Fikrlaydiganlar mamlakati

0
81
marta koʻrilgan.

Shunday gap bor – taraqqiyot manzili sari oshiqayotgan jamiyatda inson aqlu zakovatisiz oʻz oʻrniga ega boʻlishi amri mahol. Rivojlangan mamlakatlarning taraqqiyot yoʻliga nazar tashlasak, ularning aksari ilm-fan rivoji va iqtidorli yoshlari bilan shu darajaga yetganiga guvoh boʻlamiz. Zero, buyuklar aytishganidek, bugun katta moddiy boyliklarga ega oʻlkalar emas, iqtidorli va salohiyatli yoshlari bor davlatlargina chinakam farovonlikka erishmoqda.

 

BOYLAR QAYDADUR?

Yurtimizda soʻnggi yillarda, ayniqsa oʻtgan ikki yil mobaynida taʼlim sohasida roʻy berayotgan yangilanishlarni aytib adogʻiga yetolmaysiz. Avvalo, farzandlarimiz kelajagining poydevori boʻlmish maktabgacha taʼlim muassasalari Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidan chiqarilib, Maktabgacha taʼlim vazirligiga biriktirilganining oʻzi – katta voqea. Kuni kecha esa Prezidentimizning “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan mazkur Vazirlik negizida Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazi, Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish instituti, Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha injiniring kompaniyasi hamda Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladigan boʻldi. Yaqin orada mazkur boʻgʻinda yoʻlga qoʻyilishi kutilayotgan Integratsiyalashgan monitoring elektron tizimini ham koʻpchilik qiziqish bilan kutmoqda. Chunki mazkur elektron tizim davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, taʼlim-tarbiyamizning asosi, oʻziga xos oynasi boʻladi. Undagi maʼlumotlarni kuzatish, tahlil qilish orqali taʼlim-tarbiyada yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar va bu borada nimalarga eʼtibor qaratish zarurligi aniqlanadi.

Soʻnggi davrda oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻsi, malakali kadrlar masalasi va taʼlim sifati borasida eʼtirozlar ancha-munchaga yetgan edi. Ommaviy axborot vositalarida koʻtarilgan masala – oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalari oshirildi

Keling, yaxshisi bu tizim ilgʻor xorij mamlakatlarida, masalan Germaniyada qanday yoʻlga qoʻyilgan? Shu haqdagi mulohazalarimni siz bilan baham koʻray. Xulosani oʻzingiz chiqaring.

 

GERMANIYADA OʻQIGANMI? DEMAK, ZOʻR!

Germaniyada taʼlim – davlat va jamiyat tomonidan doimiy eʼtibor berilayotgan soha mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga barakali hissa qoʻshib kelmoqda.

Germaniya jahon ilm-fani va madaniyati oʻchoqlaridan biri sifatida tilga olinadi, taʼlim va kasbga yoʻnaltirish, ilm va ilmiy tadqiqotlar davlati, deya eʼtirof etiladi. Sababi ushbu mamlakat Gyote, Gegel, Betxoven, Eynshteyn singari mutafakkirlarni kamol toptirgani hamda ildizi asrlarga borib taqaluvchi ilmiy maktablari bilan mashhur.

Rus shoiri Pushkin aytgan edi: “Fikr! Buyuk narsa! Insonning ulugʻvorligi ham fikrdan boʻlmay nimadan?” Olmon taʼlim dargohlarining bosh yutuqlaridan biri ham mana shunda, yaʼni ular oʻquvchilarni avvalo, mustaqil fikrli va keng dunyoqarashli boʻlishiga eʼtibor qaratadi. Ushbu millatga xos tartib-intizom, birsoʻzlilik, qatʼiyat xislatlari ham taʼlim muassasalarida shakllanadi.

Oʻqitish tizimi yangi usullar va soʻnggi axborot texnologiyalariga asoslangan.

 

“TAFAKKUR USTAXONALARI”

Germaniyada bolalar bogʻchalari shunday – “tafakkur ustaxonalari” deb ataladi. Boisi hali aqlini tanib ulgurmagan, nutqi yaxshi rivojlanmagan goʻdaklar bogʻchadayoq oʻz fikrini ifoda etish, tengdoshlari va kattalar bilan muloqotda boʻlish koʻnikmalarini oʻzlashtiradi.

