Hayot imtihonidan oʻtgan talabalar

0
279
marta koʻrilgan.

Har yili yurtimizning turli oliy oʻquv yurtlariga minglab yigit-qizlar oʻqishga qabul qilinadi. Talaba boʻlish oʻsha damda ular uchun oliy baxtga aylanadi. Lekin kalavaning ikkinchi uchi ham bor. Talaba boʻlolmaganlar-chi?! Endi ular nima qilishsin? Barchasiga qoʻl siltasinmi yoki keyingi yili oʻqishga kirish uchun bel bogʻlab, yangitdan tayyorgarlikni boshlashsinmi? Yana omadlari kelmasa-chi? Mana shunday holatlarda koʻpchilik qoʻlni yuvib qoʻltiqqa urib qoʻya qoladi. Lekin abituriyentlar orasida ketma-ket oʻqishdan yiqilishiga qaramay, kelgusi yili yana va yana hujjat topshirib, alal-oqibat “oltin davr”ga qadam qoʻyganlar ham koʻp. Xoʻsh, ular oʻz maqsadlariga erishishiga nima toʻsqinlik qildiyu nima ilhom baxsh etdi?

 

Oʻgʻiloy Oltmishova,

Sirdaryo tumani tugʻruqxonasi ginekolog-shifokori:

1985 yili “Qaydasan, Toshkent?” deya Sirdaryodan yoʻlga tushdim. Bir umr shifokor boʻlishni orzu qilganim uchun Toshkent tibbiyot institutiga hujjatlarimni topshirdim. Ming afsuski, imtihondan yiqildim. Qishloqqa “Oʻqishga kirolmadim”, deb qaytib borishni tasavvur qilsam, yuragim orqaga tortib ketardi. Uyga qaytganimda onam menga: “Xafa boʻlma, qizim. Sogʻlik-omonlik boʻlsa, albatta, yanagi yili oʻqishga kirasan”, deya ruhiy madad berdilar. Biroq men koʻchaga chiqsam, tanigan-bilganlar: “Ie, buni qaranglar, oʻqishga kirolmay qaytib kelibdi”, deb ustimdan kulayotganday tuyulaverardi. Keyin esa bor irodamni toʻpladim-da, qishloq kasalxonasiga oddiy sanitar boʻlib ishga joylashdim. Kasalxonada navbatchilikka qolgan kunlarim tuni bilan tibbiyotga oid kitoblarni oʻqiy boshladim, shifokor va hamshiralarning ishlarini obdon kuzatdim. Asta-sekin bu kasb haqidagi tasavvurlarim kengayib, oʻqishga kirish uchun oʻzimni ruhan ham tayyorlay bordim. Bir yil ishlab, kelasi yili yana tibbiyot institutiga qayta hujjat topshirdim. Ammo-lekin natija koʻngildagidek boʻlmadi: oʻqishga kirolmadim. Ikkinchi yili ham magʻlubiyat taʼmini totish alamli edi, oʻzimni tutolmay yigʻlab yubordim. Shunda bir donishmandning: “Tunda quyosh koʻrinmayapti, deb koʻzyosh toʻksang, osmondagi behisob yulduzlarni ham koʻrolmaysan”, degan hikmati yodimga tushdi. Demak, oʻzimni qoʻlga olishim, yanada kuchliroq tayyorlanishim kerak, degan qarorga keldim.

Inson oʻzining nima xohlayotganini yaxshi anglasa, maqsadi tanaga qadalgan zirapchaday doimo oʻzini eslatib turadi. Agar odamga Xudo tugʻma isteʼdod, qiziqish bergan boʻlsa, inson barcha qiyinchiliklarga chidab, shu maqsadi sari intilarkan. Oʻqishga kirish uchun oʻzimdan ilgarilab ketganlarga yetib olishga, orqamdan kelayotganlar menga yetolmasligiga harakat qilishim zarur, deya oʻzimga mezon qoʻyib oldim. Nihoyat, uchinchi yili talabalik baxtiga muyassar boʻldim. Yetti yillik oʻqish davomida ustozlarimdan ilm, soha va hayot sirlarini oʻrgandim. Ulardan oʻla-oʻlguncha minnatdorman. Hozir Sirdaryo tumanidagi tugʻruqxonada faoliyat yuritib, ayollarimizning onalik baxtiga muyassar boʻlishlariga qoʻlimdan kelgancha koʻmaklashyapman.

