidan oʻtib borishadi. Soat 15: 00dan oshganda doʻstlar oʻyinni yakunlab, ortga qaytishgan. Bu gal Shohjahon ismli doʻsti koʻprikdan emas, unga yaqin joylashgan temir quvurdan yurib oʻtmoqchi boʻladi. Sirpanchiq temirdan oʻtayotganda uning oyogʻi toyib, suvga yiqiladi. Koʻpriqdan oʻtib borayotgan Abdulloh doʻstini qutqarish uchun hech ikkilanmay, oʻzini suvga otadi. Voqeani koʻpqavatli uy oynasidan kuzatib turgan ayollar unga “Suvga sakrama” deya qichqirishadi. Ammo doʻstining hayotini qutqarishni oʻylagan qahramon atrofdagilarni tinglamaydi.

Havo harorati – 5 daraja, suv harorati esa undan-da sovuq edi. Tez oqarsuvda Shohjahon choʻkib borardi. Abdulloh tezda suzib, unga yetib oladi va doʻstini qirgʻoqqa tortib chiqadi. Bu orada boshqa doʻstlar odamlarni yordamga chaqirish uchun yon-atrofga yugurishadi. Oʻsha paytda “Yoshlik” MFY raisi shu atrofda hashar oʻtkazayotgan boʻlgan. Hamma anhor tomonga yuguradi. Mahalla oqsoqoli qirgʻoqqa yaqin kelgan Shohjahonga choʻp uzatib, uni qirgʻoqqa tortib oladi. Kutilmaganda Abdullohning oʻzi suvga choʻka boshlaydi. Atrofdagilar uni qutqarish oʻrniga chetdan turib kuzatish, hayqirish bilan kifoyalanadi…

 

U HAQIQIY GENERAL

 

Sayyora ShODMONOVA,

poytaxtimizning Qoraqamish dahasidagi 134-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi, Abdullohning ustozi:

– Abdulloh tabiatan ogʻir-vazmin bola edi. 1-sinfga kelganida alifbo kitobini qiynalmasdan oʻqiy olgan. Ilmga intilishini koʻrib, sinf sardori etib tayinladim. Toʻrt yil mobaynida u sinfdoshlariga oʻrnak boʻldi. Sportning Turon yakka kurashi turi bilan shugʻullanardi. Yuragida oʻti bor yigit edi.

Bir kuni “Men kelajakda…” mavzusida oʻquvchilar bilan suhbatlashdim. Shunda Abdulloh “Men katta boʻlganimda general boʻlaman” deb qatʼiy ishonch bilan aytdi. Uning general boʻlishiga shubham yoʻq edi. Doʻstlari orasida jasurligi bilan ajralib turardi. U haqiqiy generalga xos jasorat koʻrsatdi. Bunday mardlik hatto, katta odamlarning ham qoʻlidan kelishi amrimahol.

 

ISMIGA MOS FARZAND

 

Husan XAJAYEV,

Abdullohning bobosi:

– Nevaram Abdulloh menga, yaqinlariga juda mehribon edi. Onasi ishga ketganida ukalariga oʻzi qarardi, ovqat pishirib, uylarni saramjon-sarishta qilardi. Hozir bir yarim yoshdan oshgan ukasini qoʻlidan qoʻymasdi. Boshqa bolalardek oʻyinqaroq emasdi. Bosh farzand ekanini, onasining suyanchigʻiligini, masʼuliyatni his qilardi. Boʻsh vaqti boʻldi, deguncha ingliz tilini oʻrganishga kirishardi. “Ukalarimni katta institutlarda oʻqitaman” derdi bolam!

Sportga ham qiziqardi. Turon yakka kurashi boʻyicha koʻplab medallari bor. Maktabda olgan faxriy yorliqlari javonni toʻldiradi. Shuning uchun “futbol oʻynayman”, desa qarshilik qilmaganmiz. Bu kechmish Allohning taqdiri. Nachora, sabr qilyapmiz. Ammo baribir oʻylab qolaman, agar oʻsha paytda atrofdagilardan birortasi suvga sakraganda nevaram tirik qolarmidi?! Axir u yosh bola. Oqimga qarshi suzishga kuchi yetmagan, lekin katta odamlar bemalol suza olardi…

Nevaram behuda yashadi, deb oʻylamayman. Shunday mard farzandim borligi bilan faxrlanaman!

 

Shundan boʻlsa kerak “Hayitdan keyin xinani oyogʻinga qoʻy” degan maqol bor. Voqea joyini koʻrish uchun borganimizda temir quvurning ikki tarafiga oʻtib boʻlmas toʻsiq qoʻyilibdi. Mahalla odamlarining aytishicha bu suv uzoq yillar mobaynida koʻpchilikni oʻz domiga tortgan. Mazkur toʻsiqlar ancha yil oldin oʻrnatilganida bolalar undan yugurib oʻtishmasmidi, koʻplab insonlar hayoti asrab qolingan boʻlardi, balki.

Aziz zamondosh, oʻtayotgan umringizga bir razm soling. Abdullohdek savobga arzigulik ish qila oldingizmi? Uningdek fidoyilik koʻrsatib, yaqinlaringiz koriga yarayapsizmi yoki choʻkayotgan bolani shunchaki kuzatib turganlar kabi yon-atrofga beparvomisiz? Ogoh boʻling, beparvolik sizning ham farzandlaringizga ziyon yetkazmasin. Xonadoningizda Abdullohdek asl, ammo umri uzoq farzandlar tugʻilaversin!

 

Dildora FAYZIYEVA

 

“Sogʻlom avlod” gazetasi, 2018-6

soglom.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.