Estetik moʻjiza izidan

0
529
marta koʻrilgan.

yoxud “Yoshlik” jurnalida 2012 yilda chop etilgan

nasriy asarlarga bir nazar

 

Yozuvchi tili voqelikni qayta taqdim etmasligi,

uni faqat anglatishi lozim

Rolan Bart

 

Matbuot tili leksikasi eng tez oʻzgaruvchi va jamiyat tomonidan eng samarali qabul qilinuvchi sath hisoblanadi. Bu ustunlik (yoki imtiyoz) nashrlarning davriy ekanligi tufaylidir. Toʻrtinchi hokimiyat maqomini olgan OAV zimmasiga yuqoridagi ustunlik-imtiyoz oʻquvchilari auditoriyasi, demakki, jamiyat aʼzolarining umumiy saviyasiga javobgarlikni ham yuklaydi. Zotan, matbuot ijtimoiy ongni oʻzgartirishga, oʻzga yoʻnalishga solishga qodir. Bu esa barcha tub burilishlar ibtidosidir.

“Yoshlik” jurnali milliy matbuotimizning kishilik jamiyatiga doimiy va faol taʼsir koʻrsata, ijtimoiy tafakkur shakllanishi va yoʻnalishini nazorat qila, oʻquvchilar auditoriyasi aro ommaviy muloqot oʻrnata olayotgan asosiy nashrlaridan biri sanaladi. Oʻz oʻrni va mavqeini tobora kengaytirib borayotgan jurnal boshqa adabiy nashrlardan oʻta talabchanligi, muharrirlik ishini zargarona olib borishi bilan ajralib turadi. Shu bois unda asar chiqarish mushkul. Bosilgan asar esa zumda ommalashadi.

Adabiyot, xususan, sharq adabiyoti hamisha biroz mavhum, sirli boʻlishi zarur hisoblanadi. Yakuni maʼlum boʻlgan asar voqealar yigʻindisi yoki ularning bayonigina, xolos. Asar asosini syujet, qiziqarli voqealar emas, ular taʼsirida paydo boʻladigan oniy tuygʻu, lahzalik holat, muvaqqat kechinmalar tashkil etishi, oʻquvchiga tasavvur qilish, mantiq va hissiyotni uygʻunlashtirish imkonini berishi lozim.

Bevosita insonlarga, demakki, ijtimoiy hayotga tegishli boʻlgan oʻzgarishlar hamisha dastlab adabiyotda yuz koʻrsatadi. Shu sababli ham adabiyotning asl maqsadi kishilarni ezgulikka xizmat qildirish sanaladi. Yaratilayotgan har bir ijod mahsuli ham ijodkorning mahoratiga, kuzatuvchanligiga, hayotni koʻp oʻrganganligiga bogʻliq. Ijodkor asariga xomashyoni hayotdan oladi, faqat badiiy toʻqima yordamida yaxlit asar holiga keltiradi. Uning qanday taʼsirga egaligi, ijodkor mahoratiga haqiqiy bahoni kitobxon beradi. Zero, yozuvchi Oʻtkir Hoshimov aytganidek: “Ikkita eng xolis hakam – Kitobxon va Vaqt sinovidan oʻtgan asar haqiqiy asardir”.

“Yoshlik” 2012 yil davomida taqdim etib borgan asarlar hayotiy koʻlami kengligi, murakkab insoniy taqdirlarni, qahramonlar ruhiyatidagi cheksiz tovlanishlarni voqealar asnosida koʻrsata bilishi nuqtai nazaridan har qanday sinovga bemalol dosh beradi. Ularda qahramonlar kechinmasini tasvirlash, obrazlar yoki hikoyachi kayfiyati ifodasini berishdan koʻra, shu tuygʻularning paydo boʻlish jarayoni va ildizlarini koʻrsatishga koʻproq eʼtibor qaratilgan.

Jurnalda chop etilgan qissalarga muallif pozitsiyasi boʻrtib turmasligi, hissiyot voqealar qaʼriga berkitilishi, qahramonlar esa harakatda kashf etilishi xosdir. Luqmon Boʻrixon, Ismoil Shomurodov, Istam Hamroyev, Dinora Rahimova, Akbar Mirzo, Gʻozi Rahmon va Zulfiya Misbaxlarning asarlari zamonaviy oʻzbek nasrining diqqatga loyiq namunalari hisoblanadi. Qissa qahramonlari individual feʼl-atvorga ega jonli odamlardir. Bu tirik odamlarning xatti-harakatlari, gap-soʻzi oʻziga xos, ularda ijodkorlarning sanʼatkorligi namoyon boʻlgan.