 

Shahboz Mamadaliyev,

Fargʻona davlat universitetining kimyo-biologiya fakulteti 3-bosqich talabasi:

Maktab payti “Kim boʻlmoqchisiz?” mavzusidagi soʻrovnomalarga “Kelajakda uchuvchi boʻlaman”, deb javob berardim. Lekin birgina orzuning oʻzi kamlik qilarkan. Toshkent aviasozlik institutiga toʻrt yil davomida hujjat topshirdim, biroq omadim chopmadimi yoki dangasalikdanmi, oʻqishga kirish menga nasib etmadi. Toʻgʻrisi, ayb oʻzimda, oʻqishga jiddiy qaramadim. Dangasalik shunchalar imillab harakat qilarkanki, muvaffaqqiyatsizlik unga tezda yetib olarkan. Shu toʻrt yil davomida mening eng katta dushmanim “ertaga” degan soʻz boʻldi. Ha, ishonavering. Oʻqishdan yiqilgach, oʻzimga nisbatan ishonchsizligim ortib, mashgʻulotlarni keyinga qoldiraverardim. Oʻzi, bugungi ishni ertaga qoʻyishni ikkilanuvchi, oʻz kuchiga ishonmaydigan odamlar oʻylab topganmi, deyman. Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan soʻng hamma narsaga shubha bilan qaraydigan boʻlib qolgandim. Biror ishni bajara olmayman, deb koʻngilga keltirdingizmi, shu paytdan boshlab, uni uddalay olishingiz ikki hissa qiyinlasharkan.

Yoshlar biror nimaga erishishida kattalarning daldasi ham juda muhim. Bobom kerakli maslahatlarni berib, oʻzimga nisbatan ishonch uygʻotdi. Ularning yoʻl-yoʻriqlari bilan Fargʻona davlat universitetiga hujjat topshirdim. Baʼzi bir sinfdoshlarim oliy oʻquv yurtini bitirishayotganda men endigina birinchi kurs talabasi boʻlgandim. Mayli-da, hechdan koʻra kech, deya oʻzimga taskin berdim. Ana shunaqa gaplar. Hozir shu institutning uchinchi kursida oʻqiyapman.

 

Hasan Abdugʻaniyev,

Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan:

Kamina toʻrt yil deganda Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirganman. Birinchi va ikkinchi urinishlar muvaffaqqiyatsiz yakunlangach, doʻppini yerga qoʻyib, obdan oʻylab koʻrdim. “Qayerda xato qilyapman? Shunchalik bilimsizmanmi yoki omadsizmanmi?” degan oʻy-xayollar ich-etimni yerdi. Hammasiga qoʻl siltab, Qashqadaryoga qaytdim. Oʻzimni oʻtga-choʻqqa urdim. Butun vujudim bilan qora ishga shoʻngʻidim. Ruhan ezilib yurganimni koʻrgan adabiyot oʻqituvchim bir kuni yoniga chaqirib: “Hasanboy, hayot oʻzi shunaqa, kurashdan iborat. Agar hammamiz ham niyatimizga osongina erishaversak, uning zigʻircha qadri qolmasdi. Aqling butun, bilagingda kuching, oyogʻingda mador bor ekan, kurashishdan toʻxtama. Dadang bilan gaplashib bildim – jurnalistika sohasida oʻqimoqchi ekansan. Senga aytadiganim shu: jurnalistikani koʻr-koʻrona emas, balki ichkaridan oʻrgan. Demoqchimanki, nazariyalar oʻz yoʻliga, sen xalqqa yaqin boʻl”.

Ustozimning gaplaridan kerakli xulosalarni chiqarib oldim. Endi kitob oʻqish bilan birga gap-gashtaklarda keksalarning gap-soʻzlariga ham quloq tuta boshladim, ulardan tilimiz imkoniyatlarini bir qadar oʻrgandim. Toʻy-hashamlarda oʻrtakashlik qildim. Soʻzamolligim oshdi, xalqning dardini, quvonchu tashvishlarini tushuna boshladim. Ana endi agar jurnalist boʻlish nasib etsa, nima yozishni bilardim, oʻqishga kirishdagi imtihonlarda ham “mum tishlab” qolmasdim. Shunday qilib, 2008 yili talabalik baxtiga muyassar boʻldim.

 

Saidjalol Saidmurodov tayyorladi

 

“Yoshlik”, 2015 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.