Isteʼmol uchun qoʻllanma

0
184
marta koʻrilgan.

Ursula Kryober Le Guin 1929 yilda AQSHning Kaliforniya shtatidagi Berkli shahrida taniqli antropolog Alfred va adiba Teodora Kryoberlar oilasida tugʻilgan. Ilk hikoyasini 11 yoshida yozgan. Adiba oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlab, muntazam ravishda fantastik hikoya va qissalarini eʼlon qilib keladi. 1969 yilda bosilgan “Zulmatning chap qoʻli” romani unga bemisl shuhrat keltirdi va ingliz tilida yaratilgan fantastik asarlar uchun beriladigan oliy mukofot “Xyugo” va “Nebyula”ni qoʻlga kiritdi.

Mazkur nutqni adiba Oregon shtatida oʻtkazilgan adabiy kechada soʻzlagan.


 

Ursula KRYOBER LE GUIN

 

Shoir elchi etib tayinlandi. Dramaturgni esa prezident etib saylashdi. Quruvchilar idora xizmatchilari bilan birga yangi chiqqan romanni sotib olish uchun navbatda turishibdi. Kattalar jangchi maymunlar, birkoʻz bahaybatlar va tegirmon bilan jang qiluvchi telba ritsarlar haqidagi hikoyalarda intellektual daʼvat hamda odob-axloqqa doir tavsiyalarni izlashadi. Savodxonlik – ibtido deya sanaladi, intiho emas.

…Ehtimol, boshqa mamlakatda shundaydir, ammo bu yerda emas. Amerikada koʻpchilik xayolot faqat televizor ishlamaganidagina foyda berishi mumkin, deb hisoblaydi. Sheʼriyat va pyesalarning amaliy siyosatga sira aloqasi yoʻq. Romanlar talabalar, uy bekalari va boshqa bekorchilar uchun. Fentezi bolalar va soddadillar uchun. Savodxonlik kerak, ammo faqat isteʼmol qoʻllanmasini oʻqish uchun kerak.

Men xayolotni bashariyatning eng foydali quroli deb bilaman. U shunchaki turib qolgan bosh barmoqdan koʻra foydaliroq. Men oʻz hayotimni bosh barmoqsiz tasavvur eta olaman, ammo xayolotsiz emas. Men bu fikrimga qoʻshilganlarning hayqiriqlarini eshitayapman. “Ha, ha! – deya qichqirishadi ular. – Kreativ xayolot biznesda bebaho xislat! Biz kreativlikni qadrlaymiz, biz uni mukofotlaymiz!” Bozor sharoitida “kreativlik” yirik daromadga erishish strategiyasida qoʻllanadigan, gʻoya yaratish qobiliyatini anglatuvchi soʻz sifatida ishlatila boshlandi. Bu kamsitilish shu qadar uzoq davom etdiki, “kreativ” soʻzining bundan battarroq inqirozi boʻlmasa kerak. Men uni ortiq qoʻllamayman, mulkdorlar va akademiklar xohlaganlaricha uni tahqirlasinlar. Lekin ular xayolotga ega boʻlolmaydi. Xayolot pul ishlash uchun emas. Tijorat lugʻatida bu soʻzga oʻrin yoʻq. Bu qurol emas, garchi barcha qurollar xayolotdan kelib chiqqan boʻlsa-da, ularning qoʻllanish-qoʻllanmasligi boshqa barcha vositalarning ishlatilishi yo ishlatilmasligi singari xayolotga bogʻliq.

Xayolot yoki tasavvur aqlning muhim quroli, tafakkurning asosiy uslubi, inson shakllanishi va insoniylikni asrab qolishning zaruriy omili. Boshqa har qanday vosita singari biz xayolotdan ham foydalanishni, uni qay yoʻsinda istifoda etishni oʻrganmogʻimiz lozim. Bolalarda xayolot ularning vujudi, ongi, gapirish qobiliyati kabi ilk yoshdanoq mavjuddir: bular inson uchun eng zarur boʻlgan jihatlar va bu jihatlarni qoʻllashni bilish va yanada yaxshiroq qoʻllay olish shart. Bu tariqa oʻrganish, mashq qilish va tajriba goʻdaklikdanoq boshlanishi lozim va butun umr davom etishi kerak. Yosh inson ongiga xayolot mashqlari kerak, xuddi barcha hayotiy (jismoniy ham ruhiy) koʻnikmalar – oʻsish, sogʻliq, moslashuv va quvonch malakalarini egallash uchun mashqlar kerak boʻlgani kabi. Bu mashqlar ong tirik boʻlgani qadar davom etmogʻi lozim. Qachonki bolalar oʻzlari uchun muhim hisoblangan kishilarni, adabiyotni tinglash va tushunish oʻrgatilganida yoki yozma manbalarni oʻqish va tushunishga koʻniktirilganida ularning xayoloti zarur mashqlarning katta qismini oʻtagan boʻladi. Odamlarning aksariyatiga boshqa biror nima, hatto sanʼatning boshqa turlari ham bunday samarali taʼsir oʻtkazolmaydi.

