Fozil shoir – fozil shoir

0
1694
marta koʻrilgan.

Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi, xususan, dostonchiligi anʼanalari kosmos asrida ham jonli ijroda davom etib kelayotgani jahon madaniyatida unikal hodisa sanaladi. XX asrning asosan birinchi yarmida oʻzbek folklorshunoslari yuzlab ijrochilardan yozib olgan doston, afsona, ertak, rivoyat, qoʻshiq, alla, maqol va topishmoqlar ulkan xazinani tashkil qiladi. Asrlar zanjirini uzmasdan, tarixning qoʻhna boyligini avlodlarga yetkazishda Ergash Jumanbulbul oʻgʻli (1868–1937), Fozil Yoʻldosh oʻgʻli (1872–1955), Muhammad Jonmurod oʻgʻli Poʻlkan (1874–1941), Islom Nazar oʻgʻli (1874–1953) singari quvvayi hofizasi kuchli baxshilarning alohida oʻrni bor. Minglab nasriy va nazmiy misradan iborat dostondek yirik janrning oʻnlab namunalarini mumtoz holida kuylagan bu toʻrt sanʼatkor oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining dobongirlaridir.

Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi deganda dastlab “Alpomish” yodimizga kelsa, bu dostonni eslaganimizda esa oʻz-oʻzidan Fozil Yoʻldosh oʻgʻlini tilga olamiz. Atoqli baxshi 1872 yili Samarqand viloyatida tugʻilgan. Otasi oʻzbekning qirq urugʻidan boʻlib, dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullangan. Besh yoshida otadan yetim qolgan Fozil turmush mushtlarini yeb, lekin oʻzi mayda tashvishlarga yeyilib ketmasdan Fozil shoir boʻlib kamol topishi oson kechmagani aniq. Xudo yuqtirgan isteʼdod va qatʼiy feʼl-atvor bilan birga qaynoq ijodiy muhit bu yoʻlning ogʻirini yengil qilgan, desak yanglishmaymiz.

Bulungʻur baxshichilik maktabi Muhammad shoir (XVIII asr), Amin baxshi (XVIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asrning birinchi yarmi), Yoʻldoshbulbul (XVIII asrning oxiri – XIX asrning birinchi yarmi), Sultonmurod shoir (XIX asr), Qurbonbek shoir (XIX asr), Tovbuzar shoir (XIX asr), Chini shoir (XIX asr), Bekmurod shoir (XIX asrning ikkinchi yarmi), Yoʻldosh Mulla Murod oʻgʻli (XIX asrning ikkinchi yarmi), Rahmonberdi shoir (XIX asr), Usta Doʻstyor (XIX–XX asr), Tovoshar shoir (XIX–XX asr), Joʻra shoir (XIX–XX asr) kabi nomdor ijrochilarni yetishtirgan. Shunday ulugʻlar davrasidan esgan shamollar Fozil Yoʻldosh oʻgʻlini tobladi, zuvalasini pishitdi.

Azbaroyi yoʻqchilik vajidan 19-20 yoshigacha dala-dashtda choʻponlik qilib yurgani ham boʻlajak baxshi uchun Ollohning inoyati edi. Bolaligida qoʻyning izidan ergashib, kitobxon boʻlgan yoki yolgʻizlikda xayol imoratlarini solib, keyinchalik ijod olami eshigini qoqqanlar bu gapning maʼnisiga yetadi. Choʻponlik qilib gʻala-gʻovurlardan nari yurish odamga koʻnglini boyitish, taxayyulini kengaytirish uchun xuddi uzlatga chekinishdek imkoniyat beradi. Fozil shoirning ham ilk tinglovchisi, ilk dardkashi, ilk tanqidchisi va hatto ilk ustozi dasht boʻlgan boʻlsa, ajab emas.

Er yetib qishlogʻiga qaytgan Fozil chorak tanob yerda dehqonchilik qilib kun kechirgan. Zamona zayli bilan savodsiz qolgan boʻlsa-da, uch aka-uka baxshilar – Yoʻldosh, Qoʻldosh va Suyar shoirlarning kattasiga shogird tushib, taʼbir joiz boʻlsa, Bulungʻur baxshichilik akademiyasini oʻtadi. U barcha sinovlardan oʻtib, 25-26 yoshlarida xalq orasida Fozil shoir atandi.

Yoʻldosh shoir, Qoʻldosh shoir ham Suyar,

Bularga kelmaydi hech kim barobar, –

deydi Fozil shoir oʻz ustozlari vasfida. Yoʻldosh shoirning oʻn bir shogirdi boʻlib, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli eng iqtidorli dostonchi sifatida dong taratgan.

