Hikmat qudrati

0
308
marta koʻrilgan.

Kamina 1961 yili “Gʻuncha” jurnali bosh muharriri Abdusodiq Irisovning topshirigʻi bilan Bekobod metallurgiya zavodiga borib, Anvar Toshpoʻlatov haqida bolalar uchun ballada yozib kelgandi.

– Balladangiz “Gʻuncha” oʻquvchilariga emas, kattaroq bolalarga toʻgʻri keladi, gazetaga bera qoling, – dedi muharririmiz.

“Ballada yoqmagan boʻlsa, bahona qilyapti”, degan xayol bilan gʻaladonga tashlab qoʻydim. Oradan ancha vaqt, chamasi bir yil oʻtgandan soʻng oʻqib koʻrsam, chindanam, Abdusodiq Irisovning gapida jon bor ekan. Balladani bolalar gazetasiga bergandim, darhol chiqarishdi.

Ertasiga Qudrat Hikmat tahririyatga kelib tabrikladi. Shundan soʻng meni “Metallurg” deb atay boshladi. Bir kuni: “Metallurg, sheʼrlaringni tayyorla. Kitobingni chiqazamiz”, deb qoldi dabdurustdan. Men boʻlsam, bu gapni shunchaki aytdi-qoʻydi-da, deb tushunibman. Shoir esa har hafta yo hafta oralatib: “Metallurg, qoʻlyozmalarni tayyorladingmi?” deb soʻrab qoladi. Nihoyat, topshirdim. Endi har uchrashganda: “Planga kirdi, muharrir koʻryapti”, der edi. Qoʻlyozma terishga tayyor boʻlganda, qarasam, bir kichkina kitobchada ikki muallifning ismi-sharifi turibdi.

– Bu qanaqasi, menga hammuallifning keragi yoʻq, chiqarmay qoʻyavering! – dedim achchiqlanib. Qudrat aka esa meni qoʻltiqlab olib, koʻchaga yoʻl boshladi. Choyxonaga kirdik. Choy ustida izoh berdi:

– Hozir bolalar shoirlari koʻp. Hammasini chiqaray, desak, hukumat qogʻoz ajratmaydi. Olim Mahkamov yaxshi, lirik shoir. Lekin bir oʻzining kitobini chiqarolmaymiz.

– Oʻzingiz bilasiz, – dedim hafsalasizlik bilan.

Shunday qilib, 1964 yili Miraziz Aʼzamov bilan Olim Mahkamovning sheʼrlari “Metallurg” nomi bilan nashrdan chiqdi. Keyin oʻylab qarasam, bu hayot hikmatlarini yaxshi oʻzlashtirgan odamning tutgan yoʻli ekan.

Qudrat aka koʻpincha tushlik payti tahririyatga kelib, choyga taklif qilardi. Bir piyola choy bahona jonidan ortiq koʻrgan farzandlarining yoqimli va shirin gaplarini, qiliqlarini sevina-sevina gapirib berardi. Oʻgʻli Murodjonning shoʻxliklari, tinib-tinchimasligi haqda “Hayron qoldirar” nomli sheʼr ham yozgan.

 

Handalak boʻy Murodjon

Goho gijing toy boʻlib,

Xivich tolni “ha-chuv”lar

Koʻlmak suvda loy boʻlib.

Shunda tushar esimga

Gʻirt oʻt boʻlgan yoshligim.

Qishda qushday dirgizlab

Qor kechgan beboshligim, –

deb boshlanuvchi bu sheʼrdan shoirning bolaligi qanday oʻtganini aniq tasavvur qilish mumkin. Ayni chogʻda xalqda “Shoʻx bola bot quyilar” deyilganidek, hozir “paypogʻi, shimi isqirt”, “ilma-teshik qalpoqli” bu bola “serharakat, mard, durkun” azamat boʻlib oʻsajagi va undan kulganlarni “hayron qoldirajagi” haqida ishonch va mehr bilan toʻla satrlar bitgan edi.

1967 yili Qudrat aka meni nashriyotga ishga taklif qildi.

– Nashriyotda senga oʻxshagan bir gaplashadigan, sirlashadigan odamim yoʻq. Sen bizga oʻtgin…

– Bilmasam, jamoamizdagilar ham, muharririmiz ham yaxshi odam. Ulardan faqat yaxshilik koʻrdim. Ketishim – unchalik oʻxshamaydi-da…

– Biznikilar ham hammasi yaxshi odamlar. Direktorimiz Sotvoldi Yoʻldoshev adolatli, toʻgʻrisoʻz, hazilkash, askiyachi. Biror marta biror kishini siltab gapirganini koʻrmaganman. Sening boshliqlaring bilan oʻzim gaplashaman. Hech kim sendan xafa boʻlmaydi. Mana, koʻrasan…

Sotvoldi Yoʻldoshev meni ochiq yuz va samimiy tabassum bilan kutib oldi:

– Sizni hozircha yoshlar publitsistikasi boʻlimiga katta muharrir qilib olamiz. Ikki-uch oyda bolalar adabiyoti boʻlimiga oʻtasiz. Hozir toʻgʻridan-toʻgʻri bolalar adabiyoti boʻlimiga katta muharrir qilib olsak, u yerda necha yillardan beri bu oʻrinni orzulab oʻtirgan muharrirlar bor, ular xafa boʻlib, shikoyat qilishlari mumkin…

Xuddi ularning moʻljaliday boʻlib, bolalar adabiyoti boʻlimiga bir muncha keyinroq oʻtdim.

Qudrat aka tanaffus chogʻi kulib:

– Men bu boʻlimda “podsho”, sen “saroy kotibi” boʻlasan, – dedi.

