Hamma onalar yaxshi, lekin…

0
127
marta koʻrilgan.

Ona boʻlgach, ayolning mehr-muhabbati ulkanlashadi. Farzandining atrofini har xil noxushliklardan qalʼa, qoʻrgʻon boʻlib himoya qiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Ona dunyoning ezgulik burjiga aylanadi.

Nimaga men beshqoʻlday ayon haqiqatlardan daromad qilyapman? Gap shundaki, Onalik martabasiga erishgan ayol zoti shu qadar mukammal boʻlsa, yuragi faqat “yaxshilik” deb urib tursa, xoʻsh, unda kelinlarni (faqat kelinlarnigina emas) norozi qilayotgan qaynonalar qayerdan paydo boʻlar ekan?

Yoʻq, biz yoppasiga qaynonalarning ismlari ustidan chiziq tortmoqchi emasmiz. Oʻn sakkiz yoshli qizni kelin qilib, uni oʻqitib, nevaralariga onasidan ziyoda qarab, oʻrta maʼlumotli qizni olimlik darajasiga yetkazgan qaynonalar qancha. “Savob boʻladi”, deb oʻgʻlini yetim qizchaga uylantirib, sep-sidirgʻasini oʻzi bekamu koʻst qilib, el koʻziga:

– Kelinim toʻlib-toshib keldi, – deydigan himmatli qaynonalar, uyidagi sirni koʻchaga olib chiqmaydigan “toshyongʻoq” qaynonalar, hatto, oʻgʻlining boshi aylanib, birovga ilakishganda:

– Bor, toʻrt tomoning qibla, men kelinim, nevaralarim bilan qolaman, uy – ularniki, – deydigan tanti qaynonalar ham borki, biz ularni bisotimizdagi eng chiroyli soʻzlar bilan alqaymiz. Axir, tamoman oʻzga uy, oʻzga sharoitda tarbiya topgan birovning bolasini bola qilish osonmi? Shunday boʻlsa-da, yaxshi boʻla turib, ichida yaxshilik yashab, lekin ona nomiga nomunosib ish tutayotgan qaynonalardan ginamizni ham berk tutib oʻtirmaymiz.

 

Ismi jismiga nomunosib

 

U kishining ismlari – Saxovatxon. Uning qizini olgan qudalari:

– Ismi-jismiga munosib. Xoʻp saxiylar. Hayit, bayram, tugʻilgan kunlarimizda beshikdagi chaqalogʻimizgacha katta-katta hadyalar bilan yoʻqlaydilar.

– Qoʻyavering, ovora boʻlmang, qizingizning kelinlik davri oʻtdi. Mana, yaqinda nabiralaringiz bir juft boʻladi, desak ham qudam yoʻqlovni kanda qilmaydilar. Patiru qaymogʻi bilan, somsayu qatlamasi, oshu kabobi bilan haftada boʻlmasayam, ikki haftada kelib turadi, – deyishadi.

Xoʻp, qizi tushgan oilaga koʻnglida himmati bor ekan, qilsin, qilaversin. Oʻzi hech qayerda oʻqimagan, bir kun beli ogʻrib ishlamagan, bir soʻm pul topmagan Saxovatxon bu qator-qator hadyalaru togʻoralarni ertadan kechgacha qora terga botib ishlaydigan eri bilan oʻgʻli hisobidan qiladi.

Qilsa qilar, pul sochadigan Saxovatxon, topadigan eri bilan oʻgʻli, deysizmi?

Gap shundaki, qaynona boʻlmish oʻz kelinidan ham xuddi shu tutumni talab qiladi. Kelinni oʻgʻli topmagan, oʻzi sovchilikka yurib, toʻy qilgan. Toʻy paytida qudalarining:

– Biz endi ziyoli odamlarmiz. Hamma narsaga aql bilan yondashamiz. Ortiqcha dabdaba, ortiqcha chiqim bizga kerak emas, – degan gaplariga eʼtiroz qilmagan, “bitta togʻora yetadi”, deyilsa bitta, “ikkita togʻora boʻlsa, bas”, deyilsa, ikkita qildi. Ammo toʻydan keyin Saxovatxonning asl basharasi “yarq” etib koʻrina qoldi:

– Men sening onangni buncha past deb oʻylamagan edim. Odamlarning oʻgʻli kuyovlik sarpolarini oʻn yillab kiyib tugata olmaydi. Bolamning peshonasi shuncha shoʻr ekanmi, sarpolari bir yilgayam yetmayapti…

– Onangga ayt, “Tuzuk-tuzuk yoʻqlov yuborar ekansiz, qaynonam qazisiz yuborgan norinlaring uchun mahalla-koʻyning oldida yer yorilib, yerga kirmabdi”, degin…

“Qizimni uzatib tinchidim, endi boshqa bolalarimni oʻqitish harakatini qilay”, deya astoydil shaylanib turgan ota-ona qudasidan kelayotgan har xil “topshiriq”lardan yuragi bezillaydigan boʻlib qoldi:

– Onangga ayt, beshikda anavi koʻchada oʻtiradigan karnay-surnaychilardan olib kelib, meni sharmanda qilmasin, ansambl olib kelsin!

– Almisoqdan qolgan odatni qilib, 300 ming soʻmlik velosiped olib kelmasin nevaramga, hozir bir, ikki millionlik mashinalar chiqqan…

– Yaqinda kenjamni uylantirsam, uylaringni boʻlak qilib qoʻyaman. Ota-onang hozirdan muzlatkich bilan kir yuvadigan mashinaning harakatini qilsin!

