Ibtido

0
333
marta koʻrilgan.

Suv turli sharoitda qanday oʻzgarishga uchrarkin? Suvga eʼtiborsizlik qilinganda, iqtidorli, oddiy, yomon odamlar unga tikilib turganda, qanday javob berarkin, bilmoqchiman.

 Masaru EMOTO

 

“Zuloli zavqu shavqin tashnai diydor oʻlandan soʻr”. Shunday. Fuzuliy aytganidek, toki tashna boʻlmagunimizcha suvning qadriga yetmaymiz, uni eslamaymiz ham. Tashnalik! Bundan ortiq azob yoʻq. Bir yutum havo inson uchun qanchalik zarur boʻlsa, suv ham shunchalik zarur. Biz nega suvsaymiz? Buning sababi shundaki, inson vujudi asosan suvdan iborat. Masalan, koʻzimiz 99 foiz suv. Bu unsurning modda almashinuvi natijasida chiqib ketishi, bugʻlanishi, harakat va harorat tufayli terga aylanishi oqibatida kishi organizmining suvga talabi oshadi. Asosan suvdan iborat boʻlgan hujayralarimiz “Suv! Suv!” deya chinqira boshlaydi. Organizmda yoʻqotilgan unsurning oʻrnini toʻldirish zarurati bizni suv ichishga majbur qiladi. Shunday qilinmasa, hujayralar halok boʻladi, inson oʻladi.

Suv ana shunday bebaho neʼmat. “Suv zar, suvchi zargar”, deymiz. Tejamkorlik jihatidan bu toʻgʻri. Ammo zarni, yaʼni tilloni togʻ-togʻ qilib uyub tashlash bilan tashnalikni qondirib boʻlmaydi. Bir qultum suv uchun tashnalik azobini chekayotgan odam bor boyligini berib yuborishi tabiiy hol. Hayvonot olamidagi birorta jonivor, nabotot dunyosidagi birorta giyoh suvsiz yashay olmaydi.

Oʻzga sayyoralarda hayot bor-yoʻqligini kuzatayotgan olimlar, avvalo, havo va suvga eʼtibor qiladilar. Marsda yoki Oyda ana shu unsurlar bormi? Yoki ularning mazkur sayyorada qachonlardir boʻlganligini anglatuvchi izlar, belgilar, qandaydir shakllar mavjudmi? Tadqiqotlar shunga tayanadi. Bu borada natijalar bor. Oyda havodan ham, suvdan ham nishona koʻrinmaydi. Ammo Marsda suv izlariga xos belgilar mavjud.

 

Muzlagan deraza manzaralari

 

Ayoz qisib qattiq sovuq boʻlgan tunda derazalar muzlaydi. Unda qirrador togʻ choʻqqilari, qamish va palma yaproqlari, boshqa turdagi daraxt shoxlari, turli koʻrinishdagi tropik oʻsimliklar, butalarni koʻrasiz. Bu manzaralar shu qadar jozibaliki, dunyoda hali hech bir musavvir bunday rasmni chizolmagan boʻlsa kerak.

Derazadagi manzaralarga sehrlanib qaraysiz. Undan koʻz uzgingiz kelmaydi. Shu suvratlar derazamda bir umr tursin deysiz. Ayozli tundan keyin, albatta, quyosh chiqadi. Olam yoritgichining yuz koʻrsatishi, muz qotgan yerni isitishi afsuslanarli emas. Deraza naqshlarining asta-sekin erib ketishi, suvga aylanishi afsusli. Har holda, men bundan har doim afsus chekardim.

