Goʻzal axloq targʻibotchisi

0
110
marta koʻrilgan.

Bugun yoshlarni turli mafkuraviy xurujlardan asrash hamda yot gʻoyalarga berilib ketmasligi uchun ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrgatish hamda ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash muhim masalaga aylangan. Bu jarayonda yurtimizda yetishib chiqqan koʻplab yetuk olimu ulamolar, buyuk zotlarning boy merosini oʻrganish va hayotga tatbiq etish har bir maʼrifatli kishining burchi hisoblanadi. Bu esa yoshlarimizning kelgusida yetuk insonlar boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shukrlar boʻlsinki, istiqlol yillarida buyuk allomalarimizning asarlarini oʻrganish, muqaddas qadamjolarni obod etish kabi xayrli ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Natijada bir paytlar tashlandiq holga keltirilgan, otxonayu omborxonalarga aylantirilgan koʻplab aziz joylar qadri tiklandi. Hukmron mafkura oʻrganishni man etgan buyuk asarlar xalqimizga tuhfa etildi. Jumladan, ulugʻ yurtdoshimiz faqih, imom, mutasavvuf olim, muhaddis, Hazrati Abu Lays Samarqandiyning mashhur kitoblari nashr etildi.

Bu zotning toʻliq ismi sharifi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohimdir. U Al-Faqih, Imomul-huda, Shayxul Islom unvonlari bilan ham mashhurdir. “Imom al-huda”, “Al-Faqih” nomlari, “Abu Lays” kunyasi bilan mashhur boʻlgan Nasr ibn Ahmad ibn Ibrohim as-Samarqandiy ayrim manbalarda keltirilishicha, 298/911 yili Samarqandda tugʻilgan va 375/985 yili shu yerda vafot etgan.

Abu Lays oʻz zamonasining yetuk olimlaridan tahsil olib, islom ilmlarida yuksak martabaga erishgan. Koʻpchilik oʻsha davr allomalari uning bahs-munozaralarda oʻziga xos oʻrnini alohida taʼkidlab kelishgan. Alloma fiqh ilmida ham yuksak martabaga erishgan boʻlib, oʻz zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi. Shuning uchun u kishi “Al-Faqih” unvonini fiqh, yaʼni Islom huquqshunosligi ilmida yuksak martabaga erishgani uchun olgan. U kishining ustozlari, X asrda islom ilmlari rivoj topgan markazlar – Balx, Samarqand, Buxoro ahllaridan boʻlib, hanafiya mazhabining yetuk olimlaridan boʻlishgan. Alloma 24 ustozidan hadislar, Qurʼon sharhiga oid rivoyatlar, fatvolar rivoyat qilgan boʻlib, uning yetuk olim boʻlib yetishishida ustozlarining oʻrni beqiyosdir.

Tarixdan maʼlumki, Abu Lays Samarqandiy yashagan davr Movarounnahrda tafsir, hadis, aqida va fiqh ilmlari yuksalib, yuqori choʻqqisiga chiqqan edi. Shuning uchun ham bu davrni ilm-fan rivojlanishining oltin davri deyilgan.

Abu Lays Samarqandiy tafsir, fiqh, hadis, zuhd kabi islom ilmlarining hamma sohasini qamrab olgan asarlar yaratgan. Uning bizgacha oʻttizga yaqin asari yetib kelgan boʻlib, fiqh, tafsir, mavʼiza boʻyicha asarlari hozirgi davrimizda ham nashr etib kelinmoqda.

“Bahrul-ulum” (“Ilmlar ummoni”). Bu asar “Tafsirul-Qurʼon” deb ham ataladi. Ushbu asarning ikkita qoʻlyozma nusxasi saqlanib qolgan. Ularning biri Misr Arab Respublikasi kutubxonasida, ikkinchisi Buyuk Britaniyaning Edinburg shahri kutubxonasidadir. Ushbu asar tadqiq qilinib, qayta nashr etilgan. Yana bir asari “Xizonatul-fiqh” (“Fiqh xazinasi”). Bu asarning 1467 va 1814 yillarda koʻchirilgan ikki qoʻlyozma nusxasi Sharq qoʻlyozmalari markazi (Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalar markazi)da saqlanmoqda. Asar tadqiq qilinib, qayta nashr etilgan. Shuningdek, yana bir mashhur asari “Boʻstonul-orifiyn” (“Oriflar boʻstoni”) axloqiy va didaktik masalalarga oid boʻlib, uning bosma va qoʻlyozma nusxalari turli mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda. 1814 yili yozib tugatilgan qoʻlyozma nusxasi va 1815 yili yozilgan ikkinchi qoʻlyozma nusxasi mazkur qoʻlyozmalar markazida saqlanmoqda. Yana bir asari “Tanbehul-gʻofiliyn” (“oʻofillarga tanbeh”). Ushbu asar 94 bobdan iboratdir. Asar Buxoro amiri Haydar topshirigʻi bilan 1810 yilda Buxoroda qayta koʻchirilgan. Asarning bir necha qoʻlyozma nusxasi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining Leningrad boʻlimida saqlanmoqda.

