“Ishchanlik obroʻsi” nima degani yoki qonunlarimiz matnidagi ayrim gʻalizliklar xususida

0
49
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining 8-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinadi”, deyilgan.

Ammo ancha yillar oldin qabul qilingan baʼzi qonunlarimiz bilan tanishganimizda goʻyo buning teskarisidek, yaʼni qonun loyihalari dastlab, rus tilida tayyorlanib, keyin oʻzbek tiliga tarjima qilingandek, tasavvur uygʻotadi. Bu ajablanarli hol, shunday emasmi?

Aytish joizki, oʻzbek tilining imkoniyatlari juda keng. Ammo, qonun tilining, boshqacha aytganda, rasmiy tilning oʻziga xos talablari bor. Shuning uchun huquqiy atamalarni puxta ishlab chiqish zarur. Ochiq tan olish kerak, rasmiy nutqimiz badiiy yoki publitsistik sohalardagi kabi sayqal topmagan. Yaʼni, ularga yetarlicha ishlov berilmagan. Bu borada qilinishi kerak boʻlgan ishlar gʻoyat koʻp.

Fikrimiz isbotini davlatimizning bir qonuni misolida koʻrib chiqsak. Oʻzbekiston Respublikasining 2007 yil 15 yanvar kuni qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi (“O sredstvax massovoy informatsii”) qonunining oʻzbekcha matnida bir qator gʻalizliklar, mavhumliklar mavjud. Ushbu qonunning birinchi moddasida, aniqrogʻi dastlabki xatboshisida shunday soʻzlar bor: “Ushbu Qonunning maqsadi ommaviy axborot vositalarining faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat”.

Ushbu jumlani, xususan, “faoliyati sohasidagi” birikmasini tushunish qiyinroq. Nazarimda, ushbu soʻzlarning bittasi ortiqchadek tuyuladi. Aytmoqchimanki, “Qonunning maqsadi ommaviy axborot vositalarining faoliyatidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat” tarzida yozish toʻgʻriroq boʻladi, deb oʻyladim. Yoki bu yerda boshqa biror jihat bormikan? Shu savolga javob izlab, qonunning ruscha matniga qaradim va anglagandek boʻldim. Ruscha matnda aytilishicha, “Selyu nastoyashʼego Zakona yavlyaetsya regulirovaniye otnosheniy v oblasti deyatelnosti sredstv massovoy informatsii”.

Aslida, fikrni mutlaqo oʻzbekchalashtirib: “Ushbu Qonunning maqsadi ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid munosabatlarni tartibga solishdan iborat”, deyilsa, toʻgʻriroq boʻlarmidi…

2-modda “Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi” deb nomlangan. Qoʻllanilishda soha boʻlmaydi-ku, deyishga shoshilmaylik. Ruscha matniga qarasangiz, iddaoga tushungandek boʻlasiz. Shu bois, “Sfera primeneniya nastoyashʼego Zakona”ni boshqacharoq shaklda, masalan, “Ushbu Qonunning qoʻllanish doirasi” tarzida kiritish toʻgʻri boʻlardi. Ammo “sfera”ning “soha” degan maʼnosi ham borligini unutmaslik kerak. Mazkur modda shunday soʻzlardan tashkil topgan: “Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etiladigan va faoliyat koʻrsatadigan ommaviy axborot vositalariga, shuningdek chet davlatlar ommaviy axborot vositalariga ular mahsulotining Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga taalluqli qismiga nisbatan tatbiq etiladi”.

Haqiqatan ham, birdaniga ilgʻab olish qiyin jumla. Rus tilidagi matni ham chakki emas. Unda aytilishicha: “Nastoyashʼiy Zakon rasprostranyaetsya na sozdavayemiʼe i deystvuyushʼiye v Respublike Uzbekistan sredstva massovoy informatsii, a takje na sredstva massovoy informatsii inostranniʼx gosudarstv v chasti, kasayushʼeysya rasprostraneniya ix produktsii na territorii Respubliki Uzbekistan”.

Agarda tarjimon “v chasti”ni eʼtibordan chetda qoldirmaganida, jumla mana bunday boʻlardi: “Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etiladigan va faoliyat koʻrsatadigan ommaviy axborot vositalariga, shuningdek, chet davlatlar ommaviy axborot vositalariga, xususan, ular mahsulotining Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga taalluqli qismiga nisbatan tatbiq etiladi”.

Yoki fikrni quyidagicha ifodalash ham mumkin edi: “Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etiladigan va faoliyat koʻrsatadigan ommaviy axborot vositalariga, shuningdek, chet davlatlar ommaviy axborot vositalari mahsulotining Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga taalluqli qismiga nisbatan tatbiq etiladi”.

6-moddada shaxsan oʻzim uchun umuman tushunarsiz jumlaga duch keldim. Unga koʻra, “Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi”. Bu gʻalizlikni ruscha matnga qarab ham bartaraf etolmadim. Yaʼni, ruscha matn quyidagicha: “Zapreshʼayetsya cherez sredstva massovoy informatsii porochit chest i dostoinstvo ili delovuyu reputatsiyu grajdan, vmeshivatsya v ix chastnuyu jizn”.