Shisha koʻzlardagi sohir naqshlar erib, suv boʻlib oqadi, chunki u aslida ham suv edi. Faqat qattiq sovuq taʼsirida kristallanib qolgandi. Qizigʻi shundaki, deraza koʻzlaridagi naqshlar uning tashqi tomonida emas, balki ichki sathida. Buning ustiga, bir kishining derazasidagi chizgilar boshqanikiga oʻxshamaydi, yaʼni sizning derazangizdagi suvratlar qoʻshningiznikidan farq qiladi. Nega shunday?! Keling, yapon olimi Masaru Emotoning fikrlariga quloq tutaylik: “Inson qalbi olamga baxt ham, iztirob ham bera olish kuchiga egaki, suv kristallari aynan shu qalb holatlarini inʼikos ettiradi. Hayotda toʻgʻri yoʻlni qanday qilib topish mumkin? Muhabbat va ehtiromni koʻngilga joylab! Muhabbatga limmo-lim yurak ehtirom hissini uygʻotadi. Muhabbat ehtirom hissini toʻgʻri yoʻlga boshlaydi. Ehtirom va muhabbat butun dunyoni toʻldira olishini suv kristallari bizga namoyish etadi”, deydi yapon olimi.

Modomiki shunday ekan, siz yotgan xona derazalaridagi suv kristallari nimadan darak? Qoʻshningizniki-chi?! Ulardagi chizgilar xonadon sohibining ichki kechinmalari, niyatlari, muhabbati yoki gʻazabi va nafratining inʼikosi emasmikin? Agar Masaru Emoto taʼlimotiga asoslansak, derazadagi kristallarning ham inson hissiyotlariga mushtarakligiga amin boʻlishimiz kerak.

 

“Suv har birimizni kuzatmoqda”

 

Bu sarlavha yapon olimi Masaru Emotoning suv haqidagi tadqiqotidan olindi. Suv har birimizni kuzatishi sizga erish tuyulmayaptimi? “Nahotki” demayapsizmi? Balki “bekorchi gaplar” deyayotgandirsiz. Tabiiy hol. Dunyo qadimiy. Suv undan-da qadimiy. Biz esa olamga yangi kelgan odamlarmiz. Bilganimiz sari hali hech narsani bilmasligimiz ayon boʻladi. Suv haqidagi bilimimiz ham koʻp narsani anglatmaydi. Buni qarangki, hatto ota-bobolarimizdan qolgan oʻgitlarga ham amal qilmayapmiz. Aslida qulogʻimizga quyilgan oʻgitlar bugun dunyo olimlari oʻtkazayotgan tadqiqotlarning asosi ekan!

“Suv ichgandan keyin Xudoga shukur deyish kerak”, deb oʻrgatishardi keksalarimiz. “Suvga tupurma!” Bu qatʼiy talab edi. Odamlar bugun ariq va daryolarga chelaklab chiqindi toʻkayapti. Roʻzgʻorga keraksiz bor narsa suvga tashlanadi. Suv esa bunga chidayapti.

Masaru Emoto oʻtkazayotgan tadqiqotlar bugungi kunning ishi. Suvning xotirasi borligi, u hamma narsani yozishi va esida saqlashi, shuning uchun suvga yomon nazar bilan qaramaslik, unga yoqimsiz soʻzlarni aytmaslik, aks holda, suv ifloslanib ketishi va katta baxtsizliklar roʻy berishini isbotlashga va buni ingliz olimi doktor Sheldreykning “morfogen – rezonans” nazariyasi bilan bogʻlashga harakat qilayapti.

Doktor Sheldreykning taʼlimotiga koʻra, odam nimaga nazar solsa, oʻsha narsaga taʼsir oʻtkazadi. Bir joyda yuz bergan hodisa boshqa joylarga rezonans beradi. Masaru Emotoning suv toʻgʻrisidagi tadqiqotlari ana shu nuqtai nazardan Sheldreyk taʼlimotiga borib tutashadi. Buni qanday tushunmoq kerak? Daryo sohilida turib, unga mehr-muhabbat bilan qarasangiz, bu ehtirom morfogen-rezonans taʼsirida butun dunyoga tarqaladi. Sizdan juda uzoqda boʻlgan kishi buni his qiladi.

“Koʻz oʻngingizda mavjlangan suv dunyodagi ummonlar, dengizlar, daryolarda mavjud jamiki suvlar bilan bogʻlangan. Siz tikilayotgan suv sayyoraning barcha nuqtalaridagi suvlarga rezonans beradi va muhabbatingiz nomasi barcha insonlar qalbiga yetib boradi”, deydi Masaru Emoto. Demak, suvga qarab, suv ichib, “Xudoga shukur”, deyish Allohga yetib boradi. Hayratlanarli tomoni shundaki, bizning ota-bobolarimiz buni qadim-qadimdan bilgan, bugun dunyo olimlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar ularga maʼlum ekan. Faqat biz bunga eʼtiborsizlik bilan qaraganmiz. Buni biz qilishimiz, yaʼni bobolarimiz, momolarimiz oʻgitini qayta ishlashimiz kerak edi, xolos. Afsus!..

