Isteʼdod… baribir oʻz soʻzini aytadi

0
326
marta koʻrilgan.

Buxoro shahridagi 5-bolalar musiqa maktabiga tiyrakkina bir bola onasi bilan kirib kelganda, oʻquv yili boshlanib ketgan edi. Oʻqish payti maktabdan tashqarida yurgan bolani koʻrsa, muallimlarning hushyor tortadigan odati boʻladi. Buni qarangki, bizning bolakay maktab hovlisidayoq shu dargohning rahbari, barcha kasbdoshlari kabi hushyor muallim Mashrab Qodirovga duch keladi.

– Assalomu alaykum, bizga maktab direktori kerak edi, – deydi bolaning onasi iymanibroq.

– Volaykum assalom, – javob qaytaradi direktor, u vazmin qadamlar bilan xonasiga qarab yurayotgan edi. Va birdan bolaga nigoh tashlaydi…

– Kelinglar, menman direktor.

– Kechirasiz, domla, – ona oʻgʻliga qaraydi, – shu boʻlajak shogirdingiz artist boʻlaman deydi. Sizdan bir maslahat olaylik deb keluvdik. Imkoni boʻlsa, maktabingizga qabul qilasizmi, deb…

Bu orada direktor kotibasiga nimanidir tayinlab, ona-bolani ichkariga taklif qiladi. Hol-ahvol soʻrashgach, iloji boricha mehmonlarni xafa qilmaslik uchun uzrli ohangda deydi:

– Sanʼatga qiziqqani durust. Ammo bizda allaqachon darslar boshlanib ketgan-ku…

Javobdan onadan koʻra farzandning qoshi chimiriladi. Bu holni koʻrgan direktor bolaning koʻnglini koʻtarish uchun soʻraydi:

– Oting nima?

– Ilyos.

– Ilyosbek, yana nimalarga qiziqasan? – Tajribali pedagog Ilyosni xafa qilgisi kelmasdi. Bu savoli bilan ehtimol uning boshqa qiziqishlari ham boʻlsa, oʻsha sohaga ham yoʻnaltirishni niyat qilgandir.

– Faqat sanʼatga, – deydi Ilyos yerga qarab.

Direktor oʻylanib qoladi. Sezib turibdi, bolakayning javobi qatʼiy, niyati ham. Lekin nima qilsin…

– Domla, hech boʻlmasa, bir sinab koʻring, qoʻshiq ayttirasizmi, ishqilib, yoʻq demang…

– Qani, kel-chi, – direktor xonaning burchagidagi pianino oldiga boradi. – Hozir men chalaman, sen ashula aytasan. Qanday ashulalarni bilasan?..

Ilyos oʻzi bilgan ashulalarni sanaydi.

– Oʻ-huu, – deydi direktor. – Sen bularni qayerdan bilasan?

– Uyimizda kassetalar bor. Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov, Otajon Xudoyshukurov…

Boʻlajak ustoz-shogirdning uchrashuvi shunday boshlanadi. Qolgan gapni «Nihol» mukofoti sohibi, mumtoz ashulalari bilan muxlislar eʼtiborini qozonayotgan yosh xonanda Ilyosbek Arabovning oʻzidan eshiting:

– Oʻsha paytning oʻzidayoq men oʻnlab qoʻshiqlarni yod bilardim, – deydi u. – Direktorning qabul qilolmaymiz, deganidan koʻnglim biroz choʻka boshladi. Ammo onam direktorni hech boʻlmasa sinab koʻrishga koʻndira oldi. Mashrab akaning ochiqkoʻngil inson ekanini keyin ham koʻp marta koʻrdim. Lekin oʻsha paytda u kishi chindan ham bagʻrikenglik qildi. Mening ritmga tusha olish-olmasligimni, ovozimni tekshirib koʻrgach, oʻzi ham quvonib ketganini yashirmadi va bugundan sen bizning maktabda oʻqiysan, dedi…

Shundan soʻng yosh Ilyos hayotida sinovlar boshlandi.

– Tushgacha, shahrimizdagi 30-maktabda, tushdan soʻng musiqa maktabida oʻqirdim. Bu hol meni bolalik oʻyinqaroqligidan butkul «ayirib» qoʻydi. Garchi oʻshanda qiynalgan boʻlsam ham, bugun bundan faqat xursandman.

Mashrab Qodirov yangi oʻquvchisidan qaysi yoʻnalishda oʻqimoqchisan, deb soʻraydi. Rubob, deydi Ilyosbek. Yoʻq, sen dutorda oʻqishing kerak, deydi Mashrab muallim. Dutor boʻyicha mutaxassis edi, isteʼdodli yigitchaga oʻzi taʼlim berishni xohlardi u. Va dutorning qator xislatlarini gapirib beradi. Shunday boʻladiki, dutor sozi aynan oʻzi uchun yaratilganiga ishonchi komil boʻladi Ilyosning.

– Musiqa maktabida Mashrab Qodirov, Nargiza Bektamisheva kabi ustozlarimdan dutor sirlarini oʻrgandim. U yerni bitirgach, Buxoro davlat sanʼat bilim yurtiga anʼanaviy ijrochilik boʻlimining dutor sinfiga qabul qilindim. Bu dargohda Matluba Oʻqubova menga ustozlik qildi. Garchi ulardan bir xil soz boʻyicha tahsil koʻrgan boʻlsam-da, har biri menda alohida taassurot qoldirgan, – deydi ustozlari haqida soʻraganimda Ilyosbek Arabov.

2002 yil bilim yurtini tamomlagan yosh sanʼatkor isteʼdodi uchun endi bir shaharlar torlik qilardi. U yurtga tanilishni, el aro mashhur boʻlmoqni istar edi. Yigitlik orzulari uni poytaxtga yetaklaydi.