Bizning qiyofamiz soʻzlar bilan tirik. Soʻz aql va tasavvur parvozi uchun qanot vazifasini bajaradi. Musiqa, raqs, nafis sanʼatlar, barcha turdagi hunarlar – bularning bari inson kamoloti va uning baxt-saodati uchun muhim. Oʻrganish benaf boʻlgan biror koʻnikma yoki sanʼat turi yoʻq, ammo hech bir narsa sheʼriyat va nasr kabi ongimizga mavjud reallikdan bir muddat uzilib, soʻng unga yangi tushuncha va kuch bilan qaytishni oʻrgata olmaydi.

Har bir madaniyat oʻzini namoyon qiladi va oʻz farzandlarini tarbiyalaydi, ularga odam boʻlishni oʻrgatadi, tarix silsilasida oʻz millatining ajralmas boʻlagi: xmong, xun, xopi, kechua, fransuz, kaliforniyalik boʻlishni uqtiradi… Biz Toʻrtinchi dunyoda boʻlganlarmiz… Biz Jannaning xalqimiz… Biz Quyosh farzandlarimiz… Biz dengizdan chiqdik… Biz olam markazida yashovchi odamlarmiz. Olam markazida yashamaydiganlarga, bu odamlarni shoir va hikoyanavislar qanday taʼrif-tavsif qilmasin, oson boʻlmaydi.

Olam markazi esa shunday joyki, sen u yerda toʻlaqonli hayot kechirasan. U shunday joyki, sen u yerda hammasini qanday qilish kerakligini, qanday qilib toʻgʻri va yaxshiroq uddalashni bilasan. Markaz – uy qayerda joylashganini va uyning oʻzi nima ekanligini bilmaydigan bolaga qiyin. Uy – bu ota-ona, opa-singillar va doʻstlar emas. Uy – bu sen tushib qolgan qandaydir joy ham emas. Bu, umuman, makon emas. Uy – bu tasavvur, xayolot. Xayolda gavdalantirilgan uy haqiqiyga aylanadi. U mavjud, boshqa har qanday makondan koʻra uning borligi aniqroq, biroq u yerga, agar faqat boshqalar uni qanday gavdalantirishni koʻrsatmagan boʻlsalar, shunchaki tushib qolish mumkin emas. Bu odamlar esa sizning yaqinlaringiz boʻlmasligiyam mumkin. Ular hech qachon sizning tilingizda gaplashmagandir. Va ular ming yillardan beri yer ostida yotgandir ehtimol. Ular faqat qogʻozda aks etgan soʻzlar, tovushlar koʻlankasi, ong soyalari boʻlishi mumkin. Ammo ular sizni uyga boshlab bora oladi. Ular sizning kishilik jamiyatingiz.

Barchamiz oʻz hayotimizni qanday yoʻlga qoʻyish, uni yaratish va xayolda gavdalantirishni oʻrganishimiz kerak. Bizga bu malakani oʻrgatishlari shart, bu yoʻlda yoʻlboshchiga muhtojmiz. Bularsiz bizning hayotimizni boshqalar yaratadi. Inson zoti hamisha bir-biriga qanday qilib yaxshiroq yashash, oʻzaro koʻmak berishni koʻrsatib berish uchun guruhlarga birikib yashagan. Kishilik jamiyatining eng muhim vazifasi – bizga nima kerakligi, hayot qanday boʻlishi lozimligi, biz bolalarimizga nimani oʻrgatishni istashimiz, soʻng birgalikda oʻzimiz toʻgʻri deb bilgan yoʻldan ogʻishmay borishimiz uchun qanday oʻqish-oʻrganishimiz shartligi borasida bir toʻxtamga kelish. Kuchli anʼanalarga ega boʻlgan kichik jamiyat bu yoʻlni ravshan va aniq koʻra oladi va undan borishni ham osongina oʻrgatadi. Lekin anʼana xayolotni kristalldek qotirib, aqidaning tosh holiga keltirib qoʻyishi, yangi gʻoyalarni taqiqlashi mumkin. Katta jamiyatlar esa xuddi shaharlar kabi kishilarga boshqa-boshqa yoʻl-usullarni ham chamalab koʻrishga, oʻzga qadriyatlarni oʻrganishga va oʻz mustaqil hayotiy yoʻlini yaratishga izn beradi. Lekin usul qanchalik koʻp boʻlsa, oʻrgatishni zimmasiga olganlarga shunchalik qiyin boʻladi, endi ular oldida nimani oʻrgatishlari kerak, bizga nima lozim va umuman, hayot qanday boʻlishi kerakligini aniqlashdek ijtimoiy-maʼnaviy xulosaga kelish vazifasi turadi.

