Hammasini immunitet hal qiladi

0
371
marta koʻrilgan.

Salomatlikni asrab-avaylash, qadriga yetish har kimning oʻz qoʻlida. Ammo baʼzida bu oʻzimizga bogʻliq boʻlmay qoladi. Ayniqsa, havo tomchi yoʻli, qon orqali yuqadigan virusli kasalliklardan hamma vaqt ham himoyalanishning imkoni yoʻq. Muxlislarning virusli kasalliklar, ularning yuqishi va himoyalanishga oid savollariga Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti shifokori, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod KOMILOV javob berdi.

 

Dilorom, Chust tumani

Bundan oʻn yil muqaddam gepatit S virusini yuqtirib olgandim. Ancha vaqt davolandim. Lekin negadir hozir ham tahlillar topshirsam, virus baʼzan chiqadi, baʼzan chiqmaydi. Buning sababi nima boʻlishi mumkin?

– Hozirgi kunda S virusini deyarli yuz foiz bartaraf qiladigan dorilar yetarli. Lekin avval bemor yaxshilab tekshiriladi, virusning miqdori, yaʼni PSR (molekulyar biologiyadagi tajriba usuli) tahlili olinadi. Soʻng S virusning xili, yaʼni genotipi oʻrganiladi. Shundan keyingina davo belgilanadi. Genotipini aniqlamay dori buyurilsa, xastalik qaytalashi mumkin. Muolajalar toʻgʻri olib borilsa, bemor uch oy davomida virusdan toʻliq forigʻ boʻladi.

Xuddi siz kabi boshqa bemorlar ham bir narsani koʻp adashtirib yuborishadi. Yaʼni, IFA (immunoferment tahlil) usulidagi tahlil virusning bor yoki yoʻqligini aniqlab bersa, PSR usuli uning miqdori va genotipini oʻrganadi. Aytaylik, bemor virusga qarshi davolandi. Lekin unda IFA tahlili musbat chiqaveradi. Bu kasallikka qarshi kurashadigan antitelalar, virus emas. Kasallikning oʻtkir davrida har ikki tahlil musbat chiqadi. Shuning uchun bemorlar keyinchalik IFA tahlili topshirib, yana virus paydo boʻlibdi, deb xavotirga tushadi. Aslida bu virusga qarshi immunitet degani. Bu doimiy ravishda chiqishi mumkin.

 

Shokir TOHIROV, Baxmal tumani

Bugungi kunda gepatitni barcha turini davolash imkoni bormi?

– Gepatitning A turini toʻliq davolash mumkin. Uni davolamasa ham tabiiy yoʻl bilan tuzalib ketadi. Surunkaliga oʻtmaydi, serrozga ham aylanmaydi. Ye turining tarqalishi suv bilan bogʻliq. Hozirgi vaqtda bunday epidemiyalar uchramayapti. Lekin uni ham davolasa boʻladi. Faqat gepatit Ye homilador ayollarda oʻta ogʻir kechadi. Katta foizda oʻlim bilan yakunlanishi mumkin. Gepatit S ning toʻliq davosi bor, desak, boʻladi. V bilan D turlarini davolash muammo. V virusini kamaytiradigan maxsus dorilari bor, lekin yoʻqotishga qurbi yetmaydi. Shu bois ayni paytda dunyo miqyosida katta izlanishlar olib borilyapti. Ajab emas, ijobiy natijalarga erishilsa.

Shunga oʻxshash D virusi ham muammo, chunki u V virusga bogʻliq boʻlgan chala virus. Oʻzi kasallik chaqirmaydi. V virusining oqsilidan foydalanib, chala delta virus oʻziga qobiq yasaydi. Keyin toʻliq virus holatiga oʻtib, jigarni shikastlaydi. Shuning uchun D virusni davolash V virusni davolash bilan bogʻliq.

 

Ravshan TOLIPOV, Boʻstonliq tumani

Bugungi kunda virusli kasalliklar avvalgidan koʻpayganmi yoki kamaygan? Buning sabablarini qanday izohlash mumkin?

– Oxirgi vaqtlarda har xil turdagi viruslar koʻpaydi. Ilm va virusologiya fanining rivojlanishi gepatit kasalligining beshta A, V, S, D, Ye turlarini aniqladi. Bundan tashqari, uning hali toʻliq aniqlanmagan turlari ham bor.