– Konservatoriya sanʼatkor uchun katta maktab, – deydi Ilyosbek Arabov. – Bu yerdagi muhitning oʻzi seni faqat olgʻa intilishga undab turadi.

Oʻzi taʼkidlamish muhitda Ilyosbek bakalavr, magistr darajalarini oldi. Assistent-stajyor boʻldi. Ustoz sanʼatkorlardan saboq oldi.

Isteʼdod har yerda ham oʻz soʻzini aytadi-da. 2003 yili Yunus Rajabiy nomli 6-maqom ijrochilari tanlovida ishtirok etgan Ilyosbek gʻolib boʻladi. Xonanda emas, sozanda sifatida. U tanlovga dutor yoʻnalishida qatnashgan edi.

– Tanlov har toʻrt yilda bir marta oʻtkazilardi. Ustozim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Malika Ziyoeva navbatdagi tanlovga hozirlik koʻrishimni tayinlaganida, tanlovda cholgʻuchi sifatida gʻolib boʻlganman-ku, ashula boʻyicha oʻzimni sinab koʻrsam-chi, dedim u kishiga. Unda, ashulalaringni radio va televideniye uchun yozishing shart, dedi ustozim. Shundan soʻng Shashmaqom, bastakorlar asarlari va xalq ashulalarini oʻrganib, radio fondiga yoza boshladik. Ammo shu jarayonda boshqa maqsad tugʻildi…

Ashulalarni ijro etib, magnit tasmasiga muhrlagach, yosh sanʼatkor koʻnglida nufuzliroq biror tanlovda oʻzini sinab koʻrish fikri uygʻonadi. Yigit niyati pok boʻlsa, amalga oshadi deydilar. Ustozlarga maslahat solganda, ular buni quvvatlashadi va Ilyos Arabov «Nihol» mukofotiga nomzodini qoʻyadi.

Nufuzli hayʼat aʼzolari bu xush ovoz egasining iqtidoriga munosib baho berishdi. 2008 yilda Ilyosbek Arabov mukofot sohibi boʻldi.

– El-yurt, davlatimiz eʼtiboriga tushish naqadar masʼuliyatli ekanini ana shunda yaxshiroq his qildim, – deydi xonanda. – Menga berilgan eʼtiborga munosib boʻlish, ishonchni oqlash uchun faqat va faqat ijod qilishim kerak edi.

Ilyosbek Arabov oʻz repertuarini boyitib bordi. Bugun uning ijro mundarijasidan «Sarafrozi dugoh», «Savti kalon», «Nimchoʻponi» (bular hammasi Shashmaqomdan), «Koʻzing», «Oʻtdimu?», «Sensiz» (Orifxon Hotamovdan), «Ado boʻldim», «Koʻzlaring» «Bahona qilib» (Umar Otayevdan), «Boʻl menga mahbub», «Oʻltirur» (Faxriddin Sodiqovdan) singari mumtoz ashulalar oʻrin olgan.

– Katta sahnada ashula aytish – mening katta orzuim edi, – deydi hofiz. – Hamon sahnaga qadam qoʻysam, butun vujudimni hayajon qamrab oladi.

Tabiiyki, uning bu javobidan hayratlanaman. Ochigʻini aytsam, sanʼatkorlar sahnaga chiqaverib, hayajonlanmay qoʻyishsa kerak, degan jaydari fikrda yurardim. Uni Ilyosbekka bildirganimda javobi shunday boʻldi:

– Xalq oldida chiqish qilayotganda koʻnglimdan, meni qanday qabul qilisharkan, ijroim yoqarmikan, degan tuygʻu oʻtadi. Shuning oʻziyoq kishiga masʼuliyat hissini beradi.

Xorijda ham tez-tez gastrolda boʻlib turadigan Ilyosbek Arabovdan ijodiy safarlari haqida soʻradim.

– Fransiyada qiziq holatga guvoh boʻldim, – dedi u. – Kattalar uchun bir yarim soatlik kontsert bergach, bolalar uchun ham yigirma daqiqa master-klass tariqasida kontsert qoʻydik. Birinchi-ikkinchi sinf oʻquvchilari. Bilsak, ularda tinglovchilik madaniyati bolalikdan oʻrgatilar ekan. Kontsertda qanday oʻtiriladi, qoʻshiq qanday tinglanadi… Ana shu dars doirasida oʻquvchilar bizning kontsertimizni tinglashdi. Qarasam, oʻzlari yosh bola, lekin xuddi kattalardek jim, eʼtiborli. Bu ham ularga xos odat ekan.

Ilyosbek Arabov, musiqa shinavandalariga anchayin tanilib qolgan xonanda bilan suhbatimiz uzoq davom etdi. Xayrlashishdan oldin tabiiyki, gazeta uchun tayyorlanadigan material haqida ham gaplashib oldik.

– Iloji boʻlsa, meni Malika Ziyoeva tomonidan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi qoshida tashkil etilgan «Shukrona» professional dutorchilar ansambli yetakchi sozandasi, deb yozing, – dedi u. Hayron boʻldim. Dutorchilar ansambliga urgʻu berishim shartmi, deb soʻradim. Jilmayib qoʻyadi.

– Mening ijrolarimda bu ansamblning katta xizmati bor, – deydi. – Koʻp ashulalarim ana shu ansambl joʻrligida ijro etilgan.

Oʻsh xonandaning nafaqat xalqqa xizmat qilishga shaylangan, uning yaxshi koʻrgan, sevimli sanʼatkori boʻlishga intilayotgan, balki yaxshilikni ham biluvchi inson ekaniga havasim keldi.

 

Elmurod NISHONOV,

«Turkiston» muxbiri

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.