 

Global masala

 

Kufrlikdan belgi suv toshqini ham,

Yongʻinu zilzila ofatga hamdam.

Tabiat jilovin tortaman dema,

U bandaga emas, Xudoga mahram.

 

Bugun shoirlarimiz inson tomonidan tabiatga oʻtkazilayotgan zoʻravonlik toʻgʻrisida ana shunday sheʼrlar bitmoqdalar. Xususan, suvga boʻlgan munosabat hammani tashvishlantirmoqda. Tiriklikning asosiy unsuri boʻlgan bu bebaho neʼmatga munosabat keyingi yillarda juda yomonlashdi. Ariqlar, anhoru daryolar, kanallar oʻzani tom maʼnoda chiqindixonaga aylandi. Endilikda roʻzgʻorimizda nimaiki ortiqcha boʻlsa, uni ariq va boshqa suv havzalariga olib borib tashlayapmiz. Bugun suv oʻzanlarida toshdan koʻra, oyoq kiyimi koʻp. Qoʻshnimiz harom oʻlgan buzogʻini sudrab borib, daryoga tashlayotganini koʻramiz, ammo unga tanbeh bermaymiz. Oʻzimiz guvoh boʻlgan shu va shunga oʻxshash voqeaga xayrixohlik bildirgan yoki “menga nima” qabilida betaraf qolganimiz holda xuddi shunday holatni gazetadan oʻqisak, “qattiq taʼsirlanamiz”. Buni qanday tushunish kerak? Radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida oʻz ifodasini topayotgan hayot oʻzimiz yashab turgan hayotga nisbatan taʼsirchanroqmi?

Tabiat muhofazasi global masala. U hayotning qadriga yetuvchi kishilarni barcha zamonlarda ham befarq qoldirmagan. Inson zurriyodining bardavomligi uchun qaygʻurgan koʻpgina allomalar, mutafakkirlar tabiatning gullab-yashnashi, suv va havoning musaffoligi uchun kurashganlar.

Suv kimyoviy til bilan aytganda, N2O ekanligini bilamiz. Unga hidsiz, rangsiz va taʼmsiz suyuqlik deb taʼrif beriladi. Ammo buni qarangki, tashna boʻlib va yutoqib suv ichayotganimizda goʻyoki uning dunyoda tengi yoʻq, taʼrifi topilmas muattarligini tuyganday boʻlamiz. Daryolarga yoki boshqa chuqurroq suv havzalariga qarab, suvning koʻzlarimizga va shuurimizga orom berayotgan zilol rangdaligini, tiniq osmonga monand bu koʻklik dunyodagi eng huzurbaxsh rang ekanligini his etamiz. Suv shu qadar lazzatliki, uni bu yorugʻ olamdagi biror narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. Bu – paradoks. Biz suvning maʼlum bir hidga, rangga va taʼmga ega boʻlishini xohlamagan boʻlardik.

 

Choʻmilayotgan suv

 

Mavlono Jaloliddin Rumiy aytadilar:

 

Suvki turgʻun ersa bas, ul aynigay,

Boʻyla suvni ichsa koʻngil aynigay.

 

Haq savob bahriga irgʻitgay yana,

Lutfi birlan suvni suv etgay yana.

 

Bir yil oʻtgach ul yana maʼvosida,

Qayda erding? Ezgulik daryosida.

 

Ezgulik daryosi nima? Suv nega u yerga boradi? Choʻmilish, poklanish va yana toza suvga aylanish uchun. Suvning ezgulik daryosiga borib choʻmilayotganini tasavvur qila olasizmi? Umuman, bu haqda oʻylab koʻrganmisiz?

Bu savolga suvning oʻzi shunday javob qiladi:

 

Bulgʻanib erdim, yetishdim pok boʻlib,

Yangi toʻn kiydim, makonim xok boʻlib.