Biz qilishimiz lozim boʻlgan narsa – hayotga qarashi asosli boʻlgan odamlarni topish, ularni tinglash. Diqqat-eʼtibor bilan ularni eshitish. Tinglash – joy, vaqt va sukut talab qiladigan harakat. Oʻqish esa diqqat bilan tinglash usulidir. Oʻqishning eshitish va koʻrish kabi taʼsiri sust emas. Bu harakat: siz buni bajarasiz. Siz oʻz maromingizda, oʻz surʼatingizda, medianing muttasil, bogʻlanmagan va shovqinli oqimiga oʻxshamagan tarzda oʻqiysiz. Siz oʻzingiz istagan va oʻzligingizga mos narsanigina qabul qilasiz, aslo sizni dovdiratib qoʻyish, soʻng nazorat qilish uchun jadallik bilan, oʻlib-tirilib ongingizga tiqishtirilayotgan balandparvoz oldi-qochdilarni emas.

Qachonki siz tarixni oʻqir ekansiz, u sizga koʻp narsa hikoya qilishi mumkin, biroq hech nimani pullamaydi. Agar siz yolgʻiz mutolaa qilayotgan boʻlsangiz, u holda butunlay boshqa aql doirasida boʻlasiz. Bu doiradagilar sizning miyangizni “yuv”maydilar, oʻzlariga yollamaydilar, sizdan foydalanmaydilar, siz faqat xayolot, tasavvur oqimiga qoʻshilasiz. Men sira tushunmayman, nima uchun bizning media xayolot doirasiga oʻxshagan narsani yarata olmaydi? Axir, buni oʻtmishda teatr bajargan-ku! Mediani reklama va daromad tushunchalari shu qadar oʻrab-chirmab oldiki, unda ishlaydigan eng yaxshi odamlar, haqiqiy artistlar: agar ular savdo bosimiga qarshi turishsa bormi, ziqna xoʻjayinlari yollagan yangi axborotparastlar oqimida gʻarq boʻlib ketishadi.

Adabiyotning kattagina qismi bu taxlit yollanmalikdan xoli qolgan. Negaki, koʻpgina kitoblar marhumlar tomonidan yozilgan, ular esa aslo xasis emas. Va koʻplab tirik shoir va romannavislar ham, garchi ularning noshirlari bestsellerlar dardida boʻlsa-da, tirikchilik gʻamini tobora kamroq chekayaptilar, bu ham boʻlsa azbaroyi ularning oʻzlari istagan mashgʻulot bilan hech bir mol-dunyo tashvishisiz shugʻullanishga ishtiyoqlari tufayli. Ular nimadir toʻgʻri, nimadir yaxshi narsa yaratish sanʼatini tanlayaptilar.

Adabiyot (bu hayratlanarli ham) birmuncha sof va umidbaxshligicha qolmoqda. Kitoblar endi “kitob” deyilmasligi mumkin, ular qogʻozdagi siyoh emas, balki kaftga qoʻngan elektr uchquni tarzida boʻlishi mumkin. Ular orasida poyintar-soyintar, sotuvga moʻljallangan, pornografiya, aldov va safsata qurtlari ilma-teshik qilganlari ham bor, ammo elektron publikatsiya mutolaani sevadiganlarga faol jamiyatning yangi va kuchli vositalarini taklif etaveradi. Texnologiya muhim emas. Muhimi – soʻz. Soʻz almashish. Soʻzni oʻqish orqali xayolotni oʻtkirlashtirish. Savodxonlikning muhimligiga sabab esa shuki, aslida adabiyotning oʻzi isteʼmol qoʻllanmasidir. Biz mehmon boʻlib turgan mamlakat – hayotdagi eng manfaatli yoʻlboshlovchi – u…

 

“livelib.ru” saytidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.