Hayrat dunyosida

0
129
marta koʻrilgan.

Bolalik dunyosi siru sinoatlarga boy. Bola koʻziga koʻringan neki bor – barisi hayratlanarli. Osmon bepoyon, quyoshning chiqishidan tortib botishigacha, yulduzlarning jilvalariyu oyning sutday nuri, bexosdan chaqmoq chaqishi, yomgʻir yogʻishi chinakam moʻjizaning oʻzginasi. Togʻning viqori, bogʻdagi yam-yashil daraxtlar yoki tarnovga osilgan sumalagu yomgʻirda ivib don talashayotgan musichalar – barcha-barchasi bola idrokining, begʻubor qalbining tengsiz boyliklari, borliqdan olayotgan saboqlaridir. Mana shu hayrat tuygʻusi quyosh nurlari misol uning qalbiga orzular olib kiradi, maqsadini purviqor qoyalar misol yuksaltiradi.

Bu muborak tuygʻular tajassumini men Sariosiyoda bir qizaloq timsolida koʻrdim. Qorachadan kelgan, istarasi issiq. Bir boqqanda koʻngildan: “Qaniydi, mening ham shunday qizim boʻlsa”, degan niyat kechadi. Suhbatlashsangiz mehringiz iyib, beixtiyor boshini silagingiz keladi. Uning gʻazal oʻqishini eshitib sel boʻlasiz. Goʻyo dunyo moʻjizasi koʻz oldingizda qad rostlayotgandek sevinasiz. Qizaloqning ism-familiyasi Feruza Abdullayeva. U tumandagi 12-umumtaʼlim maktabining 2“A” sinfi oʻquvchisi.

 

Tushda yetkandek erurman sarvi hurizodima,

Koʻr, yomon toleʼki, ul ham yaxshi kelmas yodima…

 

Qoʻllarini yuzi tomon koʻtargan, koʻzlari xiyol yumilgan, sadafdek tishlari yarqirab, qizcha gʻazal oʻqimoqda. Har bir soʻz marjon tishlari orasidan sitilib chiqadi. oʻazalxonlikdan soʻng Feruza bilan suhbatlashdim.

– Katta boʻlsam, shoira boʻlaman. Hozir hazrat Navoiydan ellikta gʻazal yod bilaman, Zahiriddin Muhammad Boburdan ruboiylar yodlaganman. Bilaman, ellikta kam, lekin kelasi yil 9 fevralgacha yana yuzta gʻazal yodlayman. Ishoning, agar keyingi yil ham maktabimizga kelsangiz, eshitib koʻrasiz. Aldamayman, – deydi Feruza kipriklari pirpirab.

Yosh bola aldaydimi? Aldashi mumkinmi? Yuzida farishtalar nafasi ufurib turgan bu qizchaning soʻzlariga ishonmay boʻladimi? Senga ishonaman Feruza. Yuzta nima boʻpti, agar sen chin dildan istasang undan ham koʻproq gʻazal, ruboiy yodlaysan.

– Feruzaning ishtiyoqini, xotirasining kuchligini koʻrib rostdan hayratlanaman, – deydi sinf rahbari Latofat Ismatova. – Sinfimizda Feruzaga oʻxshagan oʻgʻil-qizlar koʻp. Ularning barchasi iqtidorli, tirishqoq, zukko va eng muhimi qiziquvchan bolalar. Ular mening jonu dilim. Bogʻbon koʻchatidan besh yilda meva olsa, biz – ustozlar uzoq yillar kutamiz. Gap kutishda ham emas, muhimi shogirdlarim xalqning koriga yarasa, millat yukini yelkaga oladigan insonlar boʻlishsa – mening sharafim ham, baxtim ham shu.

Feruza nainki mumtoz shoirlar ijodidan, zamondosh ijodkorlardan ham koʻp va xoʻp sheʼr bilar ekan. Abdulla Oripovdan tortib, Shodmonqul Salomgacha. Oʻng qoʻlini koʻksiga bosib, sharillatib ifodali oʻqiydi. Beixtiyor siz ham unga qoʻshilasiz. Bir zum boʻlsa-da, uning sirli va betakror olamida boʻlasiz: bolalikning porloq, begʻubor, nurga toʻla dunyosi.

Hayrat va havas bilan porlagan bola nigohi orzu-umidlarning yorugʻ yoʻlini koʻzlayotir. Bu yoʻl ularga baxt, omad va yurtning asl farzandlari boʻlishdek sharaf keltirishini chin dildan istab qolamiz.

 

Sanjar Tursun

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.