Oʻylab koʻring, “delovaya reputatsiya”ning “ishchanlik obroʻsi” degan maʼnoda qoʻllanilishi toʻgʻrimi?

18-moddaning tarjimasida esa qonun mazmuni ham buzilib ketgan. Yaʼni, oʻzbekcha matnda “Har bir davriy nashrning chiqarilishida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart” deyilsa, ruscha matnda “Kajdiʼy viʼpusk periodicheskogo izdaniya obyazatelno doljen soderjat sleduyushʼiye svedeniya” degan soʻzlar keltirilgan. Odatda “Har bir davriy nashr” deyilganda turli nomdagi gazeta-jurnallarni tushunamiz. “Kajdiʼy viʼpusk periodicheskogo izdaniya” deyilganda esa muayyan “davriy nashrning har bir soni (yoki chiqishi)” anglashiladi. “Viʼpusk” soʻzining oʻzbek tilida ekvivalenti “topilmagani” sabab boʻlsa kerak, ushbu moddada yana bir noaniqlik paydo boʻlgan. Yaʼni, “familiya, imya, otchestvo sotrudnika redaktsii, otvetstvennogo za kajdiʼy viʼpusk periodicheskogo izdaniya” jumlasi “har bir davriy nashr chiqarilishi uchun masʼul boʻlgan tahririyat xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi” tarzida keltirilgan. Aslida esa “davriy nashrning har bir soni (yoki chiqishi)da nashr chop qilinishiga masʼul boʻlgan tahririyat xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi” boʻlishi kerak tarzida boʻlsa yaxshiroq boʻlar edi.

Bundan tashqari, qonunning oʻzbekcha matnida “subsidiya”, “prekursor”, “affillangan shaxs” kabi hatto “Oʻzbek tiliniing izohli lugʻati”da ham uchramaydigan soʻzlar mavjud. Ular qonun matnini tushunishda qoʻshimcha qiyinchiliklar tugʻdiradi.

Bizningcha, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining oʻzbekcha matni qayta koʻrib chiqilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Umuman, qonunchilik tili va rasmiy nutqimizdagi atamalarni mukammal koʻrinishga keltirish bugungi kunning talabidir.

Darvoqe, Kun.uz saytida oʻtgan yili ayni mavzuga oid eʼlon qilingan quyidagi chiqishga ham eʼtibor qiling: 2018 yil 21 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi xalq muhokamasi uchun joylashtirildi.

Loyiha portalga joylashtirilishi bilanoq internet foydalanuvchilari uni muhokama qilishni boshlab yuborishdi. Ammo loyihaning mazmunini muhokama qilish bilan birga, uning oʻzbek tilida eʼlon qilinmagani borasida ham eʼtirozlar bildirilgan edi.

“Boshqa chet tillarini ham hurmat qilgan holda shuni aytmoqchimanki, shunday muhim qonunning loyihasi ham davlat tilida muhokamaga qoʻyilmagani dilni xira qildi”, deb yozgan Shukur Sulaymonov.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlashda oʻzbek tilining oʻrni (aniqrogʻi oʻrni yoʻqligi) haqida keng jamoatchilikda koʻp eʼtiroz va shikoyatlarga duch kelamiz, deb yozadi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Eng muhim qonunlardan to idoralarning qaror va buyruqlarigacha odatda rus tilida ishlab chiqilishi, rus tilida muhokamaga qoʻyilishi va hattoki faqat rus tilida qabul qilinishi (qonunlar bundan mustasno) oʻz-oʻzidan koʻpchilikka yoqmasligi tabiiy.

Bildirilishicha, shunday muhokamalar paytida (2018 yil. Tahririyat) 22 noyabr kuni Adliya vazirligi barcha vazirlik, idora va tashkilotlarga (jami 120 dona) xat chiqarib, yurtimizda “Davlat tili haqida”gi qonun borligini yana bir bor eslatib, bundan keyin muhokamaga qoʻyilayotgan loyihalarni albatta davlat tilida (yaʼni oʻzbek tilida), zaruriyat tugʻilganda esa boshqa tillarda portalga joylashtirishni soʻragan.

“… Oʻtkazilgan tahlillar aksariyat holatlarda normativ-huquqiy loyihalarni ishlab chiquvchi vazirlik, idora va tashkilotlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga muhokama uchun faqat rus tilida joylashtirilayotganligini koʻrsatmoqda.

Mazkur holat keng jamoatchilik va tadbirkorlik subʼyektlarining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda hamda muhokama jarayonida ularning ishtiroki cheklanishiga olib kelmoqda”, – deyiladi xatda.

Eʼtibor beradigan boʻlsak, 20-21 noyabr kuni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida 17 ta qonun va qaror loyihalari muhokama uchun joylashtirilgan boʻlib, ulardan 9 tasi rus tilida, 8 tasi oʻzbek tilida taqdim qilingan.

Demak, shundan ham koʻrinadiki, davlat tiliga eʼtibor avvalo, qonunlarni ishlab chiqish, tayyorlash va ularni keng jamoatchilik hukmiga havola etishdan boshlanishi kerak.

 

Elbek ERKIN oʻgʻli,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti magistranti

 

uzhurriyat.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.