Ikki tomchi asal toti

0
227
marta koʻrilgan.

yoxud buyuk ummonda oqayotgan somon parchasi

 

Hayot – shoshqin bir UMMON kabidir. U bir qa­rasangiz, toʻlib-toshib, pishqirib, hovliqib, bir qara­sangiz, sokin, mahzungina oqadi. Bu bahri ummon bagʻrini qancha chaqmogʻu toʻfonlar, dovulu quyunlar titmagan, qancha girdobu boʻronlar tilka etmagan… Ha, buyuk ummonning dardi ham, quvonchi ham BUYUKdir. Inson esa uning yuzasida qalqib yurgan SOMON PARCHAsiga oʻxshaydi. Dengiz toʻlqinlari qayoqqa yetak­lasa, oqim qaysi tomonga boshlasa, oʻsha yoqqa qarab ketaveradi. Suv yuzasida qalqib ketayotgan somon parchasining taqdiri, albatta, ayanchlidir. Cheksiz qudrat oldida uning ojizligi unga oʻzini taqdir hukmiga topshirishdan boshqa imkonni berolmaydi. Ammo toʻlqinlar qaʼrida oqayotib ham qalbini tiriklikka, hayotga boʻlgan ishonch, MUHABBAT tark etmaydiganlar bor…

Lev Tolstoyning «Iqrornoma»sida bir hi­koyat kel­tirilgan. Unda dahshatli yirtqich taʼqibidan qochib kelayotgan sayyoh koʻhna quduqdan panoh topadi. U quduq ichidagi bir oʻsimlik ildiziga osilib turar ekan, quduq tubida ogʻzini ochib turgan ulkan ajdahoga koʻzi tushib, dahshatda qoladi. Qarasa, osilib turgan ildizini ham sichqonlar kemirayapti… Endi sayyohning tirik qolishiga hech qanday najot yoʻq. Biroq shunga qaramay, u oʻzi osilib turgan oʻsimlik yaprogʻida yaltiragan ikki tomchi asalni yalayapti… Ha, bu ASAL – hayot, tiriklik ramzi. Asalni yegan sayin yegisi kelaverganiday, hayotda yashagan sayin yashagisi keladi kishining. Sayyoh AJAL qarshisida turgan boʻlsa ham, HAYOTga talpinadi. Garchi hayot shaʼmi soʻnayotgan, umri tobora oxirlab borayotgan boʻlsa-da, tepasidayu ostida, hatto qarshisida gizlab turgan OʻLIM bilan kurashgisi keladi. Oldidagi hayotning shunchalik dahshatli ekanligiga qaramay, tiriklik atalmish bebaho neʼmat uni ohanrabodek oʻziga tortaveradi.

Aytishlaricha, inson dunyodan koʻz yumayotgan ma­hali yana “Bir lahza yashasam…” derkan, dunyodan toʻy­maskan… Sayyohning holati ham xuddi shunday.

Koʻpchiligimiz umrimizning asosiy qismini chumoli singari mayda tashvishlarga oʻralashib, hayotning buyuk totini sezmay yashaymiz. Dunyoning magʻzi-mo­hiya­tini, nega tugʻilganimiz-u, nega yashayotganimizni ang­lamaymiz. Umr esa shoshqin daryo singari toʻliqib, shoshib oqaveradi.

Sharqning buyuklaridan biri Saʼdiy Sheroziydan «Hayot, umr nima?» deb soʻraganlarida, u shunday javob bergan ekan:

Dunyoga keldim-u, bordim bozorga,

Kafanlik oldim-u, qaytdim mozorga.

Ha, har bir inson bu bozor dunyoga kelarkan, vaqti soati yetganda bir parchagina matodan oʻzgasini oʻzi bilan olib ketolmaydi. Bu dunyodan topganimiz, olib ketadiganimiz ana shu bir parchagina matodir.

Suvda oqib ketayotgan somon parchasi, ehtimol, ongu shuursiz, tafakkursiz, dunyoqarashsiz bir MODDIYATdir. Biroq uning ham hayotda oʻziga yarasha vazifasi, maqsadi bor. U dastlab don boʻlib, yerga ekilgan, donni inkor etib – maysa, maysani inkor etib – boshoq, boshoqni inkor etib, oxiri somon boʻlgan… Demak, uning maʼnaviy-ruhiy asosida ezgulik bor: u ham insonlarga non, hayvonlarga yemish va hokazo vazifalarni bajargan. Afsuski, biz ongli mavjudotlar – aql-tafakkur sohiblari boʻlaturib, oramizda maqsad-muddaosiz yashovchilar, kelib-ketganini hech kim sezmaydiganlar qancha. Yana shunday toifa ham borki, ular hayotda oʻz maslagi, eʼtiqodi, qadri uchun har qanday dargʻalarni ham kechib oʻtishga tayyor. Ammo yuqoridagi toifa kishilari doim ularning ustidan magʻzava agʻdarishga, qora tikan kabi yoʻllarida toʻsiq boʻlishga harakat qilganlar. Undaylar oʻz manfaatlari yoʻlida qancha-qancha qonli urushlar, kulfatlarni keltirib chiqarishmagan… Bunga tarixda minglab misollar topiladi. Ayniqsa, buyuk adiblar, allomalar, sarkardalaru xalq nazaridagi hukmdorlarning dolgʻali oʻtmishiga nazar solsak, ular aynan maqsadsizlar, maslaksizlar, takabburlaru munofiqlar dastidan azob chekishgan. Azalu abad qonuni boʻlgan EZGULIK va YOVUZLIK oʻrtasidagi kurash koʻpincha gʻirrom gʻalaba bilan tugagan. Bundan, yovuzlik hamisha ezgulik ustidan gʻolib, degan xulosa chiqarmoqchi emasmiz. Yovuzlik gʻalabasi insoniyat boshiga hamisha kulfatlar keltirgan. Ezgulik esa, borliqqa umidbaxsh kuch bagʻishlab, insoniyatni goʻzallik, maʼnaviy-ruhiy kamolot sari yetaklagan. Ezgulikni shior qilib olgan ShAXSlar nomi asrlar osha bashariyat yodida saqlanib kelmoqda. Shunday ekan, biz – MUTLAQ HAQIQAT izmi ostida yurgan TAFAKKUR SOHIBlari hayotimiz bogʻini ezgulik gullari-la bezaylik, toki bu gullar ifori butun borliqqa taralib, OLAMni ezgulik hidi tutib ketsin.

 

Zarina RAHMONOVA,

OʻzMU tadqiqotchisi

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.