Tekshirish usullari yaxshilangani sari viruslarning soni ham koʻpayib bormoqda. Masalan, yaqinda olimlar bachadon boʻyni saratonini papiloma virusi keltirib chiqarishini aniqlashdi. Yurtimizda ham kelgusi yildan boshlab qizlarni 12-13 yoshdan shu virusga qarshi emlash yoʻlga qoʻyiladi. Shunda ularda kasallik rivojlanishi mumkin boʻlgan vaqtda mustahkam immunitet hosil boʻladi.

TORCH infeksiyasining barcha turlarini alohida tekshirish imkoniyati ham paydo boʻldi. Ayniqsa, homilador ayollarga sitomegalovirus koʻp zarar yetkazishi oʻz isbotini topdi.

 

Sevara Oʻktamova, Qarshi shahri

Oʻgʻlim endigina ikki yoshdan oshdi. Uni gepatit A virusiga qarshi qachon emlagan maʼqul? Bolalar tugʻilganda gepatitning qaysi turiga qarshi emlanadi?

– Bolalarni bu virusga qarshi uch yoshdan emlagan maʼqul. Goʻdak tugʻilishi bilan gepatit V ga qarshi emlanadi. Keyin ikki, uch, toʻrt oyligida shu virusga qarshi qayta emlash amalga oshiriladi. Bu bolani 10 yilgacha kasallik yuqishidan saqlaydi. Himoya kuchini oshirish uchun 10 yildan keyin yana bir marta emlatish foydadan xoli boʻlmaydi.

 

Shahnoza, Denov tumani

Homiladorligimning beshinchi oyida gepatit V virusiga chalinganimni aniqlashdi. Lekin shifokorlar hozir davolanmaganing maʼqul, deb davo chorasini koʻrmadi. Ayni vaqtda ham farzandimni koʻkrak suti bilan ovqatlantirayotganim uchun hech qanday dori ichmayapman. Bu keyinchalik salbiy oqibatlarga olib kelmaydimi?

– Yoʻq, xavotirga oʻrin yoʻq. Agar homiladorlikning erta muddatlarida V virusi chiqsa, haqiqatan ham hech qanday dori tavsiya etilmaydi. Homilaning 24-28 haftaligi orasida onaning qoni virusning miqdoriga tekshiriladi. Bundan tashqari yana V virusning Ye antigeni mavjud. Homilador ayol qonida virus koʻpayib, Ye antigeni musbat chiqsa, xastalikning onadan bolaga yuqishining oldini olish uchun maxsus dorilar buyuriladi. Emizikli davrdan keyin onani qaytadan tekshirib, virusga qarshi davo qoʻllanadi. Bu vaqtgacha u jigarga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi, chunki toza V gepatitidan serroz rivojlanishi uchun kamida 30-35 yil vaqt kerak boʻladi. Yarim, bir yilda hech narsa oʻzgarmaydi.

 

Malohat XOTAMOVA,

Xatirchi tumani

Koʻpchilik stomatolog qabuliga borganimda, gapatit V ni yoki gepatit S ni yuqtirib oldim deyishadi. Shunday vaqtlarda kasallik yuqtirib olmaslik uchun nimalarga ahamiyatli boʻlish zarur? Bemorlar eng koʻp qanday usullarda virusni yuqtirib olishyapti?

– Bu borada faqat stomatologlarni ayblasak, unchalik toʻgʻri boʻlmaydi. Albatta, shifokor ishlatadigan asbob-uskunalar yaxshi tozalangan boʻlsa, hech qanday virus yuqmaydi. Oddiy zararsizlantirishni amalga oshirishi kerak, xolos. Yoʻqsa, xavf hamma joyda bor. Xirurg, urolog, sartarosh, kosmetolog qabulida, ayniqsa, manikyur, pedikyur jarayonlarida xatar ancha ortadi. Shunday ekan, hamma oʻz sogʻligʻi uchun toza asbob ishlatilishini talab qilishga haqli. Ayniqsa, V virusi bor bemorlarga D virusi yuqib qolish ehtimoli katta.

Yana bir narsaga alohida eʼtiborli boʻlishingizni soʻrardim. Qanday mutaxassis oldiga borishdan qatʼi nazar, qonida biror virusi bor kishilar ogohlantirib qoʻyishi zarur. Shunda shifokor ham oʻzini himoya qiladi, ham bemorga ehtiyotkorlik bilan muolaja qiladi.