Xususan, Luqmon Boʻrixonning “Bir tomchi yosh” qissasida mazkur jihatlar yetakchilik qiladi. Qissa qahramoni Baxtiyor faqat ismda omadli. Inson istagi va taqdir tadbiri orasidagi nomutanosiblik yozuvchida kinoyaga mayl uygʻotadi (bunday tasvir usuli, umuman, yozuvchining butun ijodiga xos, deyish mumkin). Ota-onasi oq va yorugʻ umidlar bilan Baxtiyor deb ism qoʻygan qahramonga, afsuski, baxt yor boʻlavermaydi: musavvirlikka uquvi, iqtidori boʻlgan yigit amakisining oshnolari oʻqishga kiritib qoʻyishi lozim boʻlgan muhandislar tayyorlovchi institutga hujjat topshiradi. Kirolmay yiqilgach, harbiy xizmatga ketadi. Hammani chiniqtiradigan askarlik Baxtiyorni yarimjon kasalmandga aylantiradi.

Qissa har bir odam haddini bilishi, qanoat qilishi kerakligi haqidadir. Qoʻlda boriga qanoat qilish, boy berganiga pushaymon boʻlmaslik insonning munosib hayot kechirishini taʼminlaydi. Shu ikki haqiqatni unutgan, balki bilmagan Baxtiyor er yetganidan boshlab, oʻzini qiynab yashaydi. Zotan, unga butun hayoti davomida toleʼ yor boʻlib yashashi yoʻlida jiddiy toʻsiq uchramadi. Oʻziga achinish, zimmasidagi burchini uddalab, qutilish oʻrniga taqdiridan mudom yozgʻirib yashashi tiriklik va tirikchilikni uning uchun maʼnisiz qildi. Qissani oʻqish davomida Baxtiyorning oʻziga berilgan imkoniyat, isteʼdod, yuragiga mehmon boʻlgan muhabbat – hech birini astoydil qadrlamagani, jurʼatsizligi, hafsalasizligini roʻzgʻor tashvishlari niqobiga berkitgani ayonlashib boraveradi. Bu, ayniqsa, rasmni sotish lavhasida yaqqol koʻrinadi. Bu vaziyatda suratning dohiyona yo oʻrtamiyona yoxud arzimasligi muhim emas. Muhimi – Baxtiyorning umriga nur bagʻishlab turgan, yashashdan maqsadi boʻlgan aʼmolini pulga chaqqanligidadir. Zotan, har bir kishining hech narsaga almashmaydigan, sotmaydigan, insoniy qiyofasi, oʻzligini tayin etadigan qadriyati boʻladi. Baxtiyor esa oʻzligini sotdi… Aslida u boshidan oʻzligini tayinlab olmagandi. Kim qayoqqa yetaklasa ketaverdi, amakisi ortidan muhandislikka, u yerdan quruvchilikka… Biror joyni mahkam ushlamadi. Ildiz otishga urinmadi. Shu bois sal qattiq shamolga chirpirak boʻlib uchib ketaverdi. Qoʻnimsiz boʻldi. Shu bois hassos qalb, nozik did va mohir qoʻllar bilan taqdirlangan, eng ogʻir damlarda otasi, amakisi va brigadasi oʻz imkoni doirasidagi barcha yordamni bergan boʻlsa-da, unga baxt – tole yor boʻlmadi.

“Yoshlik” jurnalida chop etilgan qissalarni kuzatgan kishi oʻzbek adabiyotida jahon adabiyoti namunalari bilan bemalol bellasha oladigan saviyadagi asarlar bor va juda koʻpligiga guvoh boʻladi. Tahririyat asarlarni juda sinchiklab tanlaydi, muharrirlik malakasiga ega oʻquvchi sifatida oʻqib, pichoqqa ilinganini: asar syujeti oʻquvchi kutmagan tarzda yakunlangan, biz har kuni koʻradigan odamlarning biz koʻp-da koʻravermaydigan qirralari boʻrtib turgan, yaʼni el qatori odamning el qatori boʻlmagan tomonlari yoritilgan asarlarni oladi. Ismoil Shomurodovning “Kultepada kechgan hangomalar” qissasi shunday asardir. Asar “Qishloqdagi yagona jinoyatchi Nurmon – “Shilliqqurt” beshinchi marta qamalib chiqqach,… halol yashashni” odam qilgani bilan boshlanadi. Ammo”… uning “halol yashash” tushunchasi jamoa qarashlari bilan ayro ekan”.

