Jarayon maromi

0
134
marta ko‘rilgan.

Adabiyot tushunchasiga obrazli ta’rif berganda, ko‘pincha uni inson qalbi, jamiyat ruhiyatining barometriga o‘xshatamiz. Haqiqatan, xassos ijodkor nigohi o‘zga nazarlardan pinhon, lahzada kechajak sinoatlarni ilg‘aydi, ijodkorning chap qo‘li insoniyatning ulkan qalbi ustida turadi, uning qanday urayotganini aniqlaydi, o‘ng qo‘li qalam yo‘nadi, ruhiyati so‘z to‘fonlari ichra parvoz etib so‘zlar aro loyiqlarini saralaydi, oq qog‘oz tomon yo‘llaydi. Ijodkor qalbi esa, so‘z nuri ila jilvalanib, badiiyat saltanatiga harorat bag‘ishlaydi. Ijod dunyosida bu jarayon ilhom, rasmiy doiralarda adabiy jarayon deb nomlanadi. Badiiy ijod kishilari shoir, nosir, dramaturg deya atalsa, adabiy jarayon tomirini tutib, uning qanday urayotganini aniqlashga omil kishilar munaqqidlar, ayni jarayonning o‘zi adabiy tanqidchilik deyiladi. Bundan kelib chiqadiki, adabiy tanqidchilik badiiy ijod jarayoni bilan maqsad va mohiyati nuqtai nazaridan uzviy, hatto egiz hodisa.

O‘zbek adabiyotida keyingi yigirma – yigirma besh yillar ichida jiddiy o‘zgarishlar, yangilanishlar ko‘zga tashlandi. Ayniqsa epik va lirik turda ham semantik, ham struktur jihatdan qoliplarga sig‘maydiganroq asarlar maydonga keldi. O‘zbek mumtoz adabiyoti va folklori, jahon adabiyoti an’analarini ijodiy sintez qilishga urinish, inson fenomeniga bir qadar erkinroq yondashuv tamoyillari, obrazlar talqinida, uslubda yangiliklar qilishga intilish sezilarli ravishda kuchaydi. Bu jarayon bo‘yiga qarab bo‘lmasa ham, eniga qarab shu qadar tez o‘sa boshladiki, o‘tgan asrning 80-yillarigacha adabiy jarayon bilan qadam baqadam yurishga odatlangan o‘zbek tanqidchiligi bunday sur’at oldida esankirab qoldi. Bir so‘z bilan aytganda, adabiy ijod tabiatiga xos tartibsizlik oldida an’ana va tartiblarga sodiq tanqidchilik o‘z ojizligini tan olishdan o‘zga chora topa olmadi. Zotan, adabiy jarayondagi tabiiy po‘rtana adabiy tanqid oldiga talqin doirasini kengaytirish, tubdan yangilanish yoxud jarayon o‘zanidan chekinib turish masalasini ko‘ndalang qo‘ygan edi. Adabiy tanqidchilik ikkinchi yo‘lni tanladi, aniqrog‘i tanlashga majbur bo‘ldi.

Ammo chekinish sira ham mag‘lubiyat degani emas. Chekinish, bu – nafas rostlash, yo‘l qidirish, izlanish, kuch yig‘ish, bir so‘z bilan aytganda ilmiy taktika degani. Bu ham o‘zbek adabiy tanqidchiligining o‘ziga xos bir bosqichi bo‘ldi. Zotan, adabiy tanqidchilikning shaklu shamoyili, faoliyat tarzi bir yoki bir nechta tanqidchi, muayyan ijtimoiy, ma’naviy-ruhiy omillar bilangina bog‘lanib qolmaydi. Qolaversa, ayni bosqich sira ham tasodif emas, balki o‘z nomi bilan jarayon. U o‘zining aniq qonuniyatlari, aniq tamoyillariga ega. Ana shu jarayonni xolis kuzatish, qonuniyatlarini ilg‘ash va qayd etish, umumlashtirish, shu asosda o‘zbek adabiy tanqidchiligining kelajagi xususida fikr aytish zarurati bor edi. Filologiya fanlari nomzodi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti Qurdosh Qahramonovning “Adabiy tanqid: yangilanish jarayonlari” (T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 2009), deb nomlangan monografiyasi ayni zarurat tufayli maydonga kelgan asarlardan biridir.

Albatta, Q. Qahramonovga qadar ham o‘zbek adabiy tanqidchiligining shakllanishi, o‘ziga xosligi, rivojlanish tamoyillari, vakillari tadqiqiga qaratilgan dissertatsiyalar, monografiya va risolalar chop etilgan. Ammo, shuni alohida ta’kidlash joizki, Q. Qahramonov monografiyasi o‘zigacha yozilgan tadqiqotlardan qator xususiyatlari bilan ajralib turadi.