Maktabgacha tarbiya Germaniya taʼlim tizimida muhim bosqich hisoblanadi. Uning 100 yildan ortiq tarixi bor. Sababki, 1840 yilda nemis pedagogi Fridrix Fryobel dunyodagi ilk maktabgacha taʼlim, yaʼni bolalar bogʻchasiga asos soldi. Shundan soʻng bunday taʼlim turi qisqa vaqt ichida butun dunyo boʻylab tarqaldi.

Mazkur mamlakatda maktabgacha taʼlim muassasalari davlat qaramogʻida emas. Aksincha, xayriya jamgʻarmalari, mahalliy hokimiyatlar, cherkovlar hamda turli korxona va tashkilotlar bogʻchalarni oʻz vasiyligiga olgan. Shuning uchun 24 mingdan ortiq bogʻchani mablagʻ bilan taʼminlash ular zimmasidadir. Lekin ota-onalar ham ancha-muncha bogʻcha puli toʻlaydi. Masalan, Berlin va Bavariyada bogʻchalar bepul boʻlsa, Quyi Saksoniyada uning oylik toʻlovi 250 yevroni tashkil etadi. Kam taʼminlangan va serfarzand oilalar uchun mamlakatning barcha hududlarida bogʻcha toʻlovida chegirmalar mavjud.

Bogʻchalar qamrovi – 3 yoshdan 6 yoshgacha. Bu yosh oraligʻidagi bolalarning 80 foizi bogʻchaga qatnaydi. Biroq ayrimlariga 6 oylik chaqaloqlar ham qabul qilinadi. Bunga faqat bolaga qarovchisi yoʻq, eri ham, xotini ham ishlovchi oilalargina haqli.

Koʻp sonli immigrant bolalar esa 4 yoshdan va nemis tili boʻyicha imtihondan oʻtkazilgach, bogʻchaga qabul qilinadi. Agar ular vazifalarni bajarishda qiynalsa, ixtiyorida bepul darslarga qatnash imkoniyati bor.

Aytish joizki, bogʻcha mashgʻulotlarining bari oʻyin shaklida oʻtadi va asosan, bolalarning tengdoshlari bilan tez til topishishlariga, nutqiy va ijodiy fikrlashlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Germaniya bogʻchalarida bolalar, odatda, tushgacha tarbiyalanadilar. Biroq kuni uzaytirilgan bogʻchalar ham mavjud.

 

ISTEʼDODSIZNING OʻZI YOʼQ!

Bizning taʼlim tizimimizda boʻlgani kabi Germaniyada ham bogʻchadan soʻng boshlangʻich taʼlim boshlanadi. Farqi – ularda oʻquvchilar boshlangʻich taʼlimni tugatishi hamonoq kelajak yoʻlini aniq tanlab olishi kerak. Shunga qarab yana bir turdagi maktabda oʻqishini davom ettiradi.

Germaniya Konstitutsiyasiga muvofiq, maktab taʼlimi davlat nazoratidadir. Shuningdek, majburiy va bepul hamdir. 6 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan fuqarolar majburiy tartibda taʼlim olishi shart. Maktab taʼlim tizimi boshlangʻich (Grundschule), oʻrta va yuqori bosqichlarga boʻlinadi. Mamlakatda 16 federal hudud mavjud boʻlsa, ularning har biri oʻzining taʼlim toʻgʻrisidagi qonuniga ega. Shu sababli federal hududlarning maktab taʼlim tizimida ayrim farqlar bor. Masalan, aksariyat hududlarda boshlangʻich taʼlim 4 yil (birinchi sinfdan toʻrtinchiga qadar), poytaxt Berlin va Brandenburgda esa – 6 yil. Ammo bu kabi farqlarga qaramasdan, barcha hududlar uchun umumiy tartib-qoidalar amal qiladi.

