Estetik did tarbiyasi

0
7633
marta koʻrilgan.

Estetik did estetik ongning muhim tarkibiy qismlardan biri boʻlib, his-tuygʻu va tafakkur birligi, inson oʻzligini ifodalovchi bahodir. Bir vaqtning oʻzida ham bizning bahomiz, ham bizga berilgan baho boʻlib, estetika fani tadqiqot doirasining eng murakkab va qiziqarli muammolaridan hisoblanadi. Estetik didga ega boʻlgan inson atrof-muhitni goʻzallik va xunuklik, ulugʻvorlik va tubanlik, fojiaviylik va kulgililik kabi mezoniy tushunchalari orqali koʻzdan kechiradi. Yuksak estetik didga ega boʻlishi oʻzinigina emas, atrofdagilarga ijobiy taʼsir koʻrsatadi… Bu qobiliyat tabiiy-tugʻmalikka borib taqalsa-da, ammo oʻzini asosan tarbiya, ijtimoiy munosabatlar orqali roʻyobga chiqaradi. Estetik did ham aqliy (fahm), ham axloqiy (farosat), ham hissiy tarbiya uygʻunlashgan umumiylikdan iboratdir.

Did estetik anglashning eng muhim unsuridir. Shu nuqtai nazardan estetik did tarbiyasi inson kamolotida muhim oʻrin tutadi. Did shunchaki baho emas, narsa-hodisa estetik xususiyatlarini chuqur idrok etish orqali yuzaga keladigan xulosadir. Ammo did yagona, mutlaq estetik hodisa emas, u muayyan nisbiylik tabiatiga ega. Estetik did har kimda har xil boʻlib, unda subʼyektiv mushohada kuchli. Shuning uchun ingliz faylasuflaridan biri Devid Yum did haqida bahslashmaydilar, yaʼni har kimning didi har xil degan fikrni ilgari surgan. Ammo shunday estetik qadriyatlar borki, ular muayyan zamon, ijtimoiy hayot, umummilliy, umuminsoniy madaniy daraja bilan shartlanadi. Ular idrok etilganida bahslashish mumkin emas. Masalan buyuk musavvirlar Botichellining “Veneraning tugʻilishi”, Rafaelning “Konestabil madonnasi”, Albrext Yuyurerning “Madonna”si yuz minglab yoki millionlab shaxslar va qator zamonlar tan olgan bu kabi qadriyatlarni “bu menga yoqmaydi”, deyish nojoizdir. Did haqida olmon faylasufi Kant did haqida bahslashish ham mumkin va aksincha bahslashmaslik ham mumkin degan antinomiyani oʻrtaga tashlaydi. Darhaqiqat shoir aytganidek “Kimgadir yoqar lola, kim atirgul shaydosi, men uchun rayhon aʼlo”. Bu uch xil did oʻziga xos subʼyektiv kechinmalarga asoslansa-da, ularning umumiy obʼyektiv ildizlari bor, ular gullardagi goʻzallikni turli xil shaklda koʻradilar va bu holat tabiiy. Shu sababli har uch did ham hurmatga, eʼtiborga loyiq. Shunday ekan, didning turli darajasi haqida fikr yuritish mumkin, bu odamlarning mavqei, saviyasi, madaniylik toifasi bilan bogʻliq. Inson did bilan kiyinishi, uyi, zamonaviy jihozlaryu jahon adabiyotining nodir namunlari bilan toʻla boʻlgani uchungina estetik didi yuksak deb baho berib boʻlmaydi. Baʼzi kishilar borki, nafosatni zavqlanish uchun emas, balki oʻzining boshqalardan madaniyatliligini, oʻqimishliligini koʻrsatish uchun bir vosita deb biladi. Shunday ekan, ularning mohiyatini anglab yetishi, sanʼat asarlarini oʻqib baholay olishi, haqiqiy sanʼat asari qadrini bilgani uchun yuksak did sohibi deyish toʻgʻriroq boʻladi. Toʻgʻri, badiiy did estetik didga nisbatan xususiy, tor qamrovli, lekin shuning barobarida estetik didning asosini tashkil etishini nazarda tutganda insonning sanʼat asarlarini tahlil qila olish va toʻgʻri baho berishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Estetik did masalasi shaxs, jamiyat va millat madaniyati uchun katta ahamiyatga ega. Negaki jamiyatda yuksak didli kishilar qancha koʻp boʻlsa uning madaniyat darajasi yuksaladi, jamiyat farovonlashadi. Alohida insonning estetik didi shu jamiyat madaniyati darajasida namoyon boʻladi Shu sababli estetik did tarbiyasiga doim eʼtibor qaratilgan. Chunki faqat yuksak estetik did egasigina haqiqiy erkin fikrlash salohiyatiga, dunyoni goʻzallik prizmasi orqali koʻra bilish qobiliyatiga ega boʻla oladi.