Muallif tili juda yumorga boy, shirali, undagi yengil kinoya kishiga ogʻir botmaydi, aksincha, koʻnglini koʻtaradi: “Bir paytlar – ilk bor “oʻtirib” chiqqanida butun qishloq koʻrgani keluvdi, toʻylarning toʻri, taomning zoʻri uniki edi. Endi qishloqdoshlari duch kelsa, teskari oʻgirilib ketishadi”. Muallif Nurmonning jinoyatni atayin, qalbida vahshiylik borligi uchun qilmasligi, oʻysizligi tufayli shunaqa vaziyatlarga tushib qolishini oʻzigagina xos boʻlgan ifoda usulida koʻrsatib bergan. Bunday ifoda muallifni koʻp soʻzlashdan qutqaradi, har bir qahramonga suyumlilik bagʻishlaydi: “U yoq”dan uchinchi marta qaytganida Mashrab luchchakning burnini yorib, qon chiqaruvdi”. Nurmonning qishloqdoshlari xuddi oʻzi kabi sodda: u ilk bor qamalganida xuddi favqulodda bir ish, qahramonlik qilib kelganday munosabatda boʻlishadi. Odatda, eng obroʻli sanalgan, hurmat qilingan kishiga davralarning toʻri, taomning zoʻri beriladi. Nurmon ham dastlab shu maqomda edi. Bundan oʻsha qishloqda jinoyat qilinmaganligi yoki qamalish boʻlmaganligi bilinadi. Nurmonning qayta-qayta qamalishlaridan buning qahramonlik emas, aslida jinoyat, yomon ish ekanligi ayonlashdi. Shundan soʻng Nurmonning ham “obroʻ”si tushib boraveradi: “Yuk ogʻir boʻlsa eshakni, eshak ogʻir boʻlsa, yukni keltirish toʻgʻrisidagi qoidaga muvofiq Shilliqqurt qishloq odatlariga boʻysundi”. Bir qarashda Nurmon shilliqqurt jamiyatning noxush, ibrat qilishga arzirli sifatlari boʻlmagan, badiiy asar qahramoni boʻlishga arzimaydigan kishi taassurotini qoldiradi. Aslida esa yozuvchi oʻzini oʻrab turgan hayotni tasvirlagan, shu olamda chindan ham shilliqqurtga oʻxshash betayin, dallolga oʻxshash manfaatparast, uyatsiz, Oʻrolga oʻxshash oʻysiz kishilar yashaydi. I. Shomurodov asar badiiyatini qahramonning fazilatlari belgilamasligini noodatiy personajlaru ularning quyushqonga sigʻmas harakatlari misolida koʻrsatib bera olgan. Shilliqqurt, Chori sori, Oʻroq, Oʻrollar kitobxon gʻashini keltirmagani, hatto kulgi aralash xayrixohlik uygʻotgani holda ulardan ulgi olgisi, ularga oʻxshagisi kelmagani aniq.

Akbar Mirzoning “Soʻnggi chora”, Gʻozi Rahmonning “Shukuhli karvon” qissalari ham ifoda usuli, murakkab taqdirli qahramonlari, noodatiy syujeti bilan jurnalxonlar eʼtiborini tortadi. Xususan, Zulfiya Misbaxning “Soʻfitoʻrgʻay” nomli hujjatli qissasi garchi hujjatli atalsa-da, badiiy tarovati oʻzgacha, taʼsirchan chiqqan. Oʻqirman ismlari, udumlari, qiyofalari oʻzbekka juda oʻxshash boʻlgan, ammo ruhiyati butkul farq qilgan qozonlik qahramonlarga maftun boʻladi. Qissa tili juda shirali, sayroqi, soʻzlar terilgan durday, odam qoqilmay, huzur qilib oʻqiydi. Lekin qahramonning onasi bilan munosabati oʻqirmanni hayratda qoldiradi. Oʻqish mobaynida soʻfitoʻrgʻay – erta tongdan jaziramani toʻldirib chuldiraydigan, bulbuldan biroz kattaroq dasht qushi bosh qahramonning onasi ekanligi oydinlashadi. Muallif yerda ham, koʻkda ham boʻlmagan, oraliqda muallaq turib sayraydigan toʻrgʻayni onaga – hayotda na ona, na-da ayol boʻlib yashashni udalay bilmagan qahramonga oʻxshatadi.

Shuningdek, Istam Hamroyev qalamiga mansub “Tazarru” qissasi ham badiiy mantigʻi bilan kishi eʼtiborini tortadi. Koʻngli istaganiday yashash u qadar oson, yoqimli emasligi chavandoz obrazi misolida koʻrsatib berilgan. Qissa qahramonlari tirik odamlar, ayniqsa, chavandozning onasi Bozorgul yaxlit, toʻlaqonli chiqqan. Dinora Rahimovaning “Qishloqdagi buvijonim” qissasi ham samimiy, bolalarga xos begʻubor ifoda tarziga ega.

Inson koʻngliga, uni qiynayotgan ogʻriq va armon, orzu-istaklariga daxldor asarlar, qachon bitilganidan qatʼiy nazar, ohorini yoʻqotmaydi, hamisha oʻqiladi. Chunki inson yaralganidan buyon tuygʻulari, hatto chekadigan iztiroblari deyarli oʻzgarmagan. Jurnalda chop etilgan hikoyalarga bu kabi inson haqidagi iztiroblar tasviri xosdir. Ular shuning uchun ham hayrat va hayajon bilan oʻqiladi, eskirmaydi.