 

Fazilat KAMOLOVA,

Buxoro shahri

Virusli kasalliklar orasida TORCH infeksiyalar keng tarqalib, koʻpchilikni vahimaga solyapti. Ularni oʻziga xos xususiyatlari, davolash usullari qanday?

– TORCH infeksiyaning tarkibiga besh xil virus kiradi. Odatda, bu viruslarning oʻtkir davrini aniqlash uchun “M” sinfini tekshirish kerak. Masalan, uch oy oldin biror kishi kasallikni oʻtkazsa, vaqt oʻtib “M” kamayib “G” (shu virusdan himoyalovchi antitelalar) sinfi ortib boradi.

Lekin setomegalavirus qizlarda uzoq muddat saqlanishi mumkin. Turmushga chiqib, homilador boʻlganda, bolani saqlashga qaratilgan fiziologik immuntanqisligi holati yuzaga keladi. Shu paytda virus faollashadi. Koʻpincha soʻlak bezidan qonga oʻtadi, qondan bolaga borib uni xastalaydi. Shuning uchun ayollarda homiladorlikdan avval G sinfga mansub antitelalarning mustahkamligi tekshiriladi. Agar ular 50 foizdan yuqori chiqsa, bolaga hech qanday xatar yoʻq degani.

 

Barchinoy Saidova,

Samarqand shahri

Gepatit V virusining rivojlanishga moyil va rivojlanmaydigan turlari haqida eshitib qoldim. Shu gap rostmi? Ularni qanday ajratish mumkin?

– Gap virusda emas, immunitetda. Agar u faol boʻlsa, kasallik oʻrta yoki nisbatan ogʻirlikda oʻtadi va tana xastalikni yengadi. Ayrimlarda immunitet kasallikka qarshi juda kuchli ishlaydi. Bunday vaqtda xastalik oʻta ogʻir kechadi. Immunitet virusni haydayman, deb jigar hujayralarini ham shikastlaydi. Bunday bemorlarni saqlab qolish juda qiyin. Immunitet juda kuchsiz ishlaganda esa virusni taniydi yoki yaxshi tanimaydi. Bu bemorda kasallik sariqsiz, belgilari bilinar-bilinmas tarzda ancha yengil oʻtadi. Bunday holatlarning 50-60 foizida kasallik surunkaliga aylanib ketadi. Yana bir immunitetning xususiyati, umuman virusga javob bermaydi. Tanimaydi yoki tanisa ham tanimaganlikka oladi. “Men senga tegmayman, sen menga tegmaysan”, qabilida u bilan kelishib yashayveradi. Bemor umrbod shu virus borligini bilmasligi ham mumkin. V virus tanada ikki xil holatda boʻladi. Birinchisi, virus jigar hujayrasida koʻpayib oʻsib ketaveradi. Bu holatda virusga qarshi dori berilib, ularni kamaytirishga harakat qilamiz. Gohida xalq orasida virus oʻlik ekan, chala ekan, degan gaplar yuradi. Bu holatda virus genomi jigar genomiga oʻtirib oladida, jigar hujayrasiniki boʻlib qoladi. Bunda V virusning qobigʻi boʻladi, xolos. Ichidagi magʻizi boʻlmaydi. Bu koʻpincha bezarar. Ularni virus tashuvchilar deymiz.

 

Feruza, Pop tumani

Gepatitninig A turi bilan uch marta qayta-qayta ogʻriganman. Bu keyinchalik jigarimda turli kasalliklarni keltirib chiqarmaydimi? Salbiy holatlarning oldini olish uchun nimalarga ahamiyatli boʻlishim kerak?

– Odam gepatitning A turi bilan bir marta ogʻriydi. Shundan keyin uning tanasida kasallikka qarshi immunitet paydo boʻladi. Mana shu immunitet odamni bir umr asraydi. Yaʼni, bemor gepatit A ni oʻtkazgandan keyin immunitetda qatnashuvchi xotira hujayralarida shu virus toʻgʻrisida maʼlumot qoladi. Qaytadan virus tushganda shu hujayralar faollashib, antitelalar ishlab chiqaradi. Shuning uchun biz qayta kasal boʻlmaymiz. Gepatit oʻtkazgandan ikki-uch oy oʻtib boʻlsa, qaytalagan deyish mumkin. Lekin yarim-bir yildan keyin yana paydo boʻlsa, boshqa sabab qidirish, chuqur tekshiruv oʻtkazish kerak.

 

Shahnoza RAHIMXOʻJAYEVA

yozib oldi.

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.