Oldingi tadqiqotlardan farqli o‘laroq, “Adabiy tanqid: yangilanish jarayonlari” kitobida adabiy tanqidchiligimizning bir qadar turg‘un davrlariga o‘xshamagan, rang-barang, chigal va murakkab pallasi o‘rganilgan. Oldingi ishlarda aniq va majburiy metodologiya asosida bunyod etilgan adabiyotni adabiy tanqidchilik yana-da mustahkamroq qolipga solib talqin etilgan bo‘lsa, Q. Qahramonov izlanishlarida o‘rganilgan davr adabiyoti, tanqidchiligi faoliyatida ayni qoliplarning sinishi, yo‘lsizlik, izlanish, ma’lum ma’noda asl adabiyotni kashf etish, kashf etaroq adashish jarayonlari xususida fikr yuritilgan. Shunga ko‘ra, monografiyada o‘zbek adabiy tanqidchiligining keyingi davrlariga doir bir nechta muhim masalalar talqin etilgan.

Ma’lumki, o‘tgan asr 80-yillari intihosiga kelib, adabiy tanqid nima, badiiy asarga qaysi usulda yondashmoq maqsadga muvofiq, qanday asar chin ma’noda asl adabiyot namunasi bo‘la oladi, tanqiddan past asarlarga qanday munosabatda bo‘lmoq lozim kabi qator savollar o‘rtaga tushdiki, bu davrdan boshlab shakllana boshlagan o‘ziga xos adabiy materiallar endilikda shu kabi haqli jumboqlarga javob topish masalasini ko‘ndalang qo‘ydi. Natijada badiiy asarni tahlil etish yo‘llarini izlash, ilmiy izlanishlar yo‘sini, adabiy tanqid metodologiyasini belgilash o‘ta dolzarb muammoga aylandi. Negaki, bu davr adabiyoti tom ma’noda sintezlashgan adabiyot bo‘lib, na an’anaviy mumtoz poetika, na jadidlar barpo etgan sotsiologik talqin, na sho‘ro tanqidchiligida uzoq yillar gegemonlik qilgan markscha metodologiya qoliplariga tushur edi. Bu adabiyot mavjud metodologik tamoyillarning barchasini umumlashtirish, shu asosda o‘ziga xos yangi tadqiqot usullarini kashf etishni talab etardi. Garchi, bu jarayon qariyb o‘ttiz yillardan beri davom etib kelayotgan bo‘lsa-da, uning ilmiy-nazariy jihatdan yaxlit, sistemalashgan bir shakli hanuzgacha dunyoga kelgani yo‘q. Jarayon davom etyapti.

Q. Qahramonov tadqiqotining mazmuni, ehtimol maqsadi ham mana shu jarayon haqida tasavvur hosil qilish, ayni oqimni bir nom, harakat shaklida tasvirlashga qaratilgani bilan o‘zining ma’lum yutuq hamda kamchiliklarini namoyon etadi.

Darhaqiqat, bu borada olim bildirgan fikrlarga qo‘shilish mumkin. Muayyan asarni bir butun badiiy matn sifatida struktur tahlil qilish, o‘zbek adabiy tanqidchiligiga xos individual tafakkurning mahsuli bo‘lmasa-da, jahon adabiyotshunoslik ilmida ma’lum tadqiq kanonlaridan unumli foydalanish natijasi sifatida diqqatga molik. Va bu holat Yevropa hamda rus adabiyotshunosligida uzoq davom etgan ilmiy talqinlardagi klassitsizm an’analarini yodga soladi. Bularni e’tirof etgan holda shuni ta’kidlash joizki, milliy adabiy tanqidning rivojlanishi, yangi metodologik tamoyillarning shakllanishi uchun eng muhim vosita jahon xalqlari tajribasida mavjud ilmiy-adabiy metodlarning ma’no-mohiyatini anglash, ularning nazariy asoslarini o‘zlashtirishdir. Bu borada kitobda atroflicha o‘rganilgan filologiya fanlari nomzodi Suvon Melining “Strukturalizm va struktur tahlil haqida” (kitobda sarlavha xato berilgan – U. J.) tadqiqotini alohida ta’kidlash lozim. Menimcha, jahon adabiyotshunosligi tarixida mavjud va muayyan samara bergan barcha tadqiqot metodlarining aynan madaniy-tarixiy, ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma’naviy, ilmiy-adabiy, etik, estetik mohiyati nuqtai nazaridan teran o‘rganish, umumlashtirish bugungi adabiy jarayonning muhim sharti bo‘lib turibdi. Shundagina sharq mumtoz tanqidchiligi odoblari, yo‘nalishlari, maqsad-muddaolari bizga butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi. Bu ikki qutb adabiy tafakkurini tom ma’noda solishtirish, lozim bo‘lsa, sintezlash imkoniyati tug‘iladi. Shunda ham keyingi yillar adabiy tanqidchiligida bo‘lgani kabi tarixiy shart-sharoit, makon-zamon munosabatlarini hisobga olmay turli tayyor metodlarni bugungi adabiy manbalarga tatbiq etish, o‘zbek adabiy tanqidchiligi rivoji uchun asos bo‘la olmaydi. Faqat adabiy tanqid metodologiyasini belgilash uchun vosita o‘laroq xizmat qiladi, xolos. Zotan, adabiy tanqid metodologiyasi shunday hodisaki, uning shakli shamoyili har bir makon-zamonga, har bir ijodkorga individual yondashuv, adabiy jarayon, badiiy asar tabiatidan kelib chiqib baho berishni taqozo etadi. Tirik matnni tayyor qoliplarga solishga urinish esa bu chamanzorning payhon bo‘lishiga olib keladi.