Neʼmat Arslonning “Koʻngil tubidagi dunyo” nomli turkum hikoyalari kishi eʼtiborini noodatiy syujeti, qahramonlarning quloq oʻrganmagan ismlari bilan oʻziga tortadi. “Tumanli mintaqa” hikoyasi esa kitobxonni asar oxirigacha ikkilantiradi: voqealar chindan ham yuz berayaptimi yoki “Miyabeka yopib qoʻygan choyshab ostidan koʻrinib qolgan bitta-yarimta voqeotni topib olib, turli-tuman shakllarga solayotgan” Tushning ishimi? Inson kun davomida qabul qilgan maʼlumotni uyqu mobaynida qayta ishlaydi, uni eng taʼsirlantirgan holatlarni tushida oʻz yoʻsinida koʻradi, deyishadi. Muallif asar qahramoni Qurbononing taqvimda 1899 yil dekabr oyi chorshanbani koʻrishi, tushiga esa oktyabr oyining oʻrtasi kirishi; uning ishxonasida goh soqol qoʻyish, goh uni qirtishlash rusum boʻlaverishi; yoki Zibijhavoga intilib yurgani holda birdaniga Nisoga uylangisi kelishi, oradan oʻtgan bir haftaning aslida yetti yil ekanligi tasviri orqali inson amal qiladigan tamoyillar oʻzgaruvchan, noturgʻun boʻlishini koʻrsatib bergan. INSONGA oid hech narsa muqim emas, uning hatto yaxshi yoki yomon odamligi ham vaziyatga bogʻliq. Muallif shuning uchun ham turkumni “Koʻngil tubidagi dunyo” atagan, nazarimizda. Zotan, inson mavjud boʻlgan, yashab turgan olam emas, koʻnglidagi, oʻzi boshqarishi, shaxsiy qonunlarini oʻrnatishi, voqealar rivojini oʻzi istagan oʻzanga burishi mumkin boʻlgan olam orzusi har birimizda bor.

Shu turkumdagi “Soyada uxlayotgan toleʼ” hikoyasi inson jismi va ruhi orasidagi tafovut, jism orom topgani sari ruh qiynalishi, ruhiy xotirjamlik uchun esa jism ozorlanishi haqidadir. Muallifning “Yashash huquqi” hikoyasi oʻqirmandan sinchkovlikni talab qiladi. Asardagi barcha yoʻllar tubsizlikka olib keladi. “Boshliq kim? Shayton timsolimi? Ayol nafs timsolimi?” Shu kabi savollar hikoya oxiriga qadar oʻqirmanni bezovta qiladi. Hikoya inson hayoti haqida: tugʻildingmi oʻlishing aniq, jarga qulash – oʻlim. Gunoh qilmaslik uchun korxonadan qochgan qiz va erkakning tubsizlik ustiga tortilgan simga ilashib qolishi lavhasida yaxshilik qilish, yaxshi boʻlish qiyinligi, shuningdek, inson va unga tegishli barcha narsaning ishonchsizligi koʻrinadi. Muallif umid, quvonch insonni jarlik – oʻlim labida ham tark etmasligi, eng kichik, ahamiyatsiz hodisalar ham kishida quvonch, demakki, yashashga ishtiyoq uygʻotishini toʻgʻri ilgʻagan. Muallif Subhiyaning koʻzlaridagi ifoda: kuchli jismoniy istakni qizlik hayosi yengib turganini juda goʻzal tasvirlagan. Ikkalasi tubsizlikka qulab ketmaslikka oxirigacha bor kuchlari bilan intilganlari holda, nikohlanishgach bundan choʻchimay qoʻyishadi. Demak, oʻlimning oʻzi qoʻrqinchli emas, uni yolgʻiz kutib olish qoʻrqinchli. Inson hamisha insonga muhtoj, darddosh, taqdirdoshga ehtiyojmand. Hayot Shodmon bir sheʼrida aytganidek: “Kelishgaku keldik, Ketishni oʻylash kerak”. Muallif “qulub” sohibi insonga oid barcha narsa-hodisalarning mutlaq boʻla olmasligini butun hikoyalari magʻziga singdirib yuborgan. Kimdir uchun ahamiyatsiz boʻlgan daqiqa mobaynida kimdir dunyoga keladi yoki uni tark etadi. Shu bois qahramonlarga koʻrsatiladigan vaqt bilan aslida hukm surayotgan vaqt oraligʻida juda katta tafovut boʻladi. Yuz berayotgan voqealarning ham aslida roʻy berayotgani yoki xayolot mahsuli ekanligini farqlash mushkul. Muallifning niyati bu emas ham, yozuvchi inson juda serqirra yaratiqligi, bir vaqtning oʻzida bir necha yoʻnalishda fikrlashi, bir necha xil olamda yashay olishini koʻrsatgan. Neʼmat Arslon qahramonlarini kutilmagan, lekin badiiy missiyalariga munosib ism bilan ataydi. Qurbono hamisha vaziyat qurboni, Subhiya endi otayotgan tong misoli yetilib kelayotgan, begʻubor, shu bilan birga koʻnglida bulutlari ham yoʻq boʻlmagan qiz.