Abu Lays Samarqandiy ilmiy-maʼnaviy merosidan “Bahr al-ulum” (“Ilmlar dengizi”) nomli tafsiri alohida ahamiyatga ega. Unda Qurʼonga toʻliq – “Fotiha” surasidan “Nas” surasigacha sharh berilgan. Olim Muhammad sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlarning 2000 dan ortiq rivoyatlarini jamlagan va ulardan unumli foydalangan. Hozir ushbu tafsirning 77 nusxasi mavjud, ular Berlin, Myunxen, Leyden, Ierusalim, Tunis, Istanbul, Sankt-Peterburg, Toshkent fondlarida saqlanmoqda.

Olimning koʻplab asarlari islom olamiga keng tarqalgan boʻlib, ayniqsa “Tanbehul-gʻofiliyn”, “Boʻstonul-orifiyn” asarlari mana necha asrdirki, qayta-qayta nashr etilmoqda. Jumladan, allomaning “Tanbehul-gʻofiliyn” kitobi Dilmurod Qoʻshoqov tomonidan, “Boʻstonul-orifiyn” kitobi Beknazar Muhammadshukur va Masʼudxon Mahdixon oʻgʻli tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, kitobxonlar eʼtiboriga havola qilindi. Umuman olganda, allomaning ushbu asarlari qimmatli, foydali, naqliy va aqliy mazmunlarni oʻzida mujassam etganligi bilan boshqa asarlardan alohida ajralib turadi. Shuning uchun ham bu asarlar yurtdoshlarimiz tomonidan ham qiziqish bilan oʻqib kelinmoqda.

“Tanbehul-gʻofiliyn”da yaxshi ishlarga buyurish va yomon ishlardan qaytarish, ota va onaning haqqi va farzandning haqqini ado qilish, hayo va ilmli boʻlishga targʻib qiladigan hadislar bayon qilingan. Ayniqsa, oilada tarbiya masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani ayni kun uchun muhimdir. Uning ota-onaning farzand oldidagi haqlari, farzandlarning ota-ona oldidagi burchlari haqidagi boblari kishini eʼtiborsiz qoldirmaydi. Jumladan, “Kimki ota-onasining roziligini topsa, Rabbisining rizosini topadi. Kimki ota-onasini gʻazablantirsa, Rabbisini gʻazablantiradi! Kimki ota-onasi tirik boʻlib, yaxshilik qilmasa, doʻzaxga kiradi va uni Alloh oʻzidan uzoqlashtiradi” singari oʻgitlar keltiradi.

Taniqli tadqiqotchi olim Ubaydulla Uvatovning keltirishicha, Abu Lays Samarqandiy boshqa mufassirlar kabi asosan, Qurʼon, hadis, sahoba va tobeinlar soʻzlariga tayanadi. Shu kabi, tafsirning sheʼrlar, qissalar, arab tilshunoslari soʻzlari bilan boyitilishi alloma asarining qadrini yanada oshiradi. Qurʼon ilmlaridan qiroat, oyatning nozil boʻlish sabablari kabi bilimlarning aks etishi allomaning tafsir sohasida oʻziga xos uslubidan dalolat berishi bilan birga, yurtimizdagi dastlabki tafsir asar sifatida ham qimmatlidir.

Chindan-da, bugun buyuk allomalarimizning goʻzal odob-axloq haqidagi asarlarining ahamiyati nihoyatda oshib bormoqda. Chunki ommaviy madaniyat atalmish illat yoshlarimizni oʻz komiga tortayotgan bir paytda ajdodlarimizning bebaho asarlari qalblarga malham, koʻnglimizga yaxshilik, yoʻlimizga yorugʻlik tarqatuvchi mayoq boʻlsa ne ajab.

Shuningdek, jaholatga qarshi – maʼrifat bilan kurashishda Abu Lays Samarqandiydek ulamolarning bebaho asarlari mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishi tayin.

 

B. MUHAMMADIYEV tayyorladi.

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.