“Halinchak-o, halinchak, qulogʻingda telefonmi, kelinchak?..”

0
269
marta koʻrilgan.

Hamma ishdan kelgan, uy yumushlari tugab, kechki ovqat ham yeb boʻlingan. Boshingizni koʻtarib, bir qarang-chi, kim nima bilan band ekan? Oila boshligʻi – farzandlariga ibrat boʻladigan ota nima qilayapti? Bosh tarbiyachi ona-chi? Oʻgʻil-qizlarimiz-chi?…

Barchamiz mashhur, boy-badavlat va hayotda yaxshi nom qoldirgan insonlar hayotiga havas qilamiz. Kamiga ularga oʻxshashni ham istaymiz. Ammo harakatlarimiz orzularimiz chorlaydigan yoʻldami?

El ardogʻidagi ajdodlarimizning tarjimai hollarini oʻqisak, deyarli barchasida “Uyimizda Navoiyxonlik, Boburxonlik, Bedilxonlik, Mashrabxonliklar boʻlardi… Otam koʻzlarida yosh bilan “Alpomish”ni, “Kuntugʻmish”ni oʻqirdi, “Goʻroʻgʻli”dan aytib berardi…” degan soʻzlarga duch kelamiz. “…Buvim chiroq yorugʻida ertak oʻqib berardi. Biz sandal atrofida tizilishib oʻtirib, ertak tinglardik… Buvim, oyim oʻqib bergan ertaklar meni ulgʻaytirdi” kabi gaplarni ham koʻp eshitganmiz. “Dadam doim kitob olib kelardi… Tugʻilgan kunlarimizda kitob sovgʻa qilardi… “Oʻtkan kunlar”ni oʻqib berib, kitobga mehr uygʻotgan ota-onamga rahmat deyman!” kabi dil izhorlarini radio va oynai jahon orqali koʻp tinglaganmiz.

Ammo bu gaplardan doim ham oʻzimizga tegishli xulosa chiqarganmizmi? Ehtimol, shuning uchundir ayrimlar hanuz: “Navoiy gʻazallarini chuqur idrok etolmayman, “Boburnoma”ni toʻkis tushunolmayman”, deydi. Aslida ularning oʻqishga vaqti ham, qunti ham yoʻq. Chunki, xayolida nuqul telefon, nuqul internet… “Telegram”da kanallar koʻp. Birida yangiliklar, birida yangi sheʼrlar, birida hikoyalar, birida hadislar va paygʻambarlar hayoti, birida betakror tavsiyalar…. Xullas, telegramxonlik! Hozir texnika, internet asri. Virtual olamga kiramizu, hammasidan xabardor boʻlamiz. Ammo bugun oʻqigan narsamizni ertaga eslolmaymiz. Chunki mushohada qilmaymiz. Sababi, bu xabarlar, maʼlumotlar daqiqa sayin yangilanib, oʻzgarib, turlanib, tuslanib turadi. Ularni oʻqiyverib emas, koʻraverib oʻzimiz ham shunga moslashib qolganmiz.

Bu ketishda vaqti kelib, farzandlarimiz oʻz yoshligi haqida soʻzlaganda: “Hammamizning qoʻlimizda telefon boʻlardi. Qishning uzun kechalarida ham, yozning qisqa tunlarida ham bizning uyda telegramxonlik boʻlardi. Telefon hayotimizning mazmuni edi. Hatto restoranda yoki toʻy-maʼrakada oʻtirsak ham oʻzimizni oʻzimiz suratga olib, shu yerning oʻzida internetga, telegramga joylashtirib, tomosha qilishni yaxshi koʻrardik. Internetga bogʻlanib, sehrlanib qolardik…” deydimi?

 

* * *

“Boy amr qilmasa, boybicha xamir qorimas”, degan maqol xuddi bizning bugungi ahvolimizga qarab aytilgandek. Nega deysizmi?

Bugun otalarda orzu havas koʻp, masʼuliyat katta, talab juda yuqori. Ikki farzandi bor ota ham, besh farzandi bor ota ham birdek yuguradi. Ishi boshidan oshgan. Sahar chiqib ketib, yarim kecha kirib keladi. Chunki ehtiyojlarimiz katta. Shunga yarasha mablagʻ topish kerak.

Hayotning bunday tashvishlaridan charchagan aksariyat otalar kechqurun koʻngliga qil sigʻmay, chertsa yiqiladigan boʻlib uyga keladi va ovqatini yeb uxlab qoladi. Uxlamasa, dam olish uchun televizor koʻradi yoki u ham telefon kovlaydi, internetga kiradi. Chunki kunduzi vaqti boʻlmagan. Otaning ahvoli shumi, bolalar ham sekin-sekin dasturxon boshidan turishadi-da, biri televizorga yopishadi, biri telefonga.