Tuygʻular oqimi faqat bir tarafgagina yoʻnalmaganlik, toʻqnashuvlar, his-hayajonlar, olqishu qargʻishlar, maʼqullashu inkorlar gʻoyat sertarmoq, koʻp farvaterlilik nasriy asar saviyasi va muvaffaqiyatini belgilovchi omillardir va aytish mumkinki, jurnalda chop etilgan hikoyalarga ularning barchasi xosdir.

Gʻulom Karimiyning “Arslonxon minorasi” hikoyasi oʻqirmanni tasvirlangan davr muhitiga olib kirishi bilan darhol diqqatni tortadi. Ijodkor bunga qahramonlar va hikoyachining “xoslashtirilgan” nutqi orqali erishgan.

Dilorom Dilxohning “Kuyuktut” hikoyasi tili, syujeti, qahramonlari, yechimi juda favqulodda, keskin, haqqoniy, shafqatsiz ekanligi, Gulnoza Ernazarovaning “Olmalar” asari barchaga tanish holatning koʻzdan nihon qirralarini tasvirlagani bilan diqqatni tortadi.

Hozir koʻpchilikni qiynayotgan xorijda ishlash muammosi tilga olingan “Yongʻoqqa tushgan qurt” (Xolmuhammad Karimiy); ilojsiz, nochor ayolning holati tabiat tasviri bilan uygʻunlikda koʻrsatilgan“Tuman ortidagi manzillar” (Gulruh Yormatova); tang vaziyatlardagi tutum insonning asl qiyofasini koʻrsatishi tasvirlangan “Ofat” (Gulruh Yormatova); fantastik yoʻnalishdagi “Odamlar” (Abdujalol Rahimov); el qatori boʻlish hamma vaqt yoqimli holat emasligi, aksincha, oʻz yashov mezonlariga toʻgʻri kelmagani uchungina insonni yoʻq qilib yuborish, eng mudhishi, bundan afsuslanmaslik holati beayov chizilgan “Qaydasan, moʻjiza” hamda “Otasining qizi” (Abduqayum Yoʻldosh) kabi hikoyalar ham juda taʼsirli, alohida eʼtiborga loyiq.

Tursunboy Adashboyevning “Arralangan giloslar yoxud ustozning koʻz yoshlari” essesi; Dildora Turdiyevaning “Lotin Amerikasi dahosi” hamda Abdulla Ahmadning “Adib xonadonida” ruknida berilgan avtobiografik yoʻsindagi “Soʻz yurakka muhrlanadi” sarlavhali bitiklari badiiyat jihatidan uncha-muncha nasriy asarlarni ortda qoldiradi, hatto oʻsha sondagilardan balandroq, puxtaroq, oʻqishliroq ham chiqqan.

Abdusattor Hotamov “Muhabbat qanotlari” nomi ostida berilgan “Qush uyasi” va “Oftobli kunlar” hikoyalarida oʻy bilan tutum hamisha ham mos kelavermasligi, kishi bir umr armonda oʻtishi ham mumkinligi, bu baʼzi hollarda uni yuksaltirib, boshqalardan alohidalik sifatini baxsh etishini ishonarli koʻrsatib bergan. Qoʻchqor Norqobilning “Bu yerlarda hayot boshqacha” hikoyasida esa Guldurak momo gʻoyat ulkan, qabariq, butun obrazligi bilan diqqatni tortadi. Momoning qahri ham, mehri ham oʻta haqqoniy, shu bois beshafqat tuyuladi. Faqat mard polvonlarnigina dunyoga keltirishi mumkin boʻlgan momoning nomunosib, ildizidan uzilgan oʻgʻli odamzotning imkoniyatu imtiyozni hamisha ham koʻtara olmasligiga dalildir. Qoʻlidagilardan havolanib, oyogʻi yerdan uzilib qolgan oʻgʻil qismati ayanchli, chunki inson bari bir samoga yetolmaydi, bu bandasiga xos emas. Oʻgʻli muallaq qolib boʻlganini momo sezadi, lekin choli ikkisi bir-birini ayab, munosabat bildirishmaydi. Oʻylab turganlarini ogʻiz yorib sirtga chiqarishmaydi. Muallifning “Elakda suv turmaydi” hikoyasida odamning tubanlikda ham tabiat toji ekanligi koʻrsatilgan. Dovul Davron istagan zamon, istagan sharoitga moslashib olaveradigan, oʻz manfaatidan boʻlak prinsipi boʻlmagan, hasharotsimon odam. Dovul ildizi chuqur boʻlmagan har qanday daraxtni chirpirak qilib ketadi, bu odam ham shunday, sharoit yaxshi joyga davr shamoli bilan borib qoʻnib olaveradi. Hayosi yoʻq, oʻzidan uyalmaydi, oʻzini taftish qilmaydi, shu bois boshqalardan ham uyalmaydi. Har bir bandaning koʻnglida Alloh boʻladi. Oʻzidan uyalgan odam Yaratgandan uyalgan boʻladi. Shu tuygʻu boʻlmagan odam uchun esa muqaddas narsaning oʻzi yoʻq. Muallifning qahramonlarini alohida tavsiflab oʻtirmaganligi oʻquvchiga voqealar rivojidagi ishtiroki, bildirgan munosabatidan xulosa chiqarib olish imkonini beradi.

