Fevral oyida tugʻilgan madaniyat va sanʼat namoyandalari

0
3414
marta koʻrilgan.

2 Fevral

 

1769 yil. Ivan Andreevich Krilov rus yozuvchisi, masalchi. U “Toʻpolonchilar”, “Qizlarga saboq”, “Gʻazabnok bola” komediyacini, “Kleopatra”, “Filomela”, tragediyasini, “Bahodir Ilya” komik operalarini yozgan. “Boʻri bilan qoʻzichoq”, “Hayvonlar oʻlati”, “Boʻrilar va ovchilar”, “Dehqonlar va daryo”, “Baliqlar raqsi”, “Mushuk va choʻrtak baliq” masallar muallifi.

 

1882 yil. Jeyms Joys, ingliz yozuvchisi, “Dublinliklar” hikoyasi hamda “Rassomning yoshlikdagi portreti”, “Uliss”, “Finnegancha maʼraka” romanlari muallifi.

 

3 Fevral

 

1948 yil. Togʻay Murod, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi. Adib “Oydinda yurgan odamlar” qissasi uchun Oybek mukofotiga sazovor boʻlgan. Koʻplab qissalari, “Otamdan qolgan dalalar”, “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romanlarining muallifi. U J. Londonning “Boyning qizi” pyesasini, E. Seton Tompsonning “Yovvoyi yoʻrgʻa” kitobini oʻzbekchaga oʻgirgan.

 

10 Fevral

 

1933 yil. Husniddin Sharipov, Oʻzbekiston xalq shoiri. Uning “Koʻngil buyurgani”, “Quyoshga oshiqaman”, “Tuproqqa qasida”, “Yerning qalbi”, “Men sizga aytsam”, “Lirika” kabi asarlari kitobxonlar mehrini qozongan. Shoirning “Hayajonli daqiqalar”, “Oh, goʻzal”, “Xirmon”, “Yana visol”, “Yor istab”, sheʼriy toʻplamlari hamda ikki jildlik “Saylanma”si chop etilgan. Shu bilan birga ijodkorning “Seni sevaman”, “Ota oʻgʻli”, “Afsona”, “Chollar va kampirlar”, “Karvon bexatar boʻlmas”, “Yor istab” singari pyesalari Respublika va viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan.

 

12 Fevral

 

1923 yil. Galiya Izmaylova, Oʻzbekiston xalq artisti. U “Don Kixot”, “Qirq qiz”, “Lolaqizgʻaldoq”, “Oqqush koʻli”, “Don Juan”, “Karmen”, “Layli va Majnun”; “Sevgi tumori”, “Spartak” kabi spektakllarda qahramonlar ichki dunyosini ifodali harakatlar orqali ochib bergan. U “Navroʻz”, “Kashmir afsonasi”, “Sevgi afsonasi”, “Esmeralda”, “Orzu”, “Boʻron”, “Zebunniso”, “Umar Xayyom”, “Al Fargʻoniy” singari operalar raqslarini sahnalashtirgan.

 

13 Fevral

 

1903 yil. Jorj Simenon, fransuz yozuvchisi, “Arkali koʻprik”, “Megrening yozishmalari”, “Megre sayohat qiladi”, “Megre va daydi”, “Megre ikkilanmoqda”, “Megre va Sharl”, “Bir qashshoq hayotining toʻrt kuni”, “Prezident”, “Qamoqxona” singari ijtimoiy-psixologik hamda “Oy zarbasi”, “Habashlar mahallasi”, “Qor ustida gʻubor”, “Aka-uka Dikolar” kabi koʻplab romanlar muallifi hamdir. “Xotirlayman”, “Ibtido”, “Onamga xat” avtobiografik kitoblar ham uning qalamiga mansub.

 

14 Fevral

 

1943 yil. Omon Matjon, Oʻzbekiston xalq shoiri, “Ochiq derazalar”, “Karvon qoʻngʻirogʻi”, “Yonayotgan daraxt”, “Yarador chaqmoq”, “Haqqush qichqirigʻi” “Seni yaxshi koʻraman”, “Gaplashadigan vaqtlar”, sheʼriy toʻplamlari muallifi. Shoir ijodida “Imon yogʻdusi”, “Saylanma” alohida oʻrin egallaydi. F. Shiller, Sh. Bodler, Ye. Yevtushenko kabi jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini oʻzbekchaga oʻgirgan.