Bunday o‘ziga xos metodologiyani ishlab chiqish uchun munaqqid degani, eng avvalo, xolis, milliy, sharq ma’naviy-ma’rifiy an’analariga to‘yingan aniq dunyoqarashga ega bo‘lishi lozim. Buningsiz o‘zbek adabiy tanqidchiligining o‘z metodologiyasi bo‘lishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Q. Qahramonov tadqiqotida mana shunday jiddiy masalalarga e’tibor qaratish, ularni ilmiy materiallar asosida bayon etishga intilish seziladi. Ammo olimning: “…Mustaqillik davri tanqidchiligida badiiy asarni baholashda sistemali tahlil yetakchilik qilayotganini ta’kidlash zarur” (128-bet), degan fikrlariga qo‘shilib bo‘lmaydi. U sistemali tahlil namunasi sifatida ko‘rsatgan tadqiqotlarning birortasi bu ulkan ilmiy fenomen talablariga javob bermaydi. Garchi, biz milliy tanqidchiligimiz xususida mehr-muhabbat bilan fikr yuritishimiz o‘zbekona odob hisoblansa-da, bunday jiddiy muammolarning xolis yechimini topishning zarurati va shartligi tom ma’noda ob’yektiv bo‘lishni talab etadi. Qolaversa, sistemali tahlil degani bir asarga ko‘plab ilmiy-adabiy metodlarni birvarakayiga tatbiq qilish degani ham emas. Masalani ayni tarzda tushunish go‘yoki bir daraxtga shakl berish uchun birato‘la o‘nlab bog‘bonlik asboblarini ishga solishga o‘xshaydi. Holbuki, har bir daraxtning o‘z tabiati, manzil tutmish o‘rni, quyosh bilan munosabat qilish kriteriylari bo‘ladi. Qaysidir daraxtning muolajasi birgina qaychi bilan, boshqasiniki arra yoki bolta bilan amalga oshirilganda samara berishi mumkin. Shuni unutmaslik kerakki, tilga olingan qaychi, arra, boltalarning har biri o‘z-o‘zicha mustaqil ish quroli, o‘z uslubiga ega individual predmet bo‘lganidek, har bir ilmiy-adabiy metod ham (agar u metod darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa!) alohida bir sistemadir. Mana shunday metodlar yig‘indisi, ularning umumlashgan ko‘rinishi metodologiya ataladiki, ijtimoiy jarayonlardan, zamon va makon tabiatidan tamomila xoli bo‘lmagan, harakatdagi, intihosini hech kim bashorat qila olmaydigan adabiy tanqid metodologiyasi tabiati ham turg‘un tushunchalarda emas, balki aynan doimiy sirkulyativ harakatda namoyon bo‘ladi. Bugungi adabiy jarayonda namoyon bo‘layotgan ba’zi badiiy eksperimentlar, taqlidlar, shaklan boshqacharoq asarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri modernizm namunasi deya baholashga urinishlar ham aynan harakatdagi jarayon mohiyatini teran anglamayotganimizdan kelib chiqayotganini alohida ta’kidlash lozim. Shuning uchun ham ayni jarayon xususida fikr bildirish, uni nomlash, yetakchi xususiyatlarini belgilash o‘ta murakkab jarayon. Tadqiqotchidan izlanish, izlanish va yana izlanishni talab etadi.

Dotsent Q. Qahramonov o‘ta zahmatkash, sinchkov, ilmli va, eng muhimi, xolislikka intiluvchi olim. Unga bu yo‘ldagi mashaqqatli mehnatlari samarali bo‘lishini tilab qolamiz.

 

 

Uzoq JO‘RAQULOV,

filologiya fanlari nomzodi,

O‘zMU dotsenti

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.