Atoqli baxshi qirqdan ortiq anʼanaviy dostonlarni mohirona kuylagan. Undan yozib olingan “Alpomish” dostoni nafaqat oʻzbek variantlari, balki barcha turkiy versiyalar orasida eng mukammali va badiiy jihatdan yetugi hisoblanadi. Soʻz sanʼatkorining repertuari rang-barang: “Alpomish”, “Yodgor”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Malika ayyor”, “Mashriqo”, “Zulfizar”, “Balogardon”, “Avazxonning oʻlimga hukm etilishi”, “Intizor”, “Nurali”, “Jahongir”, “Murodxon”, “Rustam”, “Shirin bilan Shakar” kabi anʼanaviy dostonlar, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Bahrom va Gulandom” kabi kitobiy dostonlar bilan bir qatorda oʻzi guvoh boʻlgan voqealar asosida yaratgan “Mamatkarim polvon”, “Jizzax qoʻzgʻoloni” kabi tarixiy dostonlari, “Kunlarim” tarjimai holi, “Chigirtka”, “Jambul”, “Jahon tinglagay” kabi termalari Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining katta isteʼdodidan darak berib turadi.

Hamid Olimjon 1938 yili “Alpomish”ning turli baxshilardan yozib olingan uch-toʻrt nusxasini qiyosan oʻrganib, Fozil Yoʻldosh variantini dostonning yaxlitligiga zarar yetkazmasdan qisqartirgan holda 1939 yili nashr ettiradi. Shoir kitob soʻzboshisida, jumladan, shunday yozadi: “Alpomish” til jihatidan oʻzbek tilining butun boyligi va rangdorligini aks ettiradi. Doston oʻzbek xalq tilining qanchalik shiralik, qanchalik ixcham va oʻz hayotini ifoda qilish uchun qanchalik mukammal, boy ekanini ham koʻrsatadi. Dostonda turmushda uchraydigan eng oddiy soʻzlardan tortib, biz uchun notanish, lekin bilishimiz zarur boʻlgan harbiy terminlargacha mavjud. Chorvachilikka oid terminlar hadsiz koʻp. Bularni biz bilmas edik va bilmasdan turib, oʻzbek tilining qashshoqligi haqida yolgʻon afsonalar ham toʻqib yurar edik. “Alpomish”da bu kungi adabiy tilimiz, matbuot tili uchun praktik ahamiyatga ega boʻlgan soʻzlar juda koʻpdir.

Nihoyat, “Alpomish” bizning yozuvchilarimiz uchun ham katta ahamiyatga egadir… Bizning yozuvchilarimizga folklorni bilish qanchalik zarur ekanini “Alpomish” koʻrsatur. Oʻzbek adabiyotini yuksaltirish, uning tilini chin xalq tili qilish, sodda va chuqur qilish va nihoyat, umuman aytganda, oʻzbek adabiyotini chin maʼnoda xalqchil qilish uchun folklorning ahamiyati buyuk boʻlur”.

Baxshini eslaganda asosan “Alpomish” dostoni tilga olinishi unchalik adolatdan emas. Birgina “Malika ayyor” dostoni mutolaasi Fozil shoir naqadar fozil shoir ekanini, naqadar ulkan xazinabon ekanini koʻrsatadi. Bu asar oʻz fantastikasi bilan kitobxonni gʻoyat hayratlantiradi. Ezoterik qatlamlari eposning nihoyatda qadimiyligini isbotlab turibdi. Eng muhimi, inson xayolotining chek-chegarasi yoʻqligiga guvoh boʻlib, bu hududsiz jilva ongingizda akslanishidan behad huzur tuyasiz.

Fozil Yoʻldosh oʻgʻli 1955 yil may oyida oʻz qishlogʻida vafot etgan. Mustaqillik yillarida baxshining ijodiy merosi yanada qadr topdi, undan yozib olingan dostonlar qayta-qayta chop qilinmoqda, chuqur ilmiy asosda tadqiq etilmoqda. 1999 yili “Alpomish” dostoni ming yilligini nishonlashda Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti asos qilib olindi. Yaqinda nashr etila boshlagan “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligining koʻplab kitoblarini ham Fozil shoir kuylagan dostonlar muzayyan etib turibdi.

 

Farrux JABBOROV,

katta ilmiy xodim-izlanuvchi

 

“Yoshlik”, 2016 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.