 

15 Fevral

 

1926 yil. Saida Zunnunova. Isteʼdodli shoira. “Gullar vodiysi”, “Qizingiz yozdi”, “Yangi sheʼrlar”, “Qizlarjon”, “Bir yil oʻylari” sheʼriy toʻplamlari, “Gulbahor”, “Gulxan”, “Olov”, “Boʻylaringdan oʻrgilay”, “Direktor” singari hikoya va qissalar muallifi.

 

20 Fevral

 

1948 yil. Matnazar Abdulhakim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi. “Tiniq tonglar”, “Fasllar qoʻshigʻi”, “Qor qoʻshigʻi”, “Yonimdagi daryolar” “Qorachiqdagi dunyo”, “Bir quchoq gul”, “Oydinlik”, “Soʻnggi yaproq”, “Javzo tashrifi” kabi qator kitoblari nashr qilingan. Shayx Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Mirzo Bedil asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan.

 

22 Fevral

 

1788 yil. Artur Shopengauer, nemis faylasufi, “Olam – ixtiyor va tasavvur sifatida”, “Axloqshunoslikning ikki asosiy muammosi”, “Hayot maktabining hikmatlari” singari asarlarni yozgan.

 

23 Fevral

 

1903 yil. Yulius Fuchik, chex yozuvchisi, tanqidchi va jurnalist. Uning “Ertangi kunimiz kechagi kun boʻlib qolgan mamlakatda”, “Tojixon Shodiyeva tarixi”, “Roziyaxon Mirsoatova” singari kitoblari chop etilgan”.

 

25 Fevral

 

1707 yil. Karlo Goldoni. Italyan dramaturgi, italyan teatri islohotchisi, milliy komediya asoschisi. “Momolo kortezan”, “Momolo Brenteda”, “Sinish” niqoblar komediyasini isloh qilgan. “Mehmonxona bekasi”, “Ikki boyga bir malay” va boshqa komediyalari oʻzbek tiliga oʻgirilib, Muqimiy nomidagi musiqiy teatrida sahnalashtirilgan.

 

26 Fevral

 

1915 yil. Sattor Yarashev. Oʻzbekiston xalq artisti. Taniqli opera xonandasi. “Tohir va Zuhra”, “Muqanna”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Maysaraning ishi”, “Dilorom”, “Shoir qalbi”, “Zulmatdan ziyo” va boshqa musiqali dramalarda rollar ijro etgan. Shuningdek, “Ushshoq”, “Dugoh”, “Segoh”, “Feruz” kabi mumtoz ashulalar, “Qonga botsin”, “Jon Oʻzbekiston”, “Vatan”, “Paxtakorlarga” singari koʻplab qoʻshiqlarni ijro etgan.

 

29 Fevral

 

1732 yil. Joakkino Antonio Rossini. Italyan kompozitori, “Sevilya sartaroshi”, “Tankred”, “Otello”, “Oʻgʻri hakka”, “Vilgelm Tell” operalarida oʻz xalqining qahramonlik, vatanparvarlik, romantik intilishlarini ifodalagan. “Italyan qizi Jazoirda”, “Turk Italiyada”, “Moisey Misrda”, “Magomed II”, operalarini yozgan.

 

1964 yil. Muyassar Razzoqova. Oʻzbekiston xalq artisti. Opera xonandasi. “Maysaraning ishi”, “Umar Xayyom”, “Layli va Majnun”, “Traviata”, “Bal maskarad”, “Sevilya sartaroshi”, “Lyuchiya di Lammermur” kabi spektakllarda asosiy rollarni ijro etgan. Uning “Bir qamar”, “Dugonalar”, “Oq kaptar”, “Sevimli yorim”, “Vatan”, “Iftixor”, “Oʻlkam”, “Men oʻzbek qiziman”, “Millat bayrogʻi”, “Mehring bilan yashaymiz”, “Vatan madhi” singari qoʻshiqlari mashhur.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.