 

BOSHLANGʻICH TAʼLIM. Boshlangʻich taʼlimning dastlabki ikki yilida oʻquvchilar baholanmaydi. Bizga tanish baholash tabeli oʻrniga ularga oʻzlashtirish tavsifnomasi beriladi. Oʻquvchilarga 3-sinfdan baho qoʻyila boshlaydi. Germaniyada 6 ballik baholash tizimi qabul qilingan. Ajabki, bizning maktablarda “5” baho aʼlo boʻlsa, ularda “1” baho shunday izzatga munosib. “2” – yaxshi, “3” – qoniqarli, “4” – yetarli, “5” – yetarli emas, 6–qoniqarsiz. Oʻquvchilar fanlarni kamida “4” bahoga oʻzlashtirishi kerak. Boshlangʻich bosqichda bolalarga matematika, nemis tili, tabiatshunoslik, musiqa, estetika fanlari oʻtiladi.

5-6-sinf bosqichida oʻquvchilar keyingi taʼlim turiga yoʻnaltirilishi uchun kuzatuvda boʻladi. Bolaning boshlangʻich sinflardan keyin qanday maktabda oʻqishni davom ettirishi boshlangʻich maktab tavsiyasi, oʻquvchining oʻzlashtirishi hamda ota-onasining xohishiga bogʻliq.

Xullas, boshlangʻichdan soʻng oʻquvchilarni navbatdagi maktab – asosiy, maxsus (rivojlanishda kechikkan bolalar uchun), aniq fanlar – matematika va tabiiy fanlar oʻqitiladigan oʻrta oʻquv yurti hamda gimnaziyalar qarshi oladi.

 

ASOSIY MAKTAB. Bolalarning qariyb 20 foizi oʻqishni asosiy maktablarda (Hauptschule) davom ettiradi. Bunday maktablarda oʻquvchilar toʻqqizinchi sinfgacha oʻqitiladi. Qisqacha tushuntirganda, asosiy maktablarda oliy taʼlim muassasalarida oʻqish niyati boʻlmagan, biror kasb etagidan tutishni koʻzlagan oʻquvchilar taʼlim oladi. Ularda asosiy eʼtibor amaliy mashgʻulotlarga qaratiladi. Asosiy maktabni tugatgan oʻsmirlar tugallanmagan oʻrta taʼlim haqida shahodatnoma oladi. Ushbu hujjat bilan kasb-hunar maktablariga kirishi mumkin. Bizdagi kasb-hunar kollejlariga oʻxshab ketadigan mazkur maktablarda talaba muayyan kasb-hunar boʻyicha bilim va tajriba oshiradi. Asosiy maktab dasturi yilma-yil tahlil qilinganda, oʻqishga talab toʻxtovsiz oshib borayotgani kuzatilgan.

 

ANIQ FANLAR MAKTABI. Aniq fanlar maktabida (Realschule) oʻquvchilarga kengaytirilgan umumiy taʼlim beriladi. Odatda taʼlim 6 yil davom etadi, soʻngra oʻquvchilarga oʻrta taʼlim toʻgʻrisida guvohnoma beriladi. Ushbu guvohnoma asosida bitiruvchilar boshqa oʻquv yurtlarida taʼlim olishni davom ettirishi mumkin. Masalan, gimnaziyaning yuqori sinflarida.

 

GIMNAZIYa. Oʻquvchilar oʻrta taʼlimning eng muhim boʻgʻini boʻlgan ushbu bilim maskanida toʻqqiz yil – 5-sinfdan 13-sinfgacha taʼlim oladi. Aniq fanlar maktabining 10-sinfini tamomlagan yoshlar gimnaziyada uch yil oʻqiydi. Odatda, gimnaziyada taʼlim 9 yil boʻlib, bolalarga chuqurlashtirilgan umumiy taʼlim berishga moʻljallangan. Gimnaziyaning yuqori sinflarida (11-13-sinflar) taʼlim bosqichi tizimi kiritilgan. Gimnaziyaning yuqori sinflarini bitirish imtihonlari 4 yoki 5 fandan oʻtkaziladi va yetuklik shahodatnomasini (Abitur) berish bilan tugallanadi. Aytish kerakki, yetuklik shahodatnomasi oliy oʻquv yurtlariga kirish imkoniyatini beradi.

 

UMUMIY MAKTAB. Ushbu maktabga ham boshlangʻich taʼlimdan keyin oʻtiladi va uni bitirgan oʻquvchilarga yuqoridagi tartibda guvohnoma beriladi.

