Ilmning uzun yoʻli

0
412
marta koʻrilgan.

Har bir millatning oʻzligini tanishi va milliy qadriyatlarning tiklanishi jarayonida millat taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ adib va allomalar haqida jiddiy ilmiy tadqiqotlar yaratish muhim oʻrin tutadi. Xuddi shu maʼnoda XX asr boshlaridan ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodini oʻrganish, daho shoir benazir asarlarini nashr etish ishlariga jiddiy kirishildi. Bu jihatdan navoiyshunoslarimiz amalga oshirgan koʻplab tadqiqotlar eʼtiborga molik. Taʼkidlash oʻrinliki, Abdurauf Fitrat, Abdurahmon Saʼdiy, Olim Sharafiddinov, Vohid Zohidov, Hamid Sulaymon, Porsoxon Shamsiyev, Suyima Gʻaniyeva kabi olimlar qatorida Aziz Qayumovning alohida oʻrni bor. Chunki akademik Aziz Qayumov ilmiy faoliyati qanchalik serqirra boʻlmasin, ular orasida navoiyshunoslik asosiy yoʻnalish kasb etadi.

Aziz Qayumov Navoiy ijodini ilmiy oʻrganishni 1949 yildan boshlagan. Dastlab bir necha maqolalar, soʻngra esa Navoiy ijodiy biografiyasini tiklash, shoir asarlarini talqin va targʻib qilish borasidagi asarlari salmoqli oʻrin tutadi. Shu jihatdan qaralganda olimning alohida tadqiqotlari oʻtgan asr 70-yillarda nashr etila boshlaganini qayd etish lozim.

1988 yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi “MUMTOZ SO‘Z” nashriyoti bilan hamkorlikda Aziz Qayumov asarlarining koʻpjildligini nashr etishga kirishdi. Ular orasida olimning Navoiy haqidagi maqola va tadqiqotlari bir necha jildni tashkil qiladi.

“Men ham Navoiy “Xamsa”siga kirgan dostonlar toʻgʻrisidagi tadqiqotlarga oʻz hissamni qoʻshish maqsadida ish boshlagan edim. Bu ish ancha yillar davom etdi. Natijada Navoiyning besh dostoni boʻyicha besh ilmiy-tadqiqot ishi yuzaga keldi. Bu asarlar 1975–1985 yillar orasida birin-ketin nashr qilinib, kitobxonlarga taqdim etilgan. Endi shu ayrim-ayrim ishlarni bir joyga yigʻib yaxlit holda elga yetkazish maqsadida ushbu kitobni tuzdim. Besh doston toʻgʻrisida yozilgan ishlarning oltinchisi qilib “Xamsa” sarlavhalari” deb atalgan asarni qoʻshdim. Chunki ular Navoiyning oʻzi tomonidan tuzilgan “Xamsa” dostonlarining mazmuni bayonidir”, – deya lutf etadi allomaning oʻzi.

Asarlarning dastlabki jildi olimning “Hayrat ul-abror” talqini” nomli tadqiqoti bilan ochiladi. Maʼlumki, A. Qayumov ushbu nomdagi monografiyasini 1977 yili chop ettirgan edi. Ushbu asarda muallif yozishicha, “Hayrat ul-abror” dostoni uch hayratdan tashqari yana yigirma maqolatni oʻz ichiga olgan boʻlib, asosiy mazmunini shu maqolalar tashkil etadi. Alisher Navoiy oʻzining hayot tajribasidan kelib chiqqan xulosalarni izhor etadi. Bu asarda aks etgan teran ijtimoiy, falsafiy muammolar tarixiy davr hamda bugungi kun nuqtai nazaridan tahlil etiladi.

Maʼlumki, “Sabʼai sayyor” dostonining soʻnggi boblari Sulton Husayn Boyqaroga bagʻishlangan. Bu bob Navoiy va Husayn Boyqaro shaxsiyati toʻgʻrisida aniq tasavvur tugʻdiradi. Navoiy “Sabʼai sayyor”ning sakkiz yuz sakson toʻqqizinchi yil jumadius-soniy oyining payshanba kuni yozib tugallanganligini aytadi:

Garchi tarixi erdi sakkiz yuz,

Sakson oʻtmish edi yana toʻqquz.

Oyi oning jumadius-soniy,

Panjshanba yozildi unvoni.

“Sabʼai sayyor”ning yakunlovchi lavhasi katta falsafiy umumlashma xarakteridadir. A. Qayumov oʻz ilmiy-tanqidiy qarashlari bilan dostonlarni batafsil va keng tahlil qilib bergan.

A. Qayumov “Saddi Iskandariy” nomli kitobida shunday deydi: “Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostoniga bosh qahramon qilib, rumlik fotihning obrazini olgan boʻlsa ham, uning kurash va gʻalabalarini tavsiflash maqsadini koʻzda tutgan emas. Asar yirik falsafiy-didaktik umumlashmalardan iborat. Shoir bayon qilmoqchi boʻlgan barcha fikrlar ana shu markaziy obraz orqali bayon etiladi”.

Albatta, bu mumtoz asar haqida koʻp va xoʻb yozish mumkin. Lekin asl bahoni mutaxassislar va zukko kitobxonlar berishiga ishonamiz.

 

 

Dildora INAGAMOVA,

tadqiqotchi

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.