Ijarasi shunchami?..

0
58
marta koʻrilgan.

Yaqinda kasbimiz yuzasidan nikoh oʻqishga bordik. Kelinning uyidan qaytayotganimizda kuyovga qoʻngiroq boʻldi. Gap kelin koʻylak masalasida edi. Kelin koʻylak 25 million soʻm ekan. Uni eshitib hayron boʻlib qoldim. “25 million soʻmga ham koʻylak olib berasizmi, u qanaqa koʻylak oʻzi? desam, “Qori aka, sotib olmayapmiz, toʻy kuni kiyadigan koʻylakning ijara xaqqi u”, deb javob berdi kuyov bola. Shu sabab boʻlib toʻylardagi isrofgarchilik xaqida gaplashdik.

Alloh taolo Qurʼoni karimda “Yeb-iching lekin isrof qilmang, chunki u isrof qiluvchilarni sevmas” (Aʼrof, 31), deb marhamat qilgan.  Bir kunlik kiyiladigan  koʻylak 25 million soʻm boʻlishi isrof emasmi. Boz ustiga, bu koʻylaklar ochiq-sochiq millatimiz urf-odatiga, asl qadriyatlarimizga toʻgʻri kelmaydi. Shuni bila turib bunday koʻylaklarni qizlarimizga kiygizib hammaga koʻz-koʻz qilishimiz uyat emasmi!

Hozirgi kunda baʼzi hayoli qizlarimiz oʻzimizning milliy matolarimizdan kelin koʻylaklarni tiktirib hamma ayollarning havasini keltiradigan liboslarda toʻyxonaga kirib kelganlarini eshitib xursand boʻldik. Baʼzi qizlar esa orzu-havas deb borayotgan xonadoni va ota-onasini qiynab qoʻyyapti. Axir insof bilan oʻylab koʻraylik, shu birgina bir necha soat kiyiladigan kuylak falon soʻm boʻlsaya, yana boshqa har xil gunoh, toʻgʻrirogʻi, Allohning gʻazabini keltiradigan bir qancha amallar borki, ularni hozirgi yoshlarimiz ham, ota onalari ham oddiygina qilib orzu-havas deb niqoblamoqchi boʻladi. Aslida ular esa shaytonga ergashayotganlarini bilmaydilar.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi toʻylarni ixchamlashtirish haqida fatvo chiqargan. Ayniqsa, bugungi kunda yurtboshimiz tashabbusi bilan toʻylarni ixchamlashtirish davlat siyosat darajasigacha koʻtarilgan. Paygʻambarimiz Muhammad  sollallohu alayhi va sallam qizlari Fotima onamizni  hazrati Aliga nikohlab berganlarida, teridan boʻlgan yopqich ichiga xurmo fatilasi solingan bolish, tosh tegirmon, suv idish va ikkita meshcha yuborganlar. Fotima onamizning seplari ana shulardan iborat boʻlgan. Hazrati Alining hech narsasi yoʻq edi. Birgina sovutni sotib kelinga toʻy qilganlar. Jannat ayollari sayyidasi Fotima onamizning nikoh toʻylari oddiygina boʻlgan. Bir teridan tikilgan matolari boʻlgan, ustilariga yopib yotishgan. Ustilariga tortsalar oyoqlari ochilib qolgan. Shu hollarida ham dunyoning eng baxtiyor kelinchagi boʻlganlar.

Hozirgi kunimizda kelin-kuyovlarga qilinayotgan sarpo-surugʻlar har xil anjomlar va ortiqcha zebu ziynatlar isrofdir. Buning oʻrniga  hayotlarida kerak boʻladigan “Baxtiyor oila”, “Er-xotinlik asoslari”, namoz, tahorat va gʻuslga oid kitoblarni sep qilib berishimiz kerak. Chunki ana shu kitoblar kelin-kuyov uchun zarurroq.  

Kasbimiz taqozosi ila koʻplab insonlar bilan muloqotda boʻlamiz. Shunday oilalar borki moddiy-maʼnaviy yordamga muhtoj. Har birimizning atrofimizda bunday insonlar uchrashi turgan gap. Nahotki, shu falon soʻmlik koʻylagu bir necha qoʻshiqchilar va dabdabali toʻyxonalarda oʻtkazilgan toʻy farzandlarimizning baxtli boʻlishiga kafolat bersa.  Baʼzi joylarda toʻydan avval kelin-kuyovni har xil holatda suratga olib toʻyda kelgan mehmonlarga namoyish etilar ekan. Bu nima degani, oʻzini oʻzbekman, musulmonman degan yigit oʻz juftu xalolini elga koʻz-koʻz qiladimi. Ota-bobolarimiz oʻz ayollarini qanday asrashgan. Begona koʻzlardan nari tutishgan. Har xil nobop yirtiq-yamoq ochiq-sochiq kiyimlarni kiydirishmagan, lekin baxtli xayot kechirishgan, borgan joylarida xam itoatli va sabrli boʻlib dunyo tarixida buyuk nom qoldirgan shaxslarni tarbiyalashgan.

 

Abdullo RAHIMOV,

Shayxontoxur tumanidagi “Sultonhoji” masjidi imom-xatibi

 

muslim.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.