 

Bugun olimlarimizning suv ustida olib borayotgan izlanishlari, jumladan, uning ifloslanishi va oʻzini oʻzi tozalashi toʻgʻrisidagi tadqiqotlar zamirida Jaloliddin Rumiy xulosalari bor. Faqat bu xulosalar uzundan uzoq risolalardan ixchamligi, aniqligi, fikrning loʻnda va taʼsirchanligi bilan farq qiladi.

Suv har xil taʼsirlar tufayli ifloslanadi. Ammo u oʻzini tozalab, vaqti-vaqti bilan poklanib, “ezgulik daryosi”da choʻmilib, yana oldimizga qaytib keladi. U begʻaraz va beminnat xilqat:

 

Har balodin poklaguvchi der meni,

Ifrit ersang gar, malak etgum seni.

 

Bulgʻanar boʻlsam magar ketgum yana

Tozalik daryosiga yetgum yana.

 

Eski kir xirqamni yechgayman dagʻi,

Yangi toza toʻnni bichgayman dagʻi.

 

Uning begʻaraz va beminnatligi shundaki, daryoga – ezgulik yoki tozalik daryosiga – borib, poklanib, yangi toʻn kiyib, oʻz makoni xokka (tuproqqa) qaytgandan keyin, kel endi, ifrit boʻlsang tozalayman, ifloslansam yana choʻmilishga ketaman, deydi.

 

Ezgulik daryosi nima?

 

Zamonaviy shaharlardagi millionlab koʻpqavatli uylarning hojatxonalari suv bilan tozalanadi. Bu iflos oqova qayerga boradi? Biz ichayotgan suvga kelib qoʻshilmaydimi? “Koʻz oldingizda mavjlangan suv dunyodagi ummonlar, dengizlar, daryolarda mavjud jamiki suv bilan bogʻlangan. Siz tikilayotgan suv sayyoraning barcha nuqtalaridagi suvlarga rezonans beradi…” deydi Masaru Emoto.

Bu fikrlardan koʻrinadiki, suvning vujudi bitta. Yoki boʻlmasa doktor Sheldreyk nazariyasiga koʻra xulosa chiqaradigan boʻlsak, hovlimizdan oqib oʻtayotgan kichkina ariqchaning ohu nolasini Tinch okeani ham, Shimoliy muz okeani ham eshitib turadi. Demak, bizning oqovalarimiz ham ifloslanganidan nola qiladi. Bu holatni Jaloliddin Rumiy shunday ifodalaydilar:

Nola aylar ul yurakdin ey Xudo,

Berganing berdim, oʻzimdirman gado.

 

Shunda ifloslangan suv poklanish va yana musaffo boʻlish uchun ezgulik daryosiga daʼvat etiladi. U bugʻlanadi, bulut hosil boʻladi, natijada suv yuksakliklarga parvoz etadi. Soʻnggi yoʻq dengizlarga quyiladi va yana koʻklarga koʻtariladi. Pirovard natijada qor-yomgʻir boʻlib, poklanib, yerga tushadi. Ana shu jarayon ezgulik daryosidir. Suvning daryoda choʻmilish va poklanish jarayoni ana shunday kechadi.

Bundan suvni har qancha ifloslantirsak ham, u tozalanib qaytaverarkan, shunday boʻlgach, suv ifloslanib ketayapti, deb bong urish shartmi, degan xulosa chiqarish mutlaqo notoʻgʻri. Shunday xulosa chiqargan kishi bu yildan yanagi yilgacha, fasllar almashinib, yana qor-yomgʻir yogʻmaguncha suv isteʼmol qilmasligi kerak. Vaholanki, biz har kuni, har lahzada suvga ehtiyoj sezamiz.

Ana shunday gaplar pirovardida “Suvni tejang!”, “Suvni ifloslantirmang!” degan hayqiriqlarga oʻrin qolmaydi.

Faqat shuni taʼkidlaymizki, qadimgi yunon faylasufi Fales aytganidek, “Hamma narsaning ibtidosi suvdir”.

 

Neʼmat ARSLON

 

“Yoshlik”, 2015 yil 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.