Estetik did tugʻma boʻlishi mumkin. Endi dunyoga kelgan, hali ijtimoiylashmagan goʻdak beshikda yotar ekan, beshikka osigʻliq rangli oʻyinchoqdan zavqlanishi, gʻadir-budir, shaklan qoʻpol emas, qoʻlga mayin, yumshoq, silliq urinadigan narsalarni xush koʻrishi, ularni siypalab zavqlanishi, alla eshitib orom olishi buni tasdiqlaydi. Ammo taʼlim-tarbiya jarayoni uning shakllanishi va takomillashuvida muhim oʻrin tutadi. Ayniqsa oila estetik tarbiyaning ilk maskanidir. Bola estetik didining shakllanishida ota-onaning alohida oʻrni bor. Qoʻgʻirchoq oʻynayotgan qizaloqni hech kuzatganmisiz? Kichik-kichik mato parchalaridan qoʻgʻirchogʻiga turli-tuman kiyimlar tikadi, mustaqil ranglar tanlaydi, alla va ertaklar aytadi. U onasiga taqlid qiladi, onasidan oʻrgangan muomala va hunarlarni qoʻgʻirchogʻiga qiladi, onasidan ibrat oladi. Onasining tuflisini kiyib, sumkasini koʻtarib, koʻzguga qarayotan qizaloqning didi avvalo onasining taʼsirida shakllanib boradi. Demak bolaga faqat nasihat qilish emas, avvalo oʻz xatti-harakati, yurish-turishi bilan ibrat boʻlish katta ahamiyatga ega. Bola uchun ota-ona estetik idealdir. Shuning uchun oilada ayniqsa ibrat katta ahamiyatga ega. Negaki, oʻgʻil otasiga, qiz onasiga taqlid qiladi. Yaʼni bola uchun otasi eng kuchli, eng aqlli, onasi esa eng goʻzal va donodir. Bu hattoki bola ulgʻayganda ham namoyon boʻladi. Aksariyat yigitlar umr yoʻldoshining onasiga oʻxshashini istashlari, onalarini ibrat qilib koʻrsatishlari ham shundan dalolat beradi.

Estetik did taʼlim-tarbiya maskanlari bilan birga sanʼat vositasida takomillashib boradi. Ayniqsa sanʼat doim estetik tarbiyaning asosiy vositasi boʻlgan. Aynan badiiy adabiyot estetik did tarbiyasida oʻziga xos xususiyatlarga egadir. Goʻdak ilk dunyoni tanigandanoq alla eshitadi, keyinchalik ertaklar olamiga oshno boʻladi. Uning badiiy adabiyotga qiziqishi oila taʼsirida pogʻonama-pogʻona yuksalib boraveradi. Kitobdagi ijobiy qahramonlarning xatti-harakati, kiyinishi, yurish-turishiga taqlid qiladi, ularga oʻxshashga harakat qiladi. Bugun farzandlarimizning didi qanday asarlar taʼsirida shakllanib bormoqda? Milliy mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydigan badiiy asarlar, kinofilmlar estetik didni takomillashtirishga qodirmi? Bu eng dolzarb masalalardan boʻlib, Prezidentimiz Islom Karimov bu borada “Biz uchun axloqiy jihatdan nomaʼqul, milliy qadriyat va qarashlarimizga yot boʻlgan, lekin hozirgi vaqtda hayotimizga kirib kelayotgan mana shunday koʻrinishlarni bamisoli yuqumli kasallik deb qabul qilishimiz lozim. Va ayni shu asosda bunday xurujlarning oʻta xavfli holat ekanini anglashimiz zarur. Nega deganda, agar insonning qulogʻi yengil-yelpi, tumtaroq ohanglarga oʻrganib qolsa, bora-bora uning badiiy didi, musiqa madaniyati pasayib ketishi, uning maʼnaviy olamini soxta tushunchalar egallab olishi hech gap emas”, deya alohida taʼkidlab oʻtadi. Bu esa sanʼtkorlardan juda kattta masʼuliyat talab etadi. Sanʼatkorning didi qanchalik yuqori boʻlsa faoliyatining kishilar ongida aks-sado berishi samarali boʻladi. Sanʼatkor jamiyatning faol aʼzosi sifatida asarlarida oʻzini namoyon etadi va oʻquvchiga estetik taʼsir etadi. Shuning uchun bugun ijodkorlarimiz estetik didga ega boʻlishi, milliy sanʼat, urf-odat va anʼanalarni bilishi va milliy qadriyatlarimizni asarlarida aks ettirishi orqali maʼnan yuksak, axloqan barkamol avlodni tarbiyalashda muhim hissalarini qoʻshishlari lozim.

 

Nasiba ABDULLAYEVA,

OʻzMU katta oʻqituvchisi

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.