Uy bekasi onaning esa kechqurun qiladigan ishi deyarli yoʻq. Chunki kir yuvish mashinasi kirlarni yuvadi, uylar changyutgichda tozalanadi, gilamlar qoqilmaydi. Non sotib olinadi, supermarketlar yarim tayyor mahsulotlarga toʻla. Ovqat bir zumda tayyor boʻladi. Er, bolalar oʻzlari bilan oʻzlari. Ayol nima qiladi? U ham telefonga yopishadi-da.

Eng yomoni – bugungi bolalar ha deganda ota-onasidan ertak ham soʻrashmaydi. Chunki “Bolajon” kanali bor! Ertak ham, multfilm ham toʻlib-toshib yotibdi. Ota-onalar faqat ishlashi, pul topishi kerak. Ota (yoki ona) bularni qilish oʻrniga kitob oʻqib oʻtirsa, taʼna eshitishi hech gapmas.

– Ey, qoʻying shu kitobni. Endi kitob oʻqigan bilan qorin toʻymaydi! Vaqtida oʻqish kerak edi!

Xoʻsh, vaqti qachon edi? Qoʻlini beliga tirab “Vaqtida oʻqish kerak edi!” deya javrayotgan ona yoki otaning oʻzi oʻsha vaqtda nima bilan band edi? Hozir nima qilyapti? Bolalari-chi? Farzandlarining oʻqiydigan, bilim oladigan vaqti emasmi? Ular nima qilishyapti? Ularning qoʻlidagi nima? Telefonmi? Ular tikilayotgan narsa nima? Kitobmi yoki gazeta-jurnalmi? Qayoqda, planshet ekan, deysizmi? Barakalla. Yaxshilab qarang-chi, beshikda yotgan bolaning boshidagi ovoz ham telefondan chiqmayaptimi? Anuv emaklab yurgan bola ogʻziga solayotgan narsa nima? U ham telefon emasmi? Ovqat pishirayotgan yoki hovli supurayotgan kelinchakning qulogʻidagi narsa nima? Telefon quloqchini emasmikan?

Oʻ-hoʻ, ahvol chatoq-ku. Endi nima qilamiz? Hammasini yigʻishtirib otamizmi? Yoʻq, bunday ham qila olmaymiz. Endi telefonsiz kunimiz oʻtmaydi. Ammo internetdagi turli kerakli-keraksiz xabarlar, koʻcha-koʻydan, shifoxonalardan, maktablardan yoki restoranlardan tasvirga olingan videolar, turli kliplar, “prikol”larni tomosha qilish, shular haqida bahslashishga oʻrganib qolganmiz. Ular orasida ekstremistik oqim vakillari va targʻibotchilari yoʻqligiga kim kafolat beradi? Yurtboshimizning oʻzi kitobxonlikka daʼvat etib turgan bir paytda bunday telegramxonlikni yigʻishtirib, hissizlashib borayotgan qalbimiz, oʻtmaslashib borayotgan xotiramiz va hadsiz axborotlar oqimidan charchagan aqlimizga sokinlik, halovat baxsh etsak boʻlmaydimi? Oʻtkinchi narsalarni muhokama qilmasdan bir-birimizga ota-bobolarimiz, yuzidan nur yogʻilib turguvchi momolarimiz aytib bergan hikmatlardan soʻzlasak, koʻnglimiz chang-gʻuborlardan tozalanarmidi? Bolalarimizga, avvalo, oʻzimiz ertak oʻqib berishni oʻrganaylik. Yonginamizdagi sport maktabida oʻtayotgan musobaqaga bolalarimizni hech boʻlmasa tomoshaga olib boraylik, maktabda oʻtayotgan olimpidaga oʻzimiz ham borib, gʻolib oʻquvchilarning hayajonini, ularning ota-onalari quvonchini birga kuzataylik. Zora, bizda ham, bolalarimizda ham intilish kuchaysa, maqsadimiz qatʼiylashsa…

Ishonamanki, ana shunda vaqti kelib, “Vaqtida oʻqish kerak edi, oʻrganish kerak edi!” degan gap oʻrniga “Vaqtida oʻqiganimiz uchun, oʻrganganimiz uchun” degan faxrli soʻzlarni aytamiz! Oʻzimizdan va bolalarimizdan quvonamiz, faxrlanamiz. Bu quvonch barchamizga nasib etsin!

 

Xoliyor SAFAROV,

yozuvchi

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.