Shu oʻrinda, nemis pedagoglari haqida ikki ogʻiz soʻz. Ular isteʼdodsiz oʻquvchining oʻzi yoʻq, degan aqidaga amal qiladi. Shuning uchun boʻlsa kerak, pedagoglar oʻquvchining ochilmagan qirralarini kashf etish hamda ularni yangilik yaratish ruhida tarbiyalashga intiladi. Oʻqituvchi oʻquvchisining fikrlari xato boʻlsa-da, ularni tinglaydi, hurmat qiladi, sababi shu orqali yoshlarda mustaqil fikr shakllantiriladi. Bu mashhur faylasuf Rene Dekartning “Fikrlayapmanmi, demak, yashayapman” naqlining amaldagi ifodasi.

 

ASLZODALAR ORZUSI

Germaniya – Geydelberg, Kyoln, Frayburg, Tyubingen kabi qadimiy universitetlar vatani. 1386 yilda asos solingan Geydelberg universiteti koʻhna qitʼaning ilk nufuzli oliy taʼlim dargohlaridan. Oʻrta asrlardayoq, ushbu universitetga kirish yevropalik aslzodalarning orzusi boʻlgan. Germaniyaning Geydelberg shahrida joylashgan mazkur universitetning nufuzi hozir ham baland. Bu yerdan Gegel, Yaspers kabi jahon tanigan olimlar, oʻnga yaqin Nobel mukofoti sohiblari yetishib chiqqan. Aytish kerakki, bugungi kunda mazkur dargohda 25 ming talabaning 12 foizini xorijliklar tashkil etadi.

Mamlakatda yangi, maxsus oliy oʻquv yurtlari ham borki, ular tobora ommalashib bormoqda. Amaliy yoʻnalish boʻyicha olib boriluvchi muhandislik, iqtisod, ijtimoiy taʼminot, dizayn, qishloq xoʻjaligi kabi mutaxassisliklarga tayyorlovchi ushbu ziyo maskanlarida diplom olish uchun imtihon topshiriladi. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda institutga kiruvchi yoshlarning har uchtadan bittasi shu tipdagi oliy oʻquv yurtini tanlamoqda.

Germaniyada umumiy yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurtlari kam. Sababi, ushbu model keng tarqalmagan. Mazkur tipdagi oliy oʻquv yurtlari mamlakatdagi ikki federal viloyatda bor, xolos.

Mamlakatda Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda bepul oliy taʼlim olish imkoniyati koʻproq. Nodavlat jamgʻarmalar hamda hukumat grantlari asosida xorijliklar ham nemis universitetlarida tahsil olishlari mumkin.

Mahalliy gimnaziyalarni bitirib, imtiyozli shahodatnomaga ega boʻlganlar imtihonsiz universitet talabasiga aylanishadi. Xorijlik talabalar oʻqishga kirish uchun nemis tili boʻyicha imtihondan oʻtadilar. Universitetlarda bakalavr bosqichi toʻrt yarim yilgacha, magistratura bir yildan toʻrt yilgacha, doktorantura ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Odatda, bakalavriat va magistratura talabalari oʻqish yakunida davlat imtihoni topshiradi va dissertatsiya ishini himoya qiladi. Talaba oʻqish uchun qishki yoki yozgi oʻquv mavsumini tanlash huquqiga ega. Yozgi mavsum aprel-sentyabr, qishkisi esa oktyabr-mart oylarini oʻz ichiga oladi.

Olmon oliy taʼlim muassasalari ayrim sohalarda yetuk kadrlarni tayyorlashi bilan ham eʼtirofga loyiq. Xususan, Myunxendagi Lyudvig-Maksimillian universiteti Yevropani tibbiyot boʻyicha yetuk mutaxassislar bilan taʼminlaydi. Muhandis, iqtisodchi, dizayner kabi mutaxassislarni va mashinasozlik, ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari, sogʻliqni saqlash yoʻnalishlariga zarur kadrlarni yetkazib berishda ham Germaniya universitetlari peshqadam.

Maʼlumotlarga koʻra, hozir Germaniyaning uch yuz yetmishdan ortiq oliy taʼlim muassasasida 2 millionga yaqin talaba, jumladan, 246 ming xorijlik tahsil olmoqda. Olmon yurti chet ellik talabalar soni boʻyicha dunyoda AQSH va Buyuk Britaniyadan keyingi oʻrinda turadi.