– Kotib boʻlib nima ish qilaman? – deyman.

– Menga koʻmak beradigan, kelajakda men ketsam, yoʻlimni davom ettiradigan izdosh. Hozircha yordamchim boʻlib ish yuritasan, – deb xoxolab kuldi va kiftimga urib-urib qoʻydi.

Shu-shu, endi men Metallurg emas, Kotib boʻldim.

Qudrat aka oʻzidan kattalardan, ayniqsa, Oybek domladan, Quddus Muhammadiydan yaxshi mehr koʻrgan edi. Buni unutmadi, ulardan olganlarini ortigʻi bilan oʻzidan kichiklarga qaytardi.

Bir kuni meni Mirkarim Osimnikiga olib bordi. Domla, Quddus Muhammadiy bilan shirin suhbat qurib oʻtirgan ekan.

– Mirkarim aka! Bu yigit Miraziz Aʼzam degan shoirimiz. Sizga oʻxshagan “Mir”lardan, – deb domlaga tanishtirdi.

– Qani, sen “Kitob, nima desalar?” degan sheʼringni oʻqi-chi! – deb qoldi. Oʻqidim.

Qudrat aka sabab Mirkarim Osim bilan yaqin boʻlib qoldim.

Boshqa ustozlarning uylariga, ishxonalariga olib borar, ijod namunalarini chiqarishga koʻmaklashardi. Tursunboy Adashboyevning kitobini chiqarish uchun qoʻlyozmasini nashriyot muharrirlar kengashida muhokama qildirib, soʻng rejaga kiritdi. Qudrat akaning hayotida bunday misollar juda koʻp. Asosan yoshlarning kitoblarini rejaga kiritishda jonbozlik koʻrsatardi.

Qudrat aka hali yosh boʻlishiga qaramay, keyingi yillarda koʻp kasallana boshlagandi. “Oʻgʻlim bilan suhbat” nomli oʻn bosma taboq sheʼrlar va dostonlar qoʻlyozmasini shoshilinch topshirdi.

– Tezroq tushirib ber, – dedi.

– Qudrat aka, men sizning eng yaxshi sheʼrlaringizni oʻzim saralab toʻplam tayyorlamoqchi edim.

– Uni keyin tayyorlaysan, shuni tezroq tushirib ber, – dedi.

Men qoʻlyozmani tez oʻqib chiqib, nashrga tayyorlashga kirishdim: toʻplamni bosh muharrir ham maʼqullagandan keyin rasmlar muharriri Gennadiy Jirnovga toʻplamdagi barcha sheʼr, ertak va dostonlar mazmunini aytib berdim (u paytda nashriyotlardagi va jurnal tahririyatlaridagi rasm muharrirlari asosan boshqa millat vakillari boʻlib, oʻzbekcha qoʻlyozmani oʻqiy olmas, shuning uchun kitob muharrirlari rasm muharrirlariga butun kitobning mazmunini aytib, tushuntirib berishi shart edi). Genadan tez va yaxshi ishlaydigan rassomlarga rasm buyurtirishini iltimos qildim. R. B. Levitskiy bilan V. Kaydalov rasm va bezaklarni bitirib berishdi. Nihoyat toʻplam kitob qilib chiqarish uchun tayyor boʻldi va uni ishlab chiqarish boʻlimiga topshirdik.

Bu orada Qudrat aka Xotinkoʻprikdagi shahar klinik kasalxonasiga davolangani yotdi. Buyragining bittasi ishdan chiqqan, operatsiya qilmasa boʻlmas ekan. Biz har gal uni koʻrgani borganimizda “Kitob nima boʻldi?” deb soʻrardi. “Chiqib qolar”, derdik. Ammo direktorimiz, ochigʻini aytganda, uni bosmaxonaga topshirishga ruxsat bermas, qoʻlyozma ishlab chiqarish boʻlimida harakatsiz yotardi. Kasalxonaga nashriyotimizning muharriri Erkin aka Siddiqov bilan Qudrat akani koʻrgani borganimizda, u: “Axir, nima gap?” deb kitobining taqdirini surishtirdi. Biz toʻgʻrisini aytishga majbur boʻldik. Uning koʻzlari yoshlandi. “Men bir ahvolda yotsam-u, direktor menga shunday muomala qilsa… bu nimasi? Meni koʻrgani kelmadi. Mayli, har kim oʻz tomiga tushgan qorni kurashi kerak. Ammo qoʻlyozmani nega toʻxtatib turibdi?” dedi achchigʻi kelib. Dard esa kundan-kunga ogʻirlashib borar edi. Erkin Siddiqov bir kuni Qudrat akani koʻrgani borib, sovuq xabar olib keldi. Davolovchi vrach: “U nego v golose poxoronniy zvon”, deganmish. Afsuski, bu xunuk bashorat toʻgʻri chiqdi. Ertasigami, indinigami (oʻshanda 1968 yil edi), Qudrat aka buyrak kasalidan 42 yoshida vafot etdi. Albatta, shoir uchun bu eng navqiron – joʻshib yozadigan, ijod qiladigan palla. Ming afsuski, Qudrat Hikmat ijodiy barkamollikka erishgan ayni avj nuqtada dunyoni tark etdi. Ammo shoir sheʼrlarini hali-hanuz turli darsliklarda, toʻplamlarda oʻqirkanmiz, sheʼrlar qatidagi umrboqiy hikmatlar qudratiga oʻlim bas kelolmas ekan, deb koʻnglimiz yorishadi.

 

Miraziz AʼZAM

 

“Yoshlik”, 2016 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.