Hazrat maqomatlarida axloq va kamolot

0
88
marta koʻrilgan.

Oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoning ijtimoiy hayoti, ilmiy-maʼrifiy va madaniy taraqqiyotida yorqin iz qoldirgan mutafakkir alloma Hazrati Shayx Xudoydod Vali islom dinining insonparvar mohiyatini chuqur idrok etib, oʻzining butun ongli hayoti va ilmiy salohiyatini shu din asoslarini oʻrganish va targʻib etishga bagʻishladi.

Quyida Hazratning 1331 hijriy (1910 milodiy) yilda koʻchirilgan qoʻlyozmasi haqida mulohaza yuritamiz. Bu qoʻlyozma alloma avlodlaridan biri, Samarqand arxitektura-qurilish instituti professori, texnika fanlari doktori Sayidmaqsud Razzoqov bobokaloni meros kutubxonasida saqlanadi.

Asar matni boʻyi 25 santimetr, eni 18 santimetr boʻlgan sahifaning oʻrtasida bir ustun qilib joylashtirilgan. Matn Movarounnahrning och sargʻish rangli qogʻoziga qora siyoh bilan yozilgan, lavh va jadvallar koʻzga tashlanmaydi. Alohida ajratib koʻrsatilgan soʻz va iboralar qizil siyoh bilan yozilgan.

Sahifalar hoshiyalarida baʼzi oʻrinlardagina ruboiylar joylashtirilgan. Asosiy matn 247 sahifada joylashtirilgan boʻlib, oxirgi sahifada kotibning nomi keltirilgan. Yaʼni, “1331 hijriy yilda Muhammad Ashur ibn Nurmuhammad koʻchirdi”, deyiladi. Sahifalarda poygirlar yoʻq. Yillar oʻtishi bilan varaqlar sargʻaygan. Kitobning muqovasi magʻziy, qizgʻish xom teridan yasalgan, asosi koʻrinib turibdi. Xat joylashgan sath 10,5 x 21 santimetr. Sahifalarda lavhlar, zarhal yoki boshqa rangli bezaklar, naqshlar yoʻq. Bundan maʼlum boʻladiki, kitob maxsus sanʼat asari sifatida ishlanmay, biror tariqat yoki pirning muxlisi, ixlosmand kishi tomonidan koʻchirilgan. Matn goʻzal nastaʼliqda yozilgan boʻlib, har sahifada 15 qatordan xat joylashtirilgan.

Asar mazmuni asosan forsiy tilda bayon etilgan boʻlib, turli voqea-hodisalar vositasi bilan Hazrati Shayxning oʻz muridlari, suhbatdoshlariga pand-oʻgit bergani hikoya qilinadi. Matn oʻrtalarida saʼj, bayt, hikmat, gʻazal, naql, hikoyat sarlavhalari bilan turkiy va forsiy tillarda badiiy yaratmalar ham joylashtirilgan. Qurʼoni Karimdan iqtiboslar, hadisi shariflardan namunalar, qissalarga murojaat etish hollari biror voqea yoki hikmatli pand, oʻgit tahlili vositasida uchraydi. Bir sahifada Hazrati Shayx hayotining sanalari va tafsilotlari keltiriladi. Muallif tasavvufiy tushuncha va istilohlardan foydalangan holda ishq ahli ahvolini oʻziga xos tarzda talqin qilishga urinadi. Misralardagi tasviriy ifodalar Mashrab, Soʻfi Ollohyorning talqin va tasniflariga monand.

Asarda soʻfiyning axloq qoidalari haqida koʻplab fikrlar bayon qilinadi. Bu oʻrinda adib Shayx tilidan Hazrat Azizon fikrlarini bayon qiladi: “Va buyurar edilarki, bir kun menga arz etdilarki, falon soʻfi falon soʻfi birla olishganlar, men aytdimki, soʻfini hech kim ila olishgani munosib emas, chunki olishish yaxshi xulq (hasan xulq) egalarining raftoridan emas, balki soʻfi oʻzi oʻzi bilan olishmogʻi zarurdir va agar oʻzining jahli gʻazabini nahang kabi yutishga tayyor turmogʻi lozimdir”. Ishq ahli ahvollarini ham oʻzgacha talqin etadi, ularning tashqi koʻrinishlari kishi koʻziga xomush va achinarli koʻrinsa-da aslan ular quvonch mukofoti bilan ragʻbatlangandirlar – “Zeroki, agar ular zohirda firoq dashtida sargardonlar, ammo maʼno jihatdan barchalari habib vaslidan shokir va quvonchdadirlar”, deydi.

Shuni ham taʼkidlash lozimki, asarda ayrim xatoliklar uchraydi, takrorlar, soʻz va iboralarni tashlab ketish koʻzga tashlanadi. Lekin kotib xatolaridan qatʼi nazar, Hazrati Shayxning sheʼrlarni shoirlik daʼvosi bilan emas, balki bir jazba (shavq) kelganda aytganligini nazarda tutmoq joiz.

Kitob soʻngida paygʻambar Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallamga salavoti sharif va xotima oʻrnida forsiy tilda ikki bayt keltiriladi. Sahifaning chap burchagida muhr oʻrnida kotibning nomi va kitob koʻchirilgan sana koʻrsatiladi.

 

Mutallib HAZRATQULOV,

SamDU oʻqituvchisi

 

zarnews.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.