Kelin bechora oʻn marta:

– Xoʻp, oyijon, – deb biror gal, yuraksinib:

– Oyijon, ota-onam maoshga ishlaydigan odamlar. Ukalarim ham katta boʻlib qolishdi. Faqat mening tashvishim bilan yashashmaydi-ku ular, – deb qoʻysa bormi, boshi baloga qoladi:

– Oʻzi qashshoq joydan qiz olish kerak emas ekan. Bir adashdim, adashdim, boshqa adashmayman! Agar bunaqa gap qaytaraveradigan boʻlsang, oʻgʻlim bilan yashatmayman. Shartta qoʻydirib yuborib, eringni badavlat oilaning qiziga uylantiraman. Opamning oʻgʻliga oʻxshab, yogʻ ichida yayrab yashaydi, – deydi.

Unga:

– Oʻrtalarida mehr-muhabbat bor, farzand bor. Siz “Ajrashasan!” deyishingiz bilan ajrashib ketishaveradimi? Mahalla bor, qonun-qoida bor, deydigan odam yoʻq.

 

Kelinmi, qilsin

 

Bu qaynonaning ismi – Ozoda. Jismiyam ismiga munosib. Bir marta koʻchaga chiqib, eshik tutqichini ushlasa, qoʻlini yetti marta sovunlab yuvadi. Uy-roʻzgʻor, qozon-tovoq tutumiga gap yoʻq. “Yogʻ tushsa, yalagudek”, deb shunaqalarni aytishsa kerak. Mayli, ozodalik – salomatlik, ozodalik – koʻngli ravshanlik. Lekin hech qanday ezgulik zulm evaziga kelmasligi kerak. Ozodaning kelini Gulsevar hali kollej oʻquvchisi, endi bitiryapti. Ota-onasi:

– Bitirsin, yana oʻqimoqchi, vrach boʻlmoqchi, – deyishsayam ostonasiga yotib olgudek boʻlib yosh qizni kelin qilgan Ozodaning oʻzi. Endi kelini soat beshdan biron daqiqa kech qolsayam, eshigini taqillatadi:

– Turing, gʻaflat bosib uxlayvermang. Yoʻlakni, hovlini chang bosib ketdi, – deydi.

Kelin bechora koʻzini ishqalab, yoʻlakni yuvadi, soʻng hovlini supuradi. Nonushta tayyorlaydi. Qaynota, qaynonasining tuflisigacha kiydirib, qoʻliga portfel, sumkasini tutqazib, kuzatib, soʻng oʻzi oʻqishga shaylanadi.

– Har kun kech qolib borib, gap eshityapman, – deb zorlansa, Ozoda:

– Eplasangiz, oʻqing, – deydi. Kechqurungi osh-ovqat, yigʻishtir-pigʻishtir, kir-chir, dazmol… Buning ustiga, Gulsevarning boʻyida boʻlib qolgan, kamqon, oyogʻini sudrab bosadi. Qaynona esa:

– Falonchining kelini bannisaga yotib olibdi, kasal qizni olishgan ekan, – deb yozgʻirib oʻtirgani uchun kelin bechora:

– Charchadim, dam olgim kelyapti, – ham deya olmaydi.

Ikkita oʻsmir qizi bor. Hech yoʻq ovqatdan keyin qizlariga:

– Kennoying darsini qilsin, sizlar idish-tovoq yuvinglar, – demaydi. Qizlar televizor koʻrib oʻtirishadi, Gulsevar bukchayib, oʻqchib, idish yuvadi.

– Koʻchada ketayotganimda baʼzan yeru osmon chirparak boʻlib aylanayotganga oʻxshaydi. Oʻrindiqlarda yotib olgim keladi, – deydi Gulsevar. Ota-onasiga arz-dod qiladi:

– Uy toza boʻlsayam, har kun changyutkichda tozalab chiqish kerak. Eshiklarga chang qoʻnishga ulgurmay chang artishim shart. Idishlarni gellab, uch marta yuvganim yetmagandek, haftada hammasini katta kostryulga solib qaynataman, damlarim qaytib ketadi. Axir, hech qayerga butun roʻzgʻorning ishini yolgʻiz kelin qilsin, degan majburiyat yoʻq-ku. Oʻgʻillariga:

– Zafar aka, hech yoʻq chiqindi tashlab keling, desam, qaynonam:

– Oʻgʻlimni uy ishlariga aralashtirma, xotin kishiga oʻxshab qoladi, – deydi.

Ota-onasi:

– Bolam, har kim borgan uyining qolipiga tushishi kerak. Boʻlmasa yashay olmaydi, – deyishadi.

Ozodaga agar kim:

– Kelin ham birovning bolasi, uni ayash kerak, – deganday qilsa:

– Kelinmi, qilsin! Kelinlikning taomili – shu, – deydi!

 

Bor boricha

 

Kimdir yozganlarimni oʻqib:

– Juda oshirib yuboribsiz. Hozir unaqa qaynona, bunaqa kelinlar ham qolmagan, – deyishlari mumkin.

Manzillariyu asl ismlarini ham aytar edimku-ya, faqat shu kelin boʻlmish qaynonalari: qizlarga “Hali sen uyimizdagi gaplarni muxbirga aytib beradigan boʻldingmi? Avval yashatsam ham endi yashatmayman”, deb qolmasin, deyman-da. Bizning niyatimiz oilalarga darz yetkazish emas, Yurtboshimiz aytmoqchi, qirgʻoqni bilmayotgan qaynonalarni bir silkitib qoʻyish, xolos.

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.