Talabalar oʻqishi erkin tashkil etilgan. Vaholanki, koʻp sonli oʻquv bosqichlari bilan birga oʻquv rejalari taklif etiladi va talaba sinovdan oʻtkaziladi, ammo oʻqishning koʻpchilik bosqichlarida talabalarning oʻzlari fanlar va oʻquv yurtlarini tanlaydilar. Oʻqishga haq toʻlanmaydi. Agar talabalar yoki ularning ota-onalari oziq-ovqat xarajatlarini koʻtara olmasalar, oʻqish uchun moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi federal qonunga muvofiq moliyaviy yordam oladilar. Bu yordamning yarmi stipendiyaga qoʻshib berilsa, ikkinchi yarmi qarz tariqasida beriladi. Oʻqish tugab, mehnat faoliyati boshlangach, mablagʻ toʻxtatiladi.

 

BEPUL

Mamlakatda oʻquv yurtlari laboratoriyalari, ustaxonalarini jihozlash, ularni xomashyo va materiallar bilan taʼminlash ishbilarmonlar yoki korxonalar tomonidan bepul amalga oshiriladi. Chunki bozor iqtisodiyotining tamoyillaridan biri shundan iboratki, tadbirkorlar oʻquv yurtlarini yangi, zamonaviy texnologik jihozlar bilan taʼminlashdan manfaatdordirlar. Buning sababi, birinchidan, oʻz mahsulotlarini reklama qilish maqsadi boʻlsa, ikkinchidan, tezroq yangi turdagi jihozlarda ishlay oladigan mutaxassislarga ega boʻlishdir.

Hunar-texnika taʼlimining ustuvor yoʻnalishlari istiqbollarini belgilash va amalga oshirish Federal taʼlim va madaniyat vazirligining vazifasidir.

 

OʻQIMAGAN OʻQITMAYDI

Germaniya Federativ Respublikasida har bir maktab uchun maxsus tayyorlangan oʻqituvchilar bor. Ularning hammasi oliy maktabni tugatgan boʻlishlari shart. Boshlangʻich va asosiy maktabning boʻlajak oʻqituvchilari olti semestr oʻqiydilar. Aniq fanlar maktabi, maxsus maktab, gimnaziya va hunar-texnika bilim yurtlarining oʻqituvchilari ancha uzoq muddat oʻqishlari kerak. Oʻqishni tamomlagandan keyin oʻqituvchilikka nomzodlarning hammasi imtihon topshiradilar. Keyin maktabda amaliyot oʻtkazadilar va ikkinchi imtihon topshiradilar. Oʻqituvchi lavozimiga ega boʻlgandan keyin, qoidaga koʻra, umrbod lavozimga tayinlanadi.

Boʻlajak oʻqituvchilar 3 yil oʻqiganlaridan keyin aniq fanlar maktabida ikki yillik amaliyotni oʻtaydilar, bunda haftasiga 10-12 soatdan dars beradilar.

Bu davrda ularga maxsus murabbiylar belgilanadi, bu murabbiylar ularning faoliyatini nazoratda tutadilar, amaliyot tugagandan keyin shogirdlariga tegishli tavsifnomani beradilar. Shundan keyin maktab kengashi yuqori tashkilotlar bilan birgalikda boʻlgʻusi oʻqituvchilardan imtihon oladi va ularning kelgusi ishlarini baholab, tegishli tavsiyalarni beradilar. Bu jarayonning yana oʻziga xos tomoni shundaki, imtihon va tavsiyalardan keyin boʻlgʻusi oʻqituvchi bir yilga sinov muddati bilan ishga olinadi. Bu sinov muddatini muvaffaqiyatli oʻtgandagina unga oʻqituvchi martabasi beriladi. Amaliyotchi-talabalar qoʻyilgan talablarni bajara olmasa, maktabga qoʻyilmaydi. Attestatsiyadan oʻtkazish va litsenziya berish keng rasm boʻlganini eʼtiborga olsak, oʻqituvchi oʻz malakasini muntazam oshirib borishga majbur. Aks holda, u oʻqituvchilik lavozimidan mahrum boʻlishi mumkin.

Goʻzal TURSUNPOʻLATOVA,
sharhlovchi

 

uzhurriyat.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.