Ashurali Joʻrayevning “Kichik vatan” va “Shirin paxta” hikoyalari ham jurnal saviyasiga mos bolalarbop asardir. Muallif bolalar ruhiyatini, begʻuborligini, olamni bolalarcha idrok etish tarzini asrab qola bilgan. Malika Sayfiyevaning “Vijdon”, “Duo”, “Qorning quvnoq xotiralari”; Hidoyat Olimovaning “Chol va oltin baliq” hamda “Oy va quyosh” hikoyalari ham bolalarcha samimiyat bilan bitilgan.

Muyassar Tilovovaning “Koʻngil toshqinlari” turkumidagi hikoyalari noodatiy syujeti, tilining maromiga yetmagan boʻlsa-da, oʻziga xos uslubiga egaligi bilan eʼtiborni tortadi. Umuman, Muyassar tobora qalami charxlanib, bitiklari salmoqdorlashib bormoqda. Agar oʻz ustida ishlashdan toʻxtamasa, undan qalami oʻtkir, ifoda tarzi tiniq yozuvchi yetishib chiqishi mumkin.

Ulugʻbek Hamdamning “Pillapoya” hikoyasi badiiy yuksak, soʻzlari yozuvchining oʻzigagina xos uslubini taʼminlaydigan tartibda terilgan, syujet dunyo kabi qadim, shu bilan birga, yozuvchi kiydirgan yangi libosda – yangi talqinda namoyon boʻlgan. Pillapoya bu yerda har bir inson hayoti davomida intilib yashaydigan manzilni anglatadi. Kimdir uchun bu amal, kimdir uchun bu imtiyoz, kimdir uchun shunchaki davriy, oʻtkinchiligi ayon boʻlgan bir martalik davron, kimdir uchun esa boylikka erishish vositasidir. Inson uchun maqsadga yetishdan ham koʻra shungacha davom etgan jarayon muhimroq, qiziqroqdir. Muallif pillapoyadagi odamlarning maqsad va vositalarga munosabatiga koʻra toifaga boʻlinayotganiga guvoh boʻladi,

Muhammad Sharifning “Xirgoyi”, Jumaqul Qurbonovning “Vafodor”, Nazar Eshonqulning “Sibizgʻa volasi” (mifik) hikoyalari alohida taʼkidlab koʻrsatish lozim boʻlgan asarlardir. Xususan, Muhammad Sharif qalamiga mansub “Xirgoyi” hikoyasini chinakam badiiy hodisa atash mumkin. Har bir odamning oʻzgalar koʻzidan yashirin olami mavjud. Tirikchilik, roʻzgʻorning sira tuganmas tashvishlariga koʻmilib yashayotgan, bosh koʻtarishga vaqti ham, imkoni ham, xohishi ham boʻlmagan odamning baʼzan koʻngli gʻimirlashi, buning boisini oʻzi-da tushunavermasligi, kishining jismoniy ehtiyojlaridan tashqari koʻngil ehtiyojlari ham borligi, koʻngil bilan hisoblashmaslik mumkin emasligi, qoʻli uzatganiga yetgani bilan qoniqmaslik hissi turaverishi, bu odamni ichidan yemirishi juda goʻzal tasvirlangan. Xirgoyining soʻzi yoʻqligi kishini qiynayotgan dardning ismsizligi, uning mohiyati xirgoyi qilayotgan kishining oʻziga-da nomaʼlumligi, hirgoyining ommalashishi chiqishga imkon topa olmayotgan dardning shu bahona sirtga yoʻl topgani tufayli hammada boshlanganidan dalolat beradi.

Anvar Suyunovning “Ikki tong orasi” hikoyasi milliy oʻziga xosligi, samimiyligi bilan alohida ajratib koʻrsatishga loyiq. Unda “Alpomish”da tasvirlangan eliboylar jonlangan. Oʻzbekning butun yashashi oʻz soʻzi, yuziga ega boʻlishdan iboratligi, el orasidagi mavqei uning qanday yashab oʻtganligini oʻlchovchi eng odil mezon sanalishi, eldan ortda qolmaslik, undan oldga-da oʻtib ketmaslik, koʻpning biri boʻlish oʻzbeklik suv ichadigan manbalardan ekanligi juda goʻzal koʻrsatilgan. Koʻpning biri – barchaga qardosh, yaqin, boznasi botadigan boʻlish deganidir. Shu bois Qoraqul kombaynchi qoʻylarini arzon sotganiga kuyib-pishmaydi. Eli qoʻllashi, yolgʻiz qoldirmasligini biladi. Oʻzbekkina oʻylagani boʻlmagani yo qoʻlidagini boy berganiga oʻkinmaydi, nasibi, “Xudoning buyurgani” shu ekan degan goʻzal falsafaga suyanadi. Nikohda qiz togʻasining otasi oʻrniga oʻtishida ham teran maʼno bor. Farzandlarning bir qanoti ota, ikkinchisi togʻa boʻladi. Ayol mungligʻ, birovning qoʻliga qaragan, himoyasiga muhtoj boʻlgan, ovozini balandlatmagan, hal qilishga ishqiboz boʻlmagan ojizadir. Uning haq-huquqlari, inon-ixtiyori, shaʼni aka-ukalarining qoʻlida. Chunki ojizaning bosgan qadami oʻsha ogʻa-inilarga olqish yo isnod keltiradi. Ayolning shaʼni oʻsha oila erkaklari nomusini belgilagan. Shu bois togʻa ota oʻrnida oʻtgan. Oʻzbek qizi otasining oldida bemalol nikoh qiydira olmaydi. U bundan uyaladi, undan koʻra toq oʻtaman deydi. Nikoh u yoqda tursin, uyga sovchi kelganda ham qiz uyatdan yonib, otasi va aka-ukalari koʻzidan qochib yuradi. Hikoya toʻligʻicha oʻzbeklikdan tashqari islomiy oʻgitni ham puxta egallagan, yashash tarziga aylantirgan oʻzbeklar tasviridan iborat.

Halima Ahmedovaning “Ruh olmoshlari” hikoyasi biz bilgan shoirani butkul boshqacha ampluada kashf qilish imkonini beradi. Har bir inson turfa qiyofaga ega, bu qiyofalar bir umr bir-biri bilan jang qilib, kelishmay yashaydi. Qay tarzda yashash toʻgʻriroq: odamlar koʻrganidaymi, koʻngli buyurganidaymi yoki aslida boʻlganidaymi tarzidagi soʻroqlar muallif shaxsiyatini keskin uchga ayirib yuboradi. Hikoyada bir qiyofa ikkinchisini mahv etish hisobiga jon saqlashga intiladi va bu insoniy inqiroz ibtidosi sanaladi.

Muhabbat Hamidova (“Ish quroli”, “Topqirtoy”, “Adashgan qoʻngʻizcha”), Husniya Pardayeva (“Burgutning soʻnggi parvozi”, “Gunafsha”) Muborak Rustamova (“Birovning yuki”, “Oʻgʻrilik”, “Baxt qushi”)lar ijod namunasi; Muhayyo Toʻlaganovaning “Jajji hikoyalar”i, Vohid Ismoilovning “Qoʻshiq ham soʻnadi” hikoyasi, Yulduz Fayziyning “Toʻydan soʻnggi tomosha” bitigi oʻqirmanga biror maʼnaviy-ruhiy ozuqa beradi, badiiy taʼsir qiladi deyish mushkul.

Xoliyor Safarovning “Bahor ifori” hikoyasida voqealar rivoji sunʼiy, ishonarsiz. Ayolning erini mashinada boshqa ayolni olib ketayotganini koʻrib ketib qolishiga ishonish mumkindir. Ammo qaynonaning kuyovga aytgan gaplari notabiiy, oʻzbekona emas. Hamroxon Musurmonovaning “Qiyofa” va “Kelinchak” kabi hikoyalari ham juzʼiy kamchiliklardan xoli emas. Toʻlqin Hayitning “Oshiq” hikoyasi ham notabiiy, voqealar oʻylab topilgan, zoʻrlab kulgi uygʻotmoqchi boʻlingan. Hazrat Navoiyning gʻazallaridan rashk chiqargan kampir umuman oʻzbek emas. Sogʻlom mantiq har bir kishini xatti-harakatlariga javob va izoh berishga undaydi. Bu tabiiy hol negadir hikoya qahramoni – gʻazalsevar cholni chetlab oʻtgan. Hikoyani oʻqigan kishida muallif qitiqlab kuldirmoqchi boʻlganday taassurot uygʻonadi.

Badiiy matn bilan tanishilayotganda qahramonlar xatti-harakatlari ularning xarakter mantigʻiga muvofiq kelishi yoki kelmasligi muammosi diqqat markazida turishi kerak. Zotan, obrazlarning gap-soʻzlari, qiliqlari, fikrlari ularning saʼjiyalariga muvofiqligi, ruhiy jihatdan asoslanganligi bitikning asl qiymatini belgilab beradi. Shu maʼnoda jurnalda chop etilgan tarjima asarlar zimmasidagi badiiy yuk ikki barobar ogʻirdir.

Gi de Mopassanning “Marjon shodasi” hikoyasi kishini birni koʻrganda fikr, birni koʻrganda esa shukur qilish lozimligiga oʻrgatadi. Rosemory Borderning “Pianino” hikoyasi juda koʻtarinki, oʻqigan kishining ruhini yengillashtiradi, xuddi oʻzi muvaffaqiyatga erishganday quvonadi. Har qanday kuchli isteʼdod parvarishsiz, eʼtiborsiz yashnamay, meva bermay qolib ketishi mumkinligi, ruhiy madad, moddiy qoʻllov va umuman, omadga ehtiyoj sezishi koʻrsatilgan.

Konstantin Paustovskiyning vatanparvarlik atalmish mohiyatini qamrab yetish mushkul, biroq usiz yashash noinsoniylik boʻlgan tuygʻu haqida soʻz yuritilgan “Akvarel boʻyoqlari” hikoyasi jurnalxonlar uchun yaxshi sovgʻa.

Emili Karlning “Yashashga haqqingiz bor” hikoyasi juda ibratli. Xasta otasi va opasini, opasining ikki farzandini parvarishlayotgan va ishlab taʼminlayotgan yosh qiz urinishlari minnat tufayli besamara ketadi. Qilayotgan fidokorliklari tagida yotgan minnat otasi va opasidan koʻra uning oʻzini koʻproq azoblayotgani hikoya davomida oydinlashib boradi.

Hermann Hessening “Muz ustidagi oshiq” hikoyasida bolalikdan yigitlik ostonasiga oʻtayotgan, hali kimligi oʻziga-da noayon boʻlib turgan vaziyatdagi yigitchalarning juda nozik, shu bilan birga, shumlikdan xoli boʻlmagan koʻngillari butun qirralari bilan boʻy koʻrsatgan. Zu Vinterning “Birinchi muhabbat” nomli hikoyasi ham bolalarcha samimiyatga yoʻgʻrilgani uchun jurnalxonni beparvo qoldirmaydi, uning koʻnglida xayrixohlik uygʻotadi. Umuman, jurnaldagi barcha tarjima asarlar sinchkovlik bilan tanlangan.

Koʻrinadiki, “Yoshlik” jurnali asar saralashda hech qachon uning koʻnikilgan, tipik boʻlishiga eʼtibor qaratmaydi. Jurnal birinchi oʻringa hamisha badiiy maqsadning qay saviyada amalga oshganiga diqqat qilishni qoʻyadi. Qolipu cheklovlardan xoli adabiy muhit yaralishiga erishilgani bois jurnalda haqqoniy adabiyot namunalari va tirik qahramonlar boʻy koʻrsatadi. Old planga muallif shaxsi emas, badiiy matn chiqadi, faqat adabiyot manfaatigina koʻzlanadi. Shu sababli ham “Yoshlik” bizga taqdim etgan nasriy asarlar sirli jozibaga, noodatiy syujetga ega. Hayot oq va qora ranglar kabi joʻn emasligi, juda shafqatsizligi, koʻp hollarda yaxshining burnini qonatib, yomonga osh oshatishi, insonning esa juda murakkab taqdirli, serqirra tabiatli, baʼzan hech bir sababsiz hatto oʻzi ham anglamaydigan qarorlarni bir onda qabul qilib, butun hayotini oʻzgartirib yuborishi aks etgan bu asarlarda. Adabiyotning vazifasi estetikmi yoki etik(axloqiy)mi ekanligi borasidagi bahslarga nisbatan jurnalning qatʼiy amal qiladigan pozitsiyasi mavjud.

“Yoshlik” jurnalida chop etilgan nasriy asarlar oʻquvchida badiiy til jozibasi, tasviriy vositalar tufayli tugʻilgan estetik moʻjizalarni payqay olish, bundan lazzatlanish hamda shu lazzatning manbasini anglab yetish malakasini shakllantiradi. Bu esa asl sanʼat asarlarini ommabop bitiklardan ajrata olishning yagona yoʻlidir.

 

Muhayyo ISMOILOVA